Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha vaqtinchalik maʼmuriy reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida (574-son)
19.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 10-dekabrdagi PF-246-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha vaqtinchalik maʼmuriy reglament ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy shaxslarning xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 133-moddasiga muvofiq tegishli vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida hisoblash;
maxsus elektron platforma orqali soddalashtirilgan tarzda deklaratsiya taqdim etish tartibini belgilash;
yillik daromadlar va xarajatlarning raqamli maʼlumotlar asosida soliq bazasini aniqlashtirish;
daromadlar va xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda, jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali qoʻshimcha maʼlumotlarni kiritish imkoniyatini yaratish;
aniqlashtirilgan soliq bazasi boʻyicha qoʻshimcha soliq hisoblamaslik va huquqiy taʼsir choralarini qoʻllamaslik.
2. Belgilansinki, soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasi orqali taqdim etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi:
2028-yil 1-mayga qadar ushbu qaror bilan joriy etilayotgan tajriba-sinov natijalari toʻgʻrisidagi axborotni hamda tajriba-sinovni respublikaning barcha hududida joriy etish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisi oʻrtasida daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish boʻyicha keng tushuntirish va targʻibot ishlarini tashkil etsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-oktabr,
574-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi 574-son qaroriga ILOVA
Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha
VAQTINCHALIK MAʼMURIY REGLAMENT
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament tajriba-sinov tariqasida soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar (keyingi oʻrinlarda — jismoniy shaxslar) tomonidan 2026-2027-yillarda olingan oʻz daromadlari boʻyicha jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibini belgilaydi.
2. Jismoniy shaxslar tomonidan soliq deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasi orqali doimiy yashash joyidagi soliq organiga (keyingi oʻrinlarda — soliq organiga) taqdim etiladi.
3. Ushbu Maʼmuriy reglament hisobot yilida soliq organiga ishga qabul qilingani hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy yashash joyi boʻyicha hisobga qoʻyilganiga olti oy toʻlmagan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Ushbu Maʼmuriy reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aniqlashtirilgan soliq bazasi — deklaratsiya taqdim etgan jismoniy shaxslarning daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi farq;
daromadlar — foydani baholash imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirda va bunday foydani baholash mumkin boʻlgan darajada hisobga olinadigan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy foyda;
jami yillik daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya (keyingi oʻrinlarda — soliq deklaratsiyasi) — jismoniy shaxslarning kalendar yil davomida olingan daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisida soliq organiga taqdim etiladigan hisobot shakli;
maxsus mobil ilova — Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi;
maxsus elektron platforma — Soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portali;
Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar — ushbu shaharlarda ichki ishlar organlari tomonidan doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar (oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar bundan mustasno);
soliq organlari xodimlari — Soliq qoʻmitasi markaziy apparati, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi, Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar soliq boshqarmalari, tuman va shahar soliq inspeksiyalari shaxsiy tarkibidagi rahbar va masʼul xodimlar;
xarajatlar — alohida shaxs yoki oilaning shaxsiy, oilaviy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida muayyan davr mobaynida mablagʻlarning sarflanishi yoki resurslarning ishlatilishi.
2-bob. Jismoniy shaxslarning deklaratsiya qilinadigan daromadlari va xarajatlari
5. Jismoniy shaxslar tomonidan soliq deklaratsiyasida quyidagi daromadlar koʻrsatiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (keyingi oʻrinlarda — Soliq kodeksi) 371-moddasiga muvofiq mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar;
Soliq kodeksining 375-moddasiga muvofiq mulkiy daromadlar;
Soliq kodeksining 376-moddasiga muvofiq moddiy foyda tarzidagi daromadlar;
Soliq kodeksining 377-moddasiga muvofiq boshqa daromadlar.
6. Jismoniy shaxslarning “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida mavjud boʻlgan daromadlari elektron hamkorlik orqali soliq deklaratsiyasida shakllantiriladi.
7. Jismoniy shaxslar soliq deklaratsiyasida Soliq kodeksining 133-moddasiga muvofiq tegishli vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar hamda “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllanadigan quyidagi tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilish uchun sarflangan xarajatlar koʻrsatiladi (yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlari bundan mustasno):
a) koʻchmas mulklar boʻyicha:
yer uchastkalari (yakka tartibda uy-joy qurish, dehqon xoʻjaligini yuritish, tadbirkorlik faoliyati va tomorqa uchun ajratilgan yerlar);
turar joy obyektlari (hovlili uy, kvartira va dala hovli);
yashash uchun moʻljallanmagan noturar joy obyektlari (savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish shoxobchalari va garaj);
b) koʻchar mulklar boʻyicha (koʻchmas mulk toifasiga kirmaydigan mol-mulklar):
transport vositalari (yengil avtomobil, yuk avtomobili, mototsikl, motoroller, maxsus texnika va qishloq xoʻjaligi texnikasi);
qimmatbaho buyumlar va metallar (zargarlik buyumlari, milliy va madaniy yodgorlik buyumlari, sanʼat asarlari, kolleksiyalar va tangalar);
qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya va veksel);
yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlari;
v) majburiyatlar (soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar).
