5467-modda. Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarni ushlab turish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1182-son) · Sana: 14.10.2026 · Amalda
Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslar ushlab turilishi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelinishi mumkin emas, bundan ushbu Kodeks 221-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha uch soatgacha ushlab turish hollari mustasno.
Daxlsizlikka ega boʻlgan quyidagi shaxslarni ushlab turish:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatiga va Senati aʼzosiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli palatasining roziligi bilan;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligi bilan;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqaruv xodimlariga nisbatan, shu jumladan ular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasidan ishdan boʻshatilganidan keyin besh yil davomida — ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish va vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakati yoki harakatsizligi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligi bilan;
6) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashining deputatiga nisbatan — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashining roziligi bilan;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilariga (xodimlariga), advokatlarga nisbatan — tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan qoʻllaniladi.
