Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish hamda yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (554-son)
09.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 4-apreldagi PF-54-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etish va yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlashni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-son Farmoniga muvofiq:
oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar muassisligida xoʻjalik jamiyati shaklida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish;
yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestriga kiritilgan hamda belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat koʻrsatishni) yoʻlga qoʻygan korxonalarga hamda ularning xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-son Farmonida koʻzda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar (ijtimoiy soliqdan tashqari) tatbiq etilishi;
ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan patentsiz ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat koʻrsatishni) yoʻlga qoʻygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha boʻlgan davr uchun foyda soligʻini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada toʻlashi;
tajriba-sinov ishlari ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari doirasida amalga oshirilishi;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar asosida moliyalashtirilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar huzurida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish, faoliyatini amalga oshirish va ularning reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Agentlik “spin-off” korxonalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ishlab chiqarilgan mahsulot va koʻrsatiladigan xizmatlarni xarid qilish iqtisodiyot sohalarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
“spin-off” korxonasining sof foydasi davlat ulushi boʻyicha dividendga yoʻnaltirilmasdan korxonaning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish orqali reinvestitsiya qilinishi mumkin;
“spin-off” korxonalari faoliyati natijalari ushbu korxonani tashkil etgan muassislarning asosiy samaradorlik koʻrsatkichlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
4. Taʼlim va ilm-fan vazirligi:
ikki oy muddatda yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestri Ilmiy va innovatsion faoliyatini yurituvchi subyektlarning reyestri (keyingi oʻrinlarda — reyestr) maxsus axborot tizimida yuritilishini;
Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini moliyalashtirish uchun muntazam ravishda tanlovlar oʻtkazib borilishini taʼminlasin.
5. Taʼlim va ilm-fan vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim va ilm-fan vaziri zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-oktabr,
554-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 554-son qaroriga 1-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar huzurida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish, faoliyatini amalga oshirish va ularning reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar muassisligida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish, ularni qoʻllab-quvvatlash va faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
investitsiya davri — “spin-off” korxonasi ustav kapitalidagi davlat ulushi saqlanib turiladigan va besh yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladigan muddat;
Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali — tovarlar (ishlar, xizmatlar) va ularning ishlab chiqaruvchilari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish, ularning tovarlari (xizmatlari)ni taklif etish, davlat buyurtmachilari bilan savdo xaridlarini tashkil etish uchun moʻljallangan elektron axborot tizimi;
Kengash — “spin-off” korxonalari reyestriga kiritish uchun ariza bergan talabgor korxonalarning ariza maʼlumotlarini tahlil qilish va qaror qabul qilish maqsadida tashkil etiladigan organ;
muassis — “spin-off” korxonalari tashkil etilishida ustav kapitaliga ulush kiritgan davlat oliy taʼlim yoki ilmiy tashkiloti, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar;
“spin-off” korxonasi — yangi ishlanmaga asoslangan mahsulot ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) maqsadida tashkil etiladigan yuridik shaxs;
talabgor korxona — “spin-off” korxonalari reyestriga kiritishga ariza bergan yuridik shaxs;
elektron platforma — Ilmiy va innovatsion faoliyatni yurituvchi yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish hamda yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalar reyestrini (keyingi oʻrinlarda — reyestr) yuritishga moʻljallangan axborot tizimi;
yangi ishlanma — mavjud oʻxshash intellektual faoliyat natijalariga nisbatan yangi belgilarga ega boʻlgan, amalda qoʻllash mumkin boʻlgan va amaliyotda undan foydalanganda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni taʼminlay oladigan intellektual faoliyat natijasi (ishlab chiqarish, maʼmuriy, tijorat yoki boshqa xususiyatga ega yangi yoki mukammal texnologiya, xizmat va tashkiliy-texnik yechim).
3. Ushbu Nizom talablari oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlarga, ular muassisligida yangi ishlanmalarga asosan tashkil etiladigan “spin-off” korxonalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Reyestr Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan yuritiladi.
4. “Spin-off” korxonalari faoliyati qonuniylik, ochiqlik, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishning maqsadliligi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, resurslardan samarali foydalanish va raqamli hisobdorlik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2-bob. “Spin-off” korxonasini tashkil etish tartibi
5. “Spin-off” korxonasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq xoʻjalik jamiyati shaklida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Bunda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar “spin-off” korxonasining ishtirokchilari boʻlishi mumkin.
