9-modda. Boshlangʻich hisob hujjatlari
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida (279-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobi uchun operatsiyalar amalga oshirilganligini qayd etuvchi boshlangʻich hisob hujjatlari va ularni oʻtkazishga doir farmoyishlar asos boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan savdo va servis sohasida olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqi korporativ plastik kartalardan foydalangan holda toʻlanganida toʻlov terminallarining cheklari ham boshlangʻich hisob hujjatlari deb tan olinadi.
Boshlangʻich hisob hujjatlari xoʻjalik operatsiyalari amalga oshirilayotgan vaqtda yoki operatsiyalar amalga oshirib boʻlinganidan keyin tuziladi.
Hisobot davriga tegishli boʻlgan xoʻjalik operatsiyalari, agar ular amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar olinmagan boʻlsa, tegishli boshlangʻich hujjat rasmiylashtirilib, buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Boshlangʻich hisob hujjatlarining majburiy rekvizitlari quyidagilardir:
korxonaning (muassasaning) nomi;
hujjatning nomi va raqami, u tuzilgan sana va joy;
xoʻjalik operatsiyasining nomi, mazmuni va miqdor oʻlchovi (natura holida va pulda ifodalangan holida);
masʼul shaxslarning shaxsiy imzolari.
Boshlangʻich hisob hujjatlarini tuzgan hamda imzolagan shaxslar ularning oʻz vaqtida toʻgʻri va aniq tuzilishi, shuningdek buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun ularning belgilangan muddatlarda topshirilishiga javobgardirlar.
Boshlangʻich hisob hujjatlariga xoʻjalik operatsiyasi qatnashchilari tomonidan tasdiqlanmagan tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bank va kassalar hujjatlarida tuzatishlar va oʻchirib yozishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
