# Maktabdan tashqari taʼlim muassasalarini tashkil etish va saqlash boʻyicha sanitariya qoidalari (“Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlari) (0307-13-son)

- URL: https://neolex.uz/uz/laws/law-8571085
- lex.uz dagi asl nusxa: https://lex.uz/docs/8500597
- Sana: 23.01.2013
- Amalda
- Language: uz

> Matn manbasi: O'zbekiston Respublikasi qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz). Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasidan (lex.uz) hujjatning rasmiy matni, so'zma-so'z, avtomatik yangilanadi. Yuridik kuchga lex.uz dagi nashr ega: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun u yerdagi amaldagi tahrirni tekshiring.

---

Oʻzbekiston Respublikasining Sanitariya qoidalari va meʼyorlari, gigiyena normativlari

## I. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu sanitariya meʼyorlari, qoidalari va gigiyenik normativlari (bundan buyon sanitariya qoidalari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyuldagi 657-XP-sonli “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 130-sonli “Barkamol avlod bolalar markazlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi 50-sonli “Bolalar ijodiyoti uylari toʻgʻrisidagi nizomni tayyorlash haqida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

1.2. Sanitariya qoidalari “Barkamol avlod” bolalar markazlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini olib boruvchi sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari va muassasalari uchun moʻljallangan.

1.3. Ushbu sanitariya qoidalari “Barkamol avlod” bolalar markazlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-epidemiologiya talablarini belgilaydi. Ular bolalar xavfsizligi va salomatligini taʼminlashga, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan majburiy talablarni, shuningdek “Barkamol avlod” bolalar markazlarining normal va samarali faoliyat yuritishini taʼminlovchi talablarni oʻz ichiga oladi.

1.4. Yangi qurilgan yoki qayta taʼmirlangan “Barkamol avlod” bolalar markazlarini foydalanishga topshirish faqat sanitariya meʼyorlari, qoidalari va gigiyenik normativlarga toʻliq rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

1.5. “Barkamol avlod” markazlari hududida uyali aloqa tizimini oʻrnatish taqiqlanadi.

1.6. Ushbu sanitariya normalariga rioya qilinishi uchun masʼuliyat “Barkamol avlod” markazi rahbariga yuklatiladi.

## II. “Barkamol avlod” bolalar markazlarini loyihalashtirish va qurishga qoʻyiladigan gigiyenik talablar

a) Yer uchastkasiga qoʻyiladigan talablar:

2.1. “Barkamol avlod” bolalar markazlarini loyihalash Oʻzbekiston Respublikasi hududining qurilish-iqlimiy zonalashtirish boʻyicha QMQ 2.01.01-94 “Loyihalash uchun iqlimiy va fizik-geologik maʼlumotlar”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

2.2. “Barkamol avlod” bolalar markazlari yer uchastkalarini joylashtirish va tashkil etish SHIK 2.07.01-03 talablariga muvofiq bosh reja yoki qurilish loyihalariga asosan amalga oshirilishi kerak. “Barkamol avlod” bolalar markazlari hududidan shahar (qishloq) ahamiyatidagi magistral muhandislik kommunikatsiyalari, elektr uzatish liniyalari oʻtkazilmasligi hamda transformator podstansiyalari va uyali aloqa stansiyalari oʻrnatilmasligi lozim.

2.3. Bolalar markazi binolari magistral koʻchalarning qizil chizigʻidan kamida 25 metr, qishloq aholi punktlarida esa turar-joy binolaridagi koʻchalardan kamida 10 metr masofada alohida ajratilgan yer uchastkalarida joylashtirilishi kerak. “Barkamol avlod” bolalar markazlarining yer uchastkalari maydonlari bir oʻquvchiga hisoblangan sigʻim asosida belgilanadi: 50 dan 300 nafargacha oʻquvchi uchun — 50 — 55 kvadrat metr.

