Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (224-son)
11.10.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar amalga oshirilishini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 24-iyundagi PF–3618-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 1-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-oktabr,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-oktabrdagi 224-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 11-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 8-bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin va “Sugʻurta va auditorlik tashkilotlari, birjalar” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan tashkil etiladigan aksiyadorlik kompaniyalari (shu jumladan davlat-aksiyadorlik kompaniyalari va xolding kompaniyalari) shaklidagi davlat boshqaruvi organlari” soʻzlari qoʻshilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-oktabrdagi 224-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan undiriladigan xorijiy valyutadagi bojlar, yigʻimlar va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlar tariflari stavkalarining I boʻlimi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2001-yil 22-avgustdagi 347-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 8-son, 47-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2005-yil 11-fevraldagi 59-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 6-modda).
