# Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlarida ijodkorlarning ishtirokini oshirish hamda qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (617-son)

- URL: https://neolex.uz/uz/laws/law-8591530
- lex.uz dagi asl nusxa: https://lex.uz/docs/-8584243
- Sana: 11.11.2026
- Amalda
- Language: uz

> Matn manbasi: O'zbekiston Respublikasi qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz). Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasidan (lex.uz) hujjatning rasmiy matni, so'zma-so'z, avtomatik yangilanadi. Yuridik kuchga lex.uz dagi nashr ega: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun u yerdagi amaldagi tahrirni tekshiring.

---

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida ijodkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga muvofiq:

a) madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari gʻolib hamda sovrindorlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi:

gran-pri va 1-oʻrin sohibi — nufuzli xalqaro tanlov boʻyicha 300 mln soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 100 mln soʻm miqdorida;

2-oʻrin sohibi — nufuzli xalqaro tanlov boʻyicha 200 mln soʻm, respublika tanlovi boʻyicha — 50 mln soʻm miqdorida;

3-oʻrin sohibi — nufuzli xalqaro tanlov boʻyicha 100 mln soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 25 mln soʻm miqdorida;

b) tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan oʻqituvchi va konsertmeysterning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanishi;

v) nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib (sovrindor)lari va ularning oʻqituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi;

g) umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari ish haqiga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda 20 foizgacha ustama toʻlash tartibi joriy etilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar gʻoliblarini, ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarini ragʻbatlantirish hamda tanlovlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilariga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

a) budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi tanlovlar majburiy tartibda:

“ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimining Milliy tanlovlar platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma)ga kiritiladi va u barcha uchun ochiq manba hisoblanadi;

Platformada har bir ijodkorning faoliyati, natijalari va rivojlanish dinamikasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni nazarda tutuvchi elektron portfolio shakllantiriladi;

b) xususiy sektor tomonidan va budjetga taalluqli boʻlmagan manbalar hisobidan oʻtkaziladigan respublika tanlovlari boʻyicha ham ushbu qarorda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi. Bunda:

tanlov tashkilotchisi tomonidan tanlov toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (tanlov nizomi, dasturi va tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjat) Platformaga joylashtirilishi;

Platformaga joylashtirilgan maʼlumotlar Madaniyat vazirligi tomonidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar gʻoliblarini, ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarini ragʻbatlantirish hamda tanlovlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida koʻrib chiqilishi;

tanlov Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari roʻyxatiga kiritilgan boʻlishi lozim.

4. Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Platforma faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda unda har bir ijodkorning faoliyati, natijalari va rivojlanish dinamikasini nazarda tutuvchi elektron portfolio shakllantirilishini tashkil etsin;

2026-yil uchun, har yili dekabr oyida kelgusi yil uchun nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat)ni tasdiqlab, eʼlon qilib borsin.

Bunda roʻyxatda keltirilgan, shuningdek, roʻyxatga kiritilmagan, biroq ushbu qaror bilan tasdiqlangan Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar gʻoliblarini, ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarini ragʻbatlantirish hamda tanlovlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq deb topilgan tanlovlarning gʻolib va sovrindorlari belgilangan tartibda ragʻbatlantiriladi.

5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Madaniyat vazirligi bilan birgalikda xalqaro tanlovlar gʻoliblari haqida “Ijodiy parvoz” ruknida mediakontentlar tayyorlash, ijodkorlar ishtirokida onlayn chiqishlar, master-klasslar va toʻgʻridan-toʻgʻri efirlar tashkil etish orqali ularning ijodiy faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish, har bir yutuq boʻyicha kamida 100 tagacha eng ommabop mediamaterial tayyorlash tavsiya etilsin.

6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.

7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2026-yil 11-noyabr,

617-son

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-noyabrdagi 617-son qaroriga 1-ILOVA

Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar gʻoliblarini, ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarini ragʻbatlantirish hamda tanlovlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

## 1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlarining (keyingi oʻrinlarda — tanlov) gʻolib va sovrindorlariga bir martalik pul mukofoti toʻlash hamda ushbu gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagan oʻqituvchi va konsertmeysterlar (keyingi oʻrinlarda — oʻqituvchi va konsertmeyster)ning har oylik lavozim maoshlariga 100 foizgacha ustama toʻlash, shuningdek, ularning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash tartibini belgilaydi.

