# Alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (619-son)

- URL: https://neolex.uz/uz/laws/law-8590547
- lex.uz dagi asl nusxa: https://lex.uz/docs/-8586527
- Sana: 12.11.2026
- Amalda
- Language: uz

> Matn manbasi: O'zbekiston Respublikasi qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz). Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasidan (lex.uz) hujjatning rasmiy matni, so'zma-so'z, avtomatik yangilanadi. Yuridik kuchga lex.uz dagi nashr ega: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun u yerdagi amaldagi tahrirni tekshiring.

---

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 4-avgustdagi PQ-292-son qarori ijrosini taʼminlash, alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, ularga sifatli taʼlim xizmatlaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratish hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini ushbu yoʻnalishda ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarga umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinfni tashkil etish tartibi;

alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy himoya milliy agentligi) Taʼlim va ilm-fan vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni tasdiqlasin:

nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida korreksion sinflarni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar;

korreksion sinflar tashkil etiladigan bino va xonalarga qoʻyiladigan talablar;

korreksion sinflarda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni oʻqitishda foydalaniladigan assistiv (yordamchi) jihozlar, vositalar va texnik uskunalar roʻyxati.

3. Taʼlim va ilm-fan vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan korreksion sinflarga alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarni “erp.maktab.uz” elektron tizimi orqali qabul qilish;

nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan korreksion sinflarga qabul qilingan alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarning oʻzlashtirishi boʻyicha maʼlumotlarni “e-maktab” raqamli taʼlim platformasi orqali yuritish imkoniyatini yaratsin.

4. Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining “Taʼlim jarayonlarini boshqarish” modulida:

2026-yil 15-noyabrga qadar nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan korreksion sinf tashkil etish uchun murojaat qilish, korreksion sinf tashkil etish yuzasidan bitim tuzish;

2026-yil 25-noyabrga qadar nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan korreksion sinf haqidagi maʼlumotlarni aks ettirish, ularni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

2026-yil 1-dekabrga qadar nodavlat taʼlim tashkilotlariga umumiy oʻrta taʼlim xizmatlari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish imkoniyatini yaratsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2026-yil 12-noyabr,

619-son

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-noyabrdagi 619-son qaroriga 1-ILOVA

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

## 1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibini belgilaydi.

Mazkur Nizom qoidalari korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlari subsidiyalanmaydigan nodavlat taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar (keyingi oʻrinlarda — bolalar) — jismoniy, aqliy, sensor (koʻrish va eshitish), nutqiy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari yoki oʻziga xos rivojlanish xususiyatlari mavjud boʻlgan hamda taʼlim jarayonida moslashtirilgan taʼlim dasturlari, qoʻshimcha pedagogik va psixologik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, maxsus pedagogik sharoitlarni talab qiladigan bolalar;

davomat — bolaning taʼlim mashgʻulotlarida amalda ishtirok etgan kunlari toʻgʻrisida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) alohida axborot modulida qayd etilgan maʼlumot;

korreksion sinf — bolalarning taʼlim olish huquqini, ularning individual taʼlim ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, moslashtirilgan taʼlim dasturlari va maxsus pedagogik shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan sinf;

korreksion sinf tashkil etgan holda subsidiya mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda — bitim) — ushbu Nizomda belgilangan shartlar va miqdorlarda subsidiya ajratish uchun nodavlat taʼlim tashkiloti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarma) oʻrtasida ikki oʻquv yili muddatiga tuziladigan bitim;

nodavlat taʼlim tashkiloti — davlat taʼlim standartlari va talablari hamda oʻquv dasturlariga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;

subsidiya — Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotiga ushbu Nizomda belgilangan shartlar va miqdorlarda ajratiladigan mablagʻ;

“Taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot moduli (keyingi oʻrinlarda — axborot moduli) — bolalarga nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va nodavlat taʼlim tashkilotiga subsidiya ajratish bilan bogʻliq tartib-taomillarni amalga oshirish hamda taʼlim xizmatlarining koʻrsatilishini boshqarish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi “YAMIH” ATning alohida moduli.

3. Korreksion sinf tashkil etish uchun ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq axborot modulida nodavlat taʼlim tashkiloti va hududiy boshqarma oʻrtasida bitim tuziladi.

