38-modda. Oshkor etilmagan axborotni himoya qilish
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (754-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Tijorat siri boʻlgan, uchinchi shaxslarga maʼlum boʻlmagan axborot (oshkor etilmagan axborot) agar u uchinchi shaxslarga maʼlum emasligi, qonuniy asosda undan erkin foydalana olish mumkinmasligi va axborotning egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish choralarini koʻrayotganligi tufayli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qiymatiga ega boʻlsa, u himoya qilinadi.
Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan himoya qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qatʼi nazar vujudga keladi.
Oshkor etilmagan axborotni himoya qilish qoidalari konunga muvofiq tijorat siri boʻla olmaydigan maʼlumotlarga (davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi, mol-mulkka boʻlgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilgan bitimlar haqidagi maʼlumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan maʼlumotlarga va boshqalarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asoslarsiz olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga haqli ega boʻlib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi maʼlumotlarni mustaqil tarzda va haqli ravishda olgan shaxs bu maʼlumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qatʼi nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanish uchun uning oldida javob bermaydi.
