Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (551-son)
09.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
respublikada faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari tomonidan davlat mulkini ijaraga berishni davlat xizmati asosida tashkil etish tartibi;
davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
davlat mulkining ijaraga berilishini rasmiylashtirish tartibi;
davlat mulki ijara shartnomasi shartlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish tartibi.
2. Belgilansinki:
2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat mulkini ijaraga berish uchun ariza ushbu Reglamentga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuboriladi;
davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmati YIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;
YIDXPda davlat xizmatini koʻrsatishning har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.Gʻ. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-oktabr,
551-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 551-son qaroriga ILOVA
Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglament talablari:
chet eldagi davlat mulkini ijaraga berishga;
obodonlashtirish va zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatlarini olgan holda, moddiy-madaniy meros obyektlari va ularga tutash hududlarni ijaraga berishga;
kasb-hunarga oʻqitish markazlarining taʼlim jarayonidan foydalanilmayotgan oʻquv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari (asbob-uskunalari bilan birga) hamda boshqa bino va inshootlarini ijaraga berishga;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning alohida tartib oʻrnatilgan yopiq hududlarida joylashgan bino va inshootlarini ijaraga berishga;
teatr-tomosha korxonalarining tomosha koʻrsatish zallari va maydonlarini ijaraga berishga;
davlat tashkilotlarining xizmat turar joylarini ijaraga berishga;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, umumiy foydalanishdagi yerlar (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari yerlari), davlat tashkiloti, korxonasi va muassasasi balansida boʻlmagan yerlar va zaxira yerlarni ijaraga berishga;
yerosti boyliklarini ijaraga berishga;
intellektual mulk obyektlarini ijaraga berishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida ijaraga berishning boshqacha tartibi belgilangan davlat mulklariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — davlat mulkini oʻz balansida hisobga olgan davlat tashkiloti, shu jumladan, davlat muassasasi rahbari yoki masʼul xodimi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari;
davlat mulki — respublika mulki va maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulki (munitsipal mulk)dan iborat boʻlgan ommaviy mulk, shuningdek, davlat tashkilotlari, korxonalari va muassasalari hamda xoʻjalik birlashmalariga tasarruf etish huquqisiz berilgan davlat mulki;
ijaraga oluvchi — davlat mulkini ijara shartnomasi asosida foydalanishga oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
“E-auksion” elektron savdo platformasi (keyingi oʻrinlarda — savdo platformasi) — elektron onlayn-auksion savdolari va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, istagi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning bunday auksion va tanlovlar jarayoniga kirish hamda ularda qatnashish imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi.
4. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladi.
5. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
6. Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish
7. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi kelib murojaat qiladi yoki davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
8. Ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, Davlat xizmati markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun arizani elektron tarzda toʻldiradi.
9. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza toʻldirilgan vaqtdan boshlab uni real vaqt rejimida vakolatli organga yuboradi.
Zarur maʼlumotlar arizaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi hamda imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
10. Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etganda, arizani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi hamda arizani avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
11. Ariza va unga davlat mulkiga tegishli quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
davlat mulkining nomi, tavsifi, joylashgan manzili;
davlat mulkining umumiy va ijaraga beriladigan maydoni, qurilgan yili (mavjud boʻlsa);
davlat mulkining kommunikatsiyalar (suv, gaz, elektr energiyasi, kanalizatsiya tarmogʻi) bilan taʼminlangani toʻgʻrisida maʼlumot;
davlat mulkining ijaraga beriladigan maydonini koʻrsatgan holda kadastr hujjati nusxasi;
davlat mulkining 4 ta fotosurati;
davlat mulkidan foydalanish maqsadi (amalga oshiriladigan faoliyat turi);
davlat mulkini ijaraga berishning boshqa shartlari (mavjud boʻlsa).
12. Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida taqdim etilgan davlat mulkiga tegishli hujjatlar va maʼlumotlarning toʻliqligini oʻrganadi.
13. Ushbu Reglamentning 11-bandiga muvofiq davlat mulkiga tegishli hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, vakolatli organ ikki ish kunidan kechiktirmay ariza beruvchiga hujjatlarni toʻliq koʻrsatgan holda taqdim etish uchun tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali elektron tarzda qaytaradi.
14. Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda, ariza beruvchi bir oy muddatda davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish asoslarini bartaraf qilgan holda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda ariza beruvchi tomonidan rad etish sabablari bartaraf etilmagani arizani koʻrmasdan qoldirishga asos boʻladi.
Ushbu bandda belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilgan arizalar yangi berilgan hisoblanadi va umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
15. Vakolatli organ arizani oʻrganish natijasi ijobiy boʻlsa, ariza roʻyxatdan oʻtkaziladi va davlat mulki ijaraga berish uchun savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
16. Vakolatli organ davlat mulkini ijaraga berish uchun savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgani haqidagi xabarnomani mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda ikki ish kuni mobaynida Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
17. Ariza beruvchi tomonidan davlat mulkini ijaraga berish uchun ariza elektron tarzda Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali yuborilganda yigʻim undirilmaydi.
3-bob. Davlat mulkining ijaraga berilishini rasmiylashtirish
18. Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn-auksion savdolari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Vakolatli organ bilan ijaraga oluvchi oʻrtasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkazilgan elektron onlayn-auksion savdolari natijasi boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirilgandan keyin oʻn ish kunidan kechiktirmay tuzilgan ijara shartnomasi elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo bilan) ikki tomonlama rasmiylashtiriladi va elektron raqamli imzo bilan imzolash uchun Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.
20. Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq rasmiylashtiriladi.
21. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali yuborilgan ijara shartnomasini ikki ish kunida elektron raqamli imzo bilan imzolaydi va ijara shartnomasi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
4-bob. Davlat mulki ijara shartnomasi shartlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish
22. Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha ijara shartnomasining shartlari qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartiriladi yoki bekor qilinadi.
Bunda ijara shartnomasi shartlari “online-ijara.uz” axborot tizimi orqali oʻzgartiriladi yoki bekor qilinadi.
23. Vakolatli organ davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha ijara shartnomasi shartlari oʻzgartirilganda yoki ijara shartnomasi bekor qilinganda, uch ish kunida qoʻshimcha kelishuv shartnomasini Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga imzolash uchun yuboradi. Ijara shartnomasi sud qarori bilan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan hollar bundan mustasno.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy murojaat boʻlgan taqdirda, ariza beruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
25. Ushbu Reglamentni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqichAriza beruvchiDavlat mulkini ijaraga berish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali ariza yuboradi.Ariza topshirish zarurati vujudga kelganda2-bosqichYIDXPArizani toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.Avtomatik tarzdaDavlat xizmatlari markazi10 daqiqa ichida3-bosqichVakolatli organ(Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining hududiy boshqarmalari)1. Ariza va tegishli maʼlumotlarni koʻrib chiqadi.2 ish kuni ichida2. Kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, ularni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga qaytaradi.3. Arizaning qabul qilingani yoki rad etilgani haqida ariza beruvchiga xabar beradi.4-bosqichAriza beruvchiArizani undagi kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta yuboradi.2 ish kuni ichida5-bosqichVakolatli organ1. Davlat mulkini ijaraga berish uchun savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksion savdosiga chiqaradi.2 ish kuni ichida2. Davlat mulkini ijaraga berish uchun savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgani haqida maʼlumotlarni (lot raqami, savdoni oʻtkazish sanasi va boshqalar) ariza beruvchiga yuboradi.6-bosqichVakolatli organ3. Elektron onlayn-auksion savdolari natijasi boʻyicha ijara shartnomasini rasmiylashtiradi.10 ish kuni ichida4. Ijara shartnomasini elektron raqamli imzo bilan imzolash uchun Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga elektron shaklda yuboradi.Davlat xizmatlari markaziga — shu kunning oʻzida,YIDXP orqali — avtomatik tarzda7-bosqichAriza beruvchiElektron raqamli imzo bilan ijara shartnomasini imzolaydi.2 ish kuni ichida8-bosqichVakolatli organIjara shartnomasi shartlari oʻzgartirilganda yoki ijara shartnomasi bekor qilinganda, Davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali ariza beruvchiga qoʻshimcha kelishuv shartnomasini imzolash uchun yuboradi.3 ish kuni ichida
Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining _______________ hududiy boshqarmasigaDavlat mulkini ijaraga berish uchunARIZA____________________________(sanasi)(raqami)Sizdan ___________________________ balansidagi ______________________________________ manzilida joylashgan bino(obyekt)ning ________ kvadrat metr maydoni quyidagi faoliyat turi boʻyicha ijaraga berilishida amaliy yordam koʻrsatishingizni soʻraymiz.T/rSoha turiFaoliyat turiIjaraga beriladi(kvadrat metr)Binoning ijaraga beriladigan maydoni turijami:Ilova __ varaqda.1-ilova obyektning xatlov dalolatnomasi;2-ilova obyektning kadastr hujjati;3-ilova ijaraga beriladigan maydonning belgilangan kadastr chizmasi nusxasi;4-ilova obyektning 4 dona fotosurati.Bizning rekvizitlar:Manzil: ______________________;Xizmat koʻrsatuvchi bank: ______________;MFO: _____________;HR: ____________________________;STIR: _________________;OKONX: __________;Bogʻlanish uchun telefon raqami: ___________________Ushbu arizada koʻrsatilgan maydonni “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish boʻyicha gʻolib boʻlgan ijaraga oluvchi bilan belgilangan tartibda ijara shartnomasini rasmiylashtirishni hamda obyekt ijaraga topshirilishini kafolatlaymiz.Davlat mulkini ijaraga berish uchun arizaga ILOVA1.Ijaraga berilayotgan boʻsh turgan davlat mulkining nomi2.Davlat mulkining manzili3.Kadastr raqami4.Xaritadagi koordinatalari5.Qurilgan yili6.Umumiy yer maydoni (kvadrat metr)7.Binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni (kvadrat metr)8.Ijaraga beriladigan maydon (kvadrat metr)9.Binoning texnik xususiyatlari Balansda saqlovchi maʼlumotlari10.F.I.O.11.STIR12.ManzilIjaraga berish shartlari13.Ijaraga berish muddati (oy)Kommunikatsiya tarmoqlari14.Elektr energiyasi15.Tabiiy gaz16.Ichimlik suvi17.Issiq suv18.Oqova suv (kanalizatsiya)19.Issiqlik tarmogʻi20.Telefon tarmogʻi21.Internet tarmogʻi22.Lokal tarmoq
Davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Davlat mulkini ijaraga berish xizmatini koʻrsatishNATIJASI____________________________(sanasi)(raqami)T/rObyekt (bino qismi) nomiFaoliyat turiBinoning ijaraga beriladigan maydoni (kvadrat metr)Savdoga chiqarilgani toʻgʻrisida LOT raqamiSavdoni oʻtkazish sanasiJami:Vakolatli organ elektron imzosi bilan tasdiqlaydi.
