32-modda. Oʻrmonlarni qoʻriqlash
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Mahalliy davlat xokimiyati organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi davlat organlari oʻrmonlardan foydalanish tartibi buzilishidan, shu jumladan noqonuniy kesish (yaganalash)dan hamda oʻrmonlarga boshqacha tarzda zararli taʼsir koʻrsatishdan oʻrmonlar qoʻriqlanishini taʼminlaydilar.
Mahalliy davlat xokimiyati organlari va davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari oʻrmonlarni yongʻindan qoʻriqlash va yongʻinga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlaydilar, zarur hollarda yongʻinlarni oʻchirish uchun aholini, korxona, muassasa va tashkilotlarning oʻt oʻchirish, yer qazish texnikasi va transport vositalarini jalb etadilar, yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda aholining oʻrmonda boʻlishini va oʻrmonlarga transport vositalarining kirishini cheklaydilar yoki taqiqlaydilar.
Oʻrmondan foydalanuvchilar oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligiga rioya etishlari, ish joylarida yongʻinga qarshi tadbirlar oʻtkazishlari, oʻrmonda yongʻin chiqqan taqdirda uni oʻchirishni taʼminlashlari shart.