## 2-bob. Bolalarga korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish tartibi

## 1-§. Korreksion sinf tashkil etish uchun bitim tuzish

4. Nodavlat taʼlim tashkiloti korreksion sinf tashkil etish maqsadida bitim tuzish uchun umumiy oʻrta taʼlim xizmatlari koʻrsatiladigan hududdagi hududiy boshqarmaga “YAMIH” AT orqali quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda ariza bilan murojaat qiladi:

nodavlat taʼlim tashkilotining STIRi;

umumiy oʻrta taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyati uchun berilgan litsenziya raqami va berilgan sanasi;

bitim amal qilishi davrida oʻquv jarayoni tashkil etiladigan bino yoki inshootga boʻlgan mulk, ijara yoki boshqa huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi (kadastr raqami), uning manzili, joylashuvi (geolokatsiyasi) va korreksion sinf uchun ajratiladigan maydon (kvadrat metr) haqidagi maʼlumotlar;

tashkil etilishi rejalashtirilgan korreksion sinf soni;

nodavlat taʼlim tashkiloti bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga kirishgan maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)larning JSHSHIR raqami, ularning mutaxassisligi (qayta tayyorlovdan oʻtganligi) boʻyicha tegishli namunadagi hujjat (diplom, sertifikat va boshqa) raqami va seriyasi;

nodavlat taʼlim tashkilotining tijorat bankdagi hisobvaragʻi;

maxsus qurilmalar yordamida jismoniy shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi haqidagi maʼlumotlar;

aloqa uchun elektron pochta manzili va (yoki) mobil telefon raqami.

Arizaga tegishli maʼlumotlar kiritilganidan soʻng nodavlat taʼlim tashkiloti bolalarga taʼlim xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish va subsidiya ajratish shartlari boʻyicha ommaviy oferta va arizani Yagona identifikatsiyalash tizimi yoxud shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli orqali tasdiqlaydi.

Bunda nodavlat taʼlim tashkiloti “YAMIH” ATga kiritiladigan maʼlumotlarning haqiqiyligi uchun javobgar boʻladi.

5. Ariza shakllantirilganidan soʻng:

a) “YAMIH” ATda nodavlat taʼlim tashkilotiga shaxsiy kabinet ochiladi va unga hamda arizada koʻrsatilgan elektron pochtaga arizaning ID-raqami, qabul qilingan sana va vaqti koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi;

b) quyidagilar idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda tekshiriladi:

“Litsenziya” axborot tizimi orqali — nodavlat taʼlim tashkiloti umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziyaga egaligi;

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali — tashkil etiladigan korreksion sinf soniga muvofiq ushbu Nizomning 14-bandida belgilangan miqdorda maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)lar bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi;

“Oliy, oʻrta maxsus va kasbiy (professional) taʼlim tashkilotlarini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlar bazasi” orqali — nodavlat taʼlim tashkiloti bilan mehnat shartnomasi tuzgan maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)larning mutaxassisligi boʻyicha diplomi;

nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinf tashkil etish uchun mulk huquqi, ijara yoki boshqa huquq asosida bino yoki inshooti mavjudligi.

Tekshirish natijalari boʻyicha axborot moduli orqali:

ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslardan biri aniqlanganda arizani koʻrib chiqish avtomatik ravishda rad etiladi;

ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslar aniqlanmagan taqdirda, ariza koʻrib chiqish uchun tegishli hududiy boshqarmaga yuboriladi.

6. Hududiy boshqarma hujjatlar kelib tushgandan soʻng oʻn ish kuni ichida Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning tegishli hududiy boshqarmasi bilan birgalikda quyidagilarni joyiga chiqqan holda oʻrganadi:

korreksion sinf tashkil etish uchun arizada koʻrsatilgan bino yoki inshoot manzili kadastr organlaridan olingan maʼlumotlarga mosligini;

nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinf tashkil etish hamda toʻsiqsiz muhit talablariga mos boʻlgan bino (inshoot)ga boʻlgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligini (belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan mulk va ijara huquqi bundan mustasno);

korreksion sinf belgilangan minimal jihozlash va mebel bilan taʼminlash talablariga mosligini;

nodavlat taʼlim tashkiloti bilan mehnat shartnomasini tuzgan maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)larning korreksion pedagogika va defektologiya sohasi boʻyicha oliy maʼlumot (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika va logopediya mutaxassislari)ga ega ekanligi yoki tegishli qayta tayyorlovdan oʻtganligini tasdiqlovchi diplomi nodavlat taʼlim tashkiloti korreksion sinfining faoliyat turiga mosligini;

maxsus qurilmalar yordamida jismoniy shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi mavjudligini.

