Yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-374-son)
14.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Yaylov yerlaridan samarali foydalanishning zamonaviy modellarini joriy etish, choʻl-yaylov oʻsimliklari qoplamini tiklash va hosildorligini oshirish, yaylovlarni diversifikatsiya qilish va degradatsiyaga uchrashining oldini olish, shuningdek, sohaga aholi va xususiy sektorni keng jalb etish hamda chorvachilik sohasini davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar yaylov yerlaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir ustuvor yoʻnalishlar etib belgilansin:
(a) degradatsiyaga uchragan yaylov yerlari maydonini 2026-yil yakuniga qadar 10 foizga, 2027-yil yakuniga qadar kamida 20 foizga qisqartirish;
(b) yaylov yerlaridan foydalanishda aholi va biznes uchun manfaatli shaffof mexanizmlarni joriy etish;
(v) chorva mollarini sugʻorish infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2026 — 2028-yillarda 323 ta yangi quduq qazish;
(g) xalqaro tajribalar hamda raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali yaylov yerlaridan samarali foydalanish;
(d) yaylov yerlarida ilgʻor texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish, mahalliy aholiga chorvachilik bilan shugʻullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
(j) yaylov yerlari holatini baholash va boshqarishning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) tizimini joriy etish;
(z) yaylov sugʻurtasi tizimini joriy etish;
(i) yaylovlardagi quduqlardan jamoaviy foydalanishni tashkil qilish.
II. Yaylov yerlaridan foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) mazkur qarorda belgilangan sugʻorish inshootlarini (quduqlarni) barpo etish maqsadlari uchun 2027-2028-yillarda Davlat budjetidan 50 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi va ushbu quduqlar hududiy yaylov xoʻjaliklari balansiga beriladi. Bunda hududiy yaylov xoʻjaliklari quduqlarni balansiga qabul qilgandan soʻng chorvachilik subyektlariga jamoaviy foydalanish sharti bilan begʻaraz foydalanish huquqi asosida ijaraga berishi mumkin;
(b) quduqni ijaraga oluvchi quduqdan oqilona foydalanish, toʻgʻri ekspluatatsiya qilish, oʻz muddatida taʼmirlash va soz holatda saqlash, kommunal toʻlovlarni vaqtida toʻlash uchun masʼul va javobgar hisoblanadi.
3. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2028-yillarda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan urugʻchilik maydonlarini tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2028-yillarda hududlarda chorva mollarini suv bilan taʼminlash uchun sugʻorish inshootlarini barpo etishning prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Chorva ozuqa bazasini muhofaza qilish, tabiiy ofat va qurgʻoqchilik natijasida yaylov xoʻjaliklarining iqtisodiy zararlarini kamaytirish maqsadida 2028-yil 1-yanvardan boshlab yaylovlarni sugʻurtalash tizimi joriy qilinsin. Bunda:
(a) yongʻin va boshqa tabiiy xavflar natijasida yaylov mahsuldorligining pasayishi bilan bogʻliq xatarlar sugʻurtalanadi;
(b) sugʻurta mukofotining 50 foizi yaylovdan foydalanuvchilar tomonidan va qolgan 50 foizi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi;
(v) sugʻurta mukofoti va tovonining miqdori “E-yaylov” elektron platformasi va “Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi” axborot tizimlarining maʼlumotlaridan foydalangan holda shakllantiriladi.
5. Belgilansinki:
(a) yaylov xoʻjaliklariga doimiy foydalanishga berilgan yerlarga 2026-yil 1-oktabrdan boshlab hisoblangan ijara toʻlovlari, ijara huquqini olish uchun toʻlanadigan mablagʻlar operator xarajatlari chegirib tashlangan holda toʻligʻicha hududiy yaylov xoʻjaliklariga oʻtkaziladi;
(b) hududiy yaylov xoʻjaliklariga kelib tushgan mablagʻlar tegishli hududdagi xalq deputatlari kengashlari hamda Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Chorvachilik agentligi) bilan kelishilgan holda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash, ozuqabop ekinlar ekish, urugʻchilikni tashkil etish, suv chiqarish quduqlarini taʼmirlash va yangidan qazish, hududiy yaylov xoʻjaliklarining moddiy-texnika bazani mustahkamlash tadbirlariga yoʻnaltiriladi.
