Aholi tomorqalaridan yuqori daromad olishni ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (547-son)
09.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga tajriba tariqasida 2027-yilda Namangan viloyatida toʻlangan yer soligʻining bir qismi qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi uch oy muddatda:
a) “Onlayn mahalla” platformasida dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish jarayonlarini avtomatlashtirish amaliyotini joriy etsin;
b) “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali:
“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oʻrtacha narxlari boʻyicha elektron tarzda maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda toʻlangan yer soligʻini qaytarishni nazarda tutuvchi avtomatlashtirilgan dasturni ishlab chiqish va “Onlayn mahalla” platformasi bilan integratsiya qilish ishlarini yakunlasin;
v) Soliq qoʻmitasi uch oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, soliq organlarining maxsus mobil ilovasini takomillashtirsin.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Namangan viloyatida oʻtkazilgan tajriba natijalarini tahlil qilgan holda, ushbu tartibni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga 2028-yil 1-fevralga qadar taklif kiritsin.
5. Belgilansinki:
ushbu qaror ijrosini taʼminlash doirasida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining maxsus jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlaridan yuqori daromad olgan dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari tomonidan toʻlangan yer soligʻining bir qismi tegishli mahalliy budjetlarning daromadlar qismida yer soligʻini qaytarish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan qaytariladi.
6. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda aholi oʻrtasida ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati keng tushuntirilishini tashkil etsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-oktabr,
547-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 547-son qaroriga ILOVA
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining (keyingi oʻrinlarda — soliq) bir qismini qaytarish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtomatlashtirilgan dastur — dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish yoki qaytarishni rad etish asoslarini tekshiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat moliyasini boshqarishning axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — DMBAT) integratsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) avtomatlashtirilgan dasturi;
dehqon xoʻjaligi — meros qilib qoldiriladigan, umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xoʻjaligi boshligʻiga berilgan yer uchastkasida dehqon xoʻjaligi aʼzolarining shaxsiy mehnati bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiradigan va sotadigan xoʻjalik;
daromad oluvchi — “Onlayn mahalla” hamda “UzexAgro” platformalari, soliq organlari maʼlumotlar bazasiga muvofiq aniqlangan, kalendar yilda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan ushbu Nizomda belgilangan miqdordan yuqori daromad oluvchi shaxs;
“Onlayn mahalla” platformasi — oilaning mavjud chorva mollari, shaxsiy tomorqa yerlari va ularning egalari tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi, mahsulot turi va ekin ekilgan maydon toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oila aʼzolarining maqomi (chaqiriq boʻyicha harbiy xizmatda boʻlishi, oʻrta maxsus, professional yoki oliy taʼlim muassasasida oʻqishi, xorijda mehnat qilayotgani va boshqalar) boʻyicha maʼlumotlar kiritiladigan elektron platforma;
tomorqa xoʻjaligi — shaxsiy tomorqa yerlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ham erkin savdo, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish (qayta ishlash) bilan bogʻliq faoliyat;
“UzexAgro” platformasi — dehqon xoʻjaliklari, shuningdek, aholi tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini elektron savdolar orqali sotish uchun yaratilgan savdo platformasi;
shaxsiy tomorqa yerlari — tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish yoxud yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish maqsadida ajratilgan yer uchastkasi;
Gʻaznachilik — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi.
3. Toʻlangan soliqning bir qismi ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq qaytariladi.
2-bob. Toʻlangan soliqning bir qismini hisoblash tartibi
4. Daromad oluvchilarga ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib, 2027-yildan boshlab toʻlangan soliqning 90 foiz miqdori tegishli mahalliy budjetdan qaytariladi.
5. Daromad oluvchilar deb bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga javob beradigan shaxslar eʼtirof etiladi:
dehqon xoʻjaligi yoki shaxsiy tomorqa yeriga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda, bu yer uchastkalaridan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilsa;
kalendar yil davomida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan olingan daromad qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilgan bir sotix yer uchastkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan yuqori boʻlsa;
yer soligʻi boʻyicha oʻtgan va joriy yillarda soliq qarzdorligi mavjud boʻlmaganda (ortiqcha toʻlangan yer soligʻi summalari inobatga olinadi);
hisobot davrida hisoblangan yer soligʻi toʻliq toʻlanganda.
6. Yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilgani aniqlanganda, ushbu holat daromad oluvchiga toʻlanadigan soliqning bir qismini hisoblashda inobatga olinadi.
7. Daromad oluvchiga toʻlanadigan soliqning bir qismi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilgan yer uchastkasi doirasida toʻlangan soliq summasidan kelib chiqqan holda quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Bunda;
Qs — qaytariladigan soliq summasi;
A — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilgan yer uchastkasi;
S — hujjatlarsiz yoki ularda koʻrsatilganidan kattaroq yer uchastkasi hajmi;
k — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun toʻlangan yer soligʻining 90 foizi.
8. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilgan bir sotix yer uchastkasidan olingan daromad quyidagi tartibda aniqlanadi:
Bunda;
D1s — bir sotix yer uchastkasidan olingan daromad;
A — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan olingan jami daromad;
B — hujjatlar bilan tasdiqlangan yer uchastkasi;
S — hujjatlarsiz yoki ularda koʻrsatilganidan kattaroq yer uchastkasi hajmi.
9. Daromad oluvchining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan olingan jami daromadi u tomonidan “Onlayn mahalla” platformasiga kiritilgan quyidagi maʼlumotlar asosida hamda “UzexAgro” platformasidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oʻrtacha sotish narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilgan yer uchastkasi hajmi;
ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sotilgan hajmi;
mahsulot nomi va turi.
10. Daromad oluvchi tomonidan “Onlayn mahalla” platformasiga maʼlumotlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilgan paytdan daromad olish boshlangan paytga qadar kiritilishi mumkin hamda takroriy ekinlar ekilgan boʻlsa, ushbu maʼlumotlar qoʻshimcha kiritib boriladi.
11. Oʻrtacha sotish narxlari “Onlayn mahalla” platformasiga daromad oluvchi tomonidan sotilgan mahsulotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilgan sanaga eng yaqin muddatda amalga oshirilgan bitimlardan kelib chiqib, ularning oʻrtacha narxlarining 80 foizi miqdorida belgilanadi.
12. Kalendar yilda daromad oluvchining bir sotix yer uchastkasidan olgan daromadi miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan yuqori boʻlganda, ushbu Nizomning 9 va 11-bandlaridagi maʼlumotlar “Onlayn mahalla” platformasi orqali avtomatlashtirilgan dasturga yuboriladi.
13. Daromad oluvchiga toʻlab beriladigan soliqning bir qismi ushbu Nizom talablari inobatga olingan holda avtomatlashtirilgan dastur orqali aniqlanadi.
14. Daromad oluvchi toʻlangan soliqning bir qismini soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ushbu summa tasdiqlangandan eʼtiboran qaytarib olishi mumkin.
3-bob. Toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish yoki rad etish tartibi
15. Avtomatlashtirilgan dastur ushbu Nizomning 12-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar kelib tushgandan eʼtiboran uch kun muddatda avtomatik ravishda qaytariladigan soliq summasi boʻyicha buyurtmani Gʻaznachilikka taqdim etadi.
16. Gʻaznachilik buyurtmaga binoan Soliq qoʻmitasining Gʻaznachilikdagi maxsus hisobvaragʻiga buyurtma olgan kundan soʻng uch ish kunidan kechikmay mablagʻlarni oʻtkazadi.
17. Soliq qoʻmitasi Gʻaznachilik tomonidan mablagʻlar oʻtkazilgandan keyin bir ish kunidan kechiktirmay ularni Gʻaznachilikdagi maxsus hisobvaragʻidan vakolatli bankda ochilgan hisobvaragʻiga oʻtkazadi va Soliq qoʻmitasi daromad oluvchilarning reyestrlarini vakolatli bankka oʻsha kunning oʻzida taqdim etadi.
18. Soliq qoʻmitasi topshirigʻiga asosan vakolatli bank mablagʻlarni bir ish kunida soliq organlarining maxsus mobil ilovasida koʻrsatilgan daromad oluvchilarning bank kartalariga oʻtkazadi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasi ikkinchi qismi 16-bandiga muvofiq jismoniy shaxs tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarib olinishi ushbu jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi.
20. Daromad oluvchining boshqa soliqlar, moliyaviy sanksiyalar va penyalar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlsa, qaytariladigan soliqning bir qismi, birinchi navbatda, ushbu qarzlarni soʻndirishga yoʻnaltiriladi va bu haqida daromad oluvchiga soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali maʼlumotlar taqdim etiladi.
21. Ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan shartlar bajarilmagan taqdirda, daromad oluvchilarga toʻlangan soliqning bir qismini qaytarish avtomatik ravishda rad etiladi.
22. Soliq organi toʻlangan soliqning bir qismini qaytarib berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa berganda, bu toʻgʻrisida soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali bir ish kuni ichida daromad oluvchiga toʻlangan soliqning bir qismini qaytarib berishni rad etishning asoslantirilgan sabablari koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
23. Daromad oluvchi soliq summasini qaytarib berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosa yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Daromad oluvchi tomonidan toʻlangan yer soligʻining bir qismi yolgʻon maʼlumotlarni taqdim qilish, hujjatlarni soxtalashtirish asosida qaytarib olingani holatlar aniqlanganda, ushbu qaytarib olingan summa belgilangan tartibda penya hisoblagan holda mahalliy budjetga undiriladi.
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga ILOVA
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga toʻlangan yer soligʻining bir qismini qaytarish
SXEMASI
