Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni hisobga olishni tartibga solish va ular monitoringini olib borish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (59-son)
09.02.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik faoliyatini oʻrganib chiqish potensial chet el investorlarini axborot bilan taʼminlash, respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish hamda kompleks monitoring olib borish boʻyicha Agentlik tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmayotganligini koʻrsatdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini maqbullashtirish, ularning istiqbolli investitsiya loyihalariga oqimini koʻpaytirish va respublikaga xorijiy investitsiyalar jalb etilishi uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar faoliyatida bir-birini takrorlashni istisno etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati tugatilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini tugatish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda komissiya tashkil etilsin.
Komissiya ikki oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlikni tugatish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tuzilmasida shtatdagi xodimlarning umumiy soni doirasida shtatdagi xodimlari soni 5 nafar boʻlgan, xalqaro moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olish va ular monitoringini olib borish boshqarmasi tashkil etilsin.
Mazkur boshqarmaga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklansin:
xorijiy imtiyozli kreditlar va grantlar asosida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini tashkil etish va yuritish;
xalqaro moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablagʻlarini jalb etish ishlarining muntazam ravishda monitoringini olib borish;
sarmoyaning xalqaro bozorlarini oʻrganish hamda xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sugʻurta institutlari va donor mamlakatlarning mablagʻlarini jalb etishni davom ettirish yuzasidan takliflar kiritish;
xorijiy investorlarni respublikadagi mavjud potensial investitsiya imkoniyatlari va amalga oshirilayotgan loyihalar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi boʻyicha markaziy apparat tuzilmasi va uning toʻgʻrisidagi nizom qayta koʻrib chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Investitsiya va tarkibiy siyosat bosh boshqarmasiga investitsiya dasturlarini tayyorlash, ekspertizadan oʻtkazish va ularning bajarilishi monitoringini olib borish vazifalari bilan bir qatorda qoʻshimcha ravishda, shuningdek xalqaro moliya tuzilmalari (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki), chet el moliya va sugʻurta tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan ularni respublika uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish boʻyicha hamkorlik qilishga doir takliflarni, istiqbolli va joriy dasturlarni oʻrganish, umumlashtirish va tayyorlash masalalari ham yuklangan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda ishlab chiqish bosqichidagi ustuvor investitsiya loyihalarini xatlovdan oʻtkazsin hamda manfaatdor tuzilmalar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ularni tasdiqlash va amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlikni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish toʻgʻrisida” 1999-yil 31-martdagi 148-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M. Gʻaniyev va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 9-fevral,
59-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-fevraldagi 59-son qaroriga ILOVA
“Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini tugatish boʻyicha komissiya
TARKIBI
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 6-son, 71-modda)
