Madaniyat va sanʼat sohasida grant ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3972-son)
11.11.2026
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3972]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son “Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Madaniyat va sanʼat sohasida grant ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan.
3 . Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir O. NAZARBEKOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-oktabr,
1-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 23-oktabr
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 23-oktabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 20-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining 2026-yil 28-oktabrdagi 1-son buyrugʻiga ILOVA
Madaniyat va sanʼat sohasida grant ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom madaniyat va sanʼat sohasida nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish maqsadida tanlov asosida grant ajratish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom nodavlat notijorat tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — tanlovda ishtirok etish uchun “madaniyatgrant.uz” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va ariza topshirgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor, oʻzini oʻzi band qilgan shaxs yoki ijodiy jamoa;
grant — tanlov natijalariga koʻra, loyihani amalga oshirish uchun grant sovrindoriga ajratiladigan pul mablagʻlari;
grant sovrindori — madaniyat va sanʼat sohasida loyihalarni tanlash va grant ajratish boʻyicha tanlov komissiyasining (bundan buyon matnda tanlov komissiyasi deb yuritiladi) qarori bilan loyihasi moliyalashtirish uchun tanlab olingan tanlov ishtirokchisi;
loyiha — ariza beruvchi tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan madaniy, taʼlim, ijtimoiy yoki innovatsion tashabbus, mahsulot yoki istiqbolli gʻoya;
“madaniyatgrant.uz” platformasi (bundan buyon matnda maxsus platforma deb yuritiladi) — tanlov doirasida ariza beruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, arizalar va ularga ilova qilinadigan hujjatlarni topshirish, arizalarning koʻrib chiqilishi jarayonini kuzatish hamda tanlovga oid axborotni eʼlon qilish uchun moʻljallangan platforma;
muhim samaradorlik koʻrsatkichlari — loyihaning belgilangan maqsad va natijalarga erishish darajasini oʻlchash hamda baholash uchun belgilanadigan koʻrsatkichlar;
tanlov ishtirokchisi — arizasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tekshiruvdan oʻtkazilib, tanlov komissiyasining qarori bilan keyingi bosqichga oʻtkazilgan ariza beruvchi.
2. Grantlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga tegishli moliya yili uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
2-bob. Tanlov komissiyasini shakllantirish
3. Tanlov komissiyasi tanlovga umumiy rahbarlik qiladi, arizalar va loyihalarni mazkur Nizomda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi hamda grant sovrindorlarini aniqlaydi.
4. Tanlov komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Tanlov komissiyasi kamida yetti nafar aʼzodan iborat toq sonli tarkibda tuziladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi vakillari, moliya va madaniyat sohasidagi mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari kiritilishi mumkin.
5. Tanlov komissiyasi majlisi uning tasdiqlangan tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Qaror majlisda qatnashayotgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Tanlov komissiyasi aʼzosining oʻzi yoki yaqin qarindoshi ariza beruvchi (tanlov ishtirokchisi) boʻlsa yoxud loyiha natijasidan shaxsiy manfaatdor boʻlsa, aʼzo bu haqda tanlov komissiya raisiga maʼlum qiladi hamda mazkur arizani koʻrib chiqish, muhokama qilish va ovoz berishda qatnashmaydi.
Tanlov komissiyasi majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) tanlovni tashkiliy va texnik jihatdan taʼminlaydi, eʼlon hamda materiallarni maxsus platformaga joylashtiradi, arizalarni qabul qiladi, ularning toʻliqligini tekshiradi, tanlov komissiyasi va apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etadi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish
7. Tanlov ishchi organning taklifiga asosan tanlov komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkaziladi:
teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino va animatsiya hamda madaniyat taʼlimi sohasidagi loyihalarga — 1,5 milliard soʻmgacha;
adabiy asarlar yaratish, madaniyat sohasida inklyuzivlik va ijtimoiy yoʻnalishlarga — 1 milliard soʻmgacha;
startap va ijodiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga — 1 milliard soʻmgacha;
innovatsiyalar, sunʼiy intellekt va raqamlashtirishga — 1 milliard soʻmgacha.
