Sunʼiy intellektga oid amaliy loyihalarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (581-son)
20.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, sunʼiy intellektni ilm-fan va ilmiy-tadqiqot sohalarida keng joriy qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga muvofiq oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilari ularning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun grafik ishlov berish bloklari (GPU klaster) va “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan (keyingi oʻrinlarda — Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasi) Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan belgilanadigan axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish;
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari tomonidan loyihalar joriy etilgandan soʻng besh yil davomida toʻliq miqdorda Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) qaytarilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan foizsiz kredit sifatida ajratilgan mablagʻlar hisobidan loyihalarni moliyalashtirish va ajratilgan mablagʻlarni qaytarish Jamgʻarma, Markaz hamda davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari oʻrtasida tuziladigan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish tariflarini tasdiqlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-oktabr,
581-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-oktabrdagi 581-son qaroriga ILOVA
Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilari tomonidan grafik ishlov berish bloklari (GPU klaster) va “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan (keyingi oʻrinlarda — Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan) bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
validatsiya — sunʼiy intellekt modelining sifati, toʻgʻri ishlashi va belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida tekshirish;
dasturiy interfeys (API) — axborot tizimlari, dasturlar yoki servislar oʻrtasida maʼlumot almashish va oʻzaro ishlashni taʼminlovchi qoidalar, usullar va texnik vositalar majmui;
ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar — “katta maʼlumotlar”, mashinaviy oʻqitish va boshqa sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida aholi, davlat organlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun ijtimoiy foydali natija yaratishga qaratilgan, taʼlim, tibbiyot, ekologiya, transport, qishloq xoʻjaligi, davlat xizmatlari, xavfsizlik, energiya samaradorligi va boshqa ustuvor sohalardagi muammolarni hal etishga xizmat qiluvchi oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar;
inferens — oldindan oʻrgatilgan sunʼiy intellekt modeli orqali yangi maʼlumotlarni qayta ishlash va natijani shakllantirish jarayoni;
katta til modeli — katta hajmdagi matnli va boshqa maʼlumotlar asosida oʻqitilgan, tabiiy tilni qayta ishlash texnologiyalaridan foydalangan holda foydalanuvchi soʻrovlarini tahlil qilish, mazmunli javoblarni shakllantirish, matnni yaratish, tahrir qilish, tasniflash, umumlashtirish va tarjima qilish vazifalarini bajaruvchi sunʼiy intellekt modeli;
Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasi — Raqamli texnologiyalar vazirligiga tegishli boʻlgan, sunʼiy intellekt texnologiyalari boʻyicha parallel hisoblashni amalga oshirish, mashinaviy oʻqitish va boshqa loyihalar uchun zarur boʻlgan grafik ishlov berish bloklarini (GPU) oʻz ichiga olgan yuqori samarali hisoblash klasteri hamda maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va shakllantirish uchun ixtisoslashtirilgan “katta maʼlumotlar” bazasi;
token — katta til modeli yoki sunʼiy intellekt servisi orqali qayta ishlangan kiruvchi soʻrovlar va shakllantirilgan chiquvchi javoblar miqdorini ifodalovchi hisob koʻrsatkichi;
foydalanuvchi — sunʼiy intellekt sohasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni tashabbus qiluvchi oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy tashkilotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-357-son qarori bilan belgilangan Raqamli startaplar dasturiga aʼzo boʻlgan startaplar, shuningdek, hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilari.
2-bob. Sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish
3. Foydalanuvchilarga Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasi ushbu Nizom, axborot xavfsizligi talablari, maʼlumotlardan foydalanish shartlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan belgilanadigan texnik va tashkiliy talablar, shuningdek, foydalanuvchi bilan tuziladigan kelishuv yoki xizmat koʻrsatish shartlari asosida taqdim etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish, qoʻshimcha oʻqitish, sinovdan oʻtkazish, validatsiya qilish, baholash, inferens hamda axborot-tahliliy xizmatlar maqsadlarida foydalanishga ruxsat etiladi.
