42-modda. Ushbu Qonun talablari ijrosini tekshirish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi organlar mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida (813-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatga oid tartib buzilganligidan dalolat beruvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda prokuratura, ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlarining mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimliklar yetishtirilishi ehtimoli bor yer uchastkalarini, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, foydalanish va yoʻq qilish joylarini koʻzdan kechirish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash jarayonlarining belgilangan qoidalarga muvofiqligini tekshirish, zarurat boʻlganda ekspertlik tadqiqoti uchun namunalar olish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olishga monelik qilish maqsadida xonalarni muhrlab qoʻyish;
nazorat vazifalarini bajarish uchun zarur tushuntirish va hujjatlar taqdim etishni talab qilish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyat turlari uchun litsenziyalari boʻlgan yuridik shaxslarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tekshirishning boshqa choralarini amalga oshirish.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, tergov yoki prokuratura organlarining mansabdor shaxslari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyat amalga oshirilayotgan har qanday joyga kirishi va uni koʻzdan kechirishi mumkin.