6. Muassisning Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tashkil etilgan “spin-off” korxonasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq venchur moliyalashtirish shakliga tenglashtiriladi.
7. Reyestrga kiritiladigan korxonalar quyidagi mezonlarga javob berishi shart:
korxona ustav fondining kamida 25 foizi oliy taʼlim tashkiloti va (yoki) ilmiy tashkilotga tegishli boʻlishi;
korxona tomonidan ilmiy tadqiqotga asoslangan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha asoslantirilgan biznes rejaning mavjudligi;
korxona tomonidan ishlab chiqiladigan tovar (xizmat) muassis boʻlgan oliy taʼlim tashkiloti va (yoki) ilmiy tashkilotning ishlanmasiga asoslangan boʻlishi;
yangi ishlanma muassis — oliy taʼlim tashkiloti va (yoki) ilmiy tashkilotda bajarilgan ilmiy-tadqiqot, dissertatsiya ishi, xoʻjalik shartnomasi natijasida olingan boʻlishi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda intellektual mulk huquqi muhofazalangan yaratilgan texnologiyaga asoslangan boʻlishi.
8. “Spin-off” korxonasining ustav fondi muassisning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shakllantiriladigan 25 foizdan kam boʻlmagan ulushidan tashqari venchur fondlar, xorijiy va (yoki) mahalliy investorlar mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham shakllantirilishi mumkin.
9. “Spin-off” korxonalarini reyestrga kiritish va koʻrib chiqish ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Yangi ishlanmalarga asoslangan korxonalarni “spin-off” korxonalari reyestriga kiritish
10. Reyestrga kirishga talabgor korxona vakili tomonidan elektron platformadagi reyestrni yuritish uchun tashkil etilgan alohida boʻlimga ariza maʼlumotlari kiritiladi.
11. Elektron platformaga quyidagilar kiritilishi shart:
talabgor korxonaning STIR;
xoʻjalik jamiyatining taʼsischilar yigʻilishi qarori bilan tasdiqlangan taʼsis hujjatlari;
yangi ishlanma toʻgʻrisida maʼlumot;
yangi ishlanma yaratilgan tashkilot toʻgʻrisida maʼlumot;
yangi ishlanmaga asosan mahsulot (tovar yoki xizmat) ishlab chiqarish rejalari toʻgʻrisida maʼlumot (biznes reja);
talabgor korxona xodimlari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Zarur hollarda, sohalarga taalluqli yangi ishlanmalar boʻyicha mahsulot va xizmatlar tegishli ruxsat berish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va sertifikatlashtirishni, klinik, sanitariya-epidemiologik va etik ekspertiza talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar kiritiladi.
12. Barcha maʼlumot va hujjatlar toʻliq kiritilgandan soʻng ariza koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
13. Agentlik ariza topshirilganidan soʻng oʻn ish kunida elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlarni texnik ekspertizadan oʻtkazadi.
Texnik ekspertiza Agentlik tomonidan belgilanadigan uch nafar xodim tomonidan amalga oshiriladi.
14. Texnik ekspertizada quyidagilar koʻrib chiqiladi:
talabnomaga ilova qilingan hujjatlarning toʻliqligi va toʻgʻriligi;
investitsiya davrida amalga oshirilishi belgilangan biznes reja va moliyaviy hisob-kitoblarning mavjudligi;
yangi ishlanma muassis tashkilotda yaratilgani yoki professor-oʻqituvchi yoxud doktorant va talabalarning shaxsiy muhofaza hujjatiga muassis bilan litsenziya kelishuvi mavjudligi;
korxonaning mehnat jamoasi tarkibida muassisning professor-oʻqituvchilari (ilmiy xodimlari) yoki talaba, izlanuvchilari boʻlishini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi.
15. Texnik ekspertiza xulosasi ijobiy boʻlgan arizalar Agentlik direktorining buyrugʻi bilan tuziladigan va tarkibi kamida 7 nafar aʼzosi Agentlik xodimlari va sohalarning malakali mutaxassislaridan iborat Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi.