8. Tanlov besh bosqichda amalga oshiriladi.
9. Birinchi bosqichda tanlov komissiyasi tanlovni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, ishchi organ esa tanlov eʼlonini maxsus platformaga joylashtiradi.
Eʼlonda quyidagilar koʻrsatiladi:
tanlov yoʻnalishlari va har bir yoʻnalish boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning umumiy miqdori;
bitta loyiha uchun grantning eng yuqori miqdori;
ariza beruvchilarga qoʻyiladigan talablar;
ariza topshirish tartibi va muddati;
talab etiladigan hujjatlar roʻyxati;
baholash mezonlari hamda tanlov bosqichlari va ularni oʻtkazish muddatlari.
10. Ikkinchi bosqichda ariza beruvchilar tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun ichida mazkur Nizomning ilovasidagi shakl boʻyicha ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni maxsus platforma orqali topshiradi.
11. Maxsus platformada ariza topshirgan har bir ariza beruvchiga identifikatsiya raqami beriladi.
Ariza beruvchi maxsus platformada tanlov ofertasini akseptlash orqali mazkur Nizomda va tanlov eʼlonida belgilangan tanlov shartlariga rozilik bildiradi.
Ariza beruvchi tanlov ofertasini akseptlash orqali oʻziga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarga tanlovda roʻyxatdan oʻtkazish va identifikatsiya qilish, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish tanlov jarayoni hamda natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish, grant shartnomasini tuzish va uning ijrosini nazorat qilish maqsadlarida ishlov berilishiga rozilik bildiradi.
Ijodiy jamoa aʼzolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishga rozilik har bir aʼzodan alohida olinadi.
12. Uchinchi bosqichda ishchi organ arizalarni qabul qilish muddati tugagan kundan eʼtiboran 5 ish kuni ichida ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning toʻliqligini, shuningdek ularning mazkur Nizom va tanlov eʼloni talablariga muvofiqligini tekshiradi.
Ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ishchi organ ularning roʻyxatini koʻrsatgan holda ariza beruvchiga elektron pochta yoki maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuboradi.
Ariza beruvchiga xabarnoma yetkazilgan kundan eʼtiboran 5 ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etish va tuzatilgan hujjatlarni maxsus platforma orqali taqdim etish uchun muddat beriladi.
Tuzatilgan hujjatlar ishchi organ tomonidan 3 ish kuni ichida qayta tekshiriladi.
Arizalarni dastlabki tekshirish va kamchiliklarni bartaraf etish uchun belgilangan muddatlar tugaganidan keyin 2 ish kuni ichida ishchi organ tekshiruv natijalarini, shu jumladan bartaraf etilmagan kamchiliklari boʻlgan arizalar va ular yuzasidan xulosasini tanlov komissiyasiga kiritadi.
Tanlov komissiyasi ishchi organ tomonidan materiallar kiritilgan kundan eʼtiboran 20 ish kuni ichida arizalarni koʻrib chiqadi hamda ariza beruvchilarni tanlovning keyingi bosqichiga oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ariza quyidagi hollarda tanlovning keyingi bosqichiga oʻtkazilmaydi:
ariza beruvchi mazkur Nizomda belgilangan tanlovda ishtirok etish talablariga javob bermasa;
ariza yoki unga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa yoxud aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa;
ariza yoki loyiha mazmuni mazkur Nizom yoxud tanlov eʼlonida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmasa;
ariza beruvchi tanlov eʼlonida belgilangan talablarni buzgan holda bir nechta yoʻnalish boʻyicha ariza topshirsa;
arizada yoki unga ilova qilingan hujjatlarda tanlovda ishtirok etish huquqiga yoki loyihani baholashga taʼsir qiluvchi notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlansa.
