Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oʻrganish toʻgʻrisida (KQ-403-V-son)
30.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligi taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish tartibi tubdan oʻzgartirildi hamda asosiy resurslarning tuman darajasida ajratilishi belgilangan.
Yangi tizimga asosan har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik idoralari hamda iqtisodiy kompleks tashkilotlari fuqarolarni ish bilan taʼminlash va daromadlarini oshirish masalalarini joyning oʻzida hal qilish nazarda tutilgan.
Iqtisodiy faollikni oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish, biznes yuritish xarajatlarini kamaytirish hamda shu orqali aholi daromadlarini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish, ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash bilan birga vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish talab etiladi.
Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oʻrganish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Iqtisodiy faollikni oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, yangi tadbirkorlik subyektlari va barqaror ish oʻrinlarini yaratish, biznes yuritish xarajatlarini kamaytirish hamda shu orqali aholi daromadlarini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligi ustidan doimiy parlament nazorati amalga oshirilsin.
2. Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oʻrganish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari:
kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha yaratilgan yangi tizim asosida hududlardagi shtablar ishini samarali tashkil etish, faoliyat koʻrsatmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tiklash orqali ish oʻrinlarini yaratish, mahallalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish hamda ijtimoiy yordam va xizmatlarni manzilli koʻrsatish boʻyicha vazifalarning ijrosini parlament nazorati doirasida oʻrganib borsin;
amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlik subyektlariga tushuntirish ishlarini olib borsin;
chora-tadbirlar rejasiga asosida oʻrganish natijalarini Senat yalpi majlislari, Senat Kengashi hamda qoʻmitalar majlislarida tanqidiy muhokama qilish, mutasaddi rahbarlarning axborotlarini eshitish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin;
oʻrganish natijalari hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasiga maʼlumot kiritib borsin.
4. Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi hududlarda barqaror ish oʻrinlari yaratish, kichik biznesni jadal rivojlantirish hamda aholi daromadlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni muvofiqlashtirsin va natijalarini umumlashtirib borsin.
5. Senat devoni Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etishda amaliy koʻmaklashsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga:
kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha yaratilgan yangi tizim asosida hududlardagi shtablar ishini samarali tashkil etish, faoliyat koʻrsatmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tiklash orqali ish oʻrinlarini yaratish, mahallalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish hamda ijtimoiy yordam va xizmatlarni manzilli koʻrsatish boʻyicha belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish;
sessiyalarda mutasaddi rahbarlarning belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlarini tanqidiy muhokama qilish hamda Oliy Majlis Senatiga respublika darajasida masalalarni hal etish uchun takliflar kiritish tavsiya etilsin.
7. Senatning Axborot xizmati kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati tadbirlarini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini amalga oshirsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 30-sentabr,
KQ-403-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 30-sentabrdagi KQ-403-V-sonli Qaroriga ILOVA
Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oʻrganish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
* Qoʻmitalarning takliflari va Senat Kengashining ish rejalariga asosan chora-tadbirlar rejasiga (oʻrganiladigan hudud yoki tarmoq, oʻrganish mavzusi va muddatlari) oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