16. Elektron platformada talabgor korxonaning ariza maʼlumotlarini koʻrib chiqish uchun Kengash aʼzolariga imkoniyat yaratiladi.
17. Kengash har oyda kamida bir marotaba talabgor korxona taqdimotini ochiq muhokamada koʻrib chiqadi.
18. Taqdimot natijalariga koʻra Kengash ovoz berish orqali talabgor korxonani reyestrga kiritish yoki reyestrga kiritishni rad etish boʻyicha qaror qabul qiladi.
19. Rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan arizalar boʻyicha talabgor korxonalar ushbu Nizomda belgilangan umumiy tartibda takroran murojaat qilishga haqli.
20. Reyestrga kiritilgani yoki rad etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot talabgor korxonaga elektron platforma orqali avtomatik ravishda maʼlum qilinadi.
21. “Spin-off” korxonasini reyestrga kiritish toʻgʻrisida Kengashning tegishli qarori asosida elektron platformada uch ish kunida reyestrga kiritilgani toʻgʻrisida guvohnoma shakllantiriladi.
Mazkur guvohnoma besh yil davomida amal qiladi.
22. Quyidagilar reyestrga kiritishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
ushbu Nizomning 11-bandiga muvofiq taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchsiz yoki soxta ekanligi;
talabgor korxona ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mezonlarga javob bermasligi.
23. Reyestrdagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, korxona besh ish kuni ichida Agentlikni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
4-bob. “Spin-off” korxonasi faoliyatini amalga oshirish
24. “Spin-off” korxonasining mehnat jamoasi tarkibida muassisning kamida bir nafar professor-oʻqituvchisi (ilmiy xodimi) yoki talaba, tayanch doktorant, doktorant yoxud mustaqil izlanuvchisi faoliyat koʻrsatishi shart.
25. Reyestrga kiritilgan “spin-off” korxonalari quyidagilarga rioya etishi shart:
faqat biznes rejada koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlarini amalga oshirishi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorakda va belgilangan shaklda elektron platforma orqali hisobot taqdim etishi;
biznes rejada koʻrsatib oʻtilmagan yangi faoliyat turlarini Agentlik tomonidan yangi (qoʻshimcha) biznes reja kelishilganidan soʻng amalga oshirishi.
5-bob. “Spin-off” korxonalarini qoʻllab-quvvatlash
26. Muassisga “spin-off” korxonasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagi huquqlar beriladi:
oʻzining boʻsh turgan bino va inshootlarini investitsiya davrida tekin foydalanish huquqi asosida korxonaga berish;
oʻzining boʻsh turgan yer uchastkalarini besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga ijaraga berish orqali yengil konstruksiyali, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yerosti inshootlariga ega boʻlmagan, buzib olib koʻchirish imkoniyati mavjud boʻlgan obyektlarni qurish uchun korxonaga ajratish;
investitsiya davri mobaynida oʻzining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan korxonani uch yil muddatda qaytarish sharti bilan, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash.
27. Muassisning binolari, inshootlari va yer uchastkalaridan korxonaning asosiy faoliyat yoʻnalishidan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Reyestrga kiritilgan, yangi ishlanma asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat koʻrsatishni) yoʻlga qoʻygan “spin-off” korxonalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-son Farmonida nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari tatbiq etiladi.
29. “Spin-off” korxonasiga investorlar tomonidan investitsiya kiritishga oid bitimlar va shartnomalar boʻyicha vakolatli davlat organining xulosasi talab etilmaydi, davlat-xususiy sheriklik va ishonchli boshqaruvga berish holatlari bundan mustasno.
30. Korxonaning sof foydasi davlat ulushi boʻyicha dividendga yoʻnaltirilmasdan, vakolatli organlar ruxsatisiz korxonaning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish orqali reinvestitsiya qilinishi mumkin.
31. Investitsiya davri mobaynida “spin-off” korxonasi ustav fondidagi davlat ulushini xususiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, Agentlikning ulushni sotish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
32. Investitsiya davri yakuniga qadar “spin-off” korxonasidagi davlat ulushini sotish boʻyicha muassis Agentlikka rasmiy murojaat qiladi.
33. Murojaat Agentlik kengashi tomonidan oʻn besh ish kunida koʻrib chiqilib, investitsiya davri yakuniga qadar korxonadagi davlat ulushini sotish maqsadga muvofiqligi yoki rad etish boʻyicha xulosa beriladi.
