13-modda. Oʻrmon qoʻriqchiligi
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Oʻrmon qoʻriqchiligi oʻrmon xoʻjaligi korxonalarida oʻrmonlarni qoʻriqlash va muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida tuziladi.
Oʻrmon qoʻriqchiligining mansabdor shaxslari ayni bir vaqtda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining inspektorlaridir.
Oʻrmon qoʻriqchiligi mansabdor shaxslarining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻrmondan foydalanishga haqli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni tegishli organlarga olib borish;
qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan oʻrmon mahsulotini hamda uni qoʻlga kiritish vositalarini olib qoʻyish;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi materiallarni tegishli organlarga yuborish;
oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablarini buzish oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash haqida sudga daʼvo taqdim etish;
yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish haqida koʻrsatma berish.
Oʻrmon qoʻriqchiligining faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
