# Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-393-son)

- URL: https://neolex.uz/uz/laws/law-8581354
- lex.uz dagi asl nusxa: https://lex.uz/docs/-8575723
- Sana: 05.11.2026
- Amalda
- Language: uz

> Matn manbasi: O'zbekiston Respublikasi qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz). Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasidan (lex.uz) hujjatning rasmiy matni, so'zma-so'z, avtomatik yangilanadi. Yuridik kuchga lex.uz dagi nashr ega: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun u yerdagi amaldagi tahrirni tekshiring.

---

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

Qoraqalpogʻiston Respublikasida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yanada jadallashtirish, hududning iqtisodiy salohiyatini toʻliq ishga solish hamda mavjud xomashyo bazasidan samarali foydalangan holda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega eksportbop, import oʻrnini bosuvchi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qaror qilaman:

## I. Maqsadlar

1. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2027-yilda yuqori va barqaror iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) yalpi hududiy mahsulot hajmi 108 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish — 107 foizga, bozor xizmatlari — 117 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish — 105 foizga, qurilish ishlari — 113 foizga oʻsishini taʼminlash;

(b) eksport hajmini 550 million AQSH dollariga, jami investitsiyalar hajmini ikki baravarga oshirib 5 milliard AQSH dollariga yetkazish;

(v) birinchi bosqichda past daromadli 125 ming oiladagi 513 ming aholini yuqori daromadli ish oʻrinlariga joylashtirish;

(g) yashil energiyalarni yaratish orqali uglerod birliklarini oʻzlashtirishni iqtisodiy aktivga aylantirish;

(d) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 17 ming gektar yer maydonlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish hamda choʻl hududlarida 20 ming gektar maydonda ozuqa yetishtirishni yoʻlga qoʻyish;

(j) 2026-yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish.

## II. Ilgʻor arxitektura yechimi asosida zamonaviy massivlar barpo etish hamda ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Nukus shahrida Jolshilar mahallasi Ashshikoʻl hududidagi 270 gektar maydonda 50 ming aholiga moʻljallangan ilgʻor arxitektura yechimi va energiya tejamkor texnologiyalar asosida “Nukus city”ni (keyingi oʻrinlarda — “Nukus city”) barpo etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Quyidagilar:

(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi “Nukus city”ni 2027-yilgi uy-joy va ipoteka dasturiga hamda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari manzilli roʻyxatiga kiritishni taʼminlasin;

(b) barcha obyektlarda (koʻp kvartirali uy-joylar bundan mustasno) qurilish-montaj ishlarini 2027-yil 31-dekabrga qadar bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida amalga oshirishga ruxsat berilsin.

4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi, “OʻzshaharsozlikLITI” DM tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “Nukus city”ni qurish loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlasin. Bunda:

(a) Yangi Toshkent loyihasi boʻyicha tajribalardan kelib chiqib, xorijiy tashkilotlarning tavsiyalari asosida ilgʻor va kreativ bosh reja ishlab chiqish hamda arxitekturaviy yechimlarni qoʻllash;

(b) yashil, energotejamkor, ekologik barqaror va iqlimga mos boʻlgan qurilishlar, muqobil energiya resurslaridan, shuningdek, smart texnologiyalardan keng foydalanish;

(v) “smart city” yechimlarini qamrab olgan zamonaviy koʻp kvartirali turar joylar, savdo va biznes markazlari, mehmonxonalar, parklar, yashil hududlar, favvoralar, sport maydonchalari, ijtimoiy soha muassasalari va boshqa obyektlarni joylashtirish;

(g) “15 daqiqalik shahar” tamoyili asosida jamoat transportini rivojlantirish maqsadida yashil transport qatnovini yoʻlga qoʻyishga shart-sharoit yaratish;

(d) “Qoraqalpogʻiston invest kompaniyasi” AJ orqali Nukus shahrining renovatsiya hududlaridagi aholini bosqichma-bosqich koʻchirish uchun “Nukus city”da turar joylar qurilishini tashkil etish masalalarini inobatga olsin.

5. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan bir oy muddatda:

(a) tuman (shahar)da iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlari yaratishga turtki beruvchi drayver loyihalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard soʻm;

(b) Qoʻngʻirot tumani “Qoraqalpogʻiston” shaharcha fuqarolar yigʻinini Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallaga aylantirish uchun 15 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.