7. Arizani koʻrib chiqish yakuni boʻyicha hududiy boshqarma tomonidan bir ish kuni ichida:

bitim tuzishni rad etish asoslari aniqlangan taqdirda, axborot modulida bitim tuzish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi;

bitim tuzishni rad etish asoslari aniqlanmagan taqdirda, axborot modulida bitim tuzish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi va bitim imzolanadi. Bunda xulosa va bitim “YAMIH” ATda avtomatik ravishda nodavlat taʼlim tashkilotiga elektron shaklda yuboriladi.

Xulosa rasmiylashtirilgandan soʻng bu haqida xabarnoma nodavlat taʼlim tashkilotining “YAMIH” ATdagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda yuboriladi.

8. Quyidagi asoslardan biri aniqlanganda bitimni tuzish rad etiladi:

nodavlat taʼlim tashkilotida umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun litsenziya mavjud boʻlmasa yoki litsenziya bekor qilingan yoxud amal qilishi toʻxtatib turilgan boʻlsa;

korreksion sinfni tashkil etish uchun arizada koʻrsatilgan bino yoki inshoot manzili kadastr organlaridan olingan maʼlumotlarga mos boʻlmaganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti mulk huquqi asosida korreksion sinfni tashkil etish hamda toʻsiqsiz muhit talablariga mos boʻlgan bino yoki inshootga ega boʻlmaganda yoxud undan ijara (shu jumladan, boshqa huquq) asosida foydalanish muddati bitimning amal qilish hamda oʻquv yilining muddatiga muvofiq boʻlmaganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti bilan mehnat shartnomasini tuzgan maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)lar korreksion pedagogika va defektologiya sohasi boʻyicha oliy maʼlumot (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika va logopediya mutaxassislari)ga ega boʻlmasa yoki nodavlat taʼlim tashkiloti korreksion sinfining faoliyat turiga mos kelmasa yoxud tegishli qayta tayyorlovdan oʻtmagan boʻlsa;

arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlanganda;

mazkur Nizomning 35-bandi “b” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti hududiy boshqarma tomonidan imzolangan bitimni belgilangan muddatda imzolamasa.

Ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslarga koʻra bitim tuzishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

9. Nodavlat taʼlim tashkiloti uch ish kuni ichida axborot moduli orqali bitimni koʻrib chiqadi va uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.

10. Bitim ikki oʻquv yili muddatiga tuziladi va tomonlar tarafidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.

## 2-§. Korreksion sinfni tashkil etish

11. Nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan bolaning alohida taʼlim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va psixofizik xususiyatlaridan (eshitishida, koʻrishida, ruhiy va aqliy rivojlanishida, tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan) kelib chiqib, bir xil turdagi nuqson yoki rivojlanish xususiyatiga ega boʻlgan bolalardan iborat korreksion sinf tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda:

istisno tariqasida, bir yosh toifasiga mansub oʻquvchilar soni uch nafardan kam boʻlgan taqdirda, yosh farqi ikki yildan oshmagan ikki korreksion sinf oʻquvchilarini bir oʻquv xonasida birgalikda oʻqitishga yoʻl qoʻyiladi.

oʻquvchilarga taʼlim berish har bir korreksion sinfning oʻquv dasturi va individual taʼlim ehtiyojlarini inobatga olgan holda alohida tashkil etiladi.

12. Korreksion sinf boshqa sinflardan ajratilgan alohida oʻquv xonasida tashkil etiladi. Oʻquv xonasi bolalarning alohida taʼlim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va psixofizik xususiyatlaridan (eshitishida, koʻrishida, ruhiy va aqliy rivojlanishida, tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan) kelib chiqib zarur maxsus taʼlim vositalari va jihozlari bilan taʼminlanadi.

13. Korreksion sinf yongʻin xavfsizligi qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi.

14. Nodavlat taʼlim tashkilotining har bir korreksion sinfiga bolaning alohida taʼlim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va psixofizik xususiyatlaridan (eshitishida, koʻrishida, ruhiy va aqliy rivojlanishida, tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan), tasdiqlangan oʻquv rejadan kelib chiqib, maxsus pedagog va 1,0 birlikdan yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi) jalb etiladi.

