“Section-416 (b)” dasturi doirasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (389-son)
08.09.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Section-416 (b)” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari berish toʻgʻrisida Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga berilgan grantdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hukumatlararo bitimga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma ishchi guruhining (keyingi oʻrinlarda matnda qoʻshma ishchi guruh deb yuritiladi) “Section-416 (b)” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotishdan tushadigan grant mablagʻlari hisobiga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari haqidagi taklifiga ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
fermer xoʻjaliklarini mamlakatimizning oʻzida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan jihozlash loyihasi (mazkur qarorga ilovaning I boʻlimi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi yoki kredit uyushmalari orqali qaytarish asosida amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari sohasidagi loyihalarni tanlab olish funksiyasi (mazkur qarorga ilovaning III boʻlimi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga yuklanadi. Qishloq xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlashning boshlanishi Vazirlar Mahkamasining Iqtisodiy va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi tomonidan tasdiqlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash boʻyicha loyihalarni tanlash va mablagʻ bilan taʼminlash funksiyasi (mazkur qarorga ilovaning V boʻlimi) Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga (agentlarga) yuklanadi. Bunda loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash loyiha umumiy summasining kamida 25 foizi kichik biznes subyektlarining oʻz mablagʻlari ishtirokida qaytarish asosida amalga oshiriladi;
irrigatsiya, ilmiy va ijtimoiy loyihalar hamda normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish (mazkur qarorga ilovaning II, III, IV va VI boʻlimlari) bepul asosda mablagʻ bilan taʼminlanadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Section-416 (b)” dasturi doirasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotishdan tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamida jamlanadi hamda Vazirlikka ularni tijorat banklarining depozit hisob raqamlariga joylashtirish va olingan daromaddan Qoʻshma ishchi guruh bilan kelishgan holda “Section-416 (b)” dasturi doirasidagi loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlashda foydalanish huquqi beriladi.
4. Qoʻshma ishchi guruhga, zaruriyat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur qarorga ilovaning III va V boʻlimlari boʻyicha grant mablagʻlaridan foydalanish hajmlariga tuzatish kiritish yuzasidan takliflar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi buyurtmachilar bilan birgalikda loyihalar amalga oshirilishining ustuvorligini belgilasin va mazkur qarorda nazarda tutilgan kapital qurilish obyektlari belgilangan tartibda 2003 va 2004-yillar qurilishining aniq roʻyxatlariga kiritishni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda loyihalarning boshqa bajaruvchilari “Section-416 (b)” dasturi boʻyicha olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini, tijorat banklari — agentlar esa — mablagʻlarning oʻz vaqtida qaytarilishini hamda loyihalarni amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axborot yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga va Moliya vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi bilan birgalikda loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash yoʻnalishlarining har biri boʻyicha loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash va ular amalga oshirilishining monitoringini olib borish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
moliyaviy mablagʻlar tushishiga qarab ularning ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun maxsus hisob raqamiga belgilangan tartibda yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 8-sentabr,
389-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 8-sentabrdagi 389-son qaroriga ILOVA
“Section-416 (b)” dasturi doirasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlariga 1-ILOVA
“Section-416 (b)” dasturi boʻyicha tushgan mablagʻlar hisobiga Vatanimizda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini fermer xoʻjaliklariga lizing asosida berish
Izoh: 1) Qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida taqsimlashda ustuvorlik qayta tashkil etilayotgan 178 shirkat xoʻjaligi negizida 2003-yilda tashkil etiladigan fermer xoʻjaliklariga va muqobil mashina-traktor parklariga beriladi.
2) Texnika miqdori Qoʻshma ishchi guruh bilan kelishgan holda oʻzgartirilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlariga 2-ILOVA
“Section-416 (b)” dasturi boʻyicha tushgan mablagʻlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlariga 3-ILOVA
Seleksiya, urugʻchilik, gen injeneriyasi, yerlarning unumdorligini oshirish, suvni tejovchi texnologiyalar sohasidagi tadqiqotlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, ilmiy kadrlar stajirovkasini oʻtkazish va ularning malakasini oshirish sohasida Amerika tomoni tavsiya etayotgan
loyihalar
* Mablagʻlar IKARDA – Qurgʻoqchilik mintaqalarida qishloq xoʻjalik tadqiqotlari xalqaro markazining valyuta resurslari hisobiga konvertatsiya qilinadi
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy yoʻnalishlariga 4-ILOVA
“Section-416 (b)” dasturi boʻyicha tushgan mablagʻlar hisobiga respublikaning olisdagi qishloq aholi yashash punktlarida qishloq vrachlik punktlari qurish
Izoh: Pudratchilar tender asosida belgilanadi.