Ariza keyingi bosqichga oʻtkazilmagan taqdirda, qarorda rad etish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatiladi.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida ariza beruvchiga qaror va uning sabablari elektron pochta yoki maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Keyingi bosqichga oʻtgan ariza beruvchiga “tanlov ishtirokchisi” maqomi beriladi.
Tanlov ishtirokchisi loyiha taqdimoti sanasidan kamida 5 kalendar kun oldin topshirilgan loyiha tavsifi, amalga oshirish rejasi, kalendar jadvali, jamoa aʼzolarining vazifalari, muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini oʻlchash usullari yoki taqdimot materiallariga aniqlik va qoʻshimchalar kiritish maqsadida yangilangan materiallarni maxsus platformaga joylashtirishi mumkin.
Belgilangan muddatdan keyin joylashtirilgan materiallar baholashda inobatga olinmaydi.
13. Toʻrtinchi bosqichda loyiha taqdimotlari uchinchi bosqich yakunlanganidan keyin 30 kalendar kun ichida tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan sanada oʻtkaziladi.
Bunda ushbu bosqichga oʻtgan tanlov ishtirokchilari oʻzlarining loyihalari boʻyicha tanlov komissiyasiga taqdimot oʻtkazadi va uni himoya qiladi.
Loyihalar taqdimoti uchun har bir ishtirokchiga jami 20 daqiqa, shundan loyiha haqida qisqacha maʼlumot berish uchun 3 daqiqa, taqdimot va loyiha namunasi yoki imkoniyatlarini namoyish etish uchun 12 daqiqa hamda savol-javob uchun 5 daqiqa ajratiladi.
Taqdimot uchun qoʻshimcha vaqt berilmaydi.
Taqdimotlar bir yoki bir necha kun davomida, shu jumladan, onlayn tarzda oʻtkazilishi mumkin.
Tanlov komissiyasi taqdimotlar yakunlangan kundan boshlab 5 ish kuni ichida loyihalarni tanlov eʼlonida koʻrsatilgan baholash mezonlari asosida baholaydi hamda grant sovrindorlarini aniqlaydi.
14. Beshinchi bosqichda tanlov komissiyasi tomonidan aniqlangan grant sovrindorlari hamda ularga ajratiladigan grant miqdorlari tanlov komissiyasi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida taqdirlash marosimida rasman eʼlon qilinadi.
Natijalar eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 2 ish kuni ichida maxsus platformaga joylashtiriladi.
Taqdirlash marosimi tanlov komissiyasi tomonidan tashkil etiladi.
15. Tanlov bosqichlarining sanalari asoslantirilgan zarurat yuzaga kelganda tanlov komissiyasining qarori bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzgartirish sabablari va yangi muddatlar haqidagi eʼlon maxsus platformada tegishli bosqich boshlanishidan kamida 7 kalendar kun oldin joylashtiriladi.
Oʻzgartirishlar barcha ishtirokchilarga teng tatbiq etiladi hamda ariza topshirish va shikoyat berish muddatlarini qisqartirmaydi.
4-bob. Tanlovda ishtirok etish talablari va tanlov ishtirokchilarini chetlashtirish
16. Tanlovda maxsus platformada “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtgan quyidagi ariza beruvchilar ishtirok etishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan, nodavlat notijorat tashkilotlari boʻlmagan nodavlat yuridik shaxslar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
ijodiy jamoalar.
17. Ariza beruvchi tanlovda ishtirok etish uchun faqat bitta yoʻnalish boʻyicha ariza taqdim etishga haqli.
18. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza beruvchilardan toʻlov undirilmaydi.
19. Arizani tayyorlash va tanlovda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmaydi.
20. Tanlov ishtirokchisi quyidagi hollarda tanlovdan chetlashtiriladi:
arizada yoki unga ilova qilingan hujjatlarda tanlovda ishtirok etish huquqiga yoki loyihani baholash natijalariga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan muhim notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganda;
aynan shu loyiha uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan grant yoki boshqa moliyaviy koʻmak olingani aniqlanganda;
loyihada boshqa shaxslarning asarlari yoki intellektual mulk obyektlaridan huquq egasining roziligisiz foydalanilgani aniqlanganda;
tanlov komissiyasi yoki ishchi organ faoliyatiga noqonuniy taʼsir koʻrsatishga urinish holatlari aniqlanganda;
tanlov eʼlonida aniq belgilangan tanlovda ishtirok etish talablariga rioya qilinmaganda va aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmaganda;
ariza beruvchi tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechgan taqdirda.
