7-modda. Mablagʻlarni oʻtkazish kafolatlari
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida (611-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Chet ellik investorlarga chet el valyutasidagi pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasiga va undan tashqariga, ular soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlashi sharti bilan, biron-bir cheklashsiz erkin oʻtkazish kafolatlanadi. Bunday oʻtkazishlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha summalarni;
investitsiyalarni amalga oshirishdan tushgan daromadlarni;
yetkazilgan zararni qoplash uchun tovon sifatida ushbu Qonunga muvofiq olingan mablagʻlarni;
shartnomalarni ijro etish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlarni;
chet el investitsiyalarining hammasini yoki bir qismini sotishdan kelgan tushumni;
nizoni hal qilish, shu jumladan sud yoki hakamlikning har qanday hal qiluv qarori tufayli vujudga keluvchi toʻlovlarni;
xodimlarga toʻlanadigan ish haqini va boshqa toʻlovlarni;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablagʻlarni.
Xalqaro huquq normalariga muvofiq, davlat chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning toʻlovga qobiliyatsizligi va bankrotligi yoki kredit beruvchilarning huquqlarini himoya qilish, chet ellik investor — jismoniy shaxs sodir etgan jinoiy qilmish yoki maʼmuriy huquqbuzarlik hollarida yoxud sud yoki hakamlikning hal qiluv qaroriga muvofiq mablagʻlarni oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda chet ellik investorning mablagʻlarini qonun hujjatlarini kamsitmaydigan tarzda qoʻllash sharoitida oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turishi mumkin.