6. Toshkent shahar hokimligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri 23-kichik tumanidagi Nur va Yelabad mahallalarini Toshkent shahar mahalliy budjetining orttirib bajarilgan qismidan va Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, kapital taʼmirlash hamda qurilish ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

(a) Toshkent shahar mahalliy budjetining orttirib bajarilgan qismidan va Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 100 milliard soʻm mablagʻlar ajratiladi;

(b) buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilanadi;

(v) loyiha va pudrat tashkilotlarini “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomillari asosida aniqlash va shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

7. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:

(a) 2027-yil yakuniga qadar jalb etilgan xorijiy kompaniya bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning fazoviy-hududiy strategiyasi loyihasini ishlab chiqsin. Bunda shahar va tumanlarning oʻzaro hamda xalqaro iqtisodiy koridorlarga transport bogʻliqligini yaxshilash nazarda tutilsin;

(b) 2027-yil 1-fevralga qadar Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar” dasturining ikkinchi bosqichiga Nukus shahri, Amudaryo va Beruniy tumanlari markazlarini qoʻshsin;

(v) ushbu dastur doirasida drayver loyihalar hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish mexanizmi asosida 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

8. Aholining kundalik hayotidagi kommunal hamda boshqa sohalardagi kechiktirib boʻlmaydigan masalalarini tezkor hal etish maqsadida:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan 2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(b) Dasturni moliyalashtirishga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 160 milliard soʻm mablagʻ buyurtmanomalarga mos ravishda bosqichma-bosqich ajratib borilsin. Bunda ushbu mablagʻlar:

(i) 17 ta umumtaʼlim maktabi va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini yashil tamoyillar asosida taʼmirlashga;

(ii) tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini, xususan 30 ta lift va 20 ta sanitariya-gigiyena infratuzilmasini yaxshilash hamda zarur tibbiy uskunalar bilan taʼminlashga;

(iii) Amudaryo va Xoʻjayli tumanlaridagi 2 ta kichik sanoat zonasi hamda 2 ta xizmat koʻrsatish obyektlari infratuzilmasini yaxshilashga;

(iv) Ellikqalʼa tumani “A. Navoiy” MFY hududida joylashgan “Boʻston” suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin;

(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(i) 2026-yil 15-noyabrga qadar Dastur loyihalarining manzilli roʻyxatiga kiritilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishini hamda shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan oʻtkazilishini;

(ii) ajratilgan mablagʻlar sarfining ochiqligi va shaffofligini taʼminlasin.

## III. Qishloq xoʻjaligi va chorvachilikni rivojlantirish

9. Quyidagilar:

(a) Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2027-yilda:

(i) Toʻrtkoʻl tumanida Yonbosh va Boʻzatov tumanida Erkindaryo kanallarini betonlash, 3 ta suv inshooti hamda 22 ta artezian quduq qurish ishlari uchun 135 milliard soʻm;

(ii) Boʻzatov tumanidagi 7,5 ming gektar yerni oʻzlashtirish maqsadida 100 milliard soʻm mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin;

(b) Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni toʻliq yakunlasin;

(v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda ushbu bandda nazarda tutilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligining Qoraqalpogʻistonda dastlabki bosqichda choʻl hududlarida 20 ming gektar maydonda ozuqa yetishtirish boʻyicha Misr tajribasini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda Misrdan tegishli mutaxassislar va texnologiyalar jalb qilinib, Osiyo taraqqiyot bankining yaylov yerlarini tiklashga ajratilayotgan kredit va grant mablagʻlarining tegishli qismi ushbu loyihani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

11. Belgilansinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻistonda 2026-yil 15-noyabrdan AT “Xalq banki” tomonidan yaylovlarni oʻzlashtirish va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish uchun “Uzagrostar xolding” kompaniyasi taʼsischiligida alohida “Boʻzatov agrostar” kompaniyasi tashkil etiladi. Bunda:

(a) AT “Xalq banki” tomonidan “Boʻzatov agrostar” kompaniyasi uchun 2027-yil 1-martga qadar 50 milliard soʻm va 2027-yil yakuniga qadar 50 milliard soʻm investitsiya kiritiladi;

(b) Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatidagi ulushini oshirish orqali yangi tashkil etiladigan ixtisoslashgan kompaniya uchun “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ustav fondiga 20 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak, Taxtakoʻpir, Moʻynoq, Kegeyli, Boʻzatov va Toʻrtkoʻl tumanlari hokimliklari tuzilmasiga hokimning yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin va ularning shtat birliklari quyidagi lavozimlarni tugatish hisobiga shakllantirilsin:

(a) Qoraoʻzak, Taxtakoʻpir, Moʻynoq va Kegeyli tumanlari hokimlarining ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari;

(b) Nukus va Moʻynoq tumanlari hokimlarining innovatsion rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari.

