Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1525-son)
28.11.2005
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI OʻZBEKISTON DAVLAT STANDARTLASHTIRISH, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLASHTIRISH AGENTLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 28-noyabrda 1525-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi va “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-sonli qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi qaror qiladi:
1. Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2005-yil 30-sentabr,
01-1/54-son
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 30-sentabr,
1-son
Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzstandart” agentligining 2005-yil 30-sentabrdagi 01-1/54, 1-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Radiatsion xavfsizlik toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga (bundan buyon matnda mahsulotlar deb yuritiladi) sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qism
1. Sanitariya-epidemiologik xulosa — oziq-ovqat mahsulotining va uni tayyorlash hamda undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalarning sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
2. Sanitariya-epidemiologik xulosa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda gigiyenik normalar va talablar mavjud boʻlgan mahsulotlarga beriladi.
3. Sanitariya-epidemiologik xulosa berish uchun mahsulot ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilanganidan oshmagan miqdorlarda ariza beruvchi mablagʻlari hisobiga oʻtkaziladi.
4. Mahsulotlar ekspertizasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarida gigiyenik normalar va talablar mavjud boʻlgan:
yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganda;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi oʻzgarganda;
mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, komplektatsiyalari oʻzgarganda;
tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, ishlab chiqarish vositalari va xalq isteʼmoli mollariga;
mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning yaroqlilik muddati tugaganda oʻtkaziladi.
5. Mahsulotlarni gigiyenik koʻrsatkichlarini aniqlash uchun tahlillar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy organlari (bundan buyon matnda Sanepidqoʻmning hududiy organlari deb yuritiladi) laboratoriyalarida (bundan buyon matnda laboratoriya deb yuritiladi) akkreditatsiya sohasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Bir-birini takrorlovchi tahlillar oʻtkazilishining oldini olish maqsadida akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar boshqa akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarning tahlil natijalarini tan olishlari lozim.
II. Sanitariya-epidemiologiya ekspertizasini oʻtkazish
7. Mahsulotni sanitariya-epidemiologik ekspertizasini oʻtkazish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
arizani qabul qilish;
arizaga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganish;
mahsulot ekspertizasi rejasini tuzish;
sanitariya-epidemiologiya ekspertizasini oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
ishlab chiqarish obyektini sanitariya tekshiruvidan oʻtkazish va laboratoriya tahlillarini oʻtkazish uchun mahsulotlardan namunalar olish;
laboratoriya tahlillarini oʻtkazish;
sanitariya-epidemiologik xulosani berish.
§ 1. Arizani qabul qilish, hujjatlarni oʻrganish va mahsulot ekspertizasi rejasini tuzish
8. Sanitariya-epidemiologik xulosa olish uchun ariza beruvchi Sanepidqoʻmning hududiy organlari Bosh vrachi nomiga mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasida keltirilgan shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
9. Arizaga ishlab chiqariladigan mahsulotga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatning nusxasi (Davlatlararo standart — GOST, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat standarti — O'zDSt, Tashkilotning standarti — Ts) va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda — texnologik yoʻriqnoma va retseptura ilova qilinadi.
Chetdan olib kelinadigan mahsulotga sanitariya-epidemiologik xulosa olish uchun qoʻshimcha ravishda:
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga kelganlik toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan holda tovarga ilova qilinadigan hujjatlarning (tovar-transport yuk xati, invoys, schyot-faktura) nusxalari;
ishlab chiqaruvchining kelib chiqish mamlakati sertifikati (tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumot mavjud boʻlmagan taqdirda) nusxalari;
aynan bir xil mahsulot bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida chetdan olib kelinayotgan hollarda ushbu tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) nusxasi taqdim etiladi.
10. Sanitariya-epidemiologik xulosa olish uchun ariza kelib tushgan kuni ijro uchun Sanepidqoʻmning hududiy organlari bosh vrachi imzosi bilan sanitariya-epidemiologik xulosa berish bilan shugʻullanuvchi boʻlim (boʻlinma) mudiriga beriladi.
