16-modda.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida (915-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Fuqarolarning yigʻini (yigʻilishi):
oʻzini oʻzi boshqarish organining faoliyat dasturi hamda xarajatlar smetasini, aholi punktlarini obodonlashtirish va sanitariya holatini yaxshilashga doir tadbirlar rejalarini tasdiqlaydi;
rais (oqsoqol) va uning maslahatchilari ishining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, har yili ularning hisobotlarini tinglaydi;
oʻz hududidagi ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish uchun aholining, mulkchilikning barcha shaklidagi korxona, tashkilot va muassasalarning mablagʻlarini ixtiyoriylik asosida birlashtirish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda yosh bolali muhtoj oilalarga nafaqalar hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlaydi va toʻlaydi;
pul mablagʻlari sarflanishi ustidan nazorat qilishni tashkil etadi, zarur boʻlganida taftish komissiyasi tuzadi va ushbu komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
qonunlarda belgilangan tartibda oʻz hududida kichik korxonalar, kooperativlar, ustaxonalar, xalq hunarmandchiligi sexlarini tashkil etish masalalarini koʻrib chiqadi;
yigʻinning, maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning chegaralarini oʻzgartirishga, koʻcha, maydon va boshqa joylarning nomini oʻzgartirishga doir masalalarni koʻrib chiqadi hamda tegishli davlat organlariga takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