3-bob. Maxsus elektron platforma orqali soddalashtirilgan tarzda deklaratsiya taqdim etish tartibi
8. Jismoniy shaxs Soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ushbu Maʼmuriy reglamentga 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq soliq deklaratsiyasini elektron tarzda toʻldiradi.
9. Jismoniy shaxslar tomonidan soliq deklaratsiyasi doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etiladi.
10. Jismoniy shaxslarning xarajatlari Soliq kodeksining 133-moddasiga muvofiq tegishli vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar hamda Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllanadi.
11. Jismoniy shaxs soliq deklaratsiyasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, Face-ID, elektron imzo, mobil-ID) bilan tasdiqlaydi.
12. Jismoniy shaxs tomonidan soliq deklaratsiyasi notoʻgʻri toʻldirilgan holda soliq organiga taqdim etilgan taqdirda, maʼlumotlar toʻgʻrilanib, aniqlashtirilgan hisobot taqdim etilishi mumkin.
13. Soliq deklaratsiyasida aniqlashtirilgan hisobot shaklida ham notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, jismoniy shaxsning murojaatiga koʻra soliq organi tomonidan rad etiladi va jismoniy shaxsga hisobot turining qayta hisobot turini tanlagan holda uch yil ichida takroran taqdim etish imkoniyati beriladi. Soliq deklaratsiyasini boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
14. Soliq deklaratsiyasi taqdim etilgandan soʻng soliq organi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan soliq deklaratsiyasi blankasini Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasidagi shaxsiy kabineti orqali jismoniy shaxsga elektron tarzda yuboradi.
15. Soliq deklaratsiyalari jismoniy shaxslar tomonidan ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq taqdim etiladi.
16. Soliq organi tomonidan har yili deklaratsiya taqdim etish muddatidan kamida bir oy oldin deklaratsiya taqdim etishi lozimligi toʻgʻrisida jismoniy shaxslarning mobil aloqa vositasi, “Soliq” mobil ilovasi va shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi.
4-bob. Soliq bazasini aniqlashtirish va maxsus mobil ilova orqali qoʻshimcha maʼlumotlarni kiritish tartibi
17. Soliq deklaratsiyasining hisob-kitob jadvalida soliq deklaratsiyasida koʻrsatilgan jami yillik daromadlardan xarajatlar chegirilgandan soʻng soliq solinadigan baza aniqlanadi.
18. Jismoniy shaxslar soliq deklaratsiyasida daromadlar va xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda, ularga Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali qoʻshimcha maʼlumotlarni kiritish imkoniyati beriladi.
19. Jismoniy shaxslarning shaxsiy kabinetida soliq deklaratsiyasini yuborishdan avval “Soliq” mobil ilovasida aniqlashtirilgan soliq bazasi maʼlumotlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkinligi toʻgʻrisida ushbu Maʼmuriy reglamentga 3-ilovaga muvofiq xabarnoma shakllanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Jismoniy shaxslarning taqdim etilgan soliq deklaratsiyalari asosida aniqlashtirilgan soliq bazasiga qoʻshimcha soliq hisoblanmaydi (Soliq kodeksining 393-moddasida belgilangan daromad bundan mustasno) va huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilmaydi.
21. Jismoniy shaxslar tomonidan soliq deklaratsiyalarini taqdim etishda soliq organlari oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
22. Jismoniy shaxslar soliq organlari xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
23. Ushbu Maʼmuriy reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha vaqtinchalik maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
I-BOʻLIM 1.1. DAROMADLAR TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOTLAR
1.2. XARAJATLAR TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOTLAR
II-BOʻLIM2.1. DAROMADLAR VA XARAJATLAR HISOB-KITOBI
Men ushbu boʻlimda koʻrsatilgan daromadlar va xarajatlar toʻliq hamda ishonchli ekanligini tasdiqlayman.
Deklaratsiya tuzilgan sana: 20__ yil “__” __________
Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha vaqtinchalik maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Jismoniy shaxslar tomonidan soliq deklaratsiyalarini taqdim etish tartibi
SXEMASI
Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan oʻzining jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish tartibi boʻyicha vaqtinchalik maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
XABARNOMA
Hurmatli fuqaro!
Siz tomoningizdan taqdim etilgan soliq deklaratsiyasi asosida aniqlashtirilgan soliq bazasiga qoʻshimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilmaydi.
Aniqlashtirilgan soliq bazasi maʼlumotlariga “tahrirlash” tugmasi orqali oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritishingiz mumkin.
QR kod