11. Boʻlim (boʻlinma) mudiri soha mutaxassislari – ovqatlanish gigiyenasi, mehnat gigiyenasi, kommunal gigiyena, bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi boʻlimlari va boshqa boʻlim vrach-mutaxassislari bilan birgalikda ariza hamda unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.
Agarda hujjatlar toʻliq holda taqdim qilingan boʻlsa, mahsulot turiga qarab ekspertiza (namunalar olish, ishlab chiqarish obyektida sanitariya tekshiruvini oʻtkazish), laboratoriya (sanitariya-kimyoviy, bakteriologik, radiologik, toksikologik, parazitologik) tahlillari oʻtkazish rejasi tuziladi xamda sanitariya-epidemiologik xulosa berish uchun masʼul sanitariya vrachi tayinlanadi.
Mahsulot ekspertizasi rejasi tuzilganidan keyin Sanepidqoʻmning hududiy organlari va ariza beruvchi oʻrtasida sanitariya-epidemiologiya ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
12. Hujjatlar toʻliq holda taqdim qilinmagan taqdirda Sanepidqoʻmning hududiy organlari tomonidan bir kunlik muddat ichida ariza beruvchiga qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda sanitariya-epidemiologik xulosa berish rad etilganligi toʻgʻrisida yozma shaklda maʼlum qilinadi.
14. Mahsulot kelib chiqishiga koʻra, hayvonot yoki oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan taqdirda, masʼul sanitariya vrachi hujjatlar olingan sanadan keyingi kundan kechikmay, veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi berish boʻyicha vakolatli organlarga murojaat qiladi.
15. Veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimlari (bundan buyon matnda Veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari deb yuritiladi) yoki Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy boʻlinmalari (bundan buyon matnda Oʻsimliklar karantini agentligining hududiy boʻlinmalari deb yuritiladi) tomonidan beriladi.
16. Veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari yigirma kungacha boʻlgan muddat bilan belgilangan tartibda ajratib qoʻyish-cheklash tadbirlarini (karantin) belgilashi mumkin. Bunda veterinariya xulosasi berish tartiboti karantin muddati tamom boʻlgunga qadar toʻxtatib turiladi. Veterinariya yoki fitosanitariya xulosasini tayyorlash va berish muddati uch ish kunidan oshmasligi kerak.
17. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari tegishli xulosalar olish uchun Veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari va Oʻsimliklar karantini agentligining hududiy boʻlinmalariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqlidir.
§ 2. Ishlab chiqarish obyektini sanitariya tekshiruvidan oʻtkazish va mahsulotlardan namunalar olish
18. Taqdim etilgan hujjatlar oʻrganib chiqilgandan keyin masʼul sanitariya vrachi tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqarish obyektini tekshirish va/yoki laboratoriya tahlillari uchun namunalar olish maqsadida joyning oʻziga boriladi.
19. Mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa berish ularni ishlab chiqarish texnik uskunalariga sanitariya-epidemiologik xulosa olishni talab qilgan hollarda avval texnik uskunalarga sanitariya-epidemiologik xulosa olinishi lozim.
Buning uchun masʼul sanitariya vrachi tomonidan laboratoriya mutaxassisi bilan birgalikda ishlab chiqarish korxonasidagi texnik uskunalardan surtmalar olinadi hamda ikki nusxada mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasida keltirilgan shaklda sanitariya tekshiruvi dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma masʼul sanitariya vrachi, laboratoriya mutaxassisi va mahsulot egasi yoki uning vakili tomonidan imzolanib, uning bir nusxasi mahsulot egasi yoki uning vakiliga beriladi.
Surtmalar texnik uskunaning bevosita mahsulotga tegib turadigan joyidan olinadi.
Texnologik uskunadan olingan surtmalar laboratoriyaga topshiriladi.
20. Respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa olish uchun mahsulotlarning namunaviy partiyasi ishlab chiqariladi.
21. Mahsulot ekspertizasi oʻtkazilishida mahsulot boʻyicha taqdim etilgan hujjatlarning mahsulotlarga muvofiqligi taqqoslanadi.
Shuningdek, mahsulotlarni tashishda qoʻllaniladigan transport vositasining sanitariya holati, mahsulotlarni saqlash sharoitlariga baho beriladi.
