24-modda. Lizing subyektlarining javobgarligi
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing beruvchi mol-mulkni yetkazib bermaganlik, toʻliq yetkazib bermaganlik, yetkazib berish muddatini oʻtkazib yuborganlik va tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni yetkazib berganlik uchun, agar bu uning aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli boʻlsa, lizing oluvchining oldida javobgar boʻladi.
Lizing beruvchi lizing oluvchi oldida lizing obyekti yuzasidan javobgar boʻlmaydi, lizing obyekti sotuvchisi va lizing obyektining oʻzi lizing beruvchi tomonidan tanlangan va lizing oluvchi shu tufayli zarar koʻrganligi isbotlangan hollar bundan mustasno.
Lizing beruvchi va lizing oluvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha solidar kreditorlar sifatida ish koʻradilar. Sotuvchi ular oldida lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish (lizing obyektining sifati, butligi, lozim darajada yetkazib berilishi va boshqalar) yuzasidan javobgar boʻladi. Bunda sotuvchi lizing obyekti bilan bogʻliq aynan bitta zarar uchun bir paytning oʻzida lizing oluvchi va lizing beruvchi oldida javobgar boʻlishi mumkin emas.
Lizing beruvchi lizing obyektining lizing shartnomasini tuzishda qayd etib oʻtilgan kamchiliklari uchun javob bermaydi.
Lizing oluvchining aybi bilan lizing obyektining yoʻqolishi yoki lizing obyektining oʻz vazifasiga doir ahamiyatini yoʻqotishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, lizing oluvchini lizing beruvchi oldidagi javobgarlikdan ozod etmaydi.