4. Katta til modellari texnologiyasidan foydalanuvchi loyihalari uchun Markaz tomonidan dasturiy interfeys (API) orqali foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
Bunda foydalanuvchiga Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasida katta til modellari texnologiyasidan bepul ravishda 6 oygacha muddatda, bir kalendar oy davomida dasturiy interfeys (API) orqali 10 million token hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Tokenlar hajmi, agar Markaz tomonidan tasdiqlangan texnik shartlarda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasiga kiruvchi soʻrovlar va chiquvchi javoblar boʻyicha qayta ishlangan tokenlar yigʻindisi asosida hisoblanadi.
Foydalanuvchi tomonidan bir kalendar oy davomida 10 million tokendan ortiq hajmda foydalanilgan taqdirda, qoʻshimcha 50 million tokengacha boʻlgan hajm uchun toʻlovlar Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflarga muvofiq belgilanadi. Bunda tarif boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi, foydalanilmagan tokenlar keyingi oylarga oʻtkazilmaydi.
5. Foydalanuvchiga katta til modellari boʻyicha faqat inferens, sinovdan oʻtkazish, validatsiya qilish, baholash hamda axborot-tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish maqsadlarida foydalanishga ruxsat etiladi.
6. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasi hisoblash quvvatlaridan katta til modellari hisoblanmaydigan sunʼiy intellekt modellarini oʻrgatish, qoʻshimcha oʻrgatish, sinovdan oʻtkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens maqsadlarida 6 oygacha boʻlgan muddatga jami 120 gigabaytdan koʻp boʻlmagan videoxotira hajmi foydalanuvchi arizasiga muvofiq ajratiladi.
Ajratiladigan resurslar hajmi, foydalanish muddati, texnik parametrlari, cheklovlari, hisoblash grafigi va foydalanish shartlari Markaz tomonidan tasdiqlanadigan texnik topshiriq, xizmat koʻrsatish shartlari yoki foydalanuvchi bilan tuziladigan kelishuvda belgilanadi.
7. Foydalanuvchi ajratilgan resurslardan foydalanish muddati tugaganidan va loyiha natijalari boʻyicha yakuniy hisobot Markaz tomonidan qabul qilinganidan soʻng yangi loyiha bilan navbatdagi tanlovda ishtirok etishga haqli.
Bir foydalanuvchiga bir vaqtning oʻzida Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasi resurslaridan foydalanish boʻyicha bittadan ortiq loyihani amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
8. Foydalanuvchilarga Markaz tomonidan belgilanadigan axborot xavfsizligi talablari hamda ajratiladigan resurslar (hajmlar) doirasida “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Foydalanuvchilar, agar qonunchilik hujjatlarida yoki Markaz bilan tuzilgan shartnomada (kelishuvda) boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, olingan maʼlumotlarni ushbu Nizomda belgilangan maqsadlardan tashqari qayta ishlashga, uchinchi shaxslarga taqdim etishga (berishga), nusxalashga, tarqatishga yoki tijorat maqsadlarida foydalanishga haqli emas.
3-bob. Loyihalarni tanlab olish tartibi
9. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli ravishda foydalanish huquqi uchun foydalanuvchilarning loyihalari ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladigan ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — ekspert komissiyasi) tomonidan tanlov oʻtkazish orqali saralab olinadi.
10. Tanlov bir yilda ikki marotaba (iyul va noyabr oylarida) oʻtkaziladi.
11. Ekspert komissiyasi tarkibiga davlat organlari, tegishli sohalar mutaxassislari, ilmiy tashkilotlar vakillari hamda mustaqil ekspertlar kiritiladi.
Ekspert komissiyasining tarkibi va ish tartibi raqamli texnologiyalar vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Markaz ekspert komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
12. Quyidagilar ekspert komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tanlovga taqdim etilgan loyihalarni koʻrib chiqish;
tanlovga taqdim etilgan loyihalarni baholash;
tanlov gʻoliblarini saralash;
tanlovni oʻtkazish tartibi yuzasidan tushuntirishlar berish;
qonun buzilishi holatlari yuzasidan ishtirokchilarni chetlatish va dalolatnomalar tuzish;
tanlov natijalari yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga taklif kiritish.
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi ekspert komissiyasining tanlov natijalari yuzasidan kiritgan takliflarini koʻrib chiqadi hamda tanlov gʻoliblarini tasdiqlash toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qiladi.