13. “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tijorat banklari bilan birgalikda 2-ilovadagi yuqori daromadli namunaviy loyihalar va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etsin.

14. Belgilansinki, “Boʻzatov agrostar” kompaniyasi choʻl-yaylov oʻsimliklari urugʻlarini granulalash, kapsulalash va uchuvchisiz uchish apparati (keyingi oʻrinlarda — dron) yordamida ekish ishlarini amalga oshiradi. Bunda:

(a) 10 dona dron, ularni tashishga moʻljallangan maxsus avtotransport vositalari va 2 dona granulyator xarid qilib, mutaxassislarini dronlarni boshqarish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha maxsus kurslarda oʻqitadi;

(b) 2030-yil yakuniga qadar 100 ming gektar yaylov maydonida qandim, cherkez, choʻgʻon, baliqkoʻz, donashoʻr, shuvoq, izen va boshqa choʻl-yaylov sharoitiga mos yaylov oʻsimliklari urugʻlari dronlar yordamida ekilishini taʼminlaydi.

15. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelga qadar ochiq elektron tanlovlar orqali ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari boʻyicha qoʻshimcha toʻlovlarning jami miqdori yer uchastkasi normativ qiymatining toʻrt baravari va undan yuqori boʻlgan yer ijarachilariga ushbu toʻlovni normativ qiymatning bir baravariga teng miqdorda uch yil davomida foizsiz boʻlib toʻlashga ruxsat berilsin.

16. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Xitoy Xalq Respublikasining Junsao texnologiyasi milliy muhandislik ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda 2027-yil avgust oyiga qadar junsao oʻsimligini yetishtirish loyihasini kengaytirib, ozuqa uchun kamida 600 gektar maydonda amalga oshirilishini taʼminlasin.

## IV. “Yashil sanoat koridori — intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ni yaratish hamda yashil energiyani xalqaro uglerod birliklari bozoriga integratsiya qilish

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (B. Xodjayev), Raqamli texnologiyalar vazirligi, Energetika vazirligi, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi” loyiha ofisi ikki hafta muddatda Nukus shahri, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Taxiatosh tumanlarida 2030-yilga qadar bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt xizmatlari eksporti va investitsiyasini 600 million AQSH dollariga yetkazish boʻyicha dastur ishlab chiqsin. Bunda 2030-yilga qadar investorlarni 1 Gigavatt quvvatli barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash nazarda tutilsin.

18. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(a) 20 ming nafar yoshlarni IT va logistika sohalarida oʻqitishni tashkil qilish va ushbu sohada yangi biznes va startaplarni yoʻlga qoʻyish;

(b) olis hududdagi yoshlarni IT sohasiga oʻqitib, 1,5 mingta yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish uchun kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshlarimizni xorijdan Qoraqalpogʻistonga olib kelish;

(v) Nukus shahrida yangidan zamonaviy standartlarga javob beradigan 20 qavatli biznes markaz barpo qilish.

19. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi” loyiha ofisi Qoraqalpogʻistonda 2027-yil 1-apreldan:

(a) Orol hududining 50 ming gektarida bosqichma-bosqich oʻrmonlashtirish loyihasini boshlash hamda xalqaro uglerod birliklari bozoriga yoʻnaltirish boʻyicha barcha tashkiliy choralarni koʻrsin;

(b) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Yaponiya, Koreya Respublikasi, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya kabi davlatlar bilan muzokara oʻtkazib, hamkorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

(v) “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida uch oy muddatda xalqaro moliya tashkilotlaridan mutaxassislarni jalb etsin.

20. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrmonlashtirish loyihasini amalga oshirish natijasida shakllanadigan uglerod birliklarining xalqaro savdosidan hosil boʻladigan tushumlardan qoladigan sof daromadni (loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni, shu jumladan, kapital va operatsion xarajatlarni chegirgan holda) mahalliy budjetga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.