Bunda sud qarori yoki tibbiy xulosa yoxud qonunchilik hujjatlariga muvofiq bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslarni jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

15. Korreksion sinfda maxsus pedagog va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi) tarkibi hamda ularning oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar xodimlar ishga qabul qilingan va ishdan boʻshatilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan axborot moduliga kiritilishi shart.

16. Nodavlat taʼlim tashkiloti korreksion sinfda taʼlim oladigan bolaning individual taʼlim rejasini yuritadi va uning asosida bolaning rivojlanishini oʻquv yili davomida kamida ikki marta baholaydi.

17. Korreksion sinfni tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkiloti bilan ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻrtasidagi munosabatlar nodavlat taʼlim tashkiloti va ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻrtasida tuziladigan subsidiya hisobidan bolaga bepul taʼlim xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi bilan tartibga solinadi. Bunda ushbu shartnomada:

bolaning korreksion sinfda taʼlim olish jarayonini tashkil etishda tomonlarning huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi nazarda tutiladi;

ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning talab va istaklaridan kelib chiqib, subsidiya hisobidan bolaga bepul koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlaridan tashqari qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatilishi, shu jumladan, koʻpi bilan 12 soatgacha boʻlgan ish rejimi belgilanishi mumkin.

## 3-§. Korreksion sinfga bolalarni qabul qilish va chiqarish

18. Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning bolani alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga yoki subsidiya mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish maqsadida korreksion sinf tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga yuborish toʻgʻrisidagi xulosasi ushbu bolani nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinfiga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

19. Nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinfiga oʻquvchilar oʻquv yili davomida qabul qilinadi. Bunda bolalarning taʼlim olish huquqini taʼminlash maqsadida nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinfiga umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan yosh meʼyoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.

20. Nodavlat taʼlim tashkilotining har bir korreksion sinfidagi oʻquvchilar soni 12 nafardan oshmasligi lozim.

21. Nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinfida taʼlim berish Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan davlat taʼlim standartlari va talablariga muvofiq Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv reja hamda dasturlarga asosan nodavlat taʼlim tashkiloti direktori tomonidan tasdiqlangan dars jadvaliga muvofiq tashkil etiladi.

22. Bolalar korreksion sinfdan quyidagilar asosida chiqariladi:

ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning “YAMIH” AT orqali taqdim etgan korreksion sinfdan chiqarish toʻgʻrisidagi arizasi;

Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasida koʻrsatilgan bolaning korreksion sinfda boʻlish muddatining tugashi;

bolaning vafot etishi.

23. Bolani korreksion sinfdan chiqarish nodavlat taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi va bu haqida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazi)ga axborot moduli orqali xabarnoma yuboriladi.

“Inson” markazi korreksion sinfdan chiqarilgan bolaning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikda uni taʼlimga jalb etilishini taʼminlaydi (bola vafot etgan holatlar bundan mustasno).

## 3-bob. Korreksion sinf faoliyatini boshqarish va nazorat qilish

24. Korreksion sinf faoliyatini boshqarish uni tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

25. Korreksion sinfda taʼlim oladigan bolalarning davomati va ularga taʼlim berish jarayoni hamda yaratilgan shart-sharoitlar hududiy boshqarma, “Inson” markazi hamda Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda oʻrganiladi va nazorat qilinadi.

Oʻtkazilgan oʻrganish natijasida bolaning maʼlumotlari axborot moduliga kiritilib, uning fotosurati oʻrniga boshqa bolaning fotosurati ushbu axborot moduliga joylashtirilganligi va uning asosida davomati belgilanib kelinayotganligi aniqlanganda, nodavlat taʼlim tashkiloti mazkur holat takroran sodir etilgan taqdirda, u bilan tuzilgan bitim bekor qilinishi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.

26. Nodavlat taʼlim tashkilotida tashkil etilgan korreksion sinfdan bola chiqarilganda yoki nodavlat taʼlim tashkilotida tashkil etilgan korreksion sinfda taʼlim xizmati vaqtincha toʻxtatib turilganda yoxud mazkur Nizomning 35-bandida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelganda, bola ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning roziligi asosida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yoki umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining inklyuziv sinfiga belgilangan tartibda oʻqishga qabul qilinadi.

