Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Asosiy holatlar (27-son)
22.01.2020
Oʻzbekiston Respublikasining shaharsozlik normalari va qoidalari
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu shaharsozlik normalari va qoidalari (keyingi oʻrinlarda SHNQ deb yuritiladi) qurilishi tugallangan (qayta qurilgan, kengaytirilgan, modernizatsiya qilingan, texnik qayta jihozlangan) obyektlarni (korxonalarni, ularning ayrim navbatlarini, ishga tushirish komplekslarini, bino va inshootlarni) foydalanishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1.2. Ushbu meʼyorlar mulkchilik shakllaridan qatiy nazar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qurilishlar olib boruvchi barcha tashkilotlar (shu jumladan qoʻshma va xorijiylar korxonalar) uchun majburiydir.
1.3. Ushbu SHNQ Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlari, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlariga kiritilgan davlat ahamiyatiga molik obyektlar hamda namunaviy loyihalar asosida quriladigan yakka tartibdagi uy-joylari qurilishi bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarga tatbiq etiladi.
1.4. Yuridik va jismoniy shaxslarning qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektlarini, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi obyektlarini foydalanishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”da belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
1.5. Ushbu SHNQda oʻz aksini topmagan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqarish va realizatsiya qilishning oʻziga xos boʻlgan yoki davlatlararo kelishuvlar va shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda amaldagi qonun hujjatlari hamda vazirliklar va idoralar tomonidan Qurilish vazirligi, tarmoq kasaba uyushmalari kengashlari va manfaatdor davlat nazorati organlari bilan kelishilgan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha idoraviy (sohaviy) qoidalari talablariga rioya qilinishi lozim.
1.6. Korxona, sex, ishlab chiqarish uchastkasi tasdiqlangan loyihaga muvofiq qurilishi tugallanganida, bino va inshootlarning zaruriy mustahkamligi va barqarorligi, yongʻin xavfsizligi va tabiat muhofaza qilish tadbirlari taʼminlangandagina foydalanishga qabul qilinishi mumkin.
1.7. Foydalanishga tayyorlangan, tasdiqlangan loyihaga muvofiq qurilishi tugallangan obyektlar buyurtmachi (qurilish egasi, investor) tomonidan ishchi yoki Davlat qabul hayʼatlariga taqdim qilishi lozim.
Davlat qabul hayʼatiga taqdim etish uchun davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yozma xabarnoma yoʻlanilganda loyiha tashabbuskoriga qurilishi tugallangan obyektdan uning maqsadlari boʻyicha foydalanish huquqiy beriladi.
1.8. Obyektlarni Davlat qabul (ishchi) hayʼatlariga taqdim qilgunga qadar buyurtmachi (qurilish egasi) quyidagilarni tekshirishlari lozim:
obyektlar va oʻrnatilgan uskunalarning loyihalarga mosligini;
bajarilgan qurilish-montaj ishlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga mosligini;
uskunalarning sinov va kompleks ishlatib koʻrish natijalarini;
obyektlarning ishlatishga va mahsulot chiqarishga tayyorligi, shu jumladan ularda texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga muvofiq mehnat sharoitlari taʼminlanishi boʻyicha tadbirlarning bajarilganligini;
ishlatiladigan materiallar, konstruksiyalarning, qurilish-montaj ishlari bajarilishining radiatsion sifati ustidan idoraviy nazorat natijalari va qurilishi tugallangan obyektlarda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan radon konsentratsiyasi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni.
Radiatsiyaviy xavf boʻlgan, tabiiy muhit, hudud va favqulodda holatlardagi xavfli omillar taʼsir koʻrsatadigan hududda yashaydigan aholi muhofazasini taʼminlamaydigan qurilish materiallarining qurilishda ishlatilishi taqiqlanadi va faqat shundan keyingina ushbu obyekt Davlat hayʼatiga taqdim etish uchun qabul qilinishi kerak.
Ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlarda uskunalarni ishchi maromlarda sinash natijasi sifatida boshlangʻich davrlarda loyihaviy quvvatlarni oʻzlashtirish meʼyorlariga muvofiq hajmda, loyihada koʻzda tutilgan mahsulotni ishlab chiqarish qabul qilinishi lozim.
1.9. Alohida joylashgan ishlab chiqarish hamda yordamchi bino va inshootlar, aholini fuqaro himoyasi inshootlari (xonalari) obyektni qurish jarayonida ishga tushirilishi lozim boʻlganda, ular tayyor boʻlishi bilan ishchi hayʼatlar tomonidan foydalanishga qabul qilinib keyinchalik (ishlab chiqarish obyektlari uchun ishchi hayʼat dalolatnomasi sohaviy boʻysunish boʻyicha yuqori tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadi) butun obyektni qabul qiluvchi Davlat qabul hayʼatiga taqdim etiladi.
Ishchi hayʼatlar qurilishi tugallangan gazlashtirish va suv taʼminoti tarmoqlari obyektlarini (magistral gaz va suv oʻtkazgich tarmoqlaridan tashqari), shuningdek qurilishi titulda shu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan muvaqqat bino va inshootlarni Davlat qabul hayʼatlariga taqdim etmasdan foydalanishga qabul qiladilar (markazlashgan mablagʻlarga qurilganlari ham).
