Toʻqimachilik korxonalari uchun gigiyenik talablar (0299-11-son)
11.08.2011
Oʻzbekiston Respublikasining Sanitariya qoidalari va meʼyorlari, gigiyena normativlari
Mazkur sanitariya qoidalari va normalari toʻqimachilik sanoati korxonalarida ishlovchilar sogʻligʻini saqlash maqsadida joriy etiladi hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxonalar, tashkilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur qoidalar toʻqimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarini qurish va saqlashga doir talablarni belgilaydi.
1.2. Toʻqimachilik ishlab chiqarish korxonalari uchun sanitariya talablarini tartibga soluvchi idoraviy meʼyoriy hujjatlar mazkur qoidalarga muvofiqlashtirilishi kerak.
1.3. Yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan korxonalarni, toʻqimachilik sanoati bino va inshootlarini foydalanishga topshirish sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari ishtirokida majburiy tartibda amalga oshirilishi lozim.
1.4. Yangi texnologiyalarni, yangi turdagi dastgoh va uskunalarni qoʻllash sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari bilan kelishilishi shart.
2. Ishlab chiqarishning tavsifi
2.1. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida koʻplab toʻqimachilik korxonalari faoliyat yuritadi va ularda asosan ayollar mehnat qiladi. Toʻqimachilik korxonalaridagi mehnat sharoitlari bir qator noqulay ishlab chiqarish omillari bilan tavsiflanadi: ish hududi havosida paxta tolasi changining mavjudligi, shovqin, yilning sovuq davrida ish joylarida havo haroratining pastligi va issiq davrida yuqoriligi, yorugʻlikning yetarli emasligi va notekisligi, mehnat jarayonining tigʻizligi.
2.2. Paxta ipini tayyorlash texnologik jarayoni quyidagi amallarni oʻz ichiga oladi: paxta tolasi koʻrinishidagi xomashyo savash sexiga yetkaziladi va u yerda taʼminlovchi uskuna yordamida savaladi, soʻngra soʻrish tizimi orqali tarash mashinalariga uzatiladi. Taralganidan keyin xomashyo lenta tayyorlash sexiga oʻtkaziladi va u yerda tekislangan paxta polotnosi texnologik idishga joylash uchun lentaga aylantiriladi. Soʻngra tola 8 karra takrorlash yoʻli bilan tekislanadi va chiqayotgan tolalarning yoʻgʻonligini sozlash uchun elektron tekislashdan oʻtkaziladi. Piliklash sexida lenta choʻziladi, ingichkalashtiriladi va pilikka aylantiriladi, soʻng pishitilib, yigiruv sexiga uzatiladi va u yerda pilikdan ip yigiriladi. Tayyor ip oʻrash sexida kuyindidan xalos etish va ip nuqsonlarini tozalash uchun qayta oʻraladi. Shundan soʻng tayyor ip toʻquvchilik sexiga yetkazilib, u yerda paxta gazlamasi ishlab chiqariladi.
Toʻqimachilik sanoatining asosiy kasblari tituvchi (tryopalchi), tarash, pilta, rovitsa va oʻrash mashinalari operatori, yigiruvchi hamda toʻquvchidir.
2.3. Nafas olish zonasidagi turli ish joylarida havoning changlanish darajasi oʻrtacha hisobda rovitsa uchastkalarida 3,8 mg/m³ dan yigiruv, oʻrash va toʻquv uchastkalarida 8,2 — 8,4 mg/m³ gacha oʻzgarib turadi (REK — 4,0 mg/m³).
2.4. Toʻqimachilik sanoatidagi ishlab chiqarish shovqini barqaror xususiyatga ega. Toʻquv sexlarida mokisiz dastgohlar ekvivalent daraja boʻyicha 87 dBA, mokili dastgohlar esa 94 dBA ga teng shovqin hosil qiladi. Shovqin keng polosali xususiyatga ega boʻlib, tovush energiyasining eng yuqori koʻrsatkichi past va yuqori chastotalar sohasiga toʻgʻri keladi. Yigiruv va oʻrash uchastkalarida shovqinning ekvivalent darajasi 87 — 91 dBA ni tashkil etadi. Boshqa uchastkalarda ham shovqinning ekvivalent darajasi ruxsat etilgan meʼyordan biroz yuqori boʻlib, faqat pilta uchastkalaridagina meʼyordagidan pastdir.
