Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (575-son)
19.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoniga muvofiq buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Ibn Sino jamoat fondi hamda Buxoro viloyati hokimligining:
Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur oʻrganish, uni zamonaviy tibbiyot taʼlimi va ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bogʻliq holda targʻib qilish hamda 2030-yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050-yilligi tadbirlariga munosib tayyorgarlik koʻrish;
allomaning xorijda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini jamlash, oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish va xalqaro miqyosda targʻib qilish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar, konferensiyalar va kongresslarni doimiy ravishda oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
a) 2026-yil oktabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino — Gʻarb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish;
b) oliy tibbiyot taʼlim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida Abu Ali ibn Sino merosiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, koʻrgazmalar, ochiq maʼruzalar va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
v) allomaning tibbiyot va boshqa fanlarga oid ilmiy merosini tadqiq etish va nashrga tayyorlash, shu jumladan:
xorijiy mamlakatlarga Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, allomaning xorijda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini jamlash;
tibbiyotga oid “Moʻjaz al-Qonun”, “Qonuncha” hamda falsafaga oid “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo”, “Sharq falsafasi” asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash;
allomaning falsafiy taʼlimoti, uning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida mediamahsulotlar yaratish va xalqaro miqyosda targʻib qilish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
g) tibbiyot va farmatsevtika sohasini ilm-fan natijalari bilan rivojlantirish, xalq tabobati anʼanalarini tiklash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganishga munosib hissa qoʻshgan olim va tadqiqotchilarni ragʻbatlantirish maqsadida “Ibn Sino” xalqaro mukofotini taʼsis etish.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasining Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Quyidagilar:
a) Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Abu Ali ibn Sino tibbiyoti bilan bogʻliq tadqiqotlar oʻtkazish, natijalarini zamonaviy tabobatda qoʻllash, ushbu sohadagi olimlarning ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish va muvofiqlashtirishga koʻmaklashish;
Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid va ilmiy-maʼnaviy merosi bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda ilmiy nashrlarni yoʻlga qoʻyish;
Abu Ali ibn Sinoning xorijda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini jamlash, oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish va xalqaro miqyosda targʻib qilish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosiga bagʻishlangan oʻquv materiallarini tayyorlash, xalqaro simpoziumlar va konferensiyalarni tashkil etish hamda xalqaro simpoziumlar va konferensiyalarda ishtirok etish;
mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish;
tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun oʻquv kurslari hamda mahorat darslarini yoʻlga qoʻyish;
b) Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Buxoro davlat tibbiyot institutining budjetdan tashqari mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari grantlari;
koʻrsatiladigan pulli xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Taʼlim va ilm-fan vazirligi bilan birgalikda:
Markaz ustavining tasdiqlanishi va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, Markaz tuzilmasi va shtat birliklari tasdiqlanishini taʼminlasin;
Markazni Buxoro davlat tibbiyot institutining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrsin;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov hamda Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-oktabr,
575-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi 575-son qaroriga ILOVA
Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan
“YOʻL XARITASI”
