Migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻisida
10.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida
BITIM
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2026-yil 11-iyunda 4618-SE-2026-H-son bilan roʻyxat olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Shvetsiya Qirolligi Hukumati, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar” va alohida “Tomon” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik va hamkorlik aloqalarini inobatga olgan holda,
2025-yil 24-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida migratsiya va mobillik toʻgʻrisidagi Qoʻshma ahdlashuv deklaratsiyasini eslab,
migratsiyaning barcha bosqichlarida inson huquqlari va kamsitmaslik tamoyiliga rioya etilishiga, migrantlarning oʻziga xos ehtiyojlari va ularning turli tajribalari inobatga olinishiga, shuningdek, gender tengligi hamda barcha ayollar va qizlarning huquq va majburiyatlarini ularning mustaqilligi, salohiyati va yetakchilik rolini tan olgan holda kengaytirishni ragʻbatlantirishga kelishib,
oʻz davlatlarining tegishli milliy qonunchiligida, Yevropa Ittifoqi huquqida hamda tegishli xalqaro shartnomalar va konvensiyalarda nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlarga hurmat koʻrsatib,
migratsiya sohasidagi hamkorliklarini mustahkamlash boʻyicha oʻzaro istaklarini ifoda etib,
sheriklik ruhida amalga oshiriladigan migratsiya va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikning ikkala Tomon hamda ularning oʻzaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy munosabatlari uchun keltiradigan foydalarini nazarda tutgan holda,
Tomonlar oʻrtasida malakali mehnat migratsiyasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash istagini bildirib,
noqonuniy migratsiya va migrantlarni noqonuniy olib kirish, shuningdek, majburiy mehnat ekspluatatsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha oʻz mamlakatlarida qoʻllaniladigan milliy qonunchilik va xalqaro huquqqa muvofiq tegishli chora-tadbirlar koʻrishga qatʼiy sodiqliklarini bildirib,
boshqa Tomon davlatining hududiga kirish yoki unda yashash shartlarini bajarmagan yoki bajarishni toʻxtatgan shaxslarni aniqlash va qaytarish uchun tezkor va samarali tartiblarni joriy etishga, shuningdek, bunday shaxslarning qaytishini hamkorlik ruhida soddalashtirishga intilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I qism Umumiy maqsadlar
1-modda Maqsadlar
Mazkur Bitimning maqsadlari quyidagi sohalarda Tomonlar oʻrtasida hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirishdan iborat:
1. Milliy va Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq ish bilan taʼminlanishga yoʻnaltirilgan malakali mehnat migratsiyasini ragʻbatlantirish, Tomonlar oʻrtasida akademik hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda qabul qiluvchi va yuboruvchi Davlatda ishchilar huquqlarini himoya qilish;
2. Vaqtincha va davomiy mobillikni, xususan, ikkala Tomonlarning mehnat bozori ehtiyojlarini, koʻnikmalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yoki toʻldiruvchilikni aniqlagan sohalarda ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash;
3. Xalqaro va milliy qonunchilikka muvofiq noqonuniy migratsiya, migrantlarni noqonuniy olib kirish va odam savdosining oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrish;
4. Mehnat ekspluatatsiyasi va majburiy mehnatning oldini olish hamda ularga qarshi kurashish, shuningdek, bunday jarayon qurbonlarini himoya qilish;
5. Qaytarish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, boshqa Tomon davlatining hududiga kirish yoki unda yashash shartlarini bajarmagan yoki bajarishni toʻxtatgan shaxslarni aniqlash uchun tezkor va samarali tartiblarni joriy etish hamda bunday shaxslarni qaytarishni hamkorlik ruhida soddalashtirish;
6. Migratsiya boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhni tashkil etish.
II qism Malakali ishchilar mobilligi va akademik almashinuv boʻyicha hamkorlik
2-modda Malakali ishchilar mobilligi
1. Tomonlar xorijiy fuqarolarning kirishi, yashashi va bandligini tartibga soluvchi oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga toʻliq amal qilgan holda oʻz davlatlari hududlari oʻrtasida malakali ishchilarning xavfsiz, tartibli va muntazam mobilligini faol ravishda rivojlantirish va soddalashtirish majburiyatini oladilar.
Shu maqsadda, Tomonlar malakali ishchilar mobilligining qonuniy yoʻllarini, shu jumladan, tegishli kirish va ish ruxsatnomasini oʻz vaqtida rasmiylashtirish orqali rivojlantiradilar va qoʻllab-quvvatalaydilar.
