12-modda. Aktivlar va majburiyatlarni baholash
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida (279-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Oborot aktivlarni baholash quyidagi ikki bahoning eng pasti boʻyicha — balans tuzilayotgan sanadagi haqiqiy tannarxi boʻyicha — (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi) yoki bozor bahosi boʻyicha (sof sotish qiymati) amalga oshiriladi.
Asosiy mablagʻlar va nomoddiy aktivlar ularning toʻliq boshlangʻich qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
Asosiy mablagʻlar va nomoddiy aktivlar qiymatini hisobdan chiqarish ularning qiymati toʻliq toʻlangunga yoki obyekt safdan chiqib ketgunga qadar boʻlgan eskirishini (amortizatsiyani) hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Amortizatsiya ajratmalari obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi. Erning qiymati amortizatsiya qilinmaydi.
Moliyaviy qoʻyilmalar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq hisobga olinadi.
Majburiyatlar taraflarning kelishuviga binoan pul bilan aks ettiriladi.
Sud qarori boʻyicha yuzaga kelgan majburiyatlar tegishli summada aks ettiriladi.
Potensial majburiyatlar dastlabki haqiqiy bahosi boʻyicha aks ettiriladi.
Buxgalteriya hisobi milliy valyuta — soʻmda kiritiladi.
Budjet tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini baholash budjet hisobi standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