2.4. Oʻquv markazi binosini joylashtirish chogʻida asosiy xonalarning quyosh nuri tushishi va shovqindan himoyalanishiga qoʻyiladigan meʼyoriy talablarni hisobga olish lozim. Yer maydonlarida quyidagi funksional hududlar nazarda tutilishi kerak:

a) 0,15-0,4 gektar oʻquv-tajriba hududi (sabzavot, dala va manzarali ekinlar, zoologiya, meteorologiya va geografiya maydonchalarini oʻz ichiga oladi);

b) 0,15-0,5 gektar maydonli dam olish va attraksionlar hududi, unda tinch va harakatli oʻyinlar uchun maydonchalar joylashadi;

v) 0,05-0,1 gektar maydonli xoʻjalik maydoni, maydoni kamida 3 kv.m boʻlgan betonlangan maydonlardagi axlat yigʻgichlar, asosiy binodan kamida 25 metr uzoqlikda joylashtiriladi;

g) yashil hudud maktabdan tashqari taʼlim muassasasi hududining kamida 50 foizini tashkil etishi shart.

2.5. Yer maydonlarida yongʻin oʻchirish mashinalari uchun bino atrofida aylanib oʻtish imkoniyatiga ega boʻlgan kirish yoʻllari koʻzda tutilishi lozim.

2.6. Tashqi hojatxonalar sanitar-gigiyenik talablarga muvofiq hisoblanadi va bino derazalaridan kamida 25 metr uzoqlikda joylashtiriladi. Sanitariya jihozlari soni 20 ta qiz bolaga 1 hojatxona teshigi, 30 ta oʻgʻil bolaga 1 hojatxona teshigi va 1 ta pissuar hisobidan aniqlanadi. Oʻgʻil va qiz bolalar uchun sanitariya uzellarining maydoni har bir oʻquvchiga kamida 0,1 kv.m hisobidan belgilanishi kerak. Hojatxonalarda qoʻl yuvgichli tamburlar, oʻqituvchilar va xodimlar uchun alohida kirish joylari boʻlishi shart.

2.7. “Barkamol avlod” oʻquv markazi hududi butun perimetri boʻylab toʻsiq bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Toʻsiq turi loyihalash topshirigʻida belgilanadi.

b) Asosiy xonalarning hajmiy-rejaviy yechimlariga qoʻyiladigan talablar:

2.8. “Barkamol avlod” bolalar markazlari xonalarining tarkibi va maydonlari funksional tashkiliy-pedagogik talablardan kelib chiqqan holda, oʻquv rejasini hisobga olgan holda hamda sanitariya va qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga muvofiq hisob-kitob qilish yoʻli bilan aniqlanadi.

2.9. “Barkamol avlod” bolalar markazi binolari hajmiy-rejaviy tuzilishiga qoʻyiladigan quyidagi talablarni hisobga olgan holda loyihalanishi lozim:

a) toʻgarak xonalarida bir shugʻullanuvchiga 2 m2dan 4 m2gacha, lekin kamida 30 m2 hisobidan maydon ajratilishi kerak. Ustaxonalarda bitta shugʻullanuvchiga 4 m2dan, lekin kamida 60 m2 maydon toʻgʻri kelishi lozim. Har bir studiya xonasi va oʻqituvchi bilan yakka tartibdagi mashgʻulotlar oʻtkaziladigan sinflar maydoni 16 — 18 m2 boʻlishi kerak;

b) ustaxonalar va oʻquv xonalari balandligi kamida 3 m boʻlishi shart;

v) bolalar birlashmalari mashgʻulotlari uchun xonalarni qavatlar boʻyicha joylashtirishda ularning funksional vazifasini hisobga olish zarur;

g) yirik oʻlchamli yoki dastgohli uskunalar bilan jihozlangan haykaltaroshlik, kulolchilik, texnik ijodkorlik ustaxonalarini devor va toʻsiqlarni qurishda shovqindan himoyalovchi materiallardan foydalangan holda birinchi qavatda joylashtirish maqsadga muvofiqdir;

d) binolarning yuqori qavatlarida kimyo-texnika, astronomiya xonalari va rassomchilik ustaxonalari joylashtirilishi lozim;

e) dastgohlar orasidagi masofa va oʻtish joylari xavfsizlik texnikasi talablariga toʻliq javob berishi shart;

f) kompyuter xonalarini tashkil etishda kompyuter sinflariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilish zarur.