21. Ishchi organ ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish boʻyicha tanlov komissiyasiga taklif kiritadi.
Tanlov ishtirokchisini chetlashtirish toʻgʻrisidagi qaror tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilinganidan keyin 3 ish kuni ichida tanlov ishtirokchisiga qaror va uning sabablari elektron pochta yoki maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
5-bob. Loyihalarni baholash va grant sovrindorlarini aniqlash
22. Ishchi organ loyihalarni saralash va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun tanlov komissiyasiga kiritadi.
Tanlov komissiyasi baholash mezonlarini tanlov eʼloni joylashtirilishidan kamida 10 kalendar kun oldin tasdiqlaydi.
Baholash mezonlari, har bir mezon boʻyicha ajratiladigan ballar va loyihalarni baholash tartibi tanlov eʼlonida koʻrsatiladi.
Arizalarni qabul qilish boshlanganidan keyin baholash mezonlari va tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Loyihalar tanlov komissiyasi majlisida qatnashayotgan har bir aʼzo tomonidan baholash varaqasi asosida mustaqil baholanadi.
Har bir loyiha boʻyicha yakuniy ball tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.
24. Har bir loyiha yakuniy ballariga koʻra yuqoridan pastga qarab reytingga joylashtiriladi. 100 balldan kamida 60 ball toʻplagan loyihalar tanlov uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtirishga tavsiya etiladi.
Loyihalar teng yakuniy ball toʻplagan taqdirda, ularning reytingdagi oʻrni tanlov komissiyasi aʼzolarining ochiq ovoz berish natijalariga koʻra belgilanadi.
Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Ovoz berish natijalari majlis bayonnomasida qayd etiladi.
25. Grant sovrindorlari va ularga ajratiladigan grant miqdorlari tanlov komissiyasining qarori bilan aniqlanadi.
Tanlov ishtirokchisining roziligi bilan loyiha soʻralganidan kamroq miqdorda moliyalashtirilishi mumkin. Bunda tanlov ishtirokchisi yangilangan xarajatlar smetasi va muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini taqdim etadi.
26. Har bir tanlov ishtirokchisi maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali oʻz loyihasi boʻyicha toʻplagan ballari va baholash xulosasi bilan tanishish huquqiga ega.
6-bob. Grant ajratish tartibi
27. Grant sovrindorlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida ishchi organ va grant sovrindori oʻrtasida grant shartnomasi tuziladi.
Grant shartnomasida grant miqdori, loyihani amalga oshirish muddati va kalendar rejasi, loyiha smetasi, muhim samaradorlik koʻrsatkichlari, grant mablagʻlarini transhlar boʻyicha oʻtkazish, hisobotlarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi, shuningdek taraflarning huquq va majburiyatlari hamda javobgarligi belgilanadi.
Grant sovrindori ijodiy jamoa boʻlgan taqdirda, grant shartnomasi ariza topshirishda jamoa vakili sifatida koʻrsatilgan shaxs bilan tuziladi.
28. Grant mablagʻlari grant shartnomasida koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
birinchi transh — grant shartnomasi tuzilgan kundan eʼtiboran 15 ish kuni ichida grant miqdorining 50 foizi miqdorida;
ikkinchi va uchinchi transhlar — grant shartnomasida belgilangan bosqichlarda muhim samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilgani va oraliq hisobotlar ishchi organ tomonidan koʻrib chiqilib, tanlov komissiyasi qarori bilan maʼqullanganidan soʻng, har biri grant miqdorining 25 foizi miqdorida. Hisobotni koʻrib chiqish va transhni oʻtkazish muddatlari grant shartnomasida belgilanadi.