2. Mazkur Bitimning 19-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Migratsiya boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhi doirasida Tomonlar quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiradilar:
a. Milliy qonunchilik, maʼmuriy tartib-taomillar, milliy mehnat bozori modellari hamda xorijiy fuqarolarning kirishi, yashashi va bandligini tartibga soluvchi shartlar, shu jumladan, har qanday tegishli oʻzgarishlar boʻyicha keng qamrovli va dolzarb maʼlumotlar almashadilar;
b. Migratsiya imkoniyatlari, bandlik shartlari boʻyicha maʼlumot olish joylari, milliy mehnat bozori modellari, salomatlik va xavfsizlik qoidalari toʻgʻrisida aniq maʼlumot bergan holda malakali ishchilarga moʻljallangan maqsadli axborot materiallarini va targʻibot kampaniyalarini birgalikda ishlab chiqadi hamda tarqatadilar;
c. Malakali ishchilar yetishmaydigan kasblarda shved ish beruvchilari bilan oʻzbek nomzodlarini moslashtirishga yoʻnaltirilgan tashabbuslarni ragʻbatlantiradilar;
d. Mehnat bozori integratsiyasini soddalashtirish uchun moʻljallangan til oʻqitish va malaka oshirish hamda qayta tayyorlash kurslarini kengaytirishda hamkorlik qiladilar. Imkoni boʻlganda, bunday dasturlar ikkala Tomon tarafidan tan olinadi va aniqlangan mehnat bozori talablariga muvofiqlashtiriladi;
e. Mehnat bozori dinamikasi boʻyicha oʻzaro anglashuvni kengaytirish, koʻnikmalarni muvofiqlashtirish va bilimlar almashinuvini osonlashtirish maqsadida asosiy iqtisodiy tarmoqlardagi ish beruvchilar uyushmalari, savdo-sanoat palatalari va ishchilar tashkilotlari oʻrtasida almashinuv va hamkorlikni ragʻbatlantiradilar;
f. Qoʻshma ishchi guruhi doirasida yuqoridagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishini monitoring qiladilar, ularning taʼsirini baholaydilar va zarur hollarda, siyosat va faoliyat bilan bogʻliq oʻzgartirishlar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadilar;
g. Ishtirokchi ishchilar va ularga hamrohlik qilgan oila aʼzolari oʻz huquqlari, majburiyatlari va ijtimoiy taʼminot huquqlari boʻyicha aniq maʼlumot olishini taʼminlashga harakat qiladilar.
3. Vaqtincha va davomiy migratsiyaning mehnat yetishmovchiligini bartaraf etish va koʻnikmalarni rivojlantirishdagi rolini tan olgan holda, Tomonlar, xususan, maʼlumot boʻlishish va almashinuv, salohiyatli mehnat migrantlari va tegishli malaka sektorlarini moslashtirish faoliyati hamda talab mavjud sektorlarda tayyorgarlik malakasini oshirish orqali qonuniy migratsiyani osonlashtirishni maqsad qilgan tarkibli, shaffof va oʻzaro manfaatli dastur yaratadilar.
4. Ishchilar mobilligi boʻyicha hamkorlik birinchi navbatda yuqori malakali sektorlarga qaratiladi, ammo maosh chegaralarini oʻz ichiga olgan milliy qonunchilik va qoidalarda belgilangan talablar bajarilgan taqdirda boshqa malaka darajalarini ham qamrab olishi mumkin.
5. Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish mehnat mobilligiga oid hamkorlik va noqonuniy migratsiyani bartaraf etishga oid hamkorlikning muvozanatli va muvofiq ravishda amalga oshirilishini taʼminlaydigan holda oʻzaro ishonch, shaffoflik va masʼuliyatni taqsimlash tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
3-modda Bandlik shartlari va ijtimoiy taʼminot
1. Bandlik va mehnat sharoitlari, shu jumladan, haq toʻlash, ishdan boʻshatish, ish vaqti, taʼtil, umumiy dam olish kunlari va gender tengligiga oid masalalar, shuningdek, mehnat muhofazasi va salomatligi masalalari bandlik davlatining amaldagi milliy qonunchiligi va amaliyoti, shu jumladan, xususiy xalqaro huquq qoidalari bilan tartibga solinadi.
2. Ishchilarning ijtimoiy taʼminoti bandlik davlatining qonunchiligi va davlatlar aʼzo boʻlgan xalqaro shartnomalar asosida taʼminlanadi.
3. Ishchilar uchun pensiya taʼminotiga oid masalalar Tomonlar davlatlarining qonunchiligi va Tomonlar tarafidan tuzilgan alohida xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinadi.
4. Ishchilar tegishli mamlakatlarda qoʻllaniladigan qonunchiligiga muvofiq huquqiy himoya va vositalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu ish beruvchilarga qarshi zarar toʻlash boʻyicha daʼvo qoʻzgʻatish imkoniyatini ham qamrab oladi.
4-modda Akademik almashinuv
Tomonlar mamlakatlaridagi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida chuqur akademik hamkorlik va talabalar almashinuvini qoʻllab-quvvatlash istagini bildiradilar.