34. Investitsiya davri yakunida yoki investitsiya davri yakuniga qadar “spin-off” korxonasidagi davlat ulushi bozor qiymatida korxonaning boshqa ishtirokchilariga sotib olish uchun taklif etiladi. Boshqa ishtirokchilar davlat ulushini sotib olishni rad etgan taqdirda, ushbu ulush bozor qiymatida ommaviy savdolarga qoʻyiladi.
35. “Spin-off” korxonasidagi davlat ulushini sotishdan tushadigan mablagʻlar muassisning Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
36. “Spin-off” korxonalari faoliyati natijalari, shu jumladan, ular tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy izlanishlar, innovatsion va tijoratlashtirish loyihalari, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilinadigan investitsiyalar ushbu korxonani tashkil etgan muassislarning asosiy samaradorlik koʻrsatkichlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
6-bob. “Spin-off” korxonasini reyestrdan chiqarish
37. Quyidagi holatlarda “spin-off” korxonasi reyestrdan chiqariladi:
investitsiya davri yakunlangandan soʻng;
Agentlikning xulosasiga asosan korxonadagi davlat ulushi investitsiya davri yakuniga qadar sotilganda;
korxona bankrot deb topilganda;
korxona ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mezonlardan kamida bittasiga javob bermay qolganda;
korxonaning mehnat jamoasi tarkibida muassisning professor-oʻqituvchilari (ilmiy xodimlari), talabalar yoki izlanuvchilari ishlamayotgani aniqlanganda;
taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchsiz yoki soxta ekanligi aniqlanganda;
muassis tomonidan tekin foydalanishga yoki ijaraga berilgan binolar, inshootlar va yer uchastkalari korxonaning asosiy faoliyat yoʻnalishidan boshqa maqsadlarda foydalanilgani aniqlanganda.
38. Reyestrdan chiqarishga yetarli sabablar mavjud boʻlganda, bu toʻgʻrisida korxonaga maʼlum qilinadi va kamchiliklarni bartaraf etish uchun oʻn besh kun muddat beriladi, yuridik shaxs tugatilgan yoki korxonaning oʻz arizasi mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
39. Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Kengash tomonidan qabul qilinadi va uch ish kuni ichida korxonaga yuboriladi.
40. Reyestrdan chiqarilgan korxona kamchiliklar bartaraf etilganidan soʻng qaytadan reyestrga kiritish uchun umumiy tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
7-bob. Reyestrda qayd etilgan tovarlar (xizmatlar)ni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali orqali xarid qilish tartibi
41. Reyestrga kiritilgan “spin-off” korxonasi tomonidan yangi ishlanmaga muvofiq ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlik tomonidan tasdiqlanadi va korxona tomonidan mustaqil tarzda Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali uchun taqdim etiladi.
42. Reyestrga kiritilgan korxona Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portalida quyidagi maʼlumotlarni joylashtiradi va ularning dolzarbligini taʼminlaydi:
tovarlar (xizmatlar)ning nomi, texnik va sifat koʻrsatkichlari;
ishlab chiqarish quvvati, yetkazib berish muddatlari va xizmat koʻrsatish shartlari;
ekologik ekspertiza xulosasi, sertifikatlar, tajriba-sinov natijalari, patentlar yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlar;
narx takliflari, zaruratga koʻra tijorat taklifi va boshqa axborotlar.
43. Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali orqali xarid qilish qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan xarid qilish usullariga muvofiq, davlat xaridlari boʻyicha tegishli elektron tizimlar bilan integratsiya qilingan holda amalga oshiriladi.
8-bob. Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish
44. Kengash qaroridan norozi boʻlgan talabgor korxonalar ularni reyestrga kiritishni rad etish yoki reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi Kengash qarorini olgan kundan boshlab uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma shikoyat berishlari mumkin.
45. Apellyatsiya komissiyasi talabgor korxonalarning yozma shikoyatini koʻrib chiqish uchun kamida besh nafar toq sonli aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi Agentlik xodimlari va sohaning malakali mutaxassislaridan iborat boʻladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Kengash aʼzolarining kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
46. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida shikoyatni koʻrib chiqadi.