Loyihani amalga oshirish muddati olti oygacha boʻlgan taqdirda, tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq grant mablagʻlari grant shartnomasi tuzilgan kundan eʼtiboran 15 ish kuni ichida toʻliq miqdorda oʻtkazilishi mumkin.
29. Grant mablagʻlari faqat grant shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun va tasdiqlangan smetaga muvofiq sarflanadi.
Loyiha amalga oshirilishi davomida smeta moddalari oʻrtasida qayta taqsimlanadigan mablagʻlarning jami miqdori grantning umumiy miqdoriga nisbatan hisoblanadi.
Grant miqdorining 10 foizigacha boʻlgan mablagʻlarni qayta taqsimlash ishchi organning yozma roziligi bilan, 10 foizdan ortiq mablagʻlarni qayta taqsimlash esa tanlov komissiyasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Qayta taqsimlash grantning umumiy miqdorini oshirishga va loyiha maqsadini oʻzgartirishga asos boʻlmaydi.
30. Grant sovrindori maxsus platforma orqali:
keyingi transhni olish uchun — grant shartnomasida belgilangan muddatlarda muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi va grant mablagʻlarining sarflanishi toʻgʻrisidagi oraliq hisobotni;
loyiha yakunlangan kundan eʼtiboran 30 kun ichida — grant mablagʻlarining sarflanishini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan yakuniy hisobotni taqdim etadi.
31. Grant sovrindori grant shartnomasi hamda mazkur Nizom talablarini buzganda yoki muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarmagan taqdirda, ishchi organ holatni oʻrganadi va grant sovrindoridan yozma tushuntirish oladi. Oʻrganish natijalari tanlov komissiyasiga kiritiladi.
Tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq qoidabuzarlik bartaraf etilguniga qadar yoki tegishli hisobotlar koʻrib chiqilguniga qadar ikkinchi va uchinchi transhlarni oʻtkazish toʻxtatib turilishi yoxud ular toʻlanmasligi mumkin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida grant sovrindoriga elektron pochta orqali yoki maxsus platformadagi shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuboriladi.
32. Loyihani amalga oshirish natijasida yaratilgan asarlar va boshqa intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq mualliflarda yoki boshqa huquq egalarida saqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi loyiha natijalaridan muallif yoki boshqa huquq egasining roziligi asosida notijorat, shu jumladan, targʻibot maqsadlarida foydalanishi mumkin.
Grant sovrindori loyiha materiallarida loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi granti koʻmagida amalga oshirilganligini koʻrsatadi.
7-bob. Grant mablagʻlaridan foydalanishni monitoring qilish va ularni qaytarish
33. Ishchi organ grant mablagʻlaridan grant shartnomasi va tasdiqlangan smetaga muvofiq maqsadli foydalanilishi yuzasidan monitoring olib boradi.
Monitoring maxsus platformaga joylashtirilgan oraliq va yakuniy hisobotlar, xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar hamda idoralararo elektron axborot almashinuvi maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
34. Grant mablagʻlari quyidagi hollarda grant sovrindori tomonidan qaytariladi:
grant shartnomasida belgilangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilmaganda — bajarilmagan qismga mutanosib miqdorda;
grant mablagʻlaridan grant shartnomasida nazarda tutilmagan maqsadlarda foydalanilganda — maqsadsiz sarflangan mablagʻlar miqdorida;
notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan hujjatlar yoxud maʼlumotlar asosida grant mablagʻlari asossiz olinganda — asossiz olingan mablagʻlar miqdorida.
Qaytarilishi lozim boʻlgan mablagʻlar miqdori monitoring natijalari va taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlar asosida hisob-kitob qilinadi.
