Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari aholisining sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (435-son)
07.10.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari aholisining sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanganligini tubdan yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 5-avgustdagi F-1820-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Maxsus komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari ishtirokida ishlab chiqilgan Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari aholisining sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari dasturi, respublika Hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan aholi punktlarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli dasturlarni hisobga olgan holda ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qishloq aholi punktlarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi (K.N. Toʻlaganov) Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
2. Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari, “Oʻzkommunxizmat” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Buxoro viloyatida va Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-fevraldagi 67-son, 2002-yil 26-martdagi 98-son va 2002-yil 11-dekabrdagi 435-son qarorlari bilan tasdiqlangan 2003—2006-yillar uchun investitsiya loyihalarining Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Shveysariya Hukumatining granti va Ispaniya Hukumatining kreditlari ishtirokida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yilgi Investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklariga, “Oʻzkommunxizmat” agentligiga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun, xorijiy investitsiyalar, korxonalar, tashkilotlar va aholi mablagʻlarini jalb etishni hisobga olgan holda kapital qoʻyilmalarning markazlashtirilgan limitlarini nazarda tutsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi va Iqtisodiyot vazirligi 2004-2005-yillarda Osiyo taraqqiyot bankining 15 mln AQSh dollari miqdoridagi kreditini Qashqadaryo viloyatining qishloq aholi punktlari suv taʼminotini yaxshilash loyihasini amalga oshirishga jalb etish masalalarini ishlab chiqsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov, Buxoro (Xusenov) va Qashqadaryo (Zayniyev) viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-oktabr,
435-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 7-oktabrdagi 435-son qaroriga ILOVA
Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari aholisining sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari dasturi
Izohlar.
*Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish zarur.
** Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 405-son qarorida nazarda tutilgan.
*** Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-fevraldagi 67-son, 2002-yil 26-martdagi 98-son va 2002-yil 11-dekabrdagi 435-son qarorlari bilan tasdiqlangan.