## 4-bob. Subsidiya ajratish tartibi

27. Nodavlat taʼlim tashkilotining korreksion sinfda bolaga umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha subsidiya ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq tartibda ajratiladi.

28. Nodavlat taʼlim tashkilotiga subsidiya korreksion sinfda taʼlim olayotgan bolalarning haqiqatdagi davomatidan kelib chiqib, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

29. Nodavlat taʼlim tashkilotiga korreksion sinfda taʼlim oladigan har bir bola uchun toʻliq bir oyda Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari, viloyatlar markazi va Nukus shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 9,5 baravari hamda boshqa tuman (shahar)larda bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 baravari miqdorida bola haqiqatda korreksion sinfga borgan kuniga mutanosib ravishda subsidiya ajratiladi.

Bir bola uchun oylik subsidiya miqdori ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorini hisobot oyidagi ish kunlari soniga boʻlish va bolaning mazkur oyda korreksion sinfda haqiqatda borgan kunlari soniga koʻpaytirish orqali hisoblanadi.

30. Subsidiyani hisoblash bitim kuchga kirgan va korreksion sinfga birinchi bola qabul qilingan keyingi ish kunidan boshlanadi.

Subsidiya miqdori nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan besh yoki olti kunlik ish haftasida bolaning haqiqatdagi davomati asosida axborot moduli tomonidan avtomatik ravishda hisoblanadi.

31. Korreksion sinfga qabul qilingan bolaning haqiqiy davomatining hisobi axborot modulida uning mobil ilovasi yoki maxsus qurilmalar yordamida jismoniy shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali yuritiladi va har oy yakuni boʻyicha avtomatik ravishda shakllantirilgan holda toʻlov uchun Jamgʻarmaga yuboriladi.

Biometrik identifikatsiya qilish jarayoni nodavlat taʼlim tashkiloti rahbari yoki xodimlari tomonidan maxsus qurilmalar yordamida ushbu tashkilotning joylashuvi (geolokatsiyasi) hisobga olingan holda, xizmat koʻrsatilgan kunda belgilangan dars vaqtiga mutanosib ravishda soat 08:00 dan 18:20 ga qadar bir marotaba amalga oshiriladi.

32. Subsidiyaning oylik summalari avtomatik ravishda axborot modulida qayd etilgan bolaning davomati asosida hisoblanadi hamda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq namunadagi buyurtmanoma shakllanadi.

Bunda korreksion sinfning belgilangan geolokatsiyasiga muvofiq boʻlmagan joyda qayd etilgan davomat maʼlumotlari subsidiyani hisoblashda inobatga olinmaydi (texnik nosozlik va fors-major holatlari bundan mustasno).

33. Axborot modulidan internet tarmogʻisiz (oflayn rejimda) foydalanilgan hollarda bolalar davomati boʻyicha qayd etilgan maʼlumotlar nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan keyingi yetti ish kunidan kechikmasdan internet tarmogʻiga ulangan holda (onlayn rejimda) oflayn rejimda kiritilgan maʼlumotlarni axborot moduliga uzatilishini (yangilanishini) taʼminlaydi.

Nodavlat taʼlim tashkiloti axborot moduliga maʼlumotlarni ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan muddatda taqdim etmaganda unga subsidiya hisoblanmaydi va toʻlanmaydi.

34. Axborot modulida hisoblangan subsidiyaning toʻlov qaydnomasi va toʻlov topshiriqnomasi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar shakllantiriladi va Jamgʻarmaning gʻazna hisobvaragʻidan ikki ish kuni ichida Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimlari orqali nodavlat taʼlim tashkilotining tijorat bankdagi hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.

## 5-bob. Yakunlovchi qoidalar

35. Nodavlat taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan bitim quyidagi tartibda va asoslarga koʻra bekor qilinadi:

a) tegishli hududiy boshqarma tomonidan bir tomonlama:

nodavlat taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini tugatganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlovga qobiliyatsiz (bankrot) deb topilganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan bitim muddatini uzaytirish boʻyicha ushbu Nizomning 38-bandida belgilangan muddatda va tartibda ariza berilmaganda;

ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslardan biri bitim tuzilgandan keyin yuzaga kelganda;

b) hududiy boshqarmaning talabiga asosan sud tartibida:

nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan bir bolaning maʼlumotlari axborot moduliga kiritilib, uning fotosurati oʻrniga boshqa bolaning fotosurati ushbu axborot moduliga joylashtirilganligi va uning asosida davomati belgilanib kelinayotganligi takroran aniqlanganda;

nodavlat taʼlim tashkiloti ushbu Nizom hamda bitimda koʻrsatilgan boshqa majburiyatlarini muntazam (bir oʻquv yili davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki qoʻpol (bolalarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi holatlar sodir etilganda, sanitariya hamda yongʻin xavfsizligi talablari jiddiy buzilganda) ravishda bajarmagan taqdirda.