2. Mazkur Nizomning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qoʻshgan hamda respublikamizda yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar va ijrochilarni davlat tomonidan tizimli ragʻbatlantirishdan iborat.

3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

ariza beruvchi — tanlov gʻolib (sovrindor)lari yoki ularning qonuniy vakillari;

vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Madaniyat vazirligi);

ishchi organ — Madaniyat vazirligi huzuridagi “Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi” davlat muassasasi;

yirik xalqaro tashkilotlar — madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi global madaniy merosni asrash, sanʼat turlarini rivojlantirish, ijodkorlar va yozuvchilarning huquqlarini himoya qilish hamda madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan xalqaro tashkilotlar;

tanlov — bir nechta ishtirokchilarning eng yaxshilarini aniqlash, saralash hamda eng yaxshi ishni tanlash maqsadida madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida oʻtkaziladigan tanlov, musobaqa yoki bellashuv tadbiri;

oʻqituvchi va konsertmeyster — tanlov gʻolib (sovrindor)larini kamida olti oy davomida tayyorlagan, oʻqituvchi va konsertmeyster sifatida asosiy mehnat faoliyatini olib borayotgan jismoniy shaxs.

4. Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari roʻyxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda kelgusi yil uchun har yili dekabr oyida yangilab boriladi.

## 2-bob. Bir martalik pul mukofotini olish tartibi

5. Bir martalik pul mukofotiga quyidagilar kiradi:

tanlovlarda gʻolib va sovrindor boʻlganlik uchun ushbu Nizomning 9-bandida belgilangan miqdordagi pul mukofoti;

nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib va sovrindorlari hamda ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarining tanlovlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq safar xarajatlari.

6. Quyidagilar bir martalik pul mukofotini olish huquqiga ega:

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlgan shaxslar (jamoalar);

respublika tanlovlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan shaxslar (jamoalar);

tanlov gʻoliblari 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa, ularning qonuniy vakillari.

7. Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilmagan nufuzli xalqaro tanlovlar gʻolib va sovrindorlarining bir martalik pul mukofoti olishi uchun ular ishtirok etgan tanlov quyidagi mezonlarga toʻgʻri kelishi talab etiladi:

30 dan ortiq mamlakatdan ishtirokchi qatnashadigan;

20 dan ortiq mamlakatning ommaviy axborot vositalarida tanlov haqida maʼlumotlar eʼlon qilinadigan;

YUNESKO yoki boshqa yirik xalqaro tashkilotlar qoʻllab-quvvatlagan yoki tan olgan;

kamida 4 ta saralash bosqichi mavjud boʻlgan.

8. Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan respublika tanlovlari roʻyxatiga kiritiladigan tanlovlar quyidagi mezonlar asosida koʻrib chiqiladi:

14 ta hududdan ishtirokchi mavjudligi;

tanlov nizomi asosida kamida 4 marotaba yoki 4 yil davomida ketma-ket oʻtkazilgani;

tanlov nizomi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki kelishilgani;

tanlovning mukofot jamgʻarmasi 100 mln soʻmdan kam emasligi;

ochiq va raqamlashtirilgan baholash tizimi yoki shaffof eʼlon qilib borish mexanizmining mavjudligi;

kamida 4 ta saralash bosqichi mavjud boʻlishi.

9. Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan, shuningdek, ushbu Nizomning 7 va 8-bandlaridagi mezonlarga muvofiq deb topilgan tanlov gʻoliblari quyidagicha taqdirlanadi:

a) nufuzli xalqaro tanlov gʻoliblari quyidagi miqdorda taqdirlanadilar:

gran-pri sohiblari uchun — 300 mln soʻm;

1-oʻrin sohiblari uchun — 300 mln soʻm;

2-oʻrin sohiblari uchun — 200 mln soʻm;

3-oʻrin sohiblari uchun — 100 mln soʻm.

Nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib (sovrindor)lari va oʻqituvchi va konsertmeysterlarining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari qoplanadi.

Jamoa gʻolib boʻlgan taqdirda, belgilangan pul mukofoti miqdorlari jamoa aʼzolari oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi;

b) respublika tanlovlari gʻoliblari quyidagi miqdorda taqdirlanadilar:

gran-pri sohiblari uchun — 100 mln soʻm;

1-oʻrin sohiblari uchun — 100 mln soʻm;

2-oʻrin sohiblari uchun — 50 mln soʻm;

3-oʻrin sohiblari uchun — 25 mln soʻm.