2.10. “Barkamol avlod” bolalar markazi muassasalarining xonalari binolarning yer usti qavatlarida joylashtirilishi lozim. Bolalar turadigan xonalarni texnik yertoʻlalarda va boshqa shunga oʻxshash joylarda joylashtirish taqiqlanadi.

2.11. Har bir qavatda oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida, kabinalar bilan jihozlangan hojatxonalar boʻlishi kerak. Sanitariya jihozlarining umumiy soni quyidagicha hisoblanadi: 20 ta qizga 1 ta hojatxona, 30 ta qizga 1 ta qoʻl yuvgich; 30 ta oʻgʻil bolaga 1 ta hojatxona, 1 ta pissuar va 1 ta qoʻl yuvgich. Xodimlar uchun 20 kishiga 1 ta hojatxona hisobidan alohida hojatxona ajratiladi.

## III. “Barkamol avlod” bolalar markazlarining asosiy xonalari

a) Texnik ijodkorlik:

“Boshlangʻich texnik modellashtirish”, “Yosh konstruktor va ixtirochi” (aviatsiya, avtomobil, raketa va kema modellashtirish), “Radiotexnika va aloqa” toʻgaraklari

3.1. Texnik ijodkorlik mashgʻulotlarini tashkil etishda oʻsmirlarning kasbiy taʼlimi va mehnati uchun ruxsat etilgan ish turlarining gigiyenik mezonlariga rioya qilish zarur.

3.2. Modellashtirish xonalari va laboratoriyalari davlat standartlari talablariga muvofiq stol va stullar bilan jihozlanadi.

3.3. Texnik ijod ustaxonalari eni kamida 390 mm va balandligi kamida 325 mm boʻlgan himoya ekraniga ega chilangarlik dastgohlari bilan jihozlanadi. Dastgohlar oʻng tomondan yoritilganda derazalarga perpendikulyar joylashtirilishi kerak. Dastgohlar orasidagi masofa kamida 100 sm boʻlishi lozim.

3.4. Tokarlik dastgohlari derazalarga parallel yoki 20 — 30° burchak ostida, frezerlik dastgohlari esa individual yoritilgan holda derazalarga parallel oʻrnatilishi lozim. Elektr dvigatellari himoya toʻri bilan oʻralgan boʻlishi shart.

3.5. Kavsharlash amalga oshiriladigan stol va dastgohlar kyuvetli, metall qoplamali, mahalliy soʻruvchi shamollatish tizimi va yoritgichlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.

3.6. Asbob-uskunalar roʻyxati “Barkamol avlod bolalar ijodiyoti markazlarini jihozlash meʼyorlari”ga toʻliq muvofiq boʻlishi lozim.

3.7. Turli yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan duradgorlik va chilangarlik asboblari roʻyxati ilovada keltirilgan.

b) “Kompyuter dizayni va grafikasi”, “Yosh dasturchi”, “Yosh foto va kinohavaskor” toʻgaraklari

3.8. “Kompyuter dizayni va grafikasi”, “Yosh dasturchi”, “Yosh foto va kinohavaskor” toʻgaraklari uchun moʻljallangan xonalar ikkinchi qavatda joylashishi va ruxsatsiz kirishdan himoyalangan (qoʻriqlash signalizatsiyasi, temir eshiklar oʻrnatilgan) boʻlishi shart.