2.5. Yilning sovuq davrida turli ish joylaridagi havo harorati nisbiy namlik 50,5 — 54,7% va havo harakati tezligi 0,3 — 0,6 m/s boʻlganda 16,2 dan 17,6 °C gacha oʻzgaradi. Yilning issiq davrida esa turli ish joylaridagi havo harorati nisbiy namlik 38,4 — 45,8% va havo harakati tezligi 0,3 — 0,6 m/s boʻlganda 31,8 dan 32,6 °C gacha oʻzgaradi.
2.6. Aksariyat toʻqimachilik korxonalari derazasiz va yorugʻlik tushmaydigan germetik binolarda joylashgan. Yoritish sunʼiy boʻlib, lyuminestsent lampalar yordamida taʼminlanadi. Ish yuzalarining yoritilganlik darajasi bir tekis emas va yetarli emas, turli ish oʻrinlarida 70 lk dan 270 lk gacha oʻzgarib turadi.
2.7. Toʻqimachilik sanoatidagi asosiy kasb guruhlarida ishlovchi ayollarning mehnat jarayonlari smena vaqtining 80 foizigacha tik turgan holda bajariladi hamda keskin, monoton tusga egaligi va yuqori sensorli zoʻriqishlar (smena vaqtining 75 foizidan ortigʻida diqqatni jamlash va koʻrish aʼzolarining sezilarli darajada zoʻriqishi) bilan tavsiflanadi.
2.8. Yigiruvchi, oʻrovchi va toʻquvchilarning mehnat sharoitlari 3-darajali zararlilikning 3-sinfiga, tituvchi, tarovchi, pilta tayyorlovchi va pilik oʻrovchilarning mehnat sharoitlari esa 2-darajali zararlilikning 3-sinfiga taalluqlidir.
2.9. Bunday sharoitlarda ishlash ayollarning ish qobiliyati keskin pasayishiga olib keladi, ularning psixoemotsional holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Smena davomida ishchilar organizmining funksional holatida noxush oʻzgarishlar kuzatiladi va kasb kasalliklari rivojlanishi xavfi mavjud.
3. Bosh reja, hudud, ishlab chiqarish va yordamchi bino hamda xonalarga qoʻyiladigan talablar
3.1. Toʻqimachilik korxonalarini qurish uchun maydon tanlash, uning bino va inshootlarini joylashtirish, hududni rejalashtirish va obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va sugʻorish SHNQ 1.03.01-04 “Korxonalar, binolar va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlari tarkibi, ularni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma” hamda SanQvaM 0246-08-sonli “Aholi punktlarida atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya qoidalari va meʼyorlari” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim, unga koʻra sanitariya-himoya zonasi (3-sinf) — 300 m etib belgilanadi.
3.2. Hududning sanitariya holati zamonaviy yigʻishtirish-tozalash texnikasi yordamida saqlanishi kerak.
3.3. Toʻqimachilik sanoatida ishlab chiqarish jarayonlari 2-a guruhiga mansubligini inobatga olib, SHNQ 2.09.04-09 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq yordamchi xonalar tarkibida, rejasida va jihozlanishida garderoblar, hojatxonalar, dushxonalar, yuvinish xonalari, ayollar shaxsiy gigiyenasi xonasi, goʻdaklarni emizish xonasi va tibbiy punkt koʻzda tutilishi lozim. Smenada ishlovchilar soni 200 kishidan ortiq boʻlsa — oshxona, 200 kishidan kam boʻlsa — tarqatish oshxonasi, 30 kishidan kam boʻlgan taqdirda esa — ovqatlanish xonasi nazarda tutiladi.
3.4. Garderob, yuvinish xonalari, dushxonalar va boshqa yordamchi xonalarda har kuni nam tozalash ishlari oʻtkazilishi kerak. Maxsus kiyimlarni saqlash uchun moʻljallangan shkaflar elektr changyutgichlar yordamida changdan tozalanishi va nam latta bilan artilishi lozim.
4. Isitish, ventilyatsiya va havoni konditsionerlashga oid talablar
4.1. Toʻqimachilik korxonalarining isitish va ventilyatsiya tizimlarini loyihalashda QMQ 2.04.98 “Isitish, ventilyatsiya va havoni konditsionerlash”, shuningdek, SanQvaM 0203-06-sonli “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimining sanitariya-gigiyena normalari” talablarini inobatga olish zarur.
4.2. Toʻqimachilik korxonalarining barcha ishlab chiqarish, maishiy va yordamchi binolari paxta tolasi changini samarali ravishda chiqarib yuborish uchun moʻljallangan mexanik umumiy almashinuvchi havo tortish-berish ventilyatsiyasiga ega boʻlishi shart.
