11-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Oʻrmonga oid munosabatlarni tartibga solish sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan kelishilgan holda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat oʻrmon fondi uchastkalarini berish, bundan oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlar, davlat qoʻriqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, umumdavlat ahamiyatiga molik buyurtma qoʻriqxonalarning, umumdavlat ahamiyatiga molik kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlari mustasno;
oʻrmonlarning davlat hisobi va davlat oʻrmon kadastri yuritilishini taʼminlash;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
oʻrmonlar holatiga zarar yetkazgan hollarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib qoʻyish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi;
oʻrmonlarda mol boqish hamda yogʻochga taalluqli boʻlmagan resurslardan foydalanishning boshqa turlari normalarini davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan birgalikda belgilash va tartibga solish;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, qoʻriqlash, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʻpaytirish borasida aholining maʼrifatli boʻlishini tashkil etish;
oʻz vakolat doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni hal qilish.