Zarur hollarda, shikoyat muallifining, Kengash aʼzolari hamda boshqa tegishli subyektlarning fikrini eshitadi.
47. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi unda komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
48. Apellyatsiya komissiyasi talabgor korxonaning reyestrga kiritish jarayonlariga oid shikoyatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
talabgor korxonaning maʼlumotlari toʻgʻri baholangan boʻlsa, shuningdek, koʻrib chiqish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, Kengash qarorini oʻzgartirishsiz qoldirish;
talabgorning maʼlumotlari Kengash tomonidan notoʻgʻri baholangani aniqlangan taqdirda, Kengashda qayta koʻrib chiqish uchun kiritish.
49. Apellyatsiya komissiyasiga boshqa talabgor korxonalar maʼlumotlarini koʻrib chiqish va shikoyat beruvchining ishi bilan solishtirishga ruxsat berilmaydi.
50. Apellyatsiya komissiyasining qarori yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi. Bayonnoma Apellyatsiya komissiyasining raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
51. Apellyatsiya komissiyasining qarori qaror qabul qilingan kunning oʻzida shikoyat bergan korxonaga yuboriladi.
52. Shikoyat bergan korxona apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
53. “Spin-off” korxonasi oʻz faoliyati yuzasidan Agentlikka har yil yakunida, Agentlik talabiga koʻra, qoʻshimcha ravishda ishlab chiqarish hajmi, yaratilgan ish oʻrinlari, jalb qilingan investitsiyalar, eksport va boshqa asosiy koʻrsatkichlar toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda axborot taqdim etib boradi.
54. “Spin-off” korxonasi tashkil etilgandan soʻng yangi ishlanma bilan bogʻliq nizoli vaziyatlar yuzaga kelsa, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
55. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar huzurida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish, faoliyatini amalga oshirish va reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Spin-off” korxonalarini reyestrga kiritish va koʻrib chiqish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 554-son qaroriga 2-ILOVA
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash maqsadida olimlar va tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladigan tajriba-sinov ishlari uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplab berish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish, ekspertiza qilish, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasining tashabbuskori yoki amalga oshiruvchi va (yoxud) yangi ishlanma muallifi hisoblangan innovatsion faoliyat subyekti;
ijrochi tashkilot — tanlov natijalariga koʻra moliyalashtirilgan loyihani amalga oshiruvchi tashkilot;
ilmiy ekspert — tanlovga qabul qilingan tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini baholash uchun belgilanadigan olim;
Kollegial organ — Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligining Ilm-fan va innovatsiyalar kengashi;
loyiha hujjatlari — tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq asoslovchi va tasdiqlovchi, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va elektron platforma orqali taqdim etiladigan hujjatlar toʻplami;
tajriba-sinov ishlari — yangi ishlanmani qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etgan holda sanoatda joriy etish, tajriba namunasini yaratish, tajriba partiyasini ishlab chiqarish, sertifikatlashtirish, texnologik moslashtirish va boshqa tayyorlov ishlari;
tanlov — eʼlon qilinadigan va ushbu Nizomga muvofiq oʻtkaziladigan tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini saralash jarayoni;
tashkilotchi — tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari tanlovlarini tashkil etishga masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi;
tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasi — yangi ishlanmani fuqarolik muomalasiga joriy etish uchun tajriba namunasini tayyorlash hamda tajriba-sinov ishlarini oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishga qaratilgan loyiha;
elektron platforma — Ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash va tijoratlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish axborot tizimi;
Yangi ishlanmalar bazasi — tashkilotchi tomonidan yuritiladigan, ilmiy yoki innovatsion faoliyat yakuni boʻyicha olingan yangi ishlanmalarga oid toʻplanadigan maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha maxsus axborot tizimi.
3. Tanlovlar adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida elektron platforma orqali oʻtkaziladi.
Bunda elektron platformadan foydalanish tartibi tashkilotchi tomonidan belgilanadi.
4. Tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari boʻyicha ishlanmalar Yangi ishlanmalar bazasida roʻyxatga olinadi.
5. Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha) tashkilotchi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar asosida moliyalashtiriladi.
6. Tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hamda loyiha tashabbuskorlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Yangi ishlanmalar bazasining yuritilishi
7. Ariza beruvchi oʻzining shaxsiy kabineti orqali yangi ishlanmasini Yangi ishlanmalar bazasiga kiritish uchun ariza maʼlumotlarini joylaydi.
8. Ariza tashkilotchi tomonidan uch ish kunida koʻrib chiqiladi va natijasi boʻyicha Yangi ishlanmalar bazasida arizaning qabul qilingani yoki rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumot qayd etiladi.
9. Yangi ishlanmalar bazasiga kiritilgan yangi ishlanmaga identifikatsiya raqami beriladi va arizaning holati toʻgʻrisida axborot ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
10. Quyidagi holatlar arizani rad etish uchun asos hisoblanadi:
yangi ishlanma Oʻzbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan innovatsion faoliyat prinsiplariga zid boʻlsa;
yangi ishlanma toʻgʻrisida ishonchsiz maʼlumotlar mavjud boʻlsa.
11. Yangi ishlanmalar bazasidagi umumiy foydalanishdagi maʼlumotlar ochiq tarzda tashkilotchining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
12. Davlat uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoki davlat siri hisoblangan maʼlumotlarni qamrab oluvchi intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasi sifatida moliyalashtirish amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Tanlovni tashkil etish va loyihalarni koʻrib chiqish
13. Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash tanlovi ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
14. Tashkilotchi har yili bir marotaba oʻz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tanlov eʼlon qiladi.
Bunda tanlov shartlari, taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati va ularning namunalari eʼlonda koʻrsatilishi taʼminlanadi.
15. Ariza beruvchi tanlov eʼlon qilingan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida elektron platforma orqali loyiha hujjatlarini tashkilotchiga taqdim etadi.
16. Tashkilotchi ariza topshirilganidan soʻng oʻn ish kunida elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlarni tanlov shartlariga muvofiqligi yuzasidan texnik ekspertizadan oʻtkazadi.
17. Texnik ekspertizada loyiha hujjatlarining toʻliqligi koʻrib chiqiladi.
18. Texnik ekspertiza xulosasi ijobiy boʻlgan arizalar tashkilotchining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan kamida 7 nafar aʼzodan iborat Tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Tanlov komissiyasi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
19. Texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin umumiy tartibda keyingi tanlovlarda ishtirok etishi mumkin.
20. Texnik ekspertiza jarayonlariga raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi mumkin.
21. Ariza beruvchi loyiha hujjatlarida keltirilgan maʼlumotlar toʻgʻriligi va haqqoniyligiga masʼul hisoblanadi.
22. Texnik ekspertiza tashkilotchi tomonidan oʻtkaziladi va muvaffaqiyatli oʻtgan loyihalar besh ish kunida elektron platforma orqali ilmiy ekspertlarga yetkaziladi.
Ilmiy ekspertlar tashkilotchi tomonidan shartnoma asosida jalb qilingan yetakchi olimlaridan iborat boʻladi.
23. Ilmiy ekspertlar loyihani 100 balli tizimda baholaydi, bunda 0 ball eng past baho va 100 ball eng yuqori baho hisoblanadi.
Loyihaning yakuniy bahosi ekspertlar baholarining oʻrtacha arifmetik qiymati bilan belgilanadi.
Loyihani baholash mezonlari tashkilotchi tomonidan eʼlon qilinadigan tanlov shartlarida belgilanadi.
24. Ekspertlar tomonidan yakuniy baholash natijalari 70 balldan yuqori boʻlgan loyihalar elektron platformada ijobiy baholangan hisoblanadi va oʻn besh ish kunida koʻrib chiqish uchun elektron platforma orqali Tanlov komissiyasiga yuboriladi.
25. Yakuniy bahosi 70 ball va undan past boʻlgan loyiha tanlovdan oʻtmagan hisoblanadi va natijasi elektron platformada qayd etiladi.
26. Tanlov komissiyasi oʻn ish kunida ilmiy ekspertizadan oʻtgan loyihalarning taqdimotlarini oʻtkazish sanalarini belgilaydi.
27. Loyiha belgilangan muddatda taqdimotga asosan loyiha rahbari (yoki uning ishtirokida loyiha ijrochilaridan biri) tomonidan Tanlov komissiyasining yigʻilishida ochiq muhokamada himoya qilinadi.