22. Mahsulot idishlari, oʻrov materiallarining holati boʻyicha quyidagilar oʻrganiladi:
nomi, shifri, navi, TIF TN kodi;
mahsulot ishlab chiqaruvchining nomi;
isteʼmolga yaroqlilik va ishlab chiqarilgan muddati (yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlar ekspertizadan oʻtkazilmaydi);
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning roʻyxat raqamlari;
mahsulotlarni saqlash sharoiti, buzilish alomatlari, ifloslanganligi, begona hidlarning bor yoki yoʻqligi;
mahsulot shisha idishlarda boʻlsa, ularning berkligi;
oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, qadoqlash materiallari, yordamchi materiallar xavfsizlik koʻrsatkichlarining sanitariya qoida va meʼyorlari talablariga javob berishi.
23. Mahsulotlarning sifatiga shubha tugʻilmagan taqdirdagina ularning mazasi totib koʻrilishi mumkin.
24. Ishlab chiqarish korxonasini yoki respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlarning sanitariya tekshiruvi natijalari boʻyicha ikki nusxada mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasida keltirilgan shaklda korxona sanitariya tekshiruvi dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnoma masʼul sanitariya vrachi va mahsulot egasi yoki uning vakili tomonidan imzolanib, uning bir nusxasi mahsulot egasi yoki uning vakiliga beriladi.
25. Masʼul sanitariya vrachi mahsulot namunasini bakteriologik, toksikologik, sanitariya-kimyoviy, radiologik, parazitologik, virusologik tahlillar uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan miqdorda oladi va ikki nusxada mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasida keltirilgan shaklda namuna olish dalolatnomasi tuzadi. Dalolatnoma sanitariya vrachi va mahsulot egasi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Uning bir nusxasi mahsulot egasi yoki uning vakiliga beriladi.
26. Namunalar toza idishga joylanadi, markalanadi, surgʻuchlanadi va masʼul sanitariya vrachi tomonidan namuna olinganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasi bilan akkreditatsiyadan oʻtgan Sanepidqoʻmning hududiy organlari laboratoriyasiga taqdim qilinadi. Bakteriologik sinovlar uchun olingan namunalar sterillangan idishda yoki original oʻramda joʻnatiladi.
27. Olingan namunalar mahsulot partiyasini toʻliq ravishda aks ettirishi lozim.
28. Turi bir xil, navi va nomlanishi bir xil, bir smenada ishlab chiqarilgan va texnologik jihatdan bir xil ishlovdan oʻtgan mahsulot bir xil partiya hisoblanadi.
Bitta ishlab chiqarish obyektida tayyorlangan, maʼlum hajm va ogʻirlikdagi, bir xil yuk xati va sifat sertifikatiga ega boʻlgan mahsulot bir xil yuk partiyasi hisoblanadi.
281. Bir necha turdagi mahsulotlarga xulosa berish davrida sanitariya vrachi taqdim etilgan hujjatlar va mahsulotlarni oʻrganib chiqib, turi, navi, tarkibi va nomlanishi bir xil, bir smenada ishlab chiqarilgan, texnologik jihatdan bir xil ishlovdan oʻtgan, bitta yuk xatiga ega boʻlgan mahsulotlardan umumlashtirish yoʻli bilan laboratoriya tahlillari oʻtkazish uchun namunalar olishi mumkin. Mazkur talab goʻshtli, sutli, konserva mahsulotlari, konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, ozuqaviy qoʻshimchalar, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
§ 3. Laboratoriya tahlillarini oʻtkazish
29. Laboratoriyaga taqdim etilgan namunalar boʻyicha tegishli maʼlumotlar mazkur Yoʻriqnomaning 3a-ilovasiga muvofiq shakldagi jurnalga kiritib boriladi. Bunda, maʼlumotlar kiritilgandan keyin xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha tahlillar toʻliq oʻtkaziladi.
30. Mahsulotlar turi boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablardan kelib chiqqan holda xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha laboratoriya mutaxassislari (bakteriolog, toksikolog, virusolog, sanitariya-gigiyenik, parazitolog, kimyo, radiolog) tomonidan tahlillar oʻtkaziladi.