1.10. Ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan qurilishi tugallangan obyektlar Davlat qabul hayʼatlari tomonidan ular foydalanish uchun tayyor (foydalanish boʻyicha kadrlar bilan jamlangan, energiya resurslari, xom ashyo va hokazolar bilan taʼminlangan) holdagina, kamchiliklar bartaraf etilgan, shuningdek oʻrnatilgan uskunalarda boshlangʻich davrdagi loyiha quvvatlarini oʻzlashtirishdagi meʼyorlarga mos hajmda, loyihada koʻzda tutilgan mahsulotni ishlab chiqarishni (xizmatlar koʻrsatishni) boshlash sharti bilan foydalanishga qabul qilinishi mumkin.
1.11. Oʻrnatilgan tartibni buzgan holda loyihada koʻzda tutilmagan oʻzgartirishlar kiritilgan ishlab chiqarish obyektlarini, shu jumladan ishga tushirish komplekslarini foydalanishga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Istisno hollardagina, ishga tushirish komplekslari tarkibiga Davlat qabul hayʼati tayinlangunga qadar loyihani tasdiqlagan organ tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Bu holda ishga tushirish komplekslari tarkibidan quyidagi bino va inshootlarni chiqarish man etiladi:
sanitariya-maishiy obyektlar, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga muvofiq mehnat sharoitini taʼminlovchi;
atmosferaga, suvga va zaminga tushayotgan zararli chiqindilarni samarali tozalash, ularni zararsizlantirish, tutib qolish, shuningdek meliorativ tadbirlarni;
ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash uchun moʻljallangan obyektlar, kirish yoʻllari, aloqa tarmoqlari;
atrof-muhit muhofazasini taʼminlovchi obyektlarni; favqulodda vaziyatlarni ogohlantiruvchi hamda aholi va hudud himoyasini taʼminlovchi tadbirlarni.
Ishga tushirilishi Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturida koʻzda tutilgan, ishga tushirish komplekslarining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
1.12. Turar joy-fuqarolik maqsadlari uchun moʻljallangan, qurilishi tugallangan obyektlar Davlat qabul hayʼatlari tomonidan barcha qurilish- montaj, hududni obodonlashtirish ishlari bajarib boʻlinib, obyektlar tasdiqlangan loyihaga muvofiq toʻliq uskuna va jihozlar bilan taʼminlangandan keyin, shuningdek ishchi hayʼatlar aniqlagan kamchiliklar bartaraf etilganidan soʻng qabul qilinadi.
Turar joy va jamoat binolari loyihaga muvofiq xonadonlarga muhandislik uskunalari, issiq va sovuq suv, gaz, elektr energiyasi sarfi hisoblagichlarini oʻrnatish, hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha ishlar tugagandan soʻng foydalanishga qabul qilinadi.
Ipoteka kreditlari yoki aholining jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qurilgan turar joy binolari xonadonlarni ichki pardozlash ishlari shartnomaga koʻra (suvash, boʻyash, devor sirtini qoplash), shuningdek yashovchilarning arizalariga koʻra — santexfayans, yuvish rakovinasi, issiq-sovuq suv aralashtirgich va elektr uskunalarini oʻrnatmasdan) bajarmasdan foydalanishga topshirilishi mumkin.
1.13. Toʻrt yoki undan ortiq seksiyadan tashkil topgan koʻp seksiyali turar joy binolari, agar loyihada, kapital qurilish dasturi va titul roʻyxatida koʻzda tutilgan boʻlsa, konstruksiyalar montaji toʻliq tugallanib, sanitariya-texnik va kommunikatsiya tizimlari tutash seksiyaga ulangandan keyin, shuningdek topshirilayotgan seksiyaga yondosh hududni obodonlashtirish tugagandan soʻng, 1.12-band talablarini hisobga olgan holda, alohida seksiyalar tarzida foydalanishga qabul qilinishi mumkin.
Qurilishi tugallangan turar joy binolari, shuningdek korxonalar va savdo, umumiy ovqatlanish, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari va nosanoat xususiyatdagi ehtiyojlar uchun qoʻshilgan, yondan qurilgan xonalarga ega boʻlgan koʻp seksiyali turar joy binolardagi seksiyalarni ushbu xonalar bilan bir vaqtda qabul qilish tavsiya etiladi.
Agar qoʻshilgan, qoʻshilgan-yondan qurilgan, yondan qurilgan xonalar bir nechta turar joy seksiyalariga tegishli boʻlsa, seksiyani qabul qilish ushbu seksiyaning koʻrsatilgan xonalarida barcha qurilish-montaj ishlari tugallangan holdagina amalga oshirilishi lozim. Bu holda qoʻshilgan, qoʻshilgan-yondan qurilgan, yondan qurilgan xonalar oxirgi seksiya bilan bir vaqtda foydalanishga qabul qilinadi.
Oxirgi ishga tushirish kompleksini foydalanishga qabul qilish butun korxona yoki uning navbatini qabul qilish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi lozim.
Kompleks tarkibiga kiruvchi va qurilish jarayonida muvaqqat bino va inshootlar sifatida foydalaniladigan alohida bino va inshootlar ishchi hayʼatlar tomonidan keyinchalik, ularni butun kompleksni qabul qilib oluvchi Davlat qabul hayʼatiga taqdim etgan holda foydalanishga qabul qilinadi.
Istisno tariqasida, yil fasliga qarab, turar joy-fuqarolik va ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan qurilishi tugallangan obyektlarni qabul qilishda, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini bajarish muddatlarini koʻchirishga ruxsat etiladi, roʻyxati va bajarish muddatlari Davlat qabul hayʼati tomonidan belgilanadi.
