5469-modda. Rozilik olish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1182-son) · Sana: 14.10.2026 · Amalda
Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatishga, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga yoki ularga nisbatan protsessual majburlov choralarini qoʻllashga va ushbu Kodeksning 54610-moddasida nazarda tutilgan tergov harakatlarini oʻtkazishga rozilik olish toʻgʻrisidagi taqdimnoma daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatishga vakolatli prokuror tomonidan kiritiladi.
Mazkur taqdimnomada:
1) daxlsizlik huquqiga ega boʻlgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
2) qilmishning holatlari va dastlabki huquqiy tavsifi;
3) qonunda oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq harakati yoki harakatsizligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi belgilangan shaxslarga nisbatan — qilmish ularning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq emasligini koʻrsatuvchi asoslar;
4) oʻtkazilishi zarur boʻlgan protsessual harakatlar;
5) qoʻllanilishi taklif etilayotgan protsessual majburlov choralari koʻrsatiladi.
Rozilikda jinoyat ishini qoʻzgʻatish va javobgarlikka tortish uchun asoslar, oʻtkazilishiga ruxsat berilgan tergov harakatlari va majburlov choralarining doirasi belgilanadi.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxsning xatti-harakatlarini rozilikda nazarda tutilmagan ogʻirroq jazo belgilangan modda yoxud qoʻshimcha modda bilan malakalash uchun alohida rozilik olinishi shart.