Bir tanlovda har bir oʻrin uchun gʻolib va sovrindorlar soni bir necha nafarni tashkil qiladigan boʻlsa, oʻrinlar uchun belgilangan pul miqdori gʻolib va sovrindorlar oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi.

Jamoa gʻolib boʻlgan taqdirda, belgilangan pul mukofoti miqdorlari jamoa aʼzolari oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi;

v) gʻolib va sovrindorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga bir yil davomida lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda har oylik ustama toʻlab boriladi:

nufuzli xalqaro tanlovlarda:

gran-prini qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 100 foiz;

1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 90 foiz;

2-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 80 foiz;

3-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 70 foiz;

respublika tanlovlarida:

gran-prini qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 70 foiz;

1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 60 foiz;

2-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 50 foiz;

3-oʻrinni qoʻlga kiritgan ijodkorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga — 40 foiz.

## 3-bob. Bir martalik pul mukofotini olish uchun ariza berish va uni koʻrib chiqish tartibi

10. Bir martalik pul mukofotini olish uchun ariza beruvchi tomonidan ishchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ariza;

shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi (nufuzli xalqaro tanlovlar gʻoliblari uchun);

tanlov gʻolibi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan ishtirokchilarning tugʻilganlik haqida guvohnomasi yoki ID-kartasi;

tanlov gʻolibi 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa, ularning qonuniy vakillarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari;

tanlov gʻolibligini tasdiqlovchi diplom, sertifikat yoki boshqa rasmiy hujjat;

tanlov gʻolib (sovrindor)larining oʻqituvchi va konsertmeysterlari toʻgʻrisida maʼlumot;

nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib (sovrindor)lari va ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlarini asoslovchi hujjatlar;

bank plastik kartasi maʼlumotlari;

zarur hollarda tanlov tashkilotchisining rasmiy tasdigʻi.

11. Ariza beruvchilar tomonidan bir martalik pul mukofotini olish uchun arizalar tanlov yakunlangandan soʻng 30 kun muddat ichida topshiriladi.

12. Hujjatlar shaxsan, elektron shaklda yoki vakolatli vakil orqali taqdim etilishi mumkin.

13. Taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi.

14. Hujjatlar kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida ishchi organ tomonidan koʻrib chiqiladi.

15. Hujjatlar toʻliq va ishonchli deb topilgan taqdirda, ishchi organ bir martalik pul mukofotini tayinlash toʻgʻrisida vakolatli organga tegishli xulosa kiritadi.

## 4-bob. Bir martalik pul mukofotini tayinlash, moliyalashtirish va toʻlash

16. Bir martalik pul mukofoti vakolatli organning buyrugʻi asosida tayinlanadi.

17. Bir martalik pul mukofoti Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

18. Bir martalik pul mukofoti vakolatli organning buyrugʻi qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida ariza beruvchi (uning qonuniy vakili)ning bank plastik kartasiga pul oʻtkazish orqali toʻlanadi.

19. Bir martalik pul mukofotini toʻlash bilan bogʻliq hisob-kitoblar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

## 5-bob. Gʻolib va sovrindorlarning oʻqituvchi va konsertmeysterlariga ustama toʻlash

20. Tanlov gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchi va konsertmeysterlarga ustama toʻlash quyidagicha rasmiylashtiriladi:

Madaniyat vazirligi tizimidagi taʼlim tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga — madaniyat vazirining buyrugʻi bilan;

boshqa taʼlim tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga — Madaniyat vazirligi tomonidan ularning ish beruvchisiga (yoki yuqori organiga) yuboriladigan taqdimnoma asosida.

21. Madaniyat vazirligining buyrugʻi yoki taqdimnomasi asosida tanlov gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchi va konsertmeysterlarga ushbu Nizomning 9-bandi “v” kichik bandiga muvofiq bir yil davomida ustama toʻlab beriladi.

22. Ariza beruvchining oʻqituvchi va konsertmeysteriga bir yil davomida beriladigan ustama Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

23. Ariza beruvchini tayyorlagan oʻqituvchi hamda konsertmeysterga bir yil davomida nechta gʻolib yoki sovrindor tayyorlaganidan qatʼi nazar, jami toʻlanadigan ustamalar miqdori lavozim maoshining 100 foizidan oshmasligi lozim.