III. Yaylov yerlari hisobini yuritish, yaylov degradatsiyasining oldini olish va ularni qayta tiklash
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Kadastr agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi va Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekkosmos” agentligi) yaylovlarda degradatsiya jarayonlarining oldini olish va ulardan samarali foydalanishni monitoring qilish boʻyicha yangi mexanizmlarni joriy etish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) har bir yaylov uchastkasining chegarasi, umumiy maydoni, relyefi, hosildorligi, suv bilan taʼminlanganlik darajasi, degradatsiya darajasi, norma va normativlari va boshqa zaruriy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron yaylov pasportini “E-yaylov” elektron platformasida shakllantirish va uni doimiy yangilab borish;
(b) zamonaviy axborot vositalaridan foydalangan holda yaylov normasi va normativiga amal qilinishini nazorat qilish tizimini joriy qilish;
(v) hududiy yaylov xoʻjaliklari va yaylov yerlaridan foydalanuvchilarning yaylovlar degradatsiyasining oldini olish tadbirlari va yaylovlardan samarali foydalanish holatini muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholab borish.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) bir bosh yirik shoxli va bir bosh mayda shoxli mol uchun toʻgʻri keladigan maydon meʼyorlari (yaylov normasi) geobotanik tahlil, kutiladigan yogʻingarchilik va degradatsiya darajasi asosida hududlar kesimida besh gektardan oshmagan miqdorda Chorvachilik agentligi tomonidan tasdiqlanadi;
(b) yaylov maydonlarining degradatsiya darajasi va yaylov yerlaridan samarali foydalanishning monitoringi “Oʻzbekkosmos” agentligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi va boshqa masʼul tashkilotlarning maʼlumotlar bazalaridan olingan maʼlumotlar va “E-yaylov” elektron platformasida inson omilisiz sunʼiy intellekt maʼlumotlari bazasi yordamida baholab boriladi;
(v) chorva soni muvofiq boʻlmagan va oʻtlatish qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan ijaraga oluvchilar bilan ijara shartnomalarini bekor qilish boʻyicha ijaraga beruvchi tomonidan sudlarga daʼvo arizalari va hujjatlar “E-yaylov” elektron platformasi va Oliy sudning axborot tizimlari kompleksini toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilish orqali avtomatik tarzda yuboriladi;
(g) davlat dasturlari, shu jumladan, xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobiga qurilib foydalanishga topshiriladigan suv quduqlaridan jamoaviy foydalanish tizimi joriy qilinadi;
(d) yaylovlarda oʻtkazilgan geobotanik tadqiqotlar natijalariga koʻra yaylovlar “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Bunda:
(i) “yashil” hududlarda oʻtlatish normalariga rioya qilingan holda oʻtlatishga ruxsat beriladi;
(ii) “sariq” hududlarda majburiy tartibda almashlab oʻtlatish joriy qilinadi;
(iii) “qizil” hududlarda chorva mollarini oʻtlatishga kamida 3 yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi;
(j) yaylov xoʻjaliklarida sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimi joriy qilinadi.
8. Chorvachilik agentligi:
(a) “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti bilan birgalikda har yili yaylovlar almashinishining taqvim rejasini tasdiqlasin;
(b) “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi bilan birgalikda yaylovlardagi quduqlar tasdiqlangan eng maqbul joylashuv hududida barpo etilishi ustidan doimiy monitoring olib borsin;
(v) 2027-yil 1-yanvarga qadar tender asosida katta toʻrtlik konsalting kompaniyalaridan birini jalb etgan holda 2027 — 2031-yillarda yaylov yerlaridan samarali foydalanishga doir strategiya loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2027-yil 1-martga qadar tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatining Nishon va Gʻuzor tumanlaridagi mavjud barcha yaylovlarda sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimini joriy qilsin. Bunda sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimini joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar Chorvachilik tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda qoplanishiga ruxsat beriladi.
10. Adliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Chorvachilik agentligining mahalliy aholi tomonidan uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oʻtlatish uchun boʻsh turgan yaylov yerlarida jamoat yaylovlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) jamoat yaylovlari xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qaroriga asosan hududiy yaylov xoʻjaliklari tomonidan 49 yil muddatga mahalla fuqarolar yigʻinlariga bepul ijaraga beriladi. Ijaraga berilgan yaylov yer maydonlariga soliq solishning nol stavkasi qoʻllanadi;
(b) jamoat yaylovlaridan fuqarolar bepul foydalanadi;
(v) jamoat yaylovlaridan foydalanish va ularni saqlashda chorvachilik xoʻjaliklari yaylovlari uchun belgilangan qoidalar, norma va normativlarga amal qilinadi;
(g) jamoat yaylovlaridan faqat mazkur hududda doimiy yashovchi mahalliy aholi ehtiyojlari uchun uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oʻtlatish maqsadida foydalaniladi hamda ushbu yerlarni toʻliq yoki qisman muayyan shaxslarga biriktirib berish, ikkilamchi ijaraga berish, foydalanuvchilar oʻrtasida yer uchastkalarini chegaralash va boʻlib olish taqiqlanadi;
(d) hududiy yaylov xoʻjaliklari jamoat yaylovlari uchun ajratiladigan yer maydonlari chegarasini belgilaydi hamda ushbu yaylovlardan oqilona foydalanishni tashkil etadi;
(j) hududiy yaylov xoʻjaliklari boʻlmagan yoki ularga tegishli yaylovlar yetarli boʻlmagan joylarda jamoat yaylovlari mazkur bandda nazarda tutilgan tartibda mahalliy hokimliklar va oʻrmon xoʻjaliklari tasarrufida boʻlgan yaylovlarda tashkil etiladi;
(z) jamoat yaylovlaridan foydalanishda har bir xonadonga toʻgʻri keladigan chorva moli sonining cheklangan miqdori mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
11. 2026-yilda mahalliy aholi tomonidan uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oʻtlatish uchun boʻsh turgan yerlarda jamoat yaylovlarini tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda Chorvachilik agentligi xalq deputatlari tuman kengashlari qarorlariga asosan 2026-yil 10-noyabrga qadar mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq jamoat yaylovlarini tashkil qilish boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan yer ijarasi shartnomalarini rasmiylashtirish choralarini koʻrsin.
12. Yaylov yerlarini belgilangan tartibda qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar sifatida hisobga olgan holda yirik chorva majmualari va ozuqa zaxirasi omborlari quriladigan yaylov yer uchastkalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda Chorvachilik agentligi ikki oy muddatda roʻyxatga muvofiq yaylov yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin.
13. Belgilansinki, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab:
(a) yaylovlarda tik quduqlarni “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi tomonidan beriladigan gidrogeologik xulosalarga koʻra Chorvachilik agentligi tomonidan tasdiqlanadigan quduqlarning eng maqbul joylashuv xaritasi asosida qazishga ruxsat etiladi;
(b) hududiy yaylov xoʻjaliklari uchun urugʻchilik maydonlarini tashkil etish maqsadida yaylov yerlari Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga toʻgʻridan-toʻgʻri 10 yilgacha muddatga ijara huquqi asosida beriladi.
14. Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Genetika va urugʻshunoslik laboratoriyasini taʼmirlash, laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlarini xarid qilish ishlarini Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirishga ruxsat berilsin.
15. Chorvachilik agentligi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar:
(a) yaylovlarda mavjud tik quduqlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va yaylovlarda quduqlardan jamoaviy foydalanishni, yaroqsiz holdagi yaylovlarni qayta foydalanishga kiritishni nazarda tutuvchi quduqlarning eng maqbul joylashuv xaritasini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
(b) xatlov natijalariga koʻra sugʻorish inshootlari, jumladan, mavjud quduqlardan samarali foydalanish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Qashqadaryo viloyatida chorva ozuqasini koʻpaytirish, yaylovlar degradatsiyasining oldini olish maqsadida “Qashqadaryo agrostar” MCHJ tomonidan Nishon tumani “Nishon” MFY hududida 1 332 gektar yer maydonida zamonaviy pivot sugʻorish tizimi joriy etilayotganligi, tumanning yaylov maydonlarida chorva ozuqa ekinlarining yangi valda, izen, qandim, choʻgʻon va boshqa turlari ekilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Bunda:
(a) Qashqadaryo viloyati hokimligi “Qashqadaryo agrostar” MCHJ bilan birgalikda mazkur maydonlardan samarali foydalanish, ushbu tajribani dastlabki bosqichda Nishon tumanining boshqa hududlarida hamda Muborak va Dehqonobod tumanlarida ilgʻor agrotexnologiyalar asosida kengaytirish choralarini koʻrsin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika budjetining 2026-yil II chorak yakunlari bilan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan “Uzagrostar xolding” kompaniyasiga “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ustav fondida Iqtisodiyot va moliya vazirligining ulushini oshirish hisobiga qoʻshimcha 15 milliard soʻm mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Chorvachilik agentligi, “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti, Kadastr agentligi hamda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda “E-yaylov” elektron platformasida ochiq, shaffof va bepul foydalaniladigan quyidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirib, rasmiy veb-sahifasida eʼlon qilib borsin:
(a) infratuzilmalarning joylashuvi, choʻl-yaylov oʻsimliklari urugʻchilik maydonlari;
(b) yaylovlarda chorva mollarini oʻtlatish normalari, qoidalari va yaylovlardan almashib foydalanishga doir xaritalar;
(v) geobotanik tadqiqotlarning natijalariga koʻra toifalangan va moratoriy eʼlon qilingan hududlar.
18. Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorakoʻlchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasining (J. Xodjayev) (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiya):
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-15-son Farmonining 5-bandiga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-iyuldagi “Moʻgʻulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qarorning 8-bandiga muvofiq hududiy yaylov xoʻjaliklariga tegishli yaylovlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish vakolati 2026-yil yakuniga qadar uzaytirilsin.
19. Chorvachilik agentligi bir oy muddatda mazkur qarorning 18-bandiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflari asosida yaylov yerlarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish boʻyicha qaror loyihasini Respublika komissiyasiga (J. Xodjayev) kiritsin.
20. Buxoro viloyati hokimligi Chorvachilik agentligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Navbahor” MFY hududida joylashgan Jarqoq choʻlidan 100 gektar yer uchastkasini urugʻliklarni aprobatsiyadan oʻtkazish maydoni tashkil qilish maqsadida Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga belgilangan tartibda ajratsin.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Chorvachilik agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda degradatsiyaga uchragan yaylov yerlari maydonlarining 2026-yil 10 foiz, 2027-yil 20 foiz qismida degradatsiyaning oldini olish, hosildorlikni oshirish va qayta tiklash boʻyicha kompleks dasturlar ishlab chiqib, tasdiqlasin.
22. Bosh prokuratura mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatsin hamda har chorakda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
23. 2026 — 2028-yillarda yaylov yerlaridan samarali va maqsadli foydalanishni tashkil etishga doir vazifalar boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
24. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning 2-bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2027-2028-yillarda Davlat budjeti parametrlarida tegishli mablagʻlarni nazarda tutsin.
25. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
(a) Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar mazkur qarorning 4-bandiga muvofiq yaylov sugʻurtasini joriy qilish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
26. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori O.A. Butayev belgilansin.
27. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 14-oktabr,
PQ-374-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi PQ-374-son qaroriga 1-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan urugʻchilik maydonlarini tashkil etishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi PQ-374-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2028-yillarda hududlarda chorva mollarini suv bilan taʼminlash uchun sugʻorish inshootlarini barpo etishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi PQ-374-son qaroriga 3-ILOVA
2026-yilda mahalliy aholi tomonidan uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oʻtlatish uchun boʻsh turgan yerlarda jamoat yaylovlarini tashkil etishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi PQ-374-son qaroriga 4-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar sifatida hisobga olgan holda yirik chorva majmualari va ozuqa zaxirasi omborlari quriladigan yaylov yer uchastkalari
ROʻYXATI
Izohlar:
1. Mazkur ilovada nazarda tutilgan tadbirkorlik subyektlari hamda tuman hokimligi yoki yaylov xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan amaldagi yer ijarasi shartnomasi asosida ijaraga berilgan sugʻorilmaydigan yer uchastkalari tuman hokimligi tasarrufidagi boʻsh turgan yer sifatida hisobga olinmasdan qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar turiga oʻtkaziladi hamda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi nobudgarchiliklarining oʻrni belgilangan tartibda qoplangandan soʻng ularda amaldagi ijarachi tomonidan chorvachilik majmuasi va ozuqa omborini joylashtirish mumkin boʻladi.
2. Mazkur ilovada nazarda tutilgan zaxiradagi, tuman hokimligi tasarrufidagi boʻsh turgan hamda yaylov xoʻjaliklariga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalari ularning boshlangʻich narxini yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foiziga teng miqdorda belgilagan holda chorvachilik majmuasi va ozuqa omborini joylashtirish sharti bilan qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar sifatida tegishli turdagi yer uchastkalari uchun belgilangan tartiblarda bir oy muddatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
3. Ushbu izohning 1-2-bandlarida nazarda tutilgan hollarda tuman hokimligi yoki yaylov xoʻjaligi bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomasi qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun murojaat qilishda yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi PQ-374-son qaroriga 5-ILOVA
2026 — 2028-yillarda yaylov yerlaridan samarali va maqsadli foydalanishni tashkil etishga doir vazifalar boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