28. Tanlov komissiyasi besh ish kunida taqdimot natijalariga koʻra har bir loyiha boʻyicha ovoz berish orqali uni moliyalashtirishga tavsiya etish yoki moliyalashtirishni rad etish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi va koʻrib chiqish uchun Kollegial organga kiritadi.
Bunda Tanlov komissiyasi tomonidan loyihalarni baholash mezonlari har bir tanlov uchun tashkilotchi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
29. Kollegial organ Tanlov komissiyasi tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalarni koʻrib chiqadi va yakuniy roʻyxatni tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
30. Kollegial organ qarori qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kunida loyihaning ijrochi tashkiloti bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolanadi va shartnomada moliyalashtirish shartlari belgilanadi.
31. Shartnomaning namunaviy shakllari, ilovalari, jadvallar va boshqa materiallar tashkilotchi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
32. Tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish miqdorlari tanlov shartlarida belgilanadi va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida har bir ijrochi tashkilot uchun ochiladigan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali moliyalashtiriladi.
4-bob. Tanlov komissiyasi ishini tashkil etish
33. Tanlov komissiyasi Tanlov komissiyasining raisi, uning oʻrinbosari, kotib va Tanlov komissiyasi aʼzolaridan iborat tarkibda boʻladi.
Tanlov komissiyasi aʼzolari uning ishida jamoatchilik asosida qatnashadilar.
34. Tanlov komissiyasi majlislarini tayyorlash va oʻtkazish, shuningdek, Tanlov komissiyasining joriy masalalarini hal qilish Tanlov komissiyasi kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
Tanlov komissiyasi kotibi Tanlov komissiyasi majlislarida ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
35. Tanlov komissiyasi majlisini rais, u boʻlmagan taqdirda, Tanlov komissiyasi raisining oʻrinbosari olib boradi.
36. Tanlov komissiyasi majlisi Tanlov komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
37. Tanlov komissiyasining qarorlari majlisda qatnashgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda Tanlov komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
38. Tanlov komissiyasi qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Tanlov komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlov komissiyasi bayonnomalari elektron platformada saqlanadi.
5-bob. Amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringini oʻtkazish
39. Ijrochi tashkilotlar va loyiha rahbarlari har chorakda loyihalarni amalga oshirishning borishi hamda erishilgan natijalar boʻyicha hisobot shakllantiradi va tashkilotchining hududlardagi masʼul boʻlinmalariga taqdim etadi.
40. Amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringi tashkilotchi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Hududlarda amalga oshiriladigan loyihalarning doimiy monitoringi tashkilotchining tegishli hududdagi masʼul boʻlinmalari tomonidan oʻtkaziladi. Zarur hollarda, loyihalar joyiga chiqqan holda monitoring qilinadi.
41. Loyiha rahbari va ijrochi tashkilot tashkilotchining yoki uning hududdagi masʼul boʻlinmalariga monitoring oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi va tegishli asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etishi shart, monitoring jarayonlariga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Monitoring natijasida tashkilotchining hududlardagi masʼul boʻlinmalari tomonidan loyihalarni amalga oshirish jarayonidagi salbiy holatlar, jumladan, moliyaviy mablagʻlarning maqsadsiz yoki loyihaning xarajatlar smetasiga nomuvofiq sarflanishi holatlari aniqlangan taqdirda, bu boʻyicha dalolatnoma tuziladi hamda mazkur holat toʻgʻrisida asoslovchi hujjatlar ilova qilingan holda tashkilotchiga yuboriladi.
43. Tanlov shartlariga va xarajatlar smetasiga rioya etmaslik, rejalashtirilgan natijalarga erishmaslik loyihalarni moliyalashtirishni toʻxtatish, mablagʻlarni qaytarish uchun asos boʻladi hamda Kollegial organ qaroriga asosan amalga oshiriladi.
44. Kollegial organning loyihalarni moliyalashtirishni toʻxtatish yoki mablagʻlarni qaytarish boʻyicha qarori ijrochi tashkilot, Jamgʻarma va tashkilotchi oʻrtasidagi tuzilgan shartnomani bekor qilish uchun asos boʻladi va loyiha doirasida Jamgʻarma hisobidan moliyalashtirilgan barcha mablagʻlarni ixtiyoriy ravishda qaytarish uchun tashkilotchi tomonidan ijrochi tashkilotga bir oy muddat beriladi.