Mazkur bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan nodavlat taʼlim tashkiloti bilan takroran bitim tuzilgandan soʻng u ayni asoslarga koʻra bekor qilinsa, ushbu nodavlat taʼlim tashkiloti bilan qayta bitim tuzilmaydi.

Bitim bekor qilingan sanadan boshlab nodavlat taʼlim tashkilotiga subsidiya toʻlash toʻxtatiladi.

36. Nodavlat taʼlim tashkilotiga notoʻgʻri maʼlumotlar asosida subsidiya toʻlanganligi aniqlanganda, bola uchun tegishli moliya yilida toʻlangan barcha subsidiya summasi toʻliq Jamgʻarmaga undiriladi.

Axborot moduliga notoʻgʻri maʼlumotlar kiritish orqali nodavlat taʼlim tashkilotiga asossiz toʻlangan subsidiya summasi hududiy boshqarmaning talabnomasi yuborilgan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan Jamgʻarmaga ixtiyoriy ravishda qaytarilishi shart.

Belgilangan muddatda mablagʻlar ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan taqdirda, ular hududiy boshqarma tomonidan sud tartibida majburiy undiriladi.

37. Korreksion sinf tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan hududiy boshqarma bilan tuzilgan bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki uni bekor qilish yuzasidan ariza axborot moduliga elektron shaklda yuboriladi.

38. Bitim muddati nodavlat taʼlim tashkilotining amaldagi bitim muddati tugashidan kamida uch oy oldin, biroq olti oydan erta boʻlmagan muddatda axborot moduli orqali elektron shaklda bergan arizasi boʻyicha taraflar oʻrtasida tuzilgan bitimga qoʻshimcha kelishuv asosida uzaytiriladi.

39. Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza axborot moduli orqali elektron shaklda beriladi. Bunda arizaga elektron raqamli imzo qoʻyilgan bitimni bekor qilish boʻyicha qoʻshimcha kelishuv ilova qilinadi.

40. Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va natijasi axborot modulida elektron tarzda rasmiylashtiriladi.

41. Nodavlat taʼlim tashkiloti axborot moduliga oʻzi tomonidan kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, toʻliqligi va haqiqatga muvofiqligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

42. Texnik yoki boshqa sabablarga koʻra hisobot oyida axborot modulida subsidiyaning ortiqcha yoki kam hisoblanganligi aniqlanganda, hisobot oyidan keyingi oyda ushbu subsidiya tegishli summalar qoʻshilgan yoki kamaytirilgan holda axborot tizim orqali elektron tartibda hisob-kitob qilinadi.

43. Yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlari natijasida nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan bolaning davomatini axborot moduliga kiritishning imkoniyati boʻlmagan hollarda, oylik davomatni belgilash uchun axborot modulida qayd etilgan bolaning soʻnggi 5 ish kunidagi oʻrtacha davomat koʻrsatkichi asosida hisob-kitob qilinadi va toʻlab beriladi.

Bunda nodavlat taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlari yuz berganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan beriladigan sertifikat (boshqa qonuniy kuchga ega boʻlgan hujjat)ni hududiy boshqarmaga taqdim etishi lozim.

44. Texnik nosozlik sababli axborot modulining mobil ilovasi yoki maxsus qurilmalar yordamida bolani biometrik identifikatsiya qilish imkoni boʻlmagan hollarda, nodavlat taʼlim tashkiloti mazkur holat yuzasidan bir soat ichida oʻsha hududdagi “Inson” markazini xabardor qiladi.

Bunda bolaning uch kundan ortiq boʻlmagan muddatdagi davomati “Inson” markazi tomonidan toʻldiriladigan bolaning qatnovi dalolatnomasi asosida keyingi ish kunidan kechikmasdan amalga oshiriladi.

