21-modda. Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat oʻrmon fondining oʻzlariga berib qoʻyilgan uchastkalarida oʻrmon xoʻjaligini mustaqil yuritish, oʻrmondan foydalanish;
oʻrmon fondi yerlaridan, suv resurslaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda foydalanish;
belgilangan tartibda yoʻl ochish, oʻrmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalar jihozlash, ishlab chiqarish va uy-joy binolari hamda inshootlari qurish;
tayyorlangan mahsulotga va uni sotishdan olingan daromadga mulkdor boʻlish.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirishni taʼminlash;
oʻrmonlarning davlat hisobini olib borish;
oʻrmonlarning holatiga va ularni takroriy koʻpaytirishga, tuproq va hayvonot dunyosiga, shuningdek suv obyektlarining va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan ish olib borish;
oʻrmondan foydalanganlik uchun oʻz vaqtida va belgilangan tartibda haq toʻlash;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini taʼminlash;
oʻrmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmaslik.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishlari va oʻzga majburiyatlarni bajarishlari mumkin.