3.9. Elektromagnit toʻsiqlardan, ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan, oʻta yuqori va past haroratlardan, tebranishdan, shovqin bosimidan va shunga oʻxshash taʼsirlardan himoyani talab qiladigan xonalarni tegishli meʼyoriy hujjatlarga muvofiq loyihalash zarur.

v) Badiiy ijodiyot toʻgaraklari (“Kulolchilik”, “Chekanka”, “Duradgorlik”, “Yosh rassom” va “Mayda plastika”)

3.10. Oʻquv-ishlab chiqarish xonalarini birinchi qavatda va binolarning yon qismlarida joylashtirish tavsiya etiladi. Bunda yogʻochga ishlov berish ustaxonasidan bevosita tashqariga yoki ustaxonaga tutashgan yoʻlak orqali chiqish imkoniyatini nazarda tutish lozim.

3.11. Oʻquv ustaxonalari xonalarining maydoni texnologik jarayonning tashkil etilishi va jihozlarning turiga qarab 1 oʻquv ish oʻrniga oʻrtacha 5 — 7 m2 hisobida rejalashtiriladi.

3.12. Asbob-uskunalar roʻyxati bajariladigan ishlar turiga mos boʻlishi lozim.

g) “Qoʻl hunar” (bichish-tikish, toʻqish, munchoqbozlik), “Yumshoq oʻyinchoqlar”, “Gilamdoʻzlik” va “Doʻppi” toʻgaraklari.

3.13. “Qoʻl hunar” mashgʻulotlari uchun xonalar va ustaxonalar davlat standartlari talablariga muvofiq maxsus tikuv jihozlari bilan jihozlanadi.

3.14. Tikuv mashinalari derazalarga parallel oʻrnatilishi va alohida yoritgichlar bilan taʼminlanishi kerak.

d) “Yosh oʻsimlikshunos” va “Yosh zoolog” toʻgaraklari

3.15. Bolalarning hayvonlar va oʻsimliklar bilan ishlashi uchun moʻljallangan xonalarni oʻquv-tajriba hududiga yaqin joylashtirish maqsadga muvofiq.

3.16. Hayvonlarni parvarish qiluvchi bolalarga hayvonlar bilan xavfsiz muomala qilish va birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullari boʻyicha yoʻriqnoma oʻtkazilishi shart. Bolalar mashgʻulot paytida maxsus kiyimda boʻlishlari kerak. Hayvonlar ustidan doimiy veterinariya nazorati oʻrnatilishi va masʼul xodim biriktirilishi lozim.

## IV. Yoritishga qoʻyiladigan talablar

4.1. Xonalar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” va mazkur SanQvaM talablariga javob beradigan tabiiy va sunʼiy yoritish bilan taʼminlanishi kerak.

4.2. Jihozlar joylashtirilgan oʻquv va oʻquv-ishlab chiqarish xonalarida oʻquv (ish) joylarining chap tomondan tabiiy yorugʻlik bilan taʼminlanishi zarur.

4.3. Tabiiy yorugʻliksiz omborxonalar, omborlar, kino-fotolaboratoriyalar, dushxonalar va yertoʻla xonalarini loyihalash mumkin.

4.4. Oʻquv xonalarining yorugʻlik tushiradigan oynalari jalyuzi tipidagi quyoshdan himoyalovchi moslamalar yoki och rangli mato pardalar bilan jihozlanishi kerak.

4.5. Derazalarning qorongʻilashuvini oldini olish va xonalarda tabiiy yorugʻlikni kamaytirmaslik uchun daraxtlarni binodan kamida 10 metr, butalarni esa 5 metr masofada ekish lozim.