1.14. Yangi qurilayotgan, kengaytirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlar kanalizatsiyasining tozalash inshootlari quvuroʻtkazgich va sigʻimli inshootlarni gidravlik sinovdan, toza yoki oqova suv yuki ostida davomiy (kamida uch sutka) kompleks sinovdan oʻtkazgandan keyin, shuningdek barcha inshootlarning ishdagi oʻzaro taʼsirini tekshirilgandan soʻng qabul qilinadi.
Eslatma: Oqova suvlarni biologik tozalashning texnologik jarayonini sozlash ishlari, tozalash inshootlarini havoning noldan yuqori haroratida foydalanishga topshirilganidan keyin, uskunani texnik ekspluatatsiyasi qoidalariga muvofiq bajariladi.
1.15. Davlat qabul hayʼati dalolatnomasi tasdiqlangan sana, obyektni ishga tushirish sanasi hisoblanadi.
1.12-bandga muvofiq ishchi hayʼati dalolatnomasi imzolangan sana qabul qilinayotgan obyektni ishga tushirish sanasi hisoblanadi.
1.16. Davlat qabul hayʼatining dalolatnomasi shakli (6-ilova) Davlat qabul hayʼatini tayinlagan organ tomonidan ishga tushirilayotgan obyektning xususiyatini hisobga olgan holda toʻldirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
2. Tomonlarning masʼuliyati
2.1. Buyurtmachilar (qurilish egalari) qurilishi tugallangan obyektni tasdiqlangan loyiha hujjatlari va meʼyoriy talablarga muvofiq oʻz vaqtida ishga tushirishga tayyorlash uchun masʼul hisoblanadilar (qurilishi “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshiriladigan holatlar bundan mustasno), qurilishi “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirilganda esa — shartnomada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2.2. Loyiha tashkilotlari ishga tushirilgan obyektlar quvvatlari va boshqa texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarining loyihada koʻzda tutilgan quvvatlar va koʻrsatkichlarga muvofiqligi, shuningdek obyektlarni loyihalash va foydalanishga qabul qilish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hal qilish uchun masʼuldir.
2.3. Ilmiy-tadqiqot va kelishuvchi tashkilotlar loyihalash uchun ular tomonidan yangi texnologik jarayonlar, uskuna va materiallar sohasidagi ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlarini hisobga olgan holda berilgan boshlangʻich maʼlumotlarning muvofiqligi uchun masʼuldir.
2.4. Qurilish-montaj tashkilotlari:
qurilish-montaj ishlarining sifatli va standartlar talablariga javob beradigan sifatli materiallar va konstruksiyalardan bajarilishi, shuningdek montaj ishlarining loyihaga muvofiq va belgilangan muddatlarda bajarilishi;
ushbu ishlarning sifati, ular tomonidan montaj qilingan uskunalarning yakka tartibda sinovdan oʻtkazilishi, qurilish-montaj ishlarini qabul qilishda va texnologik uskunalarni kompleks sinovdan oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarning oʻz vaqtida bartaraf etilishi;
ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarni loyihada belgilangan hajmda oʻz vaqtida ishga tushirilishi uchun masʼuldirlar.
Qurilish “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirilganda shartnomaga asosan qoʻshimcha masʼuliyat yuklanadi.
2.5. Jismoniy va yuridik shaxslarning shaharsozlik toʻgʻrisida qonun hujjatlarini buzish (SHNQ (QMQ) talablari, qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish qoidalari, bosh rejalar, aholi punktlari va aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish va qurish loyihalarini, madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda rekonstruksiya rejalarini, shaharlar va qishloq aholi punktlarida dahalar, mavzelar va sanoat zonalari hududlarini qurish va obodonlashtirish sifati, shuningdek bino va inshootlarning meʼmoriy yechimlari) uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
2.6. Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalari buzilgan hollarda Davlat qabul hayʼati raislari va aʼzolari, shuningdek obyektlarni ushbu qoidalarni buzgan holda foydalanishga qabul qilishga majbur qilgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy, intizomiy va boshqa javobgarlikka tortiladi.
3. Ishchi hayʼatlar, ularning huquqlari, vazifalari va ishlash tartibi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining hududiy inspeksiyalarida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan obyektlar uchun)
3.1. Ishchi hayʼatlar buyurtmachi tashkilot (qurilish egasi)ning qarori (buyrugʻi, farmoyishi va h.k.) bilan tayinlanadi. Ishchi hayʼatlarning ish tartibi va davomiyligi bosh pudratchi bilan kelishilgan holda buyurtmachi (qurilish egasi) tomonidan belgilanadi.
3.2. Ishchi hayʼatlarning tarkibiga buyurtmachi (qurilish egasi)ning vakili — hayʼat raisi, foydalanuvchi tashkilotlar, bosh pudratchi, subpudrat tashkilotlar, bosh loyihachi, tuman (shahar) qurilish boʻlimlari, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazlari, davlat yongʻin nazorati organlari, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari, davlat mehnat texnik inspeksiyasi hamda qurilishi “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirilgan obyektlar boʻyicha — tanlov savdolarini oʻtkazish konsalting markazlari vakillari kiritiladi.
1.9-bandda koʻrsatilgan binolar, inshootlar va xonalarni foydalanishga qabul qilishda ishchi hayʼatlar ishiga qoʻshimcha ravishda manfaatdor tashkilotlar va nazorat organlari vakillari jalb etiladi.
3.3. Ishchi hayʼatlar bosh pudratchining obyekt yoki uskunalarni topshirishga tayyorligi toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasi kelib tushgandan soʻng besh kundan kechikmagan muddatda tashkil etiladi. Ushbu SHNQda oʻz aksini topmagan holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bilan kelishiladi.