45. Korreksion sinfda taʼlim olayotgan bolalar va ularning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan)dan subsidiya hisobidan bolaga bepul koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari uchun (subsidiya hisobidan bolaga bepul koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlaridan tashqari qoʻshimcha xizmatlar bundan mustasno) haq undirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

46. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA

Korreksion sinf tashkil etish uchun bitim tuzish

SXEMASI

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi

SXEMASI

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-noyabrdagi 619-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi nizomning 32-bandi jadvali 5-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

2. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-yanvardagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomda:

1-band “shuningdek,” soʻzidan keyin “qonunchilik hujjatlariga muvofiq subsidiya mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish maqsadida korreksion sinf tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

7-bandning oltinchi xatboshisi “qarab turish xizmatiga” soʻzlaridan keyin “, qonunchilik hujjatlariga muvofiq subsidiya mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish maqsadida korreksion sinf tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkilotiga” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

3. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida “International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida” 2024-yil 19-avgustdagi 518-son qarorida:

a) 2-bandda:

toʻrtinchi xatboshidagi “professional” soʻzi “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;

oltinchi xatboshidagi “professional taʼlim muassasalari” soʻzlari “kasbiy taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. Quyidagilar:

“International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

“International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazining Xorazm va Samarqand viloyati filiallari tuzilmasi 11-ilovaga muvofiq;

“International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi va uning Xorazm va Samarqand viloyati filiallarining namunaviy shtat birliklari va mehnatga haq toʻlash miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik direktoriga Markaz va uning filiallari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.”;

v) 4-bandda:

uchinchi, toʻqqizinchi va oʻn birinchi xatboshilardagi “professional” soʻzi “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;

oʻn ikkinchi xatboshidagi “Markazda” soʻzi “Markaz va uning filiallarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Mazkur bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan talablar Markazda pullik asosda tashkil etiladigan kurslarga nisbatan tatbiq etilmaydi”;

g) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi

TUZILMASI

Izoh.

1. Markaz boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 25 nafar.

2. Professor-oʻqituvchilar soni guruhlar soni va oʻquv yuklamasidan kelib chiqib belgilanadi.

3. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonunchilik hujjatlarida boshqaruv xodimlar uchun nazarda tutilgan normativlar asosida belgilanadi.

4. Markazda eshitishida nuqsoni boʻlgan har 12 nafar oʻquvchi uchun 1,0 birlik (oʻquvchilarning soni 12 nafardan kam boʻlganda 0,5 birlik) surdotarjimon lavozimi kiritiladi. Surdotarjimonning oylik maoshi kasbiy taʼlim tashkilotining yetakchi oʻqituvchisi bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi”;

d) quyidagi mazmundagi 11-ilova bilan toʻldirilsin:

“Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi 518-son qaroriga 11-ILOVA

“International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi hududiy filiallarining

NAMUNAVIY TUZILMASI

Izoh.

1. Markazning har bir filiali boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 4 nafar.

2. Filiallarda professor-oʻqituvchilar soni guruhlar soni va oʻquv yuklamasidan kelib chiqib belgilanadi.

3. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonunchilik hujjatlarida boshqaruv xodimlar uchun nazarda tutilgan normativlar asosida belgilanadi.

4. Filiallarda eshitishida nuqsoni boʻlgan har 12 nafar oʻquvchi uchun 1,0 birlik (oʻquvchilarning soni 12 nafardan kam boʻlganda 0,5 birlik) surdotarjimon lavozimi kiritiladi. Surdotarjimonning oylik maoshi kasbiy taʼlim tashkilotining yetakchi oʻqituvchisi bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

5. Kasbga oʻqitish va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish hamda nazorat qilish boʻlimi boshligʻi bir vaqtning oʻzida filial direktori hisoblanadi”;

e) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“International inclusive hub” tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi va uning Xorazm va Samarqand viloyati filiallarining namunaviy shtat birliklari va mehnatga haq toʻlash

MIQDORLARI

Izoh. Agentlik tomonidan tarkibiy boʻlinmalar va lavozimlar nomi hamda mehnatga haq toʻlash miqdorlariga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin”.

4. Vazirlar Mahkamasining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 24-dekabrdagi 818-son qarorining 3-bandi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilaridagi “oʻrta va yuqori” soʻzlari “korreksion” soʻzi bilan almashtirilsin.