4.6. Oʻquvchilarning ish joylarida lyuminessent yoki quvvat tejovchi lampalar bilan taʼminlangan umumiy yoritilganlik darajasi quyidagilardan kam boʻlmasligi kerak:

nazariy mashgʻulotlar uchun oʻquv xonalari — 300 lyuks

kompyuter xonalari — 300 — 500 lyuks

metallga ishlov berish ustaxonalari — 200 lyuks

yogʻochga ishlov berish ustaxonalari — 200 lyuks

tikuvchilik ustaxonalari — 400 lyuks

tasviriy sanʼat studiyalari, rangtasvir, chizmachilik, haykaltaroshlik xonalari — 400 lyuks

dam olish joylari, yoʻlaklar — 150 lyuks

yosh tabiatshunoslar mashgʻulotlari uchun xonalar — 300 lyuks

hojatxona va dushxonalar — 75 lyuks

zinapoyalar — 100 lyuks

ovqatlanish zallari, bufetlar — 200 lyuks

tun vaqtida hududning yoritilganligi — 10 lyuks

4.7. Umumiy yoritish chiroqlarini yiliga kamida 2 marta tozalash va kuygan lampalarni oʻz vaqtida almashtirish lozim. Oʻquvchilarni bu ishga jalb etish qatʼiyan man etiladi.

4.8. Oʻquv xonalariga shovqinsiz ishga tushirish-rostlash qurilmalariga ega boʻlgan yoritgichlar oʻrnatilishi kerak.

4.9. Lyuminessent yoritish tizimida sinf doskasini yoritish uchun maxsus toʻgʻridan-toʻgʻri yorugʻlik beruvchi chiroqlarni koʻzda tutish, choʻgʻlanma lampalar bilan yoritishda esa umumiy yoritish tizimiga qoʻshimcha chiroq oʻrnatish tavsiya etiladi.

4.10. Vestibyullar, yoʻlaklar, dam olish xonalari, zinapoyalar, shuningdek ustaxonalarda favqulodda yoritish tizimi boʻlishi shart.

4.11. Tashqi yoritishni binoning asosiy kirish qismi oldida, bloklar va alohida binolarga kirishda hamda xoʻjalik hovlisida oʻrnatish lozim.

## V. Sanitariya-texnik qurilmalarga qoʻyiladigan talablar

5.1. “Barkamol avlod” bolalar markazi binosi xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti, oqava suv tizimi, issiq suv taʼminoti, isitish va shamollatish, elektr taʼminoti bilan jihozlanishi, mahalliy sharoitlarga qarab esa gaz taʼminoti va telefon aloqasi bilan taʼminlanishi lozim.

5.2. Isitish quvurlarini ochiq holda oʻtkazish kerak.

Isitish va shamollatish

5.3. “Barkamol avlod” bolalar markazi binolarining isitish va shamollatish tizimlarini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish, havo moslash” talablari hamda ushbu bobning 5.4 — 5.8-bandlarida keltirilgan koʻrsatmalarga muvofiq loyihalashtirish lozim.

5.4. “Barkamol avlod” bolalar markazlarini issiqlik bilan taʼminlashni, odatda, issiqlik elektr markazlari, shahar yoki tuman qozonxonalarining issiqlik tarmoqlaridan amalga oshirish kerak. Tashqi issiqlik manbai mavjud boʻlmagan hollarda, tegishli texnik-iqtisodiy va sanitariya-gigiyena jihatdan asoslangan taqdirda, mahalliy qozonxona qurishga ruxsat etiladi.

5.5. Oʻquv xonalari va ustaxonalardagi isitish asboblari ulangan isitish quvurlari shunday loyihalanishi kerakki, isitish asboblarining issiqlik berishini boshqaruvchi avtomatik qurilmalarni markazlashgan holda oʻchirish va oʻrnatish imkoniyati boʻlsin.

5.6. Isitish tizimlarining isitish asboblari silliq yuzaga ega boʻlishi va derazalar ostiga joylashtirilishi lozim. Yuqori sanitariya-gigiyena talablari qoʻyiladigan obyekt sifatida poʻlat konvektorlarni qoʻllash man etiladi.