## V. Qazilma konlaridan foydalanish orqali “xomashyo — tayyor mahsulot — eksport” zanjirini yaratish

21. Qoʻngʻirot tumanidagi “Barsakelmes” tuz koni hududida tashkil etilgan tuzni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Kungrad Salt Free Zone” sanoat zonasini boshqarish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Tuz zaxiralaridan foydalanish direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etilsin.

22. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(a) yerlarni elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish, loyihalar amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish hamda sanoat zonasini boshqarish bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni bajarish;

(b) tuz konlaridan oqilona foydalanish, tuz xomashyosi zaxiralarini baholash va yagona raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish;

(v) tuz xomashyosi qazib olingan uchastkalarda tuz qatlamlarining qayta tiklanishiga zarur shart-sharoitlar yaratish va kon maydonlarini bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilish hamda doimiy monitoring qilib borish;

(g) tuz xomashyosini mahalliy qayta ishlovchilarga milliy brendni yaratish va tashabbuslarni ilgari surish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga koʻmaklashish.

Qonunchilikda Direksiyaga qoʻshimcha vazifalar ham yuklatilishi mumkin.

## VI. Turizmni rivojlantirish

23. Qushlarni kuzatish turizmini (Birdwatching Tourism) yoʻlga qoʻyish maqsadida:

(a) qushlar va ularning yashash hududlarini saqlash boʻyicha “BirdLife International” xalqaro assotsiatsiyasining roʻyxatiga kiritilgan Sudochye koʻllar tizimi uchastkasining bufer zonasida qushlarni kuzatish destinatsiyasi (turistlarni jalb etuvchi geografik hudud) tashkil qilinsin;

(b) ekoturistik marshrutlar global tahdid ostida boʻlgan turlarga zarar yetkazmasdan, tashrif buyurish mumkin boʻlgan yoʻnalishlarda aniq belgilansin;

(v) Ramsar konvensiyasi talablaridan kelib chiqib, Sudochye koʻllar tizimi suv taʼminotini va qushlarni kuzatish destinatsiyasini infratuzilma obyektlari bilan taʼminlash uchun 2027-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan hisob-kitoblarga koʻra mablagʻ ajratilsin.

24. Qoraqalpogʻiston Respublikasining turizm infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda sayohat uchun kontentlar tayyorlash direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm direksiyasi) tashkil etilsin.

25. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

(a) Turizm direksiyasi:

(i) turizm infratuzilmasi obyektlari loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi hamda turizm obyektlarini balansda saqlovchi boʻlib hisoblanadi;

(ii) hududning noodatiy tabiatini dunyoga namoyish qilish orqali turistlarni jalb qiluvchi kontentlar tayyorlash hamda turistlarga media hamkor sifatida xizmat qiluvchi 10 dona dron xarid qiladi;

(iii) qonunchilikda dronlar uchishiga ruxsat berilmagan joylarda dronlardan foydalanmaslik talablariga qatʼiy rioya qiladi;

(iv) turistlarga pulli xizmatlarni koʻrsatadi;

(b) pulli xizmatlardan tushgan mablagʻlar Turizm direksiyasini saqlash va unga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlar chegirilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.

## VII. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash

26. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

(a) investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 2027 — 2030-yillarda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi milliy valyutadagi mablagʻlari 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga yillik 10 foiz stavkada jalb qilinadi;

(b) ushbu mablagʻlar hisobidan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalariga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha yillik 14 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) kredit mablagʻlari ajratiladi;

(v) kredit mablagʻlari loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng ajratib boriladi.

27. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

(a) 2026-yil 15-noyabrdan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar 12 foiz stavkada ajratiladi hamda 2027-yildan kredit resurslari hajmi ikki barobarga oshiriladi;

(b) Yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 5 yil muddatga, yillik 8 foiz stavkada kredit liniyasi ochilib, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga yillik 12 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) bir milliard soʻmgacha (har bir loyihaga) miqdorda;

(v) yangidan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil qiladigan tadbirkorlik subyektlariga 15 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foiz stavkada kredit ajratiladi.

