Loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish sifatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (584-son)
21.10.2026
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning istiqbolli va iqtisodiy jihatdan samarali investitsiya yechimlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda faol ishtirokini taʼminlash, ishlab chiqiladigan loyihalar sifatini oshirish, xalqaro standartlar asosida loyihalashtirish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, buyurtmachi xizmatlari va loyiha tashkilotlaridagi mutaxassislar masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
loyiha-qidiruv ishlarining qiymatini aniqlash;
loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirishning muddatlari;
ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblash mezonlari.
2. Maqsadli dasturlar doirasida moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi xizmatlarini koʻrsatishda shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha mualliflik nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar buyurtmachi va loyiha tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomada alohida koʻrsatiladi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymatining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
b) loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun tuziladigan shartnomalarga muvofiq loyiha tashkilotlariga bir martada 30 foiz miqdorida oldindan boʻnak toʻlovi toʻlanadi;
v) loyiha tashkilotini aniqlash uchun buyurtmachi xizmatlari tomonidan davlat xaridlari elektron tizimining elektron tender savdolari platformasida joylashtiriladigan obyektlarni loyihalashtirish topshiriqlari raqamli formatda va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan boʻlishi talab etiladi.
Bunda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — “Shaffof qurilish” MAT):
birinchi bosqichda — 2026-yil 1-dekabrga qadar maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari obyektlarini;
ikkinchi bosqichda — 2027-yil 1-sentabrga qadar sogʻliqni saqlash yoʻnalishidagi obyektlarni;
uchinchi bosqichda — 2028-yil 1-iyunga qadar qolgan boshqa yoʻnalishdagi obyektlarni loyihalashtirish topshiriqlarining raqamlashtirilishi taʼminlanadi;
g) ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari buyurtmachi tomonidan “Shaffof qurilish” MAT orqali qabul qilinadi va buyurtmachi tomonidan qabul qilingan loyiha-smeta hujjatlari avtomatik ravishda bir ish kunida ekspertizaga yuboriladi;
d) “Shaffof qurilish” MATda loyiha tashkilotini aniqlash boʻyicha eʼlon berishda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymati va muddati Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblash mezoniga asosan avtomatik tarzda shakllantiriladi.
3. Belgilansinki, 2027-yil 1-martdan boshlab:
a) maqsadli dasturlar doirasida budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarida yagona yondashuv joriy qilinadi. Bunda:
namunaviy va takroriy qoʻllanadigan loyihalar “Shaffof qurilish” MATga joylashtiriladi;
qurilishi tasdiqlangan namunaviy loyihalarga asosan ularni joyiga bogʻlash orqali amalga oshiriladi (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno);
obyektlarning loyiha hujjatlariga, ular boʻyicha ijobiy ekspertiza xulosasi olinib, buyurtmachi xizmatining ichki buyrugʻi bilan tasdiqlanganidan soʻng asoslantirilmagan qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilishi taqiqlanadi;
b) vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan namunaviy loyihalarning roʻyxati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi;
v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi namunaviy loyihalarni ishlab chiqish ishlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida zarur mablagʻlarning ajratilishini nazarda tutadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
b) Adliya vazirligi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda loyihalashtirish sohasida litsenziyani bekor qilish va uning oʻrniga mutaxassislarga malaka darajasini belgilovchi sertifikatlash tartibi boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-oktabr,
584-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-oktabrdagi 584-son qaroriga 1-ILOVA
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom loyiha-qidiruv ishlarining manzilli roʻyxatiga kiritiladigan, shuningdek, budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishchi loyiha (IL) — ishchi chizmalardan tashkil topgan shaharsozlik hujjati;
ishchi hujjatlar — alohida bino va inshootlar hamda ish turlari uchun ishchi chizmalar jamlanmasidan iborat shaharsozlik hujjati;
loyihalashtirish topshirigʻi — quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va kapital taʼmirlanadigan obyektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishdan oldin texnik qoidalar va talablarni hisobga olgan holda buyurtmachining loyiha-smeta hujjatlariga boʻlgan aniq talabi;
loyiha-smeta hujjatlari — shaharsozlik norma va qoidalariga amal qilingan holda ishlab chiqiladigan, matnli va grafik materiallardan iborat, arxitektura, funksional-texnologik, konstruktiv, muhandislik-texnik yechimlarni belgilovchi va qurilishni taʼminlash uchun resurs-smeta qiymatini aniqlovchi hujjat;
rekonstruksiya qilish — binolardan foydalanish sharoitlarini oʻzgartirish, ularning jismoniy eskirishi tufayli yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish, binolardan foydalanishning yangi maqsadlariga erishish uchun asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) oʻzgartirish bilan bogʻliq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar hamda koʻp kvartirali uydagi joyni qayta rejalashtirish majmui.