31. Mahsulotlarning xavfsizlik koʻrsatkichlari sanitariya norma va qoidalarida hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda koʻrsatilgan usullar boʻyicha aniqlanadi.
32. Tez buziluvchi mahsulotlardan olingan namuna boʻyicha 2 soatlik muddat ichida tahlil boshlanishi lozim.
33. Mahsulotlar tahlilining aniq muddati tahlillarning tegishli usullari uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan muddatlarga qarab belgilanadi.
34. Laboratoriya tahlillari oʻtkazilgandan soʻng qolgan mahsulotlar 10 kun muddatgacha laboratoriyada saqlanadi, tez buziluvchi mahsulotlar esa, yaroqlilik muddati tugaganda yoʻq qilinadi.
35. Namuna qoldiqlari tahlil natijalari berilgungacha saqlanib, soʻng laboratoriya mudiri ruxsati bilan belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Texnologik asbob-uskuna, xalq isteʼmoli buyumlari, xususiyatini yoʻqotmagan qimmatbaho buyumlar mahsulot egasiga hujjat asosida qaytariladi. Tekshirilgan oziq-ovqat namunalarining qoldigʻi mahsulot egasiga qaytarilmaydi.
Namunani topshirish yoki yoʻq qilish toʻgʻrisida ikki nusxada dalolatnoma tuziladi.
36. Mahsulot namunalarining laboratoriyadagi tahlil natijalari asosida mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasiga muvofiq bayonnoma tuziladi xamda masʼul sanitariya vrachi va ariza beruvchiga taqdim qilinadi.
37. Oʻtkazilgan tahlillarning, laboratoriya tekshiruvlarining haqqoniyligi va sifatliligiga laboratoriya javobgar hisoblanadi
38. Oʻtkazilgan laboratoriya tahlili bayonnomasi tahlil oʻtkazilgan mahsulotning partiyasiga taalluqli.
39. Masʼul sanitariya vrachi taqdim qilingan laboratoriya tahlili natijalariga asosan laboratoriya tahlili bayonnomasiga oʻz xulosasini yozadi. Xulosa mahsulotlarni ishlab chiqarishga yoki olib kirilayotgan mahsulotlarning partiyasiga beriladi.
40. Laboratoriya tahlili bayonnomasi, sanitariya tekshiruvi dalolatnomalari mahsulotning inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlik koʻrsatkichlari talablariga muvofiq yoki xavfsizlik koʻrsatkichlari talablariga nomuvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik xulosa berish uchun asos boʻladi.
41. Laboratoriya tahlillarining salbiy natijalari sanitariya-epidemiologik xulosa berishni rad etish uchun asos hisoblanadi, bu haqda qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatilgan holda ariza beruvchiga yozma shaklda maʼlum qilinadi.
411. Xavfsizlik koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlmagan mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumot har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga maʼlumot beriladi, zarur xollarda ommaviy-axborot vositalarida maʼlum qilinadi.
§ 5. Sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish va berish
49. Sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish uchun masʼul boʻlgan sanitariya vrachi tomonidan xat (ariza, murojaatnoma), shartnoma, sanitariya tekshiruvi dalolatnomasi, bajarilgan ishlar dalolatnomasi, laboratoriya tahlili bayonnomasi hamda namuna olish dalolatnomasi bilan birgalikda sanitariya-epidemiologiya xulosasini berish bilan shugʻullanuvchi boʻlim (boʻlinma) mudiriga taqdim etiladi.
Taqdim qilingan hujjatlarning ekspertizasi va laboratoriya tahlillari natijalariga koʻra (mahsulot bakteriologik, toksikologik, virusologik, sanitariya-gigiyenik, parazitologik, kimyoviy va radiologik koʻrsatkichlar boʻyicha inson sogʻligʻi uchun xavfsizlik meʼyorlariga muvofiq yoki nomuvofiqligini asoslagan holda) sanitariya-epidemiologik xulosa bir ish kunida mazkur Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa Sanepidqoʻmning hududiy organlari bosh vrachining imzosi va ushbu Sanepidqoʻmning hududiy organlarining muhri bilan tasdiqlangan holda beriladi, unga laboratoriya tahlili bayonnomasi nusxalari ilova qilinadi.