5-modda Kasbiy taʼlim va oʻqitish sohasidagi hamkorlik
1. Tomonlar kasbiy taʼlim va oʻqitish sohasida hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirib, Oʻzbekiston-Shvetsiya hamkorligi Oʻzbek Tomonining innovatsion koʻnikmalarni rivojlantirish va kasbiy taʼlim hamda oʻqitish tizimini yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirishiga umumiy nuqtai nazar tutadilar.
2. Hamkorlik, xususan, quyidagi faoliyatlarni oʻz ichiga olishi mumkin:
a. Tomonlarning kasbiy taʼlim va oʻqitish tizimlari toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
b. Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim va oʻqitish sohasida yangi, innovatsion va barqaror texnologiyalar boʻyicha kasbiy taʼlim hamda koʻnikmalarni rivojlantirish tizimiga alohida eʼtibor qaratgan holda qoʻshma loyihalar amalga oshirish;
c. Oʻquv tashriflarini tashkil etish.
3. Tomonlar kasbiy malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini Oʻzbekistondagi pilot mobillik sektorlariga muvofiqlashtirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqadilar, bunda Shvetsiyada kasbiy koʻnikmalarni tan olishning milliy qonunchilik va masʼul shved organlarining vakolatiga bogʻliq ekanligi eʼtirof etiladi.
4. Shved Tomoni Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim va oʻqitishni rivojlantirishga va imkoni boʻlganda malakali ishchilar mobilligiga doimiy sodiqligini taʼkidlaydi.
6-modda Vizalar
1. Ikkala Tomon turli viza toifalarini berish va boʻlish muddatini soddalashtirish boʻyicha muzokaralarni amaldagi qoidalar va shartlarni inobatga olgan holda davom ettirish istagini bildiradilar. Ikkala Tomon vizalar koʻzda tutilmagan maqsadlarda suiisteʼmol qilishga qarshi birgalikda harakat qilishga kelishib oladilar.
2. Ikkala Tomon ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstlik munosabatlarini inobatga olgan holda diplomatik pasport egalariga vizasiz kirish va qisqa muddatli boʻlib turishni taʼminlash orqali sayohatni osonlashtirish yoʻli bilan bunday munosabatlarni yanada mustahkamlashni istaydilar hamda tenglik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillarini saqlaydilar.
3. Tegishli mamlakatlarning amaldagi qonunlari va qoidalariga muvofiq, Tomonlar 7-ilovaga muvofiq biometrik diplomatik pasport egalari uchun 30 kunlik muddatga viza talablarini bekor qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
III qism Noqonuniy migratsiya, migrantlarni noqonuniy olib kirish va odam savdosiga qarshi kurash
7-modda Noqonuniy migratsiya, migrantlarni noqonuniy olib kirish va odam savdosiga qarshi kurashishda kuchaytirilgan hamkorlik
1. Tomonlar noqonuniy migratsiya, migrantlarni noqonuniy olib kirish va odam savdosiga qarshi kurashish hamda shaxsni tasdiqlovchi va sayohat hujjatlarini qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni va maʼlumotlar almashinuvini chuqurlashtiradilar.
2. Oʻzbek Tomoni Oʻzbekistondan Shvetsiyaga noqonuniy migratsiyani faol ravishda kamaytirishga harakat qiladi. Noqonuniy migratsiyani kamaytirish tashabbuslariga maqsadli axborot kampaniyalari, joʻnashdan oldingi keng qamrovli axborot hamda oʻzbek ishchilarini Shvetsiyaga yuborishda ishtirok etuvchi yollash kanallari va vositachilarni kuchaytirish nazorati kiradi.
3. Shaxsni tasdiqlovchi va sayohat hujjatlarini qalbakilashtirishga qarshi kurashish borasida ikkala Tomon soxta hujjatlarni taʼminlash va aniqlash boʻyicha maʼlumotlar almashinuvini, shuningdek, qalbaki va soxtalashtirilgan hujjatlarga qarshi kurashish uchun namunaviy hujjatlar almashinuvini ragʻbatlantiradilar hamda soxtalashtirilgan hujjatlarni aniqlash sohasida oʻquv treninglar oʻtkazadilar.
IV qism Qaytarish, tranzit va barqaror reintegratsiya boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash
8-modda Ixtiyoriy qaytish va reintegratsiya
1. Ikkala Tomon qaytish toʻgʻrisidagi qarorni afzal usul sifatida koʻrgan qabul qilingan boshqa Tomon davlati fuqarolarining ixtiyoriy qaytishini ragʻbatlantiradilar.
2. Shved Tomoni ixtiyoriy qaytish uchun, zarur hollarda, qaytish boʻyicha masalahat hamda moliyaviy yordam koʻrsatishga tayyorligini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasiga qaytuvchilarga kelganidan soʻng va qaytgandan keyin koʻrsatiladigan yordam, shuningdek, reintegratsiya yordami toʻgʻrisida maʼlumot beriladi.
