4-modda. Markaziy saylov komissiyasiga aʼzolik
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida (613-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovni, referendumni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib roʻyxatga olingan Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan bevosita yoki uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasi boʻyicha toʻxtatilishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelgan taqdirda.
Markaziy saylov komissiyasining yangi aʼzosi ushbu Qonunda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi komissiyaning qaroriga binoan unda doimiy asosda ishlashi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