50. Veterinariya va fitosanitariya xulosalari olinishi hisobga olingan holda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish va berish muddati tegishli tahlillar usullari uchun normativ hujjatlarda nazarda tutilgan muddatlarga qarab, biroq 10 kundan oshmagan holda belgilanadi.
51. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa — 3 yil muddatga, chetdan olib kelinayotgan mahsulotga — mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega boʻlmagan mahsulotga esa — muddati koʻrsatilmasdan beriladi.
Bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida chetdan olib kelinayotgan aynan bir xil mahsulotga sanitariya-epidemiologik xulosa — bir kalendar yilidan oshmagan muddatga beriladi.
52. Sanitariya-epidemiologik xulosa nusxasi, ariza, shartnoma, birlamchi hujjatlar, bajarilgan ishlar dalolatnomasi, laboratoriya tahlili bayonnomalari, namuna olish dalolatnomasi, sanitariya tekshiruvi dalolatnomasi, normativ hujjatlar nusxasi, kuzatuv xati bilan birgalikda sanitariya-epidemiologiya xulosasining yaroqlilik muddati tugagunga qadar arxivda saqlanadi.
Yaroqlilik muddati boʻlmagan mahsulotlarga berilgan sanitariya-epidemiologiya xulosalariga tegishli boʻlgan hujjatlar 4 yilgacha, chetdan olib kelinayotgan mahsulotga esa berilgan sanitariya-epidemiologiya xulosaning yaroqlilik muddati tugagandan soʻng bir yil oʻtguncha arxivda saqlanadi.
III. Yakunlovchi qoidalar
53. Ariza beruvchi sanitariya-epidemiologiya xulosa berishning rad etilganligi yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
54. Mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi oʻsimliklar karantini Bosh Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-sentabr
Davlat mulki qoʻmitasi raisi M. ASQAROV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-sentabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-sentabr
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 1-ILOVA
(1-ilovaga kiritilgan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2017-yil 7-dekabrdagi 126, K-8-sonli (roʻyxat raqami 1525-1, 15.01.2018-y.) qaroriga asosan 2018-yil 16-apreldan kuchga kiradi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2018-y., 10/18/1525-1/0566-son)
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 2-ILOVA
(2-ilovaga kiritilgan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2017-yil 7-dekabrdagi 126, K-8-sonli (roʻyxat raqami 1525-1, 15.01.2018-y.) qaroriga asosan 2018-yil 16-apreldan kuchga kiradi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2018-y., 10/18/1525-1/0566-son)
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 3-ILOVA
(3-ilovaga kiritilgan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2017-yil 7-dekabrdagi 126, K-8-sonli (roʻyxat raqami 1525-1, 15.01.2018-y.) qaroriga asosan 2018-yil 16-apreldan kuchga kiradi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2018-y., 10/18/1525-1/0566-son)
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 3a-ILOVA
LABORATORIYAGA TAQDIM ETILGAN NAMUNALARNI KAYD ETISH JURNALI T/r. Namunalar nomi (turi, navi) Ishlab chiqaruvchi Ishlab chiqarilgan sanasi va smenasi Guruh (partiya) oʻlchami va tartib soni Olingan namunalarning miqdori Namuna olingan hujjat raqami Idish va oʻramning turi Namuna olishni asoslovchi hujjat Tahlil maqsadi Izoh 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 4-ILOVA
(5-ilovaga kiritilgan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2017-yil 7-dekabrdagi 126, K-8-sonli (roʻyxat raqami 1525-1, 15.01.2018-y.) qaroriga asosan 2018-yil 16-apreldan kuchga kiradi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2018-y., 10/18/1525-1/0566-son)
Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 5-ILOVA
(5-ilovaga kiritilgan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2017-yil 7-dekabrdagi 126, K-8-sonli (roʻyxat raqami 1525-1, 15.01.2018-y.) qaroriga asosan 2018-yil 16-apreldan kuchga kiradi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2018-y., 10/18/1525-1/0566-son)