2-bob. Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi
3. Buyurtmachi tomonidan loyiha-qidiruv ishlarining boshlangʻich qiymatini belgilashda:
Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar uchun qoʻllanadigan koeffitsiyentlar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq;
Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq aniqlanadi.
4. Loyiha-qidiruv ishlarining qiymati qurilish obyektining narxi va murakkablik toifasiga qarab buyurtmachi tomonidan aniqlanadi.
5. Buyurtmachi tomonidan ishchi loyihani ishlab chiqish qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Lj = Qn x Lh.m,
bunda:
Lj — ishchi loyihaning joriy narxlardagi qiymati;
Qn — obyekt qurilishining dastlabki narxlardagi qiymati;
Lh.m — ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq ishchi loyiha qiymatini hisoblash mezoni.
6. Turli bosqich va davrlarda loyihalashtirishdan oldingi asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning miqdoriy qiymati ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq aniqlanadi.
7. Loyiha-qidiruv qiymatini aniqlashda ikki yoki undan ortiq murakkablashtiruvchi omil mavjud boʻlganda, koeffitsiyent ularning har biri uchun alohida qoʻllanadi.
8. Majmualardan tashqaridagi ayrim obyektlarni loyihalashtirishda foydalanishga tayyor boʻlgan namunaviy loyihalardan foydalanilganda (loyihalashtirish topshirigʻiga muvofiq), ishlar qiymati quyidagi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda umumiy qoida boʻyicha aniqlanadi:
poydevor yechimlarini qayta hisoblamasdan — 0,4;
poydevor yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,6;
poydevor va yer ustki qismi yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,7.
9. Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyektning qiymati loyiha tashkilotini aniqlash uchun foydalanilgan dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 baravardan yuqori yoki kamni tashkil etganda, loyiha-qidiruv ishlarining qiymati qayta hisoblab chiqiladi.
Bunda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun qoʻllangan koeffitsiyent va miqdorlarning oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganda, kelishuvga koʻra, qoʻshimcha ishlar uchun alohida haq toʻlanadi.
10. Loyiha-qidiruv ishlarining toʻliq qiymati quyidagi formulalar boʻyicha aniqlanadi:
a) bir bosqichli loyihalashtirishda:
Shq = Jq + Lq,
bunda:
Shq — loyiha-qidiruv ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Jq — ishchi loyihaning barcha mezonlar inobatga olingan joriy narxlardagi qiymati;
Liq — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati;
b) ikki bosqichli loyihalashtirishda:
Shq = Ajn + Ijn+ Liq,
bunda:
Shq — loyiha-qidiruv ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Ajn — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Ijn — ishchi hujjatlarining joriy narxlardagi qiymati;
Liq — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
Ishchi loyiha ikki bosqichli loyihalashtirish qiymatini hisoblashda asos qilib olinadi.
11. TIA (texnik iqtisodiy asos), TIHK (texnik iqtisodiy hisob-kitob) va boshqa bosqichlarning (jumladan, dastlabki eskiz loyihalari) shartlari loyihalashtirish topshirigʻida boshqacha koʻrsatilgan hollarda, ishlab chiqishdagi qiymat quyidagicha hisoblanadi:
Shq = Ajn + Liq,
bunda:
Shq — loyiha-qidiruv ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Ajn — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Liq — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
12. Qurilishning taxminiy qiymati ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq qisqacha tavsiyalar asosida aniqlanadi.
13. Loyiha-qidiruv ishlarining qiymatini hisoblashda koʻzda tutilmagan ishlar qiymati ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq mezonlar asosida aniqlanadi.
14. Loyiha tashkilotlari oʻzlarining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlashda chegirmalar belgilash huquqiga ega.