Jamgʻarma mablagʻlari ijrochi tashkilot tomonidan ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan taqdirda, ushbu nizoli holat sud tartibida hal etiladi.
45. Loyiha sanoat namunasining yaratilishi va tadbirkor tomonidan ushbu ishlanmani ishlab chiqarishga qabul qilinishi bilan yakunlanadi.
46. Loyiha yakunlanganidan soʻng bir oy ichida ijrochi tashkilot yakuniy hisobotni shakllantiradi, uni tashkilotchiga taqdim etadi hamda Tanlov komissiyasi tomonidan loyihani yakunlash boʻyicha dalolatnoma tasdiqlanadi.
6-bob. Loyihalarni amalga oshirishga qoʻyiladigan umumiy talablar
47. Loyihalar yangi ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga joriy etish uchun tajriba namunasini tayyorlash hamda uning tajriba-sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish maqsadida shakllantiriladi.
48. Loyiha tadbirkorning ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammosi yechimiga qaratilgan boʻlishi lozim.
49. Davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar boʻyicha olimlar va tadbirkorlik subyektlarining tajriba-sinov ishlari xarajatlarining bir qismini qoplab berish maqsadida bajariladigan tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari doirasida quyidagilar talab etiladi:
tajriba-sinov ishlari yakunida ishlab chiqarishga qabul qilinadigan yangi ishlanmalar boʻyicha intellektual mulk huquqining muhofaza hujjatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi;
loyihada ishlanma muallifi, ishlanma tayyorlangan tashkilot va kelgusida ishlanma asosida ishlab chiqarish tashkil etadigan tadbirkorlik subyekti ishtirok etadi.
50. Yangi ishlanma tadbirkor tomonidan tayyorlanganida, tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasiga ilmiy qoʻllab-quvvatlash uchun muayyan ilmiy tashkilot (yoki oliy taʼlim tashkiloti) olimlaridan iborat ilmiy jamoa jalb qilinishi lozim.
51. Tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini amalga oshirishning eng koʻp muddati ikki yilgacha boʻlishi mumkin.
7-bob. Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish
52. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ariza beruvchilar moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi Tanlov komissiyasi qarorini olgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tanlov boʻyicha Apellyatsiya komissiyasiga yozma shikoyat berishlari mumkin.
53. Apellyatsiya komissiyasi ariza beruvchilarning yozma shikoyatini koʻrib chiqish uchun kamida besh nafar toq sonli aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi tashkilotchi xodimlari va sohaning malakali mutaxassislaridan iborat boʻladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Tanlov komissiyasi aʼzolarining kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida shikoyatni koʻrib chiqadi.
Zarur hollarda, shikoyat muallifining, Tanlov komissiyasi aʼzolari hamda tanlovning boshqa subyektlarining fikrini eshitadi.
55. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi unda komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
56. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat beruvchining tanlov jarayonlariga oid shikoyatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyat beruvchining loyihasi toʻgʻri baholangan boʻlsa, shuningdek, tanlov topshiriqlarida xato va kamchiliklar hamda sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, tanlov natijalarini oʻzgartirishsiz qoldirish;
shikoyat beruvchining loyihasi Tanlov komissiyasi tomonidan notoʻgʻri baholangani aniqlangan taqdirda, baholash natijalarini oʻzgartirish.
57. Apellyatsiya komissiyasiga boshqa ariza beruvchilarning loyihalarini koʻrib chiqish va shikoyat beruvchining ishi bilan solishtirishga ruxsat berilmaydi.
58. Apellyatsiya komissiyasining qarori yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi. Bayonnoma apellyatsiya komissiyasining raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
59. Apellyatsiya komissiyasining qarori qaror qabul qilingan kunning oʻzida shikoyat beruvchiga yuboriladi.
60. Apellyatsiya komissiyasi qaroriga muvofiq tanlov natijalari oʻzgargan taqdirda, Tanlov komissiyasining qoʻshimcha bayonnomasi rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
61. Shikoyat beruvchi Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
62. Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
63. Agentlik ushbu Nizom talablariga rioya etilishi boʻyicha monitoring qilib boradi.
64. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash tanlovini tashkil etish
SXEMASI
