2-modda. Lizing tushunchasi
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtsa;
lizing shartnomasining muddati lizing obyekti xizmat muddatining sakson foizidan ortiq boʻlsa yoki lizing obyektining lizing shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining yigirma foizidan kam boʻlsa;
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing oluvchi lizing obyektini uning bozor qiymatidan past narxda evazini toʻlab sotib olish huquqiga ega boʻlsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi lizing obyekti qiymati asos boʻladi;
lizing shartnomasi davri uchun lizing toʻlovlarining joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymati lizing obyektining lizingga topshirish paytidagi joriy qiymatining toʻqson foizidan ortiq boʻlsa. Joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Lizing uch taraflama (sotuvchi — lizing beruvchi — lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi — lizing oluvchi) lizing shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qoʻshimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