3-bob. Loyiha-qidiruv ishlarining muddatlari
15. Buyurtmachilar loyiha tashkilotini aniqlash boʻyicha eʼlon berishda amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha quyidagi birlamchi-ruxsat beruvchi va loyihaoldi hujjatlarning belgilangan tartibda “Shaffof qurilish” MATda biriktirilishini taʼminlaydi:
qurilishi rejalashtirilgan yer uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat (nusxasi);
rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan bino va inshootlarga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat (nusxasi);
bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashda nuqson dalolatnomalari;
loyihalashtirish topshiriqlari;
arxitektura-rejalashtirish topshiriqlari;
rekonstruksiya qilinadigan va kapital taʼmirlanadigan binolar va inshootlarning texnik holati toʻgʻrisida xulosa;
qurilishi rejalashtirilgan obyekt hududida bino va inshootlarni buzish va kompensatsiya berish boʻyicha maʼlumotlar;
loyihalashtirish uchun muhandislik-texnik izlanishlar (loyihalashtiriladigan maydon boʻyicha 1:500 masshtabda, tashqi tarmoqlar boʻyicha 1:1000 yoki 1:500 masshtabda topografik xarita va rejalar, muhandislik-geologiya izlanishlari boʻyicha xulosalar);
geologiya va gidrogeologiya xulosalari;
hudud boʻyicha epidemiologik xulosa;
davlat ekologik ekspertizasi xulosasi.
16. Buyurtmachi va loyiha tashkiloti oʻrtasidagi shartnoma buyurtmachi tomonidan qisman va (yoki) toʻliq moliyalashtirish ochish uchun asos hisoblanadi.
Loyiha ishlarini boshlash muddati buyurtmachi va loyiha tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan loyiha tashkilotiga boʻnak toʻlangandan keyin boshlangan hisoblanadi.
17. Loyiha tashkilotlari loyiha-qidiruv ishlarining davomiyligi shartnomada koʻrsatiladi va ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq qabul qilinadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
18. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar uchun qoʻllanadigan
KOEFFITSIYENTLAR
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi
KOEFFITSIYENTLAR
Izoh. Oraliq qiymatlar interpolyatsiya orqali aniqlanadi.
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblash
MEZONI
Izohlar.
1. Obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymatini aniqlash maqsadida obyektlarni loyihalashtirish va qurishning chegaralari quyidagicha belgilanadi:
komplekslar uchun (ikki va undan ortiq bino va inshootlardan iborat obyektlar uchun) — ajratilgan yer maydoni chegarasida;
alohida bino va inshootlar uchun — bino va inshootning chegarasini belgilovchi konstruksiyalarning, shu jumladan, binolarning koʻprikli, muhandislik jihozlari tizimlarini chiqarish va kiritish joylaridagi tashqi konturlari ichida.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari vertikal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya orqali aniqlanadi.
3. Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblashda quyidagi ishlar hisobga olinmagan:
konstruksiyalar va ishlarni bajarishning oʻta murakkab usullari qoʻllanadigan obyektlarni loyihalashtirish vaqtida maxsus yordamchi inshootlar, moslamalar, qurilma va uskunalarning ishchi chizmalarini ishlab chiqish (bu ishlar loyihalashtirish topshirigʻida aks ettirilgan boʻlishi zarur);
zavodda ishlab chiqariladigan metall konstruksiyalar va texnologik quvur oʻtkazgichlarning mufassal chizmalarini, andozasiz va nostandart jihozlarni konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish (shu jihozlarni konstruksiyalashga boʻlgan loyihalashtirish topshiriqlari bundan mustasno);
buyurtmachi topshirigʻiga binoan qoʻshimcha ishlarni bajarish;
texnik koʻrik va oʻlchov ishlarini bajarish.
4. Mazkur ilovada keltirilgan obyektlar qurilishining joriy narxlardagi qiymatida qoʻshilgan qiymat soligʻi eʼtiborga olinmagan.