3.4. Buyurtmachi tomonidan obyektlar foydalanishga qabul qilish uchun Davlat qabul hayʼatiga taqdim etilgunga qadar ishchi hayʼatlar quyidagilarni bajarishi shart:
a) bajarilgan qurilish-montaj ishlarining, shu jumladan bino va inshootlarning alohida konstruksiyalari va qismlarining tasdiqlangan loyihaga, sanitariya va yongʻin xavfsizligi talablariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini, bajarilgan ishlar sifatini tekshirishi, lozim hollarda esa konstruksiyalarning nazorat sinovlarini oʻtkazishi;
b) yakka sinovlar oʻtkazilgandan soʻng uskunalarni kompleks sinab koʻrishga topshirish uchun 1-ilovada keltirilgan shakl boʻyicha tuzilgan dalolatnoma asosida qabul qilishi;
v) texnologik uskunalarni kompleks sinovdan oʻtkazilgandan soʻng 2-ilovada koʻrsatilgan shakl boʻyicha tuzilgan dalolatnoma asosida qabul qilish va uni Davlat qabul hayʼatiga taqdim etilishi mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi;
Izoh: 2-ilovaga muvofiq uskunani kompleks sinovdan oʻtkazish dalolatnomasi bilan faqat loyiha koʻzda tutilgan mahsulotni ishlab chiqarishda ishtirok etadigan texnologik uskunaning kompleks sinovdan oʻtkazilishi rasmiylashtiriladi.
Loyihada koʻzda tutilgan mahsulotni ishlab chiqarilishiga mos boʻlgan uskunalar (laboratoriya, oshxona, savdo-maishiy, muhandislik taʼminoti, qozonxona, shamollatish va b.) yakka sinovdan (1-ilova boʻyicha) oʻtkazilishi hamda bino va inshootning tayyorligini belgilashda Davlat hayʼatiga taqdim etish uchun umuman (3-ilova boʻyicha) qabul qilingan boʻlishi kerak.
Bu kabi obyektlar uchun 3-ilovadagi shakl boʻyicha dalolatnomani rasmiylashtirishda 10-bandda “kompleks sinovdan oʻtkazish” soʻzlari istisno qilinishi lozim.
g) Davlat qabul hayʼatiga foydalanishga taqdim etilayotgan ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlarning boshlangʻich davrda loyiha quvvatlarini oʻzlashtirish meʼyorlariga muvofiq hajmda loyihada koʻzda tutilgan mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatishni boshlash, uzluksiz ishlashi va loyiha quvvatlarini meʼyoriy muddatlarda oʻzlashtirish uchun tayyorligini tekshirish, shu jumladan, obyektning ishlatuvchi kadrlar bilan butlanganligi, mahsulot ishlab chiqarish uchun texnologik hujjatlar, energiya zaxiralari, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar bilan taʼminlanganligi tekshirilishi lozim.
Ishchi hayʼati mazkur bandning “a” va “g” kichik bandlarida koʻrsatilgan tekshirishlar natijalari boʻyicha qurilishi tugallangan bino va inshootlarning Davlat qabul hayʼatiga taqdim etish uchun tayyorligi toʻgʻrisida 3-ilovada koʻrsatilgan shakl boʻyicha dalolatnoma tuzish, shuningdek obyektning Davlat qabul hayʼati tomonidan foydalanishga qabul qilinishiga tayyorligi toʻgʻrisida tegishli jamlama materiallarni tayyorlashi lozim. Buyurtmachi (investor)ning iqtisodiy mazmundagi shartnomaviy majburiyatlarni bajarish boʻyicha pudratchilar bilan oʻzaro munosabatlari ishchi hayʼat dalolatnomasini rasmiylashtirishga toʻsiq boʻla olmaydi.
1.9-bandda koʻrsatilgan bino, inshoot va xonalar ishchi hayʼatlar tomonidan 4-ilovada koʻrsatilgan shakl boʻyicha tuzilgan, buyurtmachi (qurilish egasi) tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma asosida qabul qilinadi.
3.5. Bosh pudratchi ishchi hayʼatlarga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) bajarilgan ish turlari va bu ishlarni bajarishda bevosita masʼul muhandis-texnik xodimlarning familiyalarini koʻrsatgan holda qurilish-montaj ishlarini bajarishda ishtirok etgan tashkilotlar roʻyxati;
b) qabul qilish uchun taqdim etilayotgan obyekt qurilishi uchun loyiha tashkilotlari ishlab chiqqan, haqiqiy bajarilgan ishlarning ularga yoki qurilish-montaj ishlari uchun masʼul shaxslar tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlarga mosligi toʻgʻrisidagi yozuv qayd etilgan ishchi chizmalar komplekti, qurilishi tugallangan obyektning va tashqi muhandislik kommunikatsiyalarining buyurtmachi bilan kelishilgan topografik surati. Koʻrsatilgan ishchi chizmalar komplekti ijro hujjatlari hisoblanadi.