4.3. Sexlardan chiqarilayotgan havo atmosferaga chiqarib yuborilishidan oldin chang tutgichlarda tozalanishi lozim.
4.4. Ishchilar organizmiga yuqori konveksion issiqlik taʼsirini bartaraf etish va ularning qizib ketishining oldini olish uchun qizigan yuzalarni (quvurlar, devorlar, quritgichlar va b.) issiqlikni yomon oʻtkazuvchi materiallar (koʻpikli beton va b.) bilan termoizolyatsiya qilish zarur.
4.5. Toʻqimachilik korxonalaridagi ortiqcha issiqlikka qarshi kurashishning eng samarali vositasi havoni konditsionerlash hisoblanadi va buni asosiy ishlab chiqarish sexlarida amalga oshirish majburiydir.
4.6. Ishlab chiqarish sexlarida meʼyoriy harorat va namlik rejimini yaratish uchun havo harorati hamda namligini avtomatik tarzda rostlaydigan asboblar oʻrnatilishi kerak.
4.7. Yilning sovuq davrida ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni samarali isitish tizimi nazarda tutilishi, shuningdek, ishchilar organizmining sovib ketishiga olib keladigan sabablarni bartaraf etish boʻyicha choralar (oynalash, havo pardalarini oʻrnatish, dahlizlar qurish, binoni isitish va b.) koʻrilishi lozim.
4.8. Toʻqimachilik korxonalarining ishlab chiqarish binolaridagi ish hududlarining harorat va namlik rejimi SanQvaM 0203-06-sonli “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimining sanitariya-gigiyena meʼyorlari” bilan belgilangan normalarga muvofiq boʻlishi kerak. Yilning sovuq davrida havo harorati 17 — 19 °C ga teng boʻlishi, uning doimiy ish oʻrinlarida 15 dan 21 °C gacha, doimiy boʻlmagan ish oʻrinlarida esa 13 dan 23 °C gacha oʻzgarishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda nisbiy namlik 40 — 60 % va havo harakati tezligi 0,4 m/s dan oshmasligi kerak. Yilning iliq davrida ish oʻrinlaridagi maqbul havo harorati 22 — 24 °C ni tashkil etadi. Nisbiy namlik 40 — 60 % va havo harakati tezligi 0,4 — 0,7 m/s boʻlganda, haroratning doimiy ish oʻrinlarida 21 dan 29 °C gacha, doimiy boʻlmagan ish oʻrinlarida esa 20 dan 30 °C gacha oʻzgarishiga yoʻl qoʻyiladi.
5. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
5.1. Ish oʻrinlaridagi yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
5.2. Toʻqimachilik ishlab chiqarishidagi asosiy kasb guruhlarining koʻrish ishlari xususiyatini hisobga olgan holda, yoritilganlik darajasi va tabiiy yoritilganlik koeffitsiyenti 1-jadvalda keltirilgan meʼyorlarga mos kelishi kerak.
5.3. Bir tekis yoritilishga va yorugʻlikning optimal spektral tarkibiga erishish uchun katta yorugʻlik yuzalariga ega lyuminessent lampalar (LB, LD, LDS) tavsiya etiladi. Sexlarda sezilarli issiqlik nurlanishining yoʻqligi ularni ish joylariga iloji boricha yaqinroq oʻrnatish imkonini beradi.
5.4. Sunʼiy yoritish ishchi, avariya, qoʻriqlash va navbatchilik turlariga boʻlinadi.
5.5. Nosoz chiroqlarni va kuygan lampalarni oʻz vaqtida almashtirish, yoritish uskunalarini chang va kirdan muntazam tozalab turish zarur.
5.6. Germetik, derazasiz va fonarsiz binolarda joylashgan toʻqimachilik korxonalarida tabiiy yorugʻliksiz ish joylarida yoritilganlik darajasini 750 lyuksgacha yetkazish, yorugʻlik oqimining bir xil spektral tarkibi va diffuzligini hamda barcha chiroqlardan chiqadigan yorugʻlikning yuqori yorqinligini taʼminlash tavsiya etiladi.
6. Shovqin va vibratsiyaga qoʻyiladigan talablar
6.1. Ish joylaridagi shovqin darajasi SanQvaM 0120-01-sonli “Ish joylaridagi shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajalariga oid sanitariya meʼyorlari” boʻyicha belgilangan qiymatlardan, tebranish esa SanQvaM 0122-01-sonli “Ish joylaridagi umumiy va lokal tebranishga oid sanitariya meʼyorlari” boʻyicha belgilangan qiymatlardan oshmasligi lozim.
