9-modda. Lizing shartnomasi
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing shartnomasi yozma shaklda, qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi.
Lizing shartnomasi:
shartnoma taraflaridan birining talabiga koʻra;
mol-mulk lizing obyekti hisoblanib, u haqda tuziladigan bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab qilinadigan hollarda notarial tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalari olish chogʻidagi lizing toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno.
Quyidagilar lizing shartnomasining muhim shartlari hisoblanadi:
lizing obyektining tavsiflanishi (lizing obyektining miqdori, sifati, roʻyxati, kontrakt qiymati va boshqa koʻrsatkichlari) va shartnoma umumiy pul summasining koʻrsatilishi;
taraflarning lizing obyektini olish va berish bilan bogʻliq majburiyatlari;
lizing obyektini berish tartibi, shu jumladan lizing obyektini yetkazib berish, montaj qilish va foydalanishga topshirish tartibi;
lizing toʻlovlarini toʻlash shartlari, miqdorlari, muddatlari va tartibi;
lizing obyektidan foydalanish, unga qarash, uni saqlab turish va taʼmirlash yuzasidan taraflarning majburiyatlari;
shartnomaning amal qilish muddati.
sotuvchi va lizing obyektini tanlash uchun masʼul tarafning koʻrsatilishi.
Taraflarning kelishuviga binoan lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin:
lizing obyektini sotib olish tartibi va muddatlari;
lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish;
lizing obyektini sugʻurta qilish;
fors-major holatlar;
lizing beruvchi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi, bunday xizmatlarsiz lizing obyektidan foydalanib boʻlmasa;
lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi.
Lizing shartnomasiga qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