v) qurilish-montaj ishlarida qoʻllanilgan materiallar, konstruksiyalar va buyumlarning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi sertifikatlar, texnik pasportlar yoki boshqa hujjatlar;
g) yopiq ishlarni tekshirish dalolatnomalari va ayrim masʼul konstruksiyalarni (koʻpriklarning tayanchlari va oraliq qurilmalari, ravoqlar, gumbazlar, tayanch devorlar, koʻtarib turuvchi metall va temirbeton konstruksiyalar va hokazolarni) oraliq qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomalar, shuningdek grunt, qurilish materiallari va konstruksiyalarni laboratoriya sinovlari natijalari;
d) montaj qilingan uskunaning yakka sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar; texnologik quvuroʻtkazgichlar, sovuq va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti, isitish va ventilyatsiya ichki tizimlari, suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti, gaz taʼminoti va drenaj qurilmalari tashqi tarmoqlarining sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar; muhandislik kommunikatsiyalari bino tashqi devorlarining yer osti qismi orqali oʻtgan joylarda ularning kirish va chiqish joylarida loyihaga muvofiq zichlash (germetizatsiyalash) bajarilganligi toʻgʻrisida dalolatnomalar;
e) telefon, radio, televideniye, signalizatsiya va avtomatizatsiya qurilmalari sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar;
j) ichki va tashqi elektr qurilmalari va elektr tarmoqlari sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar;
z) portlash xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi va chaqmoqdan muhofaza qilishni taʼminlovchi qurilmalar sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar;
i) seysmik hududlarda joylashgan tosh binolarning koʻtarib turuvchi devorlari taxlamidagi tutashuv mustahkamligi sinovlari toʻgʻrisida dalolatnomalar;
k) ishlarni bajarishni, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini qayd etish jurnallari, qurilish davrida davlat va boshqa nazorat organlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot va tekshirish materiallari;
l) qurilish-montaj ishlari sifatini tasdiqlovchi kafolat pasporti.
4. Davlat qabul hayʼatlari, ularning huquqlari, vazifalari va ish tartibi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining hududiy inspeksiyalarida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan obyektlar uchun)
4.1. Jamoat va ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan noyob va alohida muhim obyektlar, shu jumladan I klassli va strategik ahamiyatga ega gidrotexnik inshootlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tayinlagan Davlat qabul hayʼatlari tomonidan foydalanishga qabul qilinadi.
4.2. Jamoat va ishlab chiqarish uchun moʻljallangan murakkab obyektlar, shu jumladan II, III, IV klassli gidrotexnik inshootlar, shuningdek tajriba obyektlari, ularning narxidan qatʼiy nazar, sohalar boʻyicha tegishli vazirliklar va mahkamalar tayinlagan Davlat qabul hayʼatlari tomonidan foydalanishga qabul qilinadi.
4.3. Idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, budjet mablagʻlari hisobidan (shu jumladan hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobidan) qurilgan turar joy binolari, yotoqxonalar, maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari binolari, shuningdek turar joy-fuqarolik maqsadlari uchun moʻljallangan barcha obyektlar (4.1 va 4.2-bandlarda koʻrsatilgan obyektlardan tashqari) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tayinlagan Davlat qabul hayʼatlari tomonidan foydalanishga qabul qilinadi.
4.4. Ushbu SHNQning 4.1, 4.2 va 4.3-bandlarida inobatga olinmagan obyektlarni foydalanishga qabul qilish buyurtmachilar tayinlagan Davlat qabul hayʼatlari tomonidan amalga oshiriladi.
4.5. Ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda Davlat qabul hayʼatlari tarkibiga: buyurtmachi (qurilish egasi), foydalanadigan tashkilot, bosh pudratchi, hokimiyat, bosh loyihachi, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi Markazi, davlat yongʻin nazorati organi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organi, davlat mehnat inspeksiyasi vakillari kiritilishi shart.
Shuningdek, Davlat qabul hayʼatlari tarkibiga foydalanishga kiritilayotgan obyektning xususiyati va oʻziga xosligiga qarab quyidagi tashkilot va idoralar vakillari kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi — uning nazoratida boʻlgan obyektlar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvxoʻjaliknazorat) — gidrotexnik inshootlar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (Oʻzneftgaznazorat) — neft-gaz sanoati obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilarni tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi “Oʻztemiryoʻlnazorat” — “Oʻzbekiston temir yoʻllari obyektlari va kirib keluvchi temir yoʻl izlari boʻlgan korxonalar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (Oʻzenergonazorat) — energetika xoʻjaligi va energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan ishlab chiqarishlar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (Oʻzkomnazorat) — telekommunikatsiya va aloqa obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi — agrosanoat va suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi — fuqarolarni muhofaza qilish obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi — avtomobil yoʻllari qurilishi obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston nogironlar jamiyati — jamoat maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati — davlat ahamiyatiga molik obyektlar boʻyicha.
Lozim hollarda hayʼat tarkibiga murakkab va noyob ishlab chiqarish texnologiyali obyektlar boʻyicha texnologik uskunani ishlab chiqargan korxona vakillari kiritiladi.
4.6. Turar joy-fuqarolik maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda Davlat qabul hayʼatlari tarkibiga: hokimlik, buyurtmachi (qurilish egasi), foydalanadigan tashkilot, bosh pudratchi, hokimiyat, bosh loyihachi, tuman (shahar) qurilish boʻlimi, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi Markazi, davlat yongʻin nazorati organi, buyurtmachi (qurilish egasi) kasaba uyushmasi yoki tegishli kasaba uyushmasi kengashining vakillari kiritiladi.
Shuningdek zarurat hollarda Davlat qabul hayʼatlari tarkibiga quyidagi tashkilot va idoralar vakillari kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Davsuvxoʻjaliknazorat) vakili — suv yigʻish va chiqarish bilan bogʻlik obyektlar boʻyicha;
Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari — texnologik uskunali obyektlar boʻyicha;
Oʻzbekiston nogironlar jamiyati va Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish tashkiloti vakillari — ijtimoiy-maishiy, jamoat va turar-joy obyektlari boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili — qoʻshib qurilgan inshoot (xona) yoki alohida qurilayotgan fuqarolik muhofazasi obyekti boʻyicha.