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Turli bosqich va davrlarda loyihalashtirishdan oldingi asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning
MIQDORIY QIYMATI
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Qurilishning taxminiy qiymatini aniqlashga doir qisqacha
TAVSIYALAR
1. Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini shakllantirish maqsadida qurilishning qiymatini aniqlashda quyidagi tavsiyalardan foydalaniladi:
1-variant — qurilishi moʻljallangan obyektning respublika hududlari boʻyicha quvvatlar bir birligini (1 m2, oʻquvchi oʻrni, koyka va faoliyat sohasidan kelib chiqqan holda boshqalar) qurishning preyskurant qiymatlari toʻplamlari;
2-variant — analog obyektlar;
3-variant — qurilishning yirik hisobda olingan smeta koʻrsatkichlari;
4-variant — loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqishning dastlabki bosqichlarida aniqlab olingan iqtisodiy koʻrsatkichlar.
2. Mazkur variantlarda nazarda tutiladigan qiymatlar joriy vaqtga nisbatan qoʻllanadi.
Bunda narxlar indeksi oʻzgarishini hisoblab chiqish uchun asosiy tuzilmaviy xarajatlar quyidagi ulushli miqdorda (foizlarda) olinadi (uskunalarsiz):
mehnat haqi — 0,2;
materiallar — 0,6;
mashinalardan foydalanish — 0,2.
3. Narxlar indeksi oʻzgarishi quyidagicha olinadi:
mehnat haqi toʻlovi xarajatlariga — joriy hisoblash davridagi bazaviy hisoblash miqdorining normativlar va oʻxshash namunalarni ishlab chiqish davridagi bazaviy hisoblash miqdoriga nisbati;
materiallarni xarid qilish xarajatlariga — material-buyumlarning (beton, gʻisht, metall, yogʻoch konstruksiyalar va boshqalar) joriy hisoblash davridagi narxlarining normativlar, oʻxshash namunalarni ishlab chiqish davridagi shu materiallar narxlariga nisbati;
mashinalardan foydalanishga — joriy hisoblash davridagi yonilgʻi-moylash materiallari narxlarining normativlar, oʻxshash namunalarni ishlab chiqish davridagi narxlariga nisbati.
4. Jihozlar va uskunalarning qiymati buyurtmachi, prays varaqlar, kataloglar, birja xabarnomalari yoki haqqoniy axborotning boshqa manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra aniqlanadi.
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Loyiha-qidiruv ishlarining qiymatini hisoblashda koʻzda tutilmagan ishlar qiymatini aniqlash
MEZONLARI
Izohlar.
1. Mehnat xarajatlari boʻyicha hisob-kitob quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Sp = CiXHc, bunda:
Sp — joriy narxlardagi qiymat;
Ci — berilgan ishni bajarish uchun ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlariga) toʻlashga rejalashtirilgan mehnat haqi fondi;
Hc — qiymat normativi, loyihalashtirish tashkilotida hisoblangan yillik hajmning rejaga koʻra ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlari) toʻlanadigan ish haqiga boʻlgan nisbatda aniqlanadi. Avvalgi yil uchun yillik balans hisobotining moliyaviy natijalari koʻrsatkichlariga muvofiq belgilash tavsiya etiladi.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari gorizontal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya orqali aniqlanadi.
Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Loyiha ishlarining davomiyligini belgilash tartibi
Izoh. Kichik daha (mavze) maydonining 30 foizdan ortiq boʻlgan qismida murakkablashtiruvchi omillar mavjud boʻlsa, quyidagi koeffitsiyentlar qoʻllanadi:
mavjud saqlanib qolinadigan binolar uchun — 1,2;
murakkab geologik va gidrogeologik sharoitlar, suv bilan toʻyingan tuproqlar, choʻkuvchan tuproqlar uchun — 1,2;
yer yuzasining qiyaligi 0,005 dan kam va 0,05 dan ortiq boʻlganda — 1,1.
Izoh.
1. Har xil qavatli binolarni loyihalashtirish ishlarining davomiyligi 1,2 koeffitsiyent bilan olinishi kerak.
2. Obyektning quvvati bitta boʻlim (seksiya) uchun belgilanadi. Takrorlanadigan qavat rejasi bilan bir nechta boʻlimlarni blokirovka qilishda, har bir boʻlim uchun loyihalashtirish ishlarining davomiyligi 10 foizga oshadi. Takrorlanmagan qavatlar soni bilan bir nechta boʻlimlarni bloklashda har bir takrorlanmagan boʻlimlarni loyihalashtirish muddati K=0,6 koeffitsiyent bilan qabul qilinadi.