35. Grant mablagʻlarini qaytarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ishchi organ monitoring natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzadi. Dalolatnoma ishchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida uning nusxasi grant sovrindorining maxsus platformadagi shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi. Grant sovrindori dalolatnoma joylashtirilgan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida unda koʻrsatilgan holatlar yuzasidan tushuntirish va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishga haqli;
grant sovrindorining tushuntirishlari va hujjatlari koʻrib chiqilgach, ishchi organ oʻrganish materiallarini tanlov komissiyasiga kiritadi. Tanlov komissiyasi grant mablagʻlarini qaytarish uchun asoslar mavjudligi va qaytarilishi lozim boʻlgan mablagʻ miqdori toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
tanlov komissiyasining qarori asosida ishchi organ qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida grant sovrindoriga mablagʻlarni ixtiyoriy ravishda qaytarish toʻgʻrisida talabnoma yuboradi.
Talabnomada mablagʻlarni qaytarish asoslari, ularni tasdiqlovchi hujjatlar, qaytarilishi lozim boʻlgan summa, mablagʻlarni oʻtkazish uchun hisobvaraq rekvizitlari va qaytarish muddati koʻrsatiladi. Ixtiyoriy qaytarish muddati talabnoma olingan kundan eʼtiboran kamida 10 ish kunini tashkil etadi.
Grant sovrindori talabnomada belgilangan muddatda mablagʻlarni qaytarmagan taqdirda, ishchi organ mablagʻlarni undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritadi.
36. Qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan yengib boʻlmaydigan kuch holatlari (fors-major) grant sovrindoriga bogʻliq boʻlmagan, favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar boʻlib, ular grant shartnomasida belgilangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilmasligiga bevosita sabab boʻlgan taqdirda, koʻrsatkichlarga erishilmaganligi grant mablagʻlarini qaytarish uchun asos boʻlmaydi.
Grant sovrindori yengib boʻlmaydigan kuch holatlari (fors-major) yuzaga kelgan kundan eʼtiboran 5 ish kuni ichida bu haqda ishchi organni maxsus platforma orqali xabardor qiladi hamda holatlarni va ularning loyiha ijrosiga taʼsirini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
Yengib boʻlmaydigan kuch holatlari (fors-major) sababli maqsadli koʻrsatkichlarga erishilmagan taqdirda, grant sovrindori tomonidan loyiha maqsadlari uchun sarflangani hujjatlar bilan tasdiqlangan mablagʻlar qaytarib olinmaydi.
8-bob. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
37. Tanlov ishtirokchisi tanlov jarayoni va uning natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, tanlov komissiyasi tomonidan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga apellyatsiya shikoyati berishga haqli.
38. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyrugʻiga asosan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish uchun besh nafar aʼzodan iborat Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibini shakllantirish va tasdiqlash apellyatsiya shikoyati kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
39. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi apellyatsiya berilgan tanlov jarayonida ishtirok etmagan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi xodimlaridan shakllantiriladi.
Tanlov ishtirokchisi shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
40. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish sanasi va joyi toʻgʻrisida tanlov ishtirokchisini kamida 3 ish kuni oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi lozim.
41. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalariga koʻra Apellyatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish;
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish.
42. Qabul qilingan qaror apellyatsiya shikoyatini bergan tanlov ishtirokchisiga yozma shaklda bevosita yoki elektron pochta orqali yuboriladi.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish muddati shikoyat kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan oshmasligi lozim.
43. Tanlov ishtirokchisi Apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qaror ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga haqli.
9-bob. Yakuniy qoidalar
44. Tanlovning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida loyihalar taqdimoti tanlov tashkilotchilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot resurslari orqali jonli efirda uzatilishi mumkin.
Jonli efirni tashkil etishda shaxsga doir maʼlumotlar, mualliflik huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etiladi.
45. Tanlov natijalari, shu jumladan grant sovrindorlari roʻyxati, taqdirlash marosimida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 2 ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining rasmiy veb-saytida, maxsus platformada va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
46. Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlar arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda saqlanadi.
47. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Madaniyat va sanʼat sohasida grant ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Madaniyat va sanʼat sohasida grant ajratish tartibi boʻyicha tanlovda qatnashish uchun ariza shakli