24. Xususiy yoki budjetdan moliyalashtirilmaydigan taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan ariza beruvchining oʻqituvchi va konsertmeysteriga bir yil davomida beriladigan ustama Madaniyat vazirligi tomonidan qoplanadi.

Ustamani olish uchun lozim boʻlgan hujjatlarni Madaniyat vazirligi ushbu tashkilotlardan soʻrab olishga haqli.

Xususiy yoki budjetdan moliyalashtirilmaydigan taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan ariza beruvchining oʻqituvchisi hamda konsertmeysteriga ustama davlat taʼlim tashkilotlaridagi tegishli lavozim maoshlariga mutanosib ravishda belgilanadi.

## 6-bob. Yakunlovchi qoidalar

25. Soxta yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar taqdim etilgani aniqlangan taqdirda, bir martalik pul mukofotini tayinlash rad etiladi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarib olinadi.

26. Ushbu Nizom talablarining bajarilishi ustidan nazorat Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

27. Bir martalik pul mukofotini tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-noyabrdagi 617-son qaroriga 2-ILOVA

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilariga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

## 1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari (keyingi oʻrinlarda — oʻqituvchilar)ga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etish darajasidan kelib chiqib, har oyda lavozim maoshi (bazaviy tarif stavkasi)ning 20 foizigacha ustama (keyingi oʻrinlarda — ustama) toʻlash tartibini belgilaydi.

2. Ustama shaffoflik, xolislik, natijadorlik, baholashning yagona mezonlarini hisobga olish tamoyillari asosida tayinlanadi.

3. Ustama toʻlovlari taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

## 2-bob. Oʻqituvchilarga ustama belgilash shartlari

4. Oʻquvchilarning bir chorak davomida ijro etadigan asarlar (kuylar) roʻyxati chorak boshlanganda taʼlim tashkiloti direktori tomonidan tasdiqlanadi.

5. Oʻquvchilarni cholgʻularda ijro etish darajasini baholashda joriy chorak uchun tasdiqlangan asarlar (kuylar) ijro etilganda, natijalar inobatga olinadi.

6. Oldingi chorakda ijro etilgan asarlarning keyingi chorakda ijro etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

7. Oʻquvchilarni cholgʻularda ijro etish darajasini baholash har chorakda bir marta oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish darajasini baholash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan oʻtkaziladi hamda keyingi chorak yakuniga qadar oʻquvchining oʻqituvchisi uchun ustama miqdori belgilanadi.

## 3-bob. Oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish darajasini baholashni tashkil etish

8. Har bir taʼlim tashkilotida direktor buyrugʻi bilan kamida 3 nafar aʼzodan iborat tarkibda Komissiya tashkil etiladi.

9. Komissiya tarkibiga direktor yoki uning oʻrinbosari, yuqori malakali cholgʻu oʻqituvchilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat boshqarmalari tomonidan tavsiya etilgan malakali soha mutaxassislari kiritiladi.

10. Baholash jarayonida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilmaydi. Komissiya tarkibiga kiritilgan oʻqituvchi (mutaxassis) oʻzi bevosita dars beradigan oʻquvchilarni, shuningdek, oʻzining yaqin qarindoshlari boʻlgan oʻquvchilarni yoxud yaqin qarindoshlari taʼlim beradigan oʻquvchilarni baholashda ishtirok etishi taqiqlanadi.

Bunday holatlarda komissiya aʼzosi koʻrilayotgan masala boʻyicha shaxsiy manfaatdorligi toʻgʻrisida darhol Komissiya raisiga yozma ravishda maʼlum qilishi hamda oʻzini oʻzi rad etishi (baholash jarayonidan chetlashishi) shart. Ushbu oʻquvchini baholash Komissiyaning qolgan aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi yoki mazkur oʻquvchi uchun komissiya tarkibiga boshqa mutaxassis jalb etiladi.

11. Komissiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

## 4-bob. Oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish darajasini baholash mezonlari

12. Oʻquvchi har chorakda bir marta mutaxassislik fani boʻyicha imtihondan oʻtadi.

13. Imtihon jarayonlari toʻliq videotasvirga yozib olinadi va kamida bir yil davomida taʼlim tashkilotida saqlanadi.

14. Komissiya aʼzolari baholash qaydnomalarini alohida toʻldiradi.

Baholash qaydnomasida baholayotgan komissiya aʼzosi hamda oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi. Baholash qaydnomasi tegishli komissiya aʼzosi tomonidan imzolangan holda Komissiya bayonnomasiga ilova qilinadi.

15. Oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish darajasi 100 balli tizim asosida quyidagi mezonlarga muvofiq baholanadi:

16. Har bir oʻquvchining cholgʻuda ijro etish darajasini aniqlash uchun Komissiya aʼzolari mustaqil ball qoʻyadi.

17. Komissiya aʼzolarining oʻquvchiga qoʻygan ballarining oʻrtacha arifmetik koʻrsatkichi oʻquvchining yakuniy balli hisoblanadi.

18. Oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish mahoratini baholash natijalari taʼlim tashkilotining elektron axborot tizimiga kiritiladi.

19. Oʻqituvchining reytingi uning barcha oʻquvchilari olgan yakuniy ballarning oʻrtacha arifmetik qiymati orqali aniqlanadi.

20. Agar oʻqituvchida 10 nafar va undan ortiq oʻquvchi mavjud boʻlsa, baholashda kamida 70 foiz oʻquvchi ishtirok etishi shart. Oʻqituvchida oʻquvchilar soni 9 nafar va undan kam boʻlgan taqdirda, baholashda oʻqituvchining barcha oʻquvchilari ishtirok etishi majburiy hisoblanadi.

21. Chorak yakunlari boʻyicha oʻquvchini baholash jarayonlari yuqori turuvchi tashkilot tomonidan monitoring qilinadi.

## 5-bob. Oʻqituvchiga ustama miqdorini belgilash

22. Oʻquvchilarning cholgʻularda ijro etish mahorati boʻyicha jamlangan oʻqituvchining reytingi natijasiga koʻra quyidagicha ustama belgilanadi:

95 — 100 ball — 20 foiz;

90 — 94 ball — 18 foiz;

85 — 89 ball — 16 foiz;

80 — 84 ball — 14 foiz;

75 — 79 ball — 12 foiz;

70 — 74 ball — 10 foiz;

65 — 69 ball — 8 foiz;

60 — 64 ball — 5 foiz.

60 balldan past boʻlganda ustama belgilanmaydi.

23. Ustama har chorakda direktorning buyrugʻi bilan navbatdagi chorak uchun belgilanadi.

24. Ustama keyingi oyning ish haqi bilan bir vaqtda toʻlanadi.

## 6-bob. Apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish

25. Tuman (shahar) madaniyat boʻlimi boshligʻi buyrugʻi bilan Apellyatsiya komissiyasi tashkil qilinadi. Bunda Apellyatsiya komissiyasiga tuman (shahar) madaniyat boʻlimi boshligʻi raislik qiladi.

Apellyatsiya komissiyasi tarkibi 3 — 5 nafar sohaning yetuk mutaxassislari va malakali oʻqituvchilardan iborat boʻladi.

Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida baholash komissiyasi aʼzolari hamda qarindoshlik aloqalari mavjud shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishi taqiqlanadi.

26. Komissiya qaroridan norozi boʻlgan oʻqituvchi qaror eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida belgilangan tartibda Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin.

27. Oʻqituvchilarning shikoyat arizalari kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida Apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

Shikoyat arizalarini koʻrib chiqishda Apellyatsiya komissiyasi oʻquvchining imtihondagi ovozli videoyozuvlari yoki ijodiy ishlarini tasdiqlangan baholash mezonlari asosida har tomonlama oʻrganadi.

Shikoyat arizasini koʻrib chiqishda ariza beruvchi ishtirok etishga haqli.

Shikoyat arizalarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi ovoz berish orqali qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldirishi yoki qoʻyilgan ballarni qayta baholash natijasiga koʻra oʻzgartirish boʻyicha qarorlardan birini qabul qiladi.

## 7-bob. Yakunlovchi qoida

28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-noyabrdagi 617-son qaroriga 3-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrga taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha

Quyidagi mazmundagi 231 -band bilan toʻldirilsin:

“231. Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilariga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda quyidagicha ustama haq belgilanadi:

95 — 100 ball — 20%;

90 — 94 ball — 18%;

85 — 89 ball — 16%;

80 — 84 ball — 14%;

75 — 79 ball — 12%;

70 — 74 ball — 10%;

65 — 69 ball — 8%;

60 — 64 ball — 5%.

60 balldan past boʻlganda ustama qoʻllanilmaydi.

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar Jamgʻarma hisobidan har chorakda direktorning buyrugʻi bilan navbatdagi chorak uchun tayinlanadi.”.
