Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (559-son)
10.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoni ijrosini taʼminlash, arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish hamda kelishishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish;
arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini kelishish va xulosa berish;
arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish muddati va toʻlov miqdorlari.
2. Belgilansinki, arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) va davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladi.
3. Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmati YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yoʻlga qoʻysin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Adliya vazirligi:
2027-yil 1-martdan boshlab arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-oktabr,
559-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-oktabrdagi 559-son qaroriga ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslarning (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchilar) arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlari loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq quyidagi arxiv organlari va muassasalari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi davlat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari boʻyicha — tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi va Oʻzbekiston milliy arxivlari;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalarining tegishli hududiy boʻlinmalari, viloyat, tuman va shahar boʻysunuvidagi davlat muassasalari va tashkilotlari boʻyicha — tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxiv ishi hududiy boshqarmalari.
Bunda davlat arxivining jamlash zonasiga kiruvchi tashkilotlarga davlat xizmati tegishli vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladi.
3. Maxfiy va foydalanish cheklangan boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq Reglamentning 2-bandida koʻrsatilgan vakolatli organlarga toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etiladi.
4. Davlat arxivlarining arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlari loyihalari (keyingi oʻrinlarda — hujjat loyihasi) ekspertizadan oʻtkazilmaydi.
5. Vakolatli organlarda quyidagi hujjatlar loyihalari ekspertizadan oʻtkaziladi:
a) tashkilotning arxiv ishi va ish yuritish faoliyatini tartibga soluvchi quyidagi ichki hujjatlari loyihalari:
saqlash muddati koʻrsatilgan sohaviy hujjatlarning roʻyxati;
ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish boʻyicha yoʻriqnoma;
hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi;
Idoraviy arxiv toʻgʻrisidagi nizom;
Arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi markaziy ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom;
Arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom;
b) quyidagi hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxati:
doimiy saqlanadigan hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxati;
alohida qimmatli va noyob hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxati;
saqlash muddati 10 yildan ortiq boʻlgan vaqtincha saqlanadigan hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxati;
shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxati;
hujjatlarni yoʻq qilishga ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnoma.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
7. Ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Davlat organlari va tashkilotlari soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishini taʼminlaydi.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar Word yoki PDF formatda boʻlishi kerak.
8. Ariza beruvchidan Reglamentga 2-ilovadagi soʻrovnomada koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
9. Ariza toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchilar YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
10. Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun Reglamentga 3-ilovaga muvofiq toʻlov undiriladi.
Bunda davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan toʻlov summasining 90 foizi toʻlanadi.
11. Undirilgan toʻlov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,75 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun toʻlov toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
12. Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
arizada, unga ilova qilingan hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilganligi aniqlanganda;
Reglamentga 2-ilovadagi soʻrovnomada koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilmaganda;
davlat xizmati koʻrsatilishi uchun toʻlov toʻlanmaganda;
taqdim etilgan hujjat loyihasi arxiv ishi sohasidagi hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmaganda (qonunchilik hujjatlarining aniq normalari koʻrsatiladi);
ariza beruvchi tomonidan Reglamentning 17-bandida belgilangan muddatda hujjatlar qayta taqdim etilmaganda;
arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha vakolatli organ tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi va toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
14. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli soʻrovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida tegishli vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda tegishli vakolatli organga yuboriladi.
Hujjat loyihasini ekspertizadan oʻtkazish boshqa vakolatli organga taalluqli boʻlganda, soʻrovnoma qabul qilingan kundan boshlab 2 ish kuni ichida tegishli vakolatli organga toʻlangan toʻlov summasi bilan birga yuboriladi.
15. Vakolatli organ Reglamentga 3-ilovada koʻrsatilgan muddatlar mobaynida hujjat loyihasini ekspertizadan oʻtkazadi.
16. Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda, kamchiliklarni koʻrsatgan holda Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shaklda rad etish haqidagi xabarnoma yoki hujjat loyihasi kelishilgani (tasdiqlangani) haqida Reglamentga 5-ilovaga muvofiq shaklda bildirishnoma Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilganda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga (YIDXP orqali murojaat qilganda) elektron shaklda yuboriladi.
17. Ariza beruvchi xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab oʻttiz ish kuni ichida unda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda toʻlov toʻlamasdan qayta ariza berishi mumkin.
Mazkur bandda belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilgan arizalar yangi berilgan hisoblanadi va umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
18. Davlat xizmatlari markazi xabarnoma yoki bildirishnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga (mavjud boʻlsa) yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga xabarnoma yoki bildirishnomani elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda berishi shart.
19. Davlat arxivlarining asosiy jamlash manbalari hisoblanmagan tashkilotlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi davlat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarida tuzilgan hujjatlar yigʻmajildlarining arxiv roʻyxatlari, shuningdek, barcha tashkilotlarning hujjatlarni yoʻq qilishga ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi ekspertizasi natijasi boʻyicha Reglamentga 6-ilovaga muvofiq shaklda xulosa beriladi.
20. Ekspertiza natijasida kelishilgan hujjat loyihasiga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilganda, u umumiy tartibda qaytadan ekspertizadan oʻtkazilishi shart.
21. Hujjat loyihasini ekspertizadan oʻtkazish natijasi vakolatli organning tegishlicha Markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi, Ekspert-tekshiruv komissiyasi, Ekspert-tekshiruv uslubiy komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma komissiya aʼzolari va kotibi tomonidan imzolanadi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Bayonnoma asosida hujjat loyihasi kelishilgani toʻgʻrisidagi bildirishnoma yoki rad etilgani haqida xabarnoma vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Hujjat loyihalari boʻyicha berilgan xulosa va bildirishnomalar reyestrini yuritish tartibi
22. Vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan hujjat loyihasi ekspertizadan oʻtkazilgani toʻgʻrisida xulosa va kelishilgani (tasdiqlangani) toʻgʻrisida bildirishnomalar reyestri yuritiladi hamda unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
tashkilotning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
xulosa yoki bildirishnoma berilgan sana va tartib raqami.
23. Reyestr elektron shaklda yuritiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari bajarilishi boʻyicha vakolatli organlarning faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
26. Ariza beruvchilar vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
27. Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish muddatlari va toʻlov miqdorlari
Izoh. Davlat xizmati koʻrsatish muddati va toʻlovlar miqdori 1 ta hujjat loyihasi uchun koʻrsatilgan.
Saqlash muddati koʻrsatilgan sohaviy hujjatlarning roʻyxati loyihasi faqat davlat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etiladi.
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 4-ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 5-ILOVA
Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 6-ILOVA