4.7. Davlat qabul hayʼatlari raislari etib 4.1-bandda koʻrsatilgan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda Vazirlar Mahkamasining rahbar xodimlari yoki aʼzolari, ishlab chiqarish texnologiyasi murakkab boʻlgan, shuningdek tajriba obyektlar boʻyicha, ularning narxidan qatʼi nazar, buyurtmachi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari yoki ularga bevosita boʻysunadigan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari tayinlanadi.
Jamoat va ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda Davlat qabul hayʼatlari raislari etib ushbu hayʼatlarni tayinlagan organlarning masʼul xodimlari, shuningdek bu tashkilotlarga bevosita boʻysunadigan korxona, muassasa va tashkilotlarning masʼul xodimlari tayinlanadi.
Turar joy-fuqarolik obyektlarini foydalanishga qabul qilishda Davlat qabul hayʼatlari raislari etib ushbu hayʼatlarni tayinlagan organlarning rahbar xodimlari, shuningdek bu tashkilotlarga bevosita boʻysunadigan korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbar xodimlari tayinlanadi.
4.8. Davlat qabul hayʼatlari, qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan obyektlardan tashqari, obyektning xususiyati va murakkabligiga qarab, uni belgilangan ishga tushirish muddatidan kamida 3 oy oldin, turar joy-fuqarolik obyektlarini foydalanishga qabul qilishda esa 1 oy oldin tayinlanishi lozim. Bunda, obyektlarni ishga tushirishning belgilangan muddatlarini hisobga olgan holda, hayʼatlar ishini boshlash va tugatish sanalari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Davlat qabul hayʼatlari aʼzolarini almashtirishni (zarurat tugʻilganida) hayʼatlarni tayinlagan organ tomonidan amalga oshirishi mumkin.
4.9. Buyurtmachi Davlat qabul hayʼatlariga 3.5-bandda koʻrsatilgan, shuningdek qoʻshimcha quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qabul qilish dalolatnomasi va ishchi hayʼatlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
foydalanishga qabul qilinayotgan obyektning tasdiqlangan loyiha hujjatlari va asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
foydalanishga qabul qilinayotgan obyektni loyihalashda ishtirok etgan loyiha, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari roʻyxati;
yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida hujjatlar, shuningdek qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ruxsatnomasi;
suvdan maxsus foydalanish uchun berilgan hujjat;
qurilish uchun geodezik rejalash asosi, shuningdek qurilish davrida buyurtmachi tomonidan bajarilgan geodeziya ishlari uchun hujjatlar;
qurilish maydonchasining geologiya va gidrogeologiyasi toʻgʻrisida, grunt sinovi va sizot suvlar tahlili natijalari toʻgʻrisida hujjatlar;
uskuna va mexanizmlarning pasportlari;
ishchi hayʼatlar tomonidan tuzilgan bino va inshootlarni, montaj qilingan uskunalarni qabul qilish dalolatnomalari;
1.9-bandda koʻrsatilgan bino, inshoot va xonalarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari;
qabul qilinayotgan obyektni foydalanuvchi kadrlar va ularga xizmat koʻrsatuvchi sanitariya-maishiy xonalar, ovqatlanish punktlari, turar-joy va jamoatchilik binolari bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
qabul qilinayotgan obyektni moddiy-texnik resurslar, shu jumladan xom ashyo, elektr energiyasi, suv, bugʻ, gaz, siqilgan havo va hokazolar bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
shahar tarmoqlardan foydalanish tashkilotlarining tashqi sovuq va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti, gaz taʼminoti, elektr taʼminoti va aloqa kommunikatsiyalari obyektdan normal foydalanishni taʼminlashi va ular tomonidan xizmat koʻrsatish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar;
ishga tushirilayotgan quvvatlarning (loyiha quvvatlarini oʻzlashtirishning boshlangʻich davrida) loyihada koʻzda tutilgan quvvatlarga muvofiqligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
buyurtmachi va pudratchi tomonidan imzolangan qurilishning haqiqiy narxi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
tegishli davlat nazorat organlari nazorati ostidagi obyektlar va uskunalar foydalanish uchun ruxsat etilganligi toʻgʻrisida hujjatlar;
obyektning Davlat qabul hayʼati tomonidan toʻliq foydalanishga qabul qilishga tayyorligi toʻgʻrisida ishchi hayʼatining jamlama materiallari.
4.10. Obyekt foydalanishga qabul qilingandan keyin 3.5 va 4.9-bandlarda sanab oʻtilgan hujjatlar buyurtmachi (qurilish egasi)da; yagona buyurtmachi (qurilish egasi) boʻlganda — tegishli foydalanuvchi tashkilotlarda saqlanadi.
4.11. Davlat qabul hayʼatlari:
a) ishchi hayʼatlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligini va obyektning foydalanishga qabul qilish uchun tayyorligini tanlab tekshirishi;
b) obyektning umumiy texnologik va meʼmoriy-qurilish yechimlarini progressivligini baholashi;
v) ishga tushirilayotgan quvvatlar va ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyekt haqiqiy narxining (buyurtmachi uchun) va obyekt qurilishi narxining tasdiqlangan loyihaga muvofiqligini tekshirishi va tasdiqlashi hamda uning natijalari boʻyicha tegishli takliflar berishi, loyihadan chetga chiqishlar mavjud boʻlsa, ularni vujudga kelish sabablarini tahlil qilishi shart. Tahlil natijalari tegishli takliflar bilan birga hayʼatni tayinlagan organlarga taqdim etilishi lozim.
