19-modda. Lizing obyekti bilan bogʻliq xavflar
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi.
Agar xavflar lizing beruvchidan lizing oluvchiga oʻtadigan vaqt lizing shartnomasida belgilangan boʻlmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan eʼtiboran oʻtadi.
Agar taklif etilgan lizing obyekti lizing shartnomasiga mos kelmasa va bu lizing oluvchiga lizing obyektidan voz kechish huquqini bersa, ana shunday nomuvofiqlik bartaraf etilgunga qadar yoki lizing oluvchi lizing obyektini olgunga qadar barcha xavflar lizing beruvchi zimmasida boʻladi.
Sotuvchining nochorligi yoki lizing obyektining undan foydalanish maqsadlariga nomuvofiqligi xavflari lizing oluvchining zimmasida boʻladi, lizing beruvchining sotuvchini yoki lizing obyektini tanlash yoxud lizing beruvchi lizing oluvchini muayyan sotuvchini yoki lizing obyektini tanlashga gʻayriqonuniy tarzda majburlash hollari bundan mustasno.