5.7. Oʻquv xonalari, ustaxona va laboratoriyalardagi ventilyatsiyani ortiqcha issiqlik, namlik va karbonat angidrid gazini yoʻqotishga moʻljallab hisoblash kerak, bunda xona ichidagi havo harorati 17 — 22 °C oraligʻida, namligi 30 — 60% oraligʻida va CO2 miqdori 1 mg/m³ gacha boʻlishi taʼminlanishi lozim. Bu xonalarni shamollatish uchun quyidagi qurilmalarni qoʻllash tavsiya etiladi:

isitilmagan havoni xona devorlaridagi moʻri teshiklari orqali tabiiy ravishda soʻrib olinadigan yuqori qismga (ship ostiga) fortochkalar orqali markazlashmagan tarzda yetkazib berish. Soʻruvchi shkafli va mahalliy soʻrgʻichli xonalar uchun mexanik qoʻzgʻatishli soʻruvchi ventilyatsiyani koʻzda tutish zarur.

5.8. Asosiy xonalar va ustaxonalarda havo harorati 1-jadval koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlishi kerak.

Suv taʼminoti va kanalizatsiya

5.9. “Barkamol avlod” bolalar markazi binolarida suv taʼminoti va kanalizatsiyani QMQ 2.04.01-98 “Binoning ichki suv quvuri, kanalizatsiyasi” hamda ushbu bobning 5.10 — 5.13-bandlarida keltirilgan koʻrsatmalarga asoslanib loyihalashtirish lozim.

5.10. “Barkamol avlod” bolalar markazining ichki sovuq va issiq suv taʼminoti tizimlarini qurishda, loyihalash topshirigʻiga muvofiq, asosiy xonalarda, tozalash anjomlarini saqlash xonalarida, dushxonalarda, hojatxonalarda, ustaxonalarda oʻrnatiladigan yuvgichlar, rakovinalar yoki qoʻl yuvgichlarga, shuningdek boshqa xonalardagi asbob-uskunalarga sovuq va issiq suv yetkazib berishni koʻzda tutish kerak.

5.11. Suv olish nuqtalaridagi issiq suv harorati, issiqlik taʼminoti tizimlaridan qatʼi nazar, 50 °C dan past va 75 °C dan yuqori boʻlmasligi lozim.

5.12. Kanalizatsiyalashtirilmagan hududlarda ichki suv taʼminoti tizimlarini qurishda mahalliy tozalash inshootlari yoki chiqindi yigʻish xandaqlari boʻlgan ichki kanalizatsiya tizimlarini nazarda tutish zarur. Ichki kanalizatsiya tizimlari mavjud boʻlmagan hollarda binoda ichki suv taʼminoti qurilmasiga ruxsat etilmaydi.

## VI. Pardozlash materiallariga qoʻyiladigan talablar

6.1. Devorlarni terish uchun qurilish materialini tanlashda ularning qalinligi hisobga olinib, issiqlik uzatish koeffitsiyenti va issiqlikka chidamliligi aniqlanadi. Oʻquv xonalari va maʼmuriy xonalarning pollari taxtadan boʻlishi shart.

6.2. Hojatxona va dushxonalarda orayopmalarning suv oʻtkazmasligini taʼminlash maqsadida pollarni keramik plitkalar bilan qoplash koʻzda tutiladi.

6.3. Dushxona va hojatxonalarning devorlari, shuningdek, yuvgichlar oʻrnatilgan joylar keramik plitkalar bilan qoplanadi (dushxona va hojatxonalarda 1,8 m balandlikkacha, yuvgich oldida esa fartuk shaklida 1 m balandlikkacha).

6.4. Barcha xonalardagi derazalar konstruksiyasida tabiiy shamollatishni taʼminlash uchun framugalar va fortochkalar nazarda tutiladi. Deraza romlari kerakli holatda oʻrnatish uchun moslamalar bilan jihozlanib, ularni ochish oson boshqariladigan boʻlishi lozim.

6.5. Oʻquv xonalarida devorlarni pardozlash uchun yelimli boʻyoq bilan sifatli suvoq qilish maqsadga muvofiqdir.

Zarur hollarda, 1,2 m balandlikkacha boʻlgan panellar och rangli moyli boʻyoq bilan boʻyaladi.