4.12. 3arurat hollarda Davlat qabul hayʼatlari 3.4-bandda koʻrsatilgan nazorat tanlovlari, sinovlar va tekshirishlarni belgilaydi.
4.13. Obyektning foydalanish uchun yaroqsizligi aniqlanganda Davlat qabul hayʼatlari bu haqda hayʼatni tayinlagan organga oʻzining asoslangan xulosasini taqdim etadi va nusxalarini buyurtmachi (qurilish egasi) va bosh pudratchiga joʻnatadi.
Ushbu holatlarda Davlat qabul hayʼatlari buyurtmachi (qurilish egasi), pudratchi va obyektni loyihalash hamda qurilishini amalga oshirgan boshqa tashkilotlar rahbariyatlariga loyihalash va qurilish-montaj ishlarining sifatsiz bajarilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun materiallarni taqdim etadi.
4.14. Obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnoma imzolangan paytdan Davlat qabul hayʼatlarining vakolatlari tugaydi.
4.15. Qurilishi tugallangan obyektlarning Davlat qabul hayʼatlari tomonidan foydalanishga qabul qilinishi (5-bobda koʻrsatilganlaridan tashqari) 6-ilovada keltirilgan shakl boʻyicha tuzilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarida roʻyxatdan oʻtgan obyektlar boʻyicha foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomalar hayʼat raisi va hayʼatning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va dumaloq muhr bilan tasdiqlanadi. Hayʼatning ayrim aʼzolarida eʼtirozlar boʻlsa, ular oʻzlarining fikrlarini dalolatnomada imzolari bilan birgalikda qayd etish huquqiga ega.
Dalolatnomalarda faqat foydalanish jarayonida aniqlanishi mumkin boʻlgan nuqsonlar uchun kontrakt (shartnoma)ga muvofiq ularni bartaraf etishning kafolatli muddatlari belgilanadi.
4.16. Davlat qabul hayʼati raisi Davlat qabul hayʼatini tayinlagan organga:
a) obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomani;
b) qabul qilish dalolatnomasiga hayʼat aʼzolarining xulosalariga koʻra obyektning normal foydalanish uchun tayyorligi, uning foydalanish uchun zarur moddiy-texnik resurslar, shuningdek kadrlar va ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan sanitariya-maishiy xonalar, ovqatlanish punktlari, turar joy va jamoat binolari bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisida hayʼat xulosalarini oʻz ichiga olgan qisqacha bildirishnomani;
v) lozim hollarda, ishga tushirilayotgan obyektni loyihalash va qurish tajribasidan kelgusida foydalanish, shuningdek ishga tushirilayotgan korxonalarning loyihaviy quvvatlarini oʻzlashtirish boʻyicha belgilangan meʼyoriy davomiylik muddatlarida loyihaviy quvvatini oʻzlashtirishni (uning navbatlari, ishga tushirish kompleksi) taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida taklifni;
g) lozim hollarda, qoʻllanilayotgan uskuna sifatini yaxshilash, korxonalarning rentabelligini hamda bino va inshootlarning mustahkamligini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish texnologik jarayonlari va boshqa loyihaviy yechimlarni yaxshilash toʻgʻrisida takliflarni;
d) obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida Davlat qabul hayʼatini tayinlagan organ qarori loyihasini etishi kerak.
Obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnoma va bildirishnoma besh nusxada tuzilishi, ulardan ikki nusxasi qaror loyihasi bilan birga Davlat qabul hayʼatini tayinlagan organga, ikki nusxasi buyurtmachi (qurilish egasi)ga va bir nusxasi bosh pudratchiga berilishi lozim.
4.17. Davlat qabul hayʼatlarining obyektlarni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomalarini koʻrib chiqish, hayʼat aʼzolarining eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilish va bu hayʼatlarni tayinlagan organlar tomonidan dalolatnomalarni tasdiqlash, ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlar boʻyicha dalolatnomalar imzolangandan soʻng koʻpi bilan bir oy muddatda, turar joy-fuqarolik obyektlari boʻyicha koʻpi bilan yetti ish kuni ichida amalga oshirilishi lozim.
Koʻrsatilgan muddatlari oʻtib ketgan obyektlar qabul qilinmagan hisoblanadi va ular uchun qaytadan Davlat qabul hayʼatlari tayinlanadi.
4.18. Obyektlarni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomalar hayʼatlarni tayinlagan organlar qarori (buyrugʻi, farmoyishi va hokazo) bilan tasdiqlanadi.
4.19. Quvvatlar va asosiy fondlarni ishga tushirish toʻgʻrisida hisobotlarga faqat foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnomalari hayʼatini tayinlagan organ tomonidan tasdiqlangan obyektlar kiritiladi va ular statistika organlari tomonidan hisobotni qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
5. Mulkchilikning boshqa shakllaridagi qurilishi tugallangan obyektlarni qabul qilish
5.1. Davlat investitsiyalari ishtirokidagi aralash mulkchilik (qoʻshma korxonalar) shaklidagi qurilishi tugallangan jamoat va ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlar Davlat qabul hayʼatlari tomonidan mazkur SHNQ da koʻzda tutilgan tartibda qabul qilinadi va 5-ilovada keltirilgan shakl boʻyicha tuzilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
5.2. Buyurtmachi obyektlarni qabul qilishda loyiha mualliflari, ixtisoslashgan va maslahatchi (vositachi) firmalar, sugʻurta jamiyatlari va boshqa tashkilot yoki jismoniy shaxslar kabi investitsion jarayonning istalgan ishtirokchisini jalb qilishi mumkin.