6.2. Ish joylarida texnologik uskunalarning shovqinini pasaytirish QMQ 2.01.08-96 “Shovqindan himoya qilish” talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6.3. Yigiruv, oʻrash, toʻquv sexlari (shovqinli sexlar) kam shovqinli texnologik jarayonlar amalga oshiriladigan boshqa ishlab chiqarish binolaridan maʼlum bir masofada, alohida binolarda joylashtirilishi lozim.
6.4. Shovqinli ishlab chiqarish binolarining devorlari va shiftlari shovqin jadalligini sezilarli darajada pasaytiradigan tovush yutuvchi materiallar (namat, torf, akustik suvoq va boshqalar) bilan qoplanishi kerak.
6.5. Ishlab chiqarishdagi shovqinning oldini olish va uni kamaytirish maqsadida ventilyatorlar ishlab chiqarish binolaridan uzoqda joylashgan maxsus kameralarga, tebranishni izolyatsiyalovchi asoslarga oʻrnatilishi kerak.
6.6. Texnologik jarayonning oʻziga xos xususiyatlari tufayli ish joylaridagi shovqinni meʼyoriy talablar darajasiga tushirish imkoni boʻlmagan hollarda, barcha ishchilar shovqindan himoyalovchi shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi shart va ulardan butun ish kuni davomida foydalanishlari majburiydir. Bularga shovqin oʻtishini 15 — 30 dB ga kamaytiradigan “Berushi” turidagi sintetik matodan yasalgan antifon-tiqinlar, “Ukraina” turidagi vtulka (tiqin)lar, “VTSNIIOT” naushniklari va boshqalar kiradi.
7. Tibbiy-profilaktik xizmat koʻrsatishga qoʻyiladigan talablar
7.1. Toʻqimachilik korxonalarida ishlaydigan xodimlarga tibbiy-sanitariya xizmati koʻrsatishni yaxshilash uchun mehnatga layoqatni vaqtincha yoʻqotish bilan kechadigan kasallanish holatlarini muntazam tahlil qilib borish, kasallanishning yuqori koʻrsatkichlari va uning alohida nozologik shakllari sabablarini aniqlash hamda uni kamaytirish boʻyicha sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish zarur.
7.2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli buyrugʻiga muvofiq davriy tibbiy koʻriklarni muntazam oʻtkazish, soʻngra aniqlangan bemorlarning mehnat sharoitini yaxshilash va ularni toʻgʻri ishga joylashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim.
7.3. Sanitariya nazorati organlari toʻqimachilik sanoatining barcha ishlab chiqarish, yordamchi va boshqa binolarini saqlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirsin, bunda ishlab chiqarish binolarida zararli va noqulay omillarni yiliga kamida bir marta aniqlashga hamda mehnat sharoitlarini sogʻlomlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratsin.
7.4. Ogʻirliklarni koʻtarish va tashishning cheklangan ruxsat etilgan yuklamalari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 17/QQ-sonli va Sogʻliqni saqlash vazirligining 8-sonli 2009-yil 21-apreldagi Qarori bilan tasdiqlangan 0115-01-sonli “Ayollar uchun ogʻirliklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda cheklangan ruxsat etilgan yuklamalarning sanitariya meʼyorlari” hamda “Oʻsmirlar uchun ogʻirliklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda cheklangan ruxsat etilgan yuklamalarning sanitariya meʼyorlari” (SanQvaM) bilan belgilangan ruxsat etilgan darajadan oshmasligi kerak.
7.5. Toʻqimachilik korxonalarida ishlaydigan barcha xodimlar “Ishchi va xizmatchilarga maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa himoya vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlari”ga muvofiq maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi shart.
7.6. Barcha ishchilar vodoprovod suvi bilan taʼminlanishi kerak. Buning uchun sexlarda doimiy ravishda yetarli miqdorda ichimlik suvi turadigan maxsus joylar tashkil etilishi lozim.
7.7. Yilning issiq davrida ichimlik sifatida 1 litr choyga 50 mg hisobidan vitaminlashtirilgan va sovitilgan koʻk choydan foydalanish tavsiya etiladi. Har bir ishchiga bir smenada 3-4 litr choy zarur.
7.8. Davolash-profilaktika muassasalari qoshida ish joyi hududidagi havo changlangan sexlarda band boʻlgan ishchilarning nafas yoʻllarida yalligʻlanish jarayonlari profilaktikasini amalga oshirish maqsadida ingalyatoriylar tashkil etilishi kerak.
ILOVA
Toʻqimachilik ishlab chiqarishining zararli omillari roʻyxati va ularni aniqlash usullari
