14-modda. Xususiy kapitalni hisobga olish
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida (279-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Xususiy kapital — ustav kapitali, qoʻshilgan, zaxira kapitalidan, hamda taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi.
Ustav kapitali — taʼsis hujjatlarida belgilangan hissalarning (pul ifodasida) yigʻindisidir. Ustav kapitaliga hissa shaklida qoʻshiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar taʼsischilar kelishuviga yoki yuridik shaxs ijroiya organining qaroriga koʻra belgilanadi va hisobga olinadi.
Qoʻshilgan kapital aksiyalarni nominal qiymatidan baland narxlarda dastlabki sotishdan olinadigan emissiya daromadini aks ettiradi.
Zaxira kapitali mol-mulkni qayta baholash chogʻida hosil boʻladigan inflyatsiya zaxiralarini, shuningdek tekinga olingan mol-mulk qiymatini aks ettiradi.
Taqsimlanmagan foyda foydaning jamgʻarilayotganini ifodalaydi va mulkdorlarning qaroriga binoan ustav kapitaliga qoʻshilishi mumkin.