Izoh. Shahar transporti uchun vaqtincha ochiq avtoturargohlarni (avtobus, trolleybus, tramvay) loyihalashtirish muddati ushbu jadvalning 7-bandiga asosan 0,6 koeffitsiyent yordamida olinadi.
Izoh.
1. 11 va 13-jadvallarda muhandislik tarmoqlari va yoʻllarni loyihalashtirish ishlarining davomiyligi ularning uzunligi 500 p.m ga teng deb hisoblanadi. Turli uzunlikdagi ushbu obyektlarni loyihalashtirish muddatini aniqlashda quyidagi formuladan foydalaniladi:
P=P500 × X × Ktuz
bu yerda:
P — muhandislik tarmoqlari va yoʻllarini loyihalashtirish ishlarining davomiyligi;
P500 — uzunligi 500 p.m boʻlgan muhandislik tarmoqlari va yoʻllarni loyihalashtirish muddati;
X — muhandislik tarmoqlari va yoʻllar uzunligi, bir necha 500 p.m.;
Ktuz — kommunal tarmoqlar va yoʻllar uzunligini hisobga oluvchi tuzatish koeffitsiyenti;
Tarmoqlar va yoʻllarning uzunligiga tuzatish omillari quyidagi jadvalda keltirilgan:
Muhandislik tarmoqlari va yoʻllar uzunligining oraliq qiymati bilan interpolatsiya orqali (Ktuz) aniqlanadi.
2. Kompleks loyihani loyihalashtirish ishlarining davomiyligini belgilashda, kompleksga kiritilgan alohida tuzilmalarni loyihalashtirish vaqtining kombinatsiyasini hisobga olish kerak.
3. Kanalizatsiya tizimidagi telefon kabellarini loyihalashtirishda birinchisidan tashqari har bir keyingi kabel 0,5 tuzatish koeffitsiyenti boʻlgan kabel uchun jadvalga muvofiq loyihalashtirish ishlarining davomiyligi moʻljallangan.
Asosiy obyektlar bilan tashqi muhandislik tarmogʻi, shuningdek, binolarning yoniga biriktirib va yuqorisiga quriladigan xonalarni loyihalashtirish jarayonini birga amalga oshirishda loyihalashtirish ishlarining davomiyligini aniqlash koeffitsiyentlari
Izoh. Suv xoʻjaligi tarmoqlarini loyihalashtirish ishlarining davomiyligi ularning uzunligi 10 km ga teng deb hisoblanadi.
Turli uzunlikdagi ushbu obyektlarni loyihalashtirish muddatini aniqlashda quyidagi formuladan foydalaniladi: P=P10 × X × Ktuz bu yerda: P — suv xoʻjaligi tarmoqlarini loyihalashtirish ishlarining davomiyligi; P10 — uzunligi 10 km boʻlgan suv xoʻjaligi tarmoqlarini loyihalashtirish muddati, X — loyihalashtirish muddatlarini hisobga oluvchi tuzatish miqdori;
yaʼni L — suv xoʻjaligi tarmoqlarining loyihaviy uzunligi-km, Ktuz — suv xoʻjaligi tarmoqlarining uzunligini hisobga oluvchi tuzatish koeffitsiyenti; suv xoʻjaligi tarmoqlarining uzunligiga tuzatish omillari quyidagi jadvalda keltirilgan: L10 km gacha, 10 km dan 15 km gacha, 15 km dan 25 km gacha, 25 km dan 30 km gacha, 30km dan ortiq, Ktuz 1,0. 0,9.0,8. 0,7. 0,6.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-oktabrdagi 584-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-avgustdagi 496-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy reglamentda:
a) 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Qurilish obyektlarining murakkablik toifalari mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq quyidagicha toʻrt toifaga boʻlinadi:”;
b) 2-ilova matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qurilish obyektlarining murakkablik toifalari
TASNIFI
Izoh. Obyektlar rekonstruksiya qilinganda yangi rejalashtirilgan obyektlar toifasi qoʻllanadi.”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi 206-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tizimi budjetlari hisobidan kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 41-bandining “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “15 foiz” soʻzlari “30 foiz” soʻzlari bilan almashtirilsin.
