Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (609-son)
05.11.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv omborlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholi va turistlarning xavfsiz, zamonaviy va mazmunli dam olishini tashkil etish, suv obyektlarini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi;
suv omborlari va ularga tutash hududlarda joylashtiriladigan turizm obyektlariga qoʻyiladigan ekologik, sanitariya-epidemiologik, shaharsozlik va texnik xavfsizlik talablari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va tezkor harakat qilish mexanizmlari.
2. Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, Suv xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
3. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev, suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov hamda Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-noyabr,
609-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-noyabrdagi 609-son qaroriga ILOVA
Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish, turistik va rekreatsiya obyektlarini joylashtirish, ulardan foydalanish, dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
turizm xizmatlarini tashkil etish — suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida kompleks turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, turistik, rekreatsiya, dam olish va servis infratuzilmasini tashkil etishga qaratilgan tadbirlar;
master reja — suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etish, oʻzida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan, shuningdek, suv omborlari va ularga tutash hududlarni yaqin, oʻrta va uzoq muddatlarda iqtisodiy rivojlantirishni rejalashtirish va ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish mexanizmlarini oʻzida aks ettirgan hujjat;
suv ombori — suvni toʻplash, saqlash, uning oqimini boshqarish maqsadida suv oqimining yoʻlini toʻsuvchi inshoot yordamida hosil boʻlgan sunʼiy yoki tabiiy suv havzasi;
xavfsizlik pasporti — turizm obyektining mavjud xavfsizlik darajasini tavsiflovchi va xavfni kamaytirish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan, belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hujjat.
3. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish quyidagi majburiy talablar asosida yoʻlga qoʻyiladi:
tashrif buyuruvchilar xavfsizligini taʼminlash, baxtsiz hodisalar va choʻkish holatlarining oldini olish maqsadida turizm obyektlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari, suv chuqurligi koʻrsatkichlari, taqiqlangan hududlar hamda ob-havo sharoitlari bilan bogʻliq cheklovlar haqida ogohlantiruvchi belgilar va boshqa xavfsizlik vositalari bilan jihozlash;
qutqaruv xizmatini tashkil etish yoki professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma asosida navbatchilik xizmatini yoʻlga qoʻyish;
kichik hajmli kemalar va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qilish;
suvni muhofaza qilish zonalari va sohilboʻyi muhofaza mintaqalari uchun belgilangan talablarga rioya qilish, oqova suvlarning suv obyektlariga tashlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ichki kanalizatsiya tarmoqlari hamda lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan taʼminlash;
turizm obyektlarida hosil boʻladigan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish.
4. Turizm xizmatlarini tashkil etishda raqamli xaritalar, onlayn bron qilish tizimlari va QR-kodli navigatsiya vositalari va boshqa raqamli infratuzilma joriy etiladi.
5. Turizm obyektlarini joylashtirishda suvni muhofaza qilish zonalari, sanitariya muhofaza qilish zonalari, sel va koʻchki xavfi yuqori boʻlgan hududlar inobatga olinadi.
2-bob. Suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi
6. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlari ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi.
7. Turizm xizmatlarini tashkil etish boʻyicha takliflar Suv xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va (yoki) tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari (keyingi oʻrinlarda — tashabbuskorlar) tomonidan ishlab chiqilib, tegishli viloyatlar hokimliklariga taqdim etiladi.
8. Tashabbuskorlar tomonidan kiritilgan yoki viloyatlar hokimliklari tomonidan tegishli hududdagi turistik va investitsiya salohiyatiga ega suv omborlari hamda ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar doirasida master reja ishlab chiqish uchun loyiha tashkilotlari jalb qilinadi.
9. Master reja quyidagilarni nazarda tutgan holda ishlab chiqiladi:
turizm va servis infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan hududlarni belgilash;
rekreatsiya va ommaviy dam olish hududlarini tashkil etish;
tashrif buyuruvchilar xavfsizligini taʼminlash choralari;
suv resurslarini muhofaza qilish va atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olish choralari;
favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish hamda evakuatsiya yoʻnalishlarini belgilash;
muhandislik-geologiya va gidrologik sharoitlarni hisobga olgan holda hududlardan foydalanish tartibi.
