5-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida (613-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Markaziy saylov komissiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni oʻtkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish uchun tuziladigan referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning tizimiga boshchilik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov va Oʻzbekiston Respublikasi referendumi toʻgʻrisidagi qonunlarning ijrosini nazorat qiladi, ularning bir xil qoʻllanilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar yuzasidan saylov kompaniyasi boshlanganligini eʼlon qiladi;
saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalar faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi, saylov va referendumni tashkil etishga oid masalalar yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yoʻriqnomalar chiqaradi hamda nizomlarni tasdiqlaydi va tushuntirishlar berib boradi;
saylov okruglarini, referendum okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar sonini koʻrsatgan holda okruglar roʻyxatini eʼlon qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari va referendum uchastkalarini qaysi okruglarga biriktirish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;
okrug saylov komissiyalarini va referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalarini tuzadi hamda ularning joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalar tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;
okrug saylov komissiyalarining va referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalarining qarorlarini, agar bu qarorlar saylov va referendum toʻgʻrisidagi qonunlarga zid boʻlsa, mustaqil tarzda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;
chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilariga saylov va referendumga mandatlar beradi;
saylovga va referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazishning xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablagʻlarini saylov komissiyalariga hamda referendum oʻtkazuvchi komissiyalarga, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining va referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylov hamda referendumni moddiy-texnika jihatidan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
