11-modda. Suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish shartlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirishda, yangi texnologik jarayonlarni joriy etishda aholining sogʻligʻini saqlash va ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojlarini hamda maishiy ehtiyojlarini birinchi navbatda qondirish talablariga rioya etgan holda suvdan oqilona foydalanish, shuningdek kollektor-drenaj suvlarini va oqova suvlarni chiqarib yuborishning qulay rejimi taʼminlanishi lozim. Bunda suv obyektlaridan olinadigan va shu obyektlarga qaytariladigan suvni hisobga olishni, suvlarni bulgʻanish, ifloslanish va kamayib ketishdan saqlashni, suvlarning zararli taʼsirining oldini olishni, yerlarning suv bosishini imkon qadar kamaytirishni, yerlarni shoʻrlanishdan, zax bosishdan yoki qaqrab qolishdan muhofaza qilishni, shuningdek qulay tabiiy sharoitlar va landshaftlarni saqlab qolishni taʼminlovchi tadbirlar nazarda tutiladi.
Suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari suv obyektlaridan dam olish va sport uchun foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan holda tuzilishi lozim.