6.6. Shift, eshiklar, deraza tokchalari va derazalar oq rangda boʻlishi shart. Pol esa sariq yoki och jigarrang boʻlishi kerak.

## VII. Bolalar faoliyati rejimiga qoʻyiladigan talablar

7.1. Oʻquv-tarbiya jarayoni rejimi (mashgʻulotlar jadvali) sanitariya-gigiyena xulosasiga ega boʻlishi shart.

7.2. “Barkamol avlod” bolalar qoʻshimcha taʼlim markazlari muassasalaridagi mashgʻulotlar jadvali, ular bolalar va oʻsmirlarning umumtaʼlim muassasalaridagi majburiy oʻquv ishlariga qoʻshimcha yuklama ekanligini hisobga olgan holda tuziladi. Shu sababli quyidagi gigiyena talablariga rioya etilishi zarur:

7.2.1. Umumtaʼlim muassasasidagi mashgʻulotlar (taʼlim olish turidan qatʼi nazar) va bolalarning “Barkamol avlod” markazi muassasasiga borishi oʻrtasida dam olish uchun kamida bir soatlik tanaffus boʻlishi lozim.

7.2.2. “Barkamol avlod” markazi muassasalarida mashgʻulotlar soat 8:00 dan erta boshlanmasligi va soat 20:00 dan kech tugamasligi kerak.

7.2.3. “Barkamol avlod” markazi muassasalarida bolalar mashgʻulotlari haftaning istalgan kunida, jumladan yakshanba va taʼtil kunlarida ham oʻtkazilishi mumkin.

7.2.4. Qoʻshimcha taʼlim muassasalarida bolalar mashgʻulotlarining davomiyligi oʻquv kunlarida, odatda, 1,5 soatdan, dam olish va taʼtil kunlarida esa 3 soatdan oshmasligi lozim. 30 — 45 daqiqalik mashgʻulotlardan soʻng bolalarning dam olishi va xonalarni shamollatish uchun kamida 10 daqiqalik tanaffus qilish zarur.

7.2.5. Kompyuter texnikasidan foydalangan holda mashgʻulotlar Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv-tarbiya muassasalarida kompyuter sinflarining tuzilishi, jihozlanishi, mazmuni va ish rejimining sanitariya qoidalari SanQvaM 0303-12 ga muvofiq oʻtkaziladi.

7.3. “Barkamol avlod” markazi muassasalarida mashgʻulotlar ikki smenada boʻlganda, kun oʻrtasida xonalarni tozalash va shamollatish uchun smenalar orasida 1-2 soatlik tanaffus qilish zarur.

## VIII. Hudud va xonalarning sanitariya holati hamda ularni saqlashga qoʻyiladigan talablar

8.1. “Barkamol avlod” bolalar markazlari muassasalarida muntazam ravishda sanitariya tozalash, yigʻishtirish va profilaktik dezinfeksiya ishlari olib borilishi shart.

Muassasa 2 smenada ishlaganda tozalash ikki marta: smenalar orasida va ish kuni oxirida oʻtkazilishi kerak. Barcha xonalarda belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat etilgan soda, sovun, sintetik yuvish vositalari va dezinfeksiyalovchi moddalardan foydalangan holda har kuni nam tozalash ishlari amalga oshirilishi lozim.

Har oyda bir marta yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda umumiy tozalash ishlarini oʻtkazish lozim.

Derazalar va deraza oʻrinlari tashqaridan va ichkaridan yiliga kamida 3 marta (bahorda, yozda, kuzda) yuvilishi kerak.

8.2. Umumiy foydalanish joylari (bufet, hojatxona, dushxonalar) dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalangan holda doimiy ravishda tozalanib turilishi shart.

8.3. Hojatxonalarda xona va sanitar-texnik jihozlar dezinfeksiya qilinishi lozim. Unitaz oʻrindiqlari iliq sovunli suv bilan yuvilishi kerak. Umivalnik va unitazlarni kvachlar yoki choʻtkalar yordamida tozalovchi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan tozalash zarur.