13. Tanlov ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar oʻrtasida oʻtkaziladi.
14. Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan, aniq maqsad va kutilayotgan natijalarga ega boʻlishi;
resurslardan foydalanish hajmi, muddati va kutilayotgan samaradorlik koʻrsatkichlari asoslab berilishi;
qonunchilik hujjatlari, axborot xavfsizligi talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining “Sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha etika qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2026-yil 14-martdagi 3787-son buyrugʻiga muvofiq boʻlishi.
15. Tanlovda ariza beruvchilar quyidagi baholash mezonlari asosida umumiy 100 balli tizim boʻyicha baholanadi:
ijtimoiy ahamiyati 10 ballgacha;
samaradorlik darajasi 10 ballgacha;
kutilayotgan natijasi 20 ballgacha;
innovatsionlik darajasi 10 ballgacha;
texnik jihatdan asoslangani 10 ballgacha;
resurslardan foydalanish samaradorligi 20 ballgacha;
xavfsizlik talablari va maʼlumotlar bilan ishlash darajasi 10 ballgacha;
sunʼiy intellekt etikasi qoidalariga amal qilingani 10 ballgacha.
Tanlovda ishtirokchilar tomonidan teng ball toʻplangan taqdirda, resurslardan foydalanish samaradorligi va kutilayotgan natija mezonlari boʻyicha yuqori ball olgan ishtirokchiga ustuvorlik beriladi.
16. Tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlon arizalar qabul qilinishi boshlanishidan kamida bir oy oldin Markazning rasmiy veb-sayti va boshqa axborot resurslarida joylashtiriladi.
Tanlov eʼlonida tanlovni oʻtkazish muddatlari, ishtirok etish shartlari, arizalarni qabul qilish tartibi va muddatlari, taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati, baholash mezonlari, tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
17. Talabgorlar tanlovda ishtirok etish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza ilova qilingan holda, elektron shaklda Markazning rasmiy veb-sayti orqali arizalar qabul qilinishi boshlangan sanadan boshlab oʻn ish kuni ichida taqdim etiladi.
18. Ekspert komissiyasi arizalarni qabul qilish muddati tugaganidan soʻng oʻn besh ish kuni ichida kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqadi, baholaydi va tanlov natijalari yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga kiritadi.
19. Tanlab olingan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar Markazning rasmiy veb-saytida yuritiladigan reyestrga kiritib boriladi. Reyestrda loyiha nomi, foydalanuvchi nomi, loyihaning yoʻnalishi, ajratilgan resurs turi va amalga oshirish muddati aks ettiriladi.
4-bob. Apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish
20. Tanlov ishtirokchilarining tanlov natijalari yuzasidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ekspert komissiyasi tarkibiga kirmagan kamida besh nafar mutaxassisdan iborat tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Zarur hollarda apellyatsiya komissiyasi ishiga mustaqil ekspertlar jalb etilishi mumkin.
21. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishga haqli.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayonida talabgor ekspert komissiyasi vakillari hamda zarur hollarda, mustaqil ekspertlar ishtirok etishi mumkin.
22. Apellyatsiyaga faqat talabgorning oʻzi tomonidan taqdim etilgan loyiha boʻyicha baholash natijalarini qayta koʻrib chiqishga oid apellyatsiya shikoyati qabul qilinadi.
23. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini ushbu Nizom talablari, baholash mezonlari va taqdim etilgan hujjatlar asosida besh ish kunida koʻrib chiqadi hamda ekspert komissiyasi qarorini oʻzgartirish, bekor qilish yoki oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida asoslantirilgan qaror qabul qiladi.
24. Apellyatsiya komissiyasi ekspert komissiyasi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda, ekspert komissiyasi Apellyatsiya komissiyasi qarorini majburiy tartibda inobatga olgan holda, tanlov natijalarini qayta koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
25. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan talabgorga va ekspert komissiyasiga qaror qabul qilingan kunda elektron shaklda yuboriladi.
