11-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (754-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli:
ishlab chiqarish dasturini mustaqil ravishda shakllantirish, mahsulot yetkazib beruvchilarni va oʻz mahsuloti (ishlari, xizmatlari) ning isteʼmolchilarini tanlash;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida monopol mavqeni egallab turgan Tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno;
oʻz mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konʼyunkturasidan kelib chiqib yoki shartnoma asosida mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha realizatsiya qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
asosiy ishlab chiqarish fondlarining jadallashtirilgan amortizatsiyasini qilingan xarajatlarni ishlab chiqarish chiqimlariga tegishli asosiy fondlar uchun belgilangan normadan ikki baravardan oshib ketmaydigan miqdorda kiritgan holda qoʻllash;
binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulkni olish va (yoki) ijaraga olish, shu jumladan ixtisoslashgan lizing korxonalari, tashkilotlari vositachiligida olish;
xayriya faoliyatida ishtirok etish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