Ishlatilgan kvachlar va yigʻish materiallari 0,5% li kalsiy gipoxlorid eritmasi yoki 1% li xlorli ohak eritmasiga 30 daqiqaga botirib qoʻyiladi, soʻngra chayiladi va quritiladi. Toza kvachlar va tozalash anjomlarini xoʻjalik shkafida yoki tozalash anjomlariga ishlov berish va saqlash uchun moʻljallangan xonada maxsus belgilangan idishlarda saqlash lozim.

Hojatxonalarda pedalli chelaklar, hojatxona qogʻozi, sovun (afzali dozatorli suyuq sovun), qoʻl quritgich yoki bir martalik salfetkalar, qoʻllarni artish uchun sochiqlar boʻlishi shart.

8.4. Dushxonalarda har kuni tozalash va dezinfeksiya oʻtkazilishi kerak (xonalar, jihozlar — oʻrindiqlar, shkafchalar, rezina gilamchalar).

Dushxonalarda shaxsiy poyabzal, sovun va mochalkadan foydalanish zarur.

8.5. “Barkamol avlod” bolalar markazlari muassasalarida tozalash anjomlariga ishlov berish va saqlash, yuvish va dezinfeksiyalash vositalarini tayyorlash uchun alohida xonalar nazarda tutilishi kerak.

8.6. Tirik tabiat burchaklari xonalarida har kuni nam tozalash ishlari oʻtkazilishi, qafaslar va oxurlar tozalanishi, toʻshamalar almashtirilishi, suvdonlar yuvilishi va suv yangilanishi shart.

Har ikki haftada qafaslar, oxurlar va suvdonlar 3% li xloramin eritmasi bilan dezinfeksiya qilinib, keyin oqar suvda yaxshilab yuvilishi va quritilishi lozim. Shundan soʻng qafasga yangi toza toʻshama solinib, ozuqa berilishi mumkin.

8.7. Hudud maydonida har kuni tozalash ishlari olib borilishi kerak. Chiqindilar qopqogʻi yopiladigan metall axlat idishlariga yigʻilishi lozim. Axlat idishlar hajmining 2/3 qismi toʻlganda boʻshatilishi kerak. Chiqindi idishlar boʻshatilgandan soʻng, albatta dezinfeksiya qilinishi shart.

## IX. Muassasa rahbarining majburiyatlari

9.1. “Barkamol avlod” bolalar markazlari rahbari quyidagilarni tashkil etadi va taʼminlaydi:

xonalarni zarur jihozlar, inventarlar, qoʻl ostidagi materiallar va boshqa kerakli narsalar bilan taʼminlash;

xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish;

muassasada ushbu sanitariya qoidalari va meʼyorlarining mavjudligini hamda ularning mazmuni barcha xodimlarga yetkazilishini taʼminlash;

muassasaning barcha xodimlari tomonidan sanitariya qoidalari va meʼyorlari talablarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;

kasbiy gigiyenik tayyorgarlikdan va attestatsiyadan oʻtgan, sogʻligʻi boʻyicha ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilish;

barcha xodimlarning belgilangan tartibda dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻz vaqtida oʻtishini nazorat qilish;

har bir xodim uchun shaxsiy tibbiy koʻrik daftarchalarining mavjudligini taʼminlash;

davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari va muassasalarining qarorlari, koʻrsatmalarini bajarish;

amaldagi qonunchilik, sanitariya qoidalari va gigiyena meʼyorlariga muvofiq xodimlarning mehnat sharoitlarini taʼminlash;

muassasaning sanitariya-texnik, texnologik va boshqa jihozlarining samarali ishlashini taʼminlash;

dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlarini tashkil etish;

birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori qutilari mavjudligi va ularning oʻz vaqtida toʻldirilishini nazorat qilish;