5-bob. Foydalanuvchilarning huquqlari
26. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish davomida foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
ushbu Nizomda belgilangan tartib va shartlar asosida sunʼiy intellekt infratuzilmasi hisoblash quvvatlari hamda “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan foydalanish;
Markazdan Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish tartibi, texnik talablar va resurslardan foydalanish shartlari boʻyicha axborot va tushuntirishlar olish;
ushbu Nizomda belgilangan tartibda ajratilgan resurslar hajmi, ulardan foydalanish muddati va texnik parametrlari toʻgʻrisida maʼlumot olish;
loyihani amalga oshirish jarayonida Markaz bilan oʻzaro hamkorlik qilish hamda texnik masalalar yuzasidan maslahat olish;
ushbu Nizom talablariga muvofiq resurslardan foydalanish yakunlanganidan soʻng yangi loyiha bilan navbatdagi tanlovda ishtirok etish;
Markazning qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish.
6-bob. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
27. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish davomida foydalanuvchi quyidagilarga majbur:
axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish va maʼlumotlardan foydalanish talablariga rioya etish;
qayta ishlovchi texnik va dasturiy vositalar, tashkiliy texnika, kompyuter texnikasi va uskunalari, telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi;
ajratilgan sunʼiy intellekt infratuzilmasi, dasturiy interfeys (API), maʼlumotlar bazalari va boshqa resurslardan faqat tasdiqlangan loyiha maqsadlarida foydalanish;
Markaz tomonidan soʻralganda resurslardan foydalanish holati, loyiha natijalari, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishi va maʼlumotlar bilan ishlash holati yuzasidan hisobot taqdim etish;
ajratilgan hisob yozuvlari, dasturiy interfeys (API) kalitlari, kirish parollari va boshqa identifikatsiya vositalarini uchinchi shaxslarga bermaslik;
infratuzilmadan kriptovalyuta mayningi, zararli dasturlar yaratish, ruxsatsiz kirish, spam, fishing, noqonuniy kontent yaratish yoki qonunchilikka zid boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
axborot xavfsizligi insidenti yoki maʼlumotlar tarqalishi holati aniqlangan taqdirda, Markazni zudlik bilan xabardor qilish.
7-bob. Markazning huquqlari
28. Foydalanuvchi tomonidan ushbu Nizom, axborot xavfsizligi talablari, maʼlumotlardan foydalanish shartlari yoki Markaz bilan kelishilgan texnik shartlar buzilgan taqdirda, Markaz quyidagi choralarni qoʻllashga haqli:
foydalanuvchiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ogohlantirish yuborish;
ajratilgan videoxotira va dasturiy interfeys (API) resurslari yoki “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan foydalanishni vaqtincha cheklash;
foydalanish huquqini toʻxtatib turish yoki bekor qilish.
29. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanishda ajratilgan resurslar hajmi, foydalanish muddati, texnik parametrlar, tokenlar soni, videoxotira hajmi, hisoblash vaqti, maʼlumotlardan foydalanish hajmi, hisob-kitob tartibi, axborot xavfsizligi talablari va hisobot taqdim etish shartlari Markaz tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinadi va monitoring qilinadi.
Monitoring natijalari loyihani davom ettirish, resurs hajmini oʻzgartirish, foydalanishni cheklash yoki bekor qilish boʻyicha qaror qabul qilishda asos boʻlishi mumkin.