28. Belgilansinki:

(a) Moʻynoq tumaniga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga qoʻllanadigan har oylik 200 foizlik ustama 2027-yil 1-yanvardan boshlab Taxtakoʻpir, Shumanay, Boʻzatov tumanlariga ham tatbiq etiladi;

(b) Xoʻjayli tumanida texnika-servis markazlarini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslar hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlaridagi qishloq xoʻjaligi korxonalariga oʻz ehtiyojiga mos qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishga ruxsat etiladi.

29. Quyidagilar:

(a) Boʻzatov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;

(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026 — 2028-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

## VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

30. Mazkur qarorda ajratilishi belgilangan mablagʻlar toʻliq va oʻz muddatida moliyalashtirilishini Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, tarmoqlar boʻyicha investitsiyalarning toʻliq va oʻz muddatida oʻzlashtirilishini Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev nazorat qilib borsin.

31. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

32. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

33. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.

34. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 5-noyabr,

PQ-393-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish

DASTURI

Izohlar:

(a) qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan obyektlar uchun talab etiladigan mablagʻlarga loyiha-smeta hujjatlari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin;

(b) ushbu dasturning 1 — 18 pozitsiyalaridagi obyektlar qurilish-taʼmirlash ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi 300-son qaroriga muvofiq energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish tartibi qoʻllanadi, shuningdek, jihozlangan va hududlari obodonlashtirilgan holda foydalanishga topshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 2-ILOVA

2026-2027-yillarda amalga oshiriladigan yuqori daromadli namunaviy loyihalar va tashkiliy chora-tadbirlar

ROʻYXATI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 3-ILOVA

Boʻzatov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha

CHORA-TADBIRLAR REJASI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 4-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026 — 2028-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan

CHORA-TADBIRLAR DASTURI

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qaroriga 2-ilovada 829-pozitsiya chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-66-son qarorida:

(a) 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagrolizing” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Beruniy, Amudaryo, Chimboy va Qonlikoʻl tumanlarida 2024-yil 1-aprelga qadar qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan xizmat koʻrsatuvchi texnika-servis markazlarini (keyingi oʻrinlarda — texnika-servis markazlari) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:”;

(b) 15-ilovada:

(i) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

## “Beruniy, Amudaryo, Chimboy va Qonlikoʻl tumanlarida qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan xizmat koʻrsatuvchi texnika-servis markazlariga lizing asosida xarid qilinadigan texnikalar roʻyxati”;

(ii) quyidagi mazmundagi izoh qismi bilan toʻldirilsin:

“Izohlar:

Ajratilgan mablagʻlar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining taklifi va Vazirlar Mahkamasining roziligi asosida mazkur roʻyxatda belgilanganidan boshqa turdagi, rusumdagi, miqdordagi, ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchiga mansub qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishga ruxsat etiladi.

Mazkur texnika-servis markazlarining xizmat koʻrsatish hududi ular joylashgan tumanlar bilan cheklanmaydi hamda ular Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga xizmat koʻrsatishi mumkin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-57-son qaroriga 1-ilova quyidagi mazmundagi 22-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-248-son qaroriga 6-ilovaning 21-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“4. Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyasi faoliyatini tashkil etish uchun zarur yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratish”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-332-son qarori 1-bandidagi “Xitoy Xalq Respublikasining “Everprosper Investment & Cunsulting Co. Ltd” kompaniyasi” soʻzlari “xorijiy investorlar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuzni qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-333-son qarori 3-bandidagi “Vazirlar Kengashi huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasiga” soʻzlari “Vazirlar Kengashi muassisligidagi Tuz zaxiralaridan foydalanish direksiyasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik xoʻjaliklari ozuqa bazasini mustahkamlash va qishloq xoʻjaligidagi mavjud resurslardan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-334-son qaroriga 1-ilovaning 4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun moʻljallangan dasturlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-70-son qarorining 11-bandi hamda 10-ilovaning nomlanishidagi “2026 — 2028-yillarda” soʻzlari “2026-yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar roʻyxatining “1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

10. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-sentabrdagi 510-son qarori bilan tasdiqlangan Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha har oylik ustama toʻlanadigan olis va chekka hududlar roʻyxatining “Olis va chekka hudud nomi” ustuni quyidagi mazmundagi 21, 22, 23-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

“Qushxonatov” OFY”;

“Erkindaryo” OFY”;

“Boʻzatov” SHFY”.