10. Turizm xizmatlarini tashkil etish uchun yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolari orqali ajratiladi.
Bunda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari boʻyicha:
obyektning funksional vazifasi;
loyihani amalga oshirish muddati;
obyektni foydalanishga topshirish muddati majburiy shartlar sifatida belgilanadi.
11. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanadi:
master reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini (BRL) ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga;
master reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida nazarda tutilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, transport va yoʻl infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini moliyalashtirishga;
suv omborlari atrofidagi turizm zonalarini rivojlantirish, ularning muhandislik va turistik infratuzilmasini takomillashtirishga.
Mablagʻlar viloyat hokimliklari, yer uchastkasini balansda saqlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan yillik dasturlar asosida taqsimlanadi hamda sarflanadi.
12. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etishda yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga koʻra keyinchalik qonunchilikda belgilangan tartibda uzaytirish huquqi bilan ijara asosida beriladi.
13. Elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi master rejaga asosan belgilangan tartibda suv omborlari va ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etadi.
3-bob. Suv omborlari va ularga tutash hududlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda tashrif buyuruvchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha talablar
14. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida tashkil etiladigan turizm obyektlarida:
tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida evakuatsiya chiqish yoʻllari, xavfsiz hududlar va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi belgilanadi;
suv omborlari akvatoriyasida plyajlar, choʻmilish hududlari, kichik hajmli kemalardan foydalanish obyektlari hamda qutqaruv postlari qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq tashkil etiladi;
tashrif buyuruvchilarni favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida ogohlantirish hamda xavfsizlik qoidalari boʻyicha axborot bilan taʼminlash choralari koʻriladi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq jihozlanadi hamda foydalaniladi;
xodimlar favqulodda vaziyatlarda harakat qilish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkaziladi va qonunchilikda belgilangan tartibda profilaktik hamda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib boriladi.
15. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida joylashtiriladigan turizm obyektlari uchun xavfsizlik pasporti ishlab chiqiladi va unda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
turizm xizmatlarining nomi, joylashgan manzili va tavsifi;
turizm xizmatining geografik koordinatalari va joylashuv sxemasi;
hududida boʻlishi mumkin boʻlgan eng koʻp odamlar soni;
tutash hududlardagi tabiiy va texnogen xususiyatdagi xavf manbalari;
sel, suv toshqini, koʻchki, yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli hamda ularning ehtimoliy oqibatlari;
evakuatsiya chiqish yoʻllari, xavfsiz yigʻilish joylari va evakuatsiya sxemalari;
tashrif buyuruvchilarni ogohlantirish vositalari va ulardan foydalanish tartibi;
mavjud qutqaruv vositalari, tibbiy yordam vositalari hamda yongʻin oʻchirish vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uchun masʼul mansabdor shaxslar va ular bilan bogʻlanish maʼlumotlari;
favqulodda vaziyatlar xizmati, tez tibbiy yordam, ichki ishlar va boshqa tezkor xizmatlarni chaqirish tartibi.
Xavfsizlik pasportini ishlab chiqishda sel, suv toshqini, koʻchki, yongʻin hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar xavfi baholanadi.
Xavfsizlik pasporti har yili kamida bir marta yoki obyektning xavfsizlik holatiga taʼsir qiluvchi oʻzgarishlar kiritilganda qayta koʻrib chiqiladi.
4-bob. Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz va preferensiyalar berish
16. Suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 27-oktabrdagi PQ-387-son qaroriga muvofiq berilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar beradilar.
18. Monitoring, oʻrganish yoki nazorat tadbirlari natijasida mazkur Nizom talablarining buzilishi aniqlangan taqdirda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beriladi.
19. Turizm obyektlari faoliyati:
tashrif buyuruvchilarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirganda;
ekologik yoki sanitariya-epidemiologik talablar qoʻpol ravishda buzilganda;
suv obyektlarining ifloslanishiga yoki atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlganda;
qutqaruv va xavfsizlik talablariga rioya etilmaganda;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda, vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda cheklanishi yoki vaqtincha toʻxtatib turilishi mumkin.
Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish
SXEMASI