8-bob. Markazning majburiyatlari
30. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanishni tashkil etishda Markaz quyidagilarga majbur:
foydalanuvchilarga ajratilgan resurslardan foydalanish uchun zarur texnik va tashkiliy shart-sharoitlarni taʼminlash;
hisoblash quvvatlari va “katta maʼlumotlar” bazalariga ushub Nizom hamda foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq foydalanish imkoniyatini taqdim etish;
foydalanuvchilarga infratuzilmadan foydalanish tartibi, texnik talablar va axborot xavfsizligi boʻyicha zarur axborot hamda tushuntirishlar berish;
foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar va loyiha materiallarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muhofaza qilinishini taʼminlash;
ajratilgan resurslardan foydalanish holatini hisobga olish va monitoring qilish;
axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda axborot xavfsizligi insidentlari yuzasidan zarur choralarni koʻrish;
ushbu Nizomga muvofiq foydalanuvchilarning yakuniy hisobotlarini koʻrib chiqish va ular boʻyicha tegishli qaror qabul qilish.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Foydalanuvchi Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan foydalanish natijasida yaratilgan dasturiy mahsulotlar, modellar, algoritmlar, maʼlumotlar toʻplamlari va boshqa intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
32. Markaz foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan maxfiy maʼlumotlar, tijorat sirlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa maʼlumotlarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha zarur tashkiliy va texnik choralarni koʻradi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilariga ularning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli ravishda foydalanish imkoniyatini taqdim qilish boʻyicha tanlovni tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Chora-tadbirlar Bajarish muddati 1-bosqich Markaz (“Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” DM) Tanlov boʻlib oʻtish muddatlari va shartlari toʻgʻrisida eʼlon beradi. Har yili iyun va oktabr oylarining boshida 2-bosqich Talabgorlar (oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokim maslahatchilari) Markaz veb-sahifasi orqali tegishli namunadagi ariza taqdim etadi. Markaz tomonidan eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 1 oy davomida 3-bosqich Markaz (“Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” DM) Kelib tushgan murojaatlarni qabul qiladi va ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi. Eʼlon yakunlangandan soʻng 3 ish kunida 4-bosqich Ekspert komissiyasi Kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqadi, baholaydi va natijalarini “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga taqdim qiladi. Arizalarni qabul qilish muddati tugagandan soʻng 15 ish kuni ichida 5-bosqich “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi Natijalarni koʻrib chiqadi hamda tanlov gʻoliblarini tasdiqlash toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qiladi. Har yili iyul va noyabr oylarida 6-bosqich Markaz (“Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” DM) Tanlov natijalarini eʼlon qiladi, gʻolib loyihalarni veb-sahifadagi maxsus reyestrga kiritadi. Yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng bir ish kunida
Oliy taʼlim, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchilarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infratuzilmasidan imtiyozli ravishda foydalanish toʻgʻrisida
ARIZA
__________________________________________________________________________________ (ariza beruvchi OTM, ilmiy tashkilot yoki startap nomi) Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasidan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirish maqsadida sunʼiy intellekt infratuzilmasi resurslaridan imtiyozli ravishda foydalanishni soʻrab quyidagilarni maʼlum qiladi: 1. Tashkilot toʻgʻrisida maʼlumot: _________________________________________________________________________________________ 2. Loyihaning nomi: _________________________________________________________________________________________ 3. Loyihaning qisqacha tavsifi: _________________________________________________________________________________________ 4. Loyihaning ijtimoiy ahamiyati va qaysi sohaga tegishliligi (taʼlim, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, davlat boshqaruvi, transport va boshqalar): _________________________________________________________________________________________ 5. Loyihaning maqsadi va kutilayotgan natijalari: _________________________________________________________________________________________ 6. Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish yoʻnalishi: modelni oʻqitish modelni qoʻshimcha oʻqitish sinovdan oʻtkazish validatsiya qilish xulosa (inferens) boshqa ______________________________________. 7. Soʻralayotgan resurs turi: GPU klaster; “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlar; GPU klaster va “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlar; 8. Soʻralayotgan texnik resurslar hajmi: Tokenlar soni ______________________________________; Hisoblash muddati ______________________________; Videoxotira hajmi ______________________; Boshqa talablar _________________________________; 9. Resurslardan foydalanish muddati ______________ 10. Resurslardan foydalanishning texnik asoslantirilishi: _________________________________________________________________________________________ 11. Loyihani amalga oshiruvchi jamoa va loyiha rahbari toʻgʻrisida maʼlumot: _________________________________________________________________________________________ 12. Axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi boʻyicha maʼlumot: _________________________________________________________________________________________ 13. Sohani tartibga soluvchi vakolatli organlar yoki boshqa tashkilotlarning tavsiyanomalari mavjudligi: Ha Yoʻq (mavjud boʻlsa, ilova qilinadi) 14. Arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar: loyiha portfoliosi; texnik topshiriq; tavsiyanoma(lar); boshqa hujjatlar __________________________________ Arizada keltirilgan maʼlumotlarning haqqoniyligini tasdiqlaymiz hamda mazkur Nizom talablariga rioya qilish majburiyatini olamiz hamda arizada keltirilgan maʼlumotlarni tekshirish va shaxsga doir maʼlumotlarga qonunchilikda belgilangan tartibda ishlov berilishiga rozilik bildiramiz. __________________________ _________________________________________ (sana) (rahbar yoki boshqa vakolatli shaxsning imzosi va F.I.O.)