5.3. Kontraktlarida uskunalar, binolar yoki butun kompleksdan foydalanishning kafolatli muddatlari belgilangan holatlarda obyektlar buyurtmachining qaroriga koʻra Davlat hayʼati tomonidan kontrakt majburiyatlari amal qiladigan davrga vaqtincha foydalanishga qabul qilinishi mumkin. Kafolat muddatlari tugaganidan keyin Davlat hayʼatining dalolatnomasi qayta rasmiylashtirilishi lozim.
6. Qurilishning joriy narxlardagi shartnomaviy qiymatini yopish
6.1. Qurilishi tugallangan obyekt foydalanishga kiritilgandan soʻng qurilishning joriy narxlardagi shartnomaviy qiymati (pudrat usulida, 3 va 4-boblarda koʻzda tutilgan obyektlarni istisno qilganda) 5.3-bandda koʻzda tutilgan obyektlar boʻyicha — kafolat muddati tugagandan keyin, qolgan obyektlar boʻyicha esa — 6 oy davomida belgilangan tartibda yopilishi lozim.
6.2. Agar loyihada koʻzda tutilgan ishlab chiqarish va turar joy-fuqarolik maqsadlari uchun moʻljallangan obyektlar qurilishi alohida-alohida mablagʻ bilan taʼminlansa, koʻrsatilgan qurilish turlarining faqat bittasi boʻyicha obyektlar toʻliq hajmda foydalanishga topshirilayotganda, shu turi boʻyicha topshirilgan ish hajmining tegishli shartnomaviy qiymati yopiladi.
1-ILOVA (majburiy)
2-ILOVA (majburiy)
3-ILOVA (majburiy)
Izoh: Obyekt Davlat qabul hayʼati tomonidan qabul qilingunga qadar bosh pudratchi balansida boʻladi.
4-ILOVA (majburiy)
Izoh: Obyekt Davlat qabul hayʼati tomonidan qabul qilingunga qadar bosh pudratchi balansida boʻladi.
5-ILOVA (majburiy)
Izoh: zaruratga koʻra Davlat qabul hayʼati tarkibiga boshqa manfaatdor nazorat organlari va tashkilotlar vakillari kiritilishi mumkin.
6-ILOVA (majburiy)
Izoh: zaruratga koʻra Davlat qabul hayʼati tarkibiga boshqa manfaatdor nazorat organlari va tashkilotlar vakillari kiritilishi mumkin.
7-ILOVA (maʼlumot uchun)
SHNQda foydalanilgan atamalar va taʼriflar
Ishlab chiqarish obyektlari — inson mehnatini va texnologik uskunalarning ishlashini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydigan sanoat ishlab chiqarishini joylashtirish uchun moʻljallangan bino va inshootlar. Funksional maqsadlar boʻyicha ishlab chiqarish obyektlari tegishliligiga koʻra sohalarga mansub boʻladilar.
Uy-joy va fuqarolik maqsadlari uchun obyektlar:
a) turar-joy binolari — aholi yashash joylari binolari:
doimiy yashash uchun turar-joy binolari;
ish yoki oʻqish davrida yashash uchun yotoqxonalar;
qisqa muddatli yashash uchun mehmonxonalar;
internatlar yoki qariyalar uylari;
b) funksional maqsadiga muvofiq jamoat va fuqarolik binolari:
ilmiy va ilmiy xizmat koʻrsatish tashkilotlari va muassasalari;
moliyalashtirish va sugʻurta muassasalari;
jamoat tashkilotlari;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari;
transport va aloqa korxonalari;
qurilish tashkilotlari va muassasalari;
v) ijtimoiy-madaniy va maishiy maqsadlardagi obyektlar:
taʼlim va maʼrifat muassasalari;
sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot muassasalari;
jismoniy tarbiya va sport muassasalari;
madaniyat va sanʼat muassasalari;
kommunal xizmat koʻrsatish muassasalari;
maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari.
Noyob obyektlar — oʻzining konstruktiv yechimiga hamda arxitektura gʻoyasiga koʻra takrorlanmas, yuksak texnik darajasi va meʼmorchilik yutuqlari timsolini ifoda etuvchi obyektlar;
Alohida muhim obyektlar — qurilishi hukumat qarorlari bilan belgilanadigan, milliy iqtisodiy ahamiyatga va strategik maqsadlarga ega obyektlar
Murakkab obyektlar — murakkab konfiguratsiyaga ega boʻlgan, yangi konstruksiyalar va murakkab texnologik jarayonlardan foydalangan holda individual loyihalar boʻyicha qurilgan binolar.
Oddiy inshootlar — mahalliy materiallar va konstruksiyalardan foydalangan holda namunaviy, qayta foydalanilgan loyiha va birxillashtirilgan oʻlchamlarga muvofiq qurilgan inshootlar.
Tajriba (eksperimental) obyektlar — qurilish ishlab chiqarishida yoki foydalanishda samaradorligini oldindan tekshirish maqsadida ommaviy qurilishga joriy etishni nazarda tutuvchi, taklif etilayotgan fan-texnika yutuqlari va amaldagi standart meʼyorlarga oʻzgartirishlar, yangi konstruktiv-rejalashtirish yechimlari hamda tajriba-nazariy tadqiqotlar natijalari amaliyotda qoʻllaniladigan obyektlar.