3. Shved Tomoni qaytuvchi shaxslar va Oʻzbekistondagi ular mansub hamjamiyatlarga barqaror reintegratsiyasini ragʻbatlantirishni taʼkidlaydi.
9-modda Oʻz fuqarolarini readmissiya qilish
1. Tomonlar mazkur Bitim doirasida Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlarining arizasiga koʻra va mazkur Bitimda nazarda tutilganidan boshqa rasmiyatchiliklarsiz, boshqa Tomon davlatining hududiga kirish, unda boʻlish yoki yashash shartlarini bajarmagan yoxud bajarishni toʻxtatgan fuqaroni, basharti bunday shaxs Soʻralayotgan Tomon davlatining fuqarosi ekanligi aniqlangan taqdirda, oʻz fuqarolarini oʻz vaqtida readmissiya qilish va hamkorlik qilishga kelishib oladilar.
2. Bundan tashqari, Tomonlar mazkur Bitimda nazarda tutilganidan boshqa rasmiyatchiliklarsiz:
a. Tugʻilgan joyi yoki fuqaroligidan qatʼiy nazar, Soʻrayotgan Tomon davlati hududida mustaqil yashash huquqiga ega boʻlmagan taqdirda, 1-bandda koʻrsatilgan shaxslarning turmush qurmagan voyaga yetmagan farzandlarini;
b. Basharti Soʻralayotgan Tomon davlatining hududiga kirish va yashash huquqiga ega boʻlsalar yoki bu huquqni olsalar hamda Soʻrayotgan Tomon davlatining hududida yashash uchun mustaqil huquqqa ega boʻlmasalar, boshqa fuqaroligi boʻlgan turmush oʻrtoqlarini readmissiya qiladilar.
3. Tomonlardan birining davlatida fuqarolikni tasdiqlash uchun asos boʻluvchi hujjatlar roʻyxati mazkur Bitimning 1-ilovasida keltirilgan. Tomonlar mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kalendar kun ichida bunday hujjatlarning namunalarini diplomatik kanallar orqali almashadi. Tomonlar mazkur hujjatlar boʻyicha har qanday oʻzgarishlar haqida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali kechiktirmay xabardor qiladilar.
10-modda Fuqarolikni aniqlash
1. 9-moddada koʻrsatilgan shaxslarning fuqaroligi, amal qilish muddati oʻtgan boʻlsa ham, 1-ilovada sanab oʻtilgan hujjatlar va maʼlumotlar asosida isbotlanishi mumkin. Bunday hujjat taqdim etilgan taqdirda, ikkala Tomon qoʻshimcha tekshiruvlarsiz fuqarolikni oʻzaro tan oladi. Fuqarolik qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlar asosida isbotlanishi mumkin emas.
2. Amal qilish muddati oʻtgan boʻlsa ham, 2-ilovada sanab oʻtilgan hujjatlar va maʼlumotlar 9-moddada koʻrsatilgan shaxslarning fuqaroligining prima facie dalili sifatida foydalanilishi mumkin. Bunday hujjat taqdim etilgan taqdirda, aksi isbotlanmasa, ikkala Tomon fuqarolik belgilangan deb hisoblaydi. Fuqarolik qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlar asosida isbotlanishi mumkin emas.
3. Basharti 1-ilova yoki 2-ilovada sanab oʻtilgan hujjatlar yoki maʼlumotlarning hech biri taqdim etilmasa, Soʻralayotgan Tomonning vakolatli diplomatik yoki konsullik vakolatxonasi readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxs bilan ariza topshirilgan kundan boshlab eng koʻpi bilan yetti (7) kalendar kun ichida uning fuqaroligini aniqlash maqsadida suhbat oʻtkazadi.
4. 9-moddada koʻrsatilgan shaxslarning fuqaroligi, shuningdek Tomonlar oʻrtasida biometrik maʼlumotlarni almashish yoʻli bilan ham aniqlanishi mumkin. Ikkala Tomonning vakolatli organlari biometrik maʼlumotlarni uzatish formati toʻgʻrisida kelishib oladilar. Soʻralayotgan Tomon Soʻrayotgan Tomonni mazkur maʼlumotni taqdim etgan sanasidan boshlab bir oy davomida fuqarolikni tekshirish natijalari toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi.
11-modda Uchinchi davlat fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish
1. Tomonlar hamkorlik qilishga va Soʻrayotgan Tomonning arizasiga binoan, mazkur Bitimda nazarda tutilganidan boshqa rasmiyatchiliklarsiz, 3-ilovaga muvofiq quyidagilar isbotlangan taqdirda, Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga kirish, unda boʻlish yoki yashash shartlarini bajarmagan yoki bajarishni toʻxtatgan uchinchi davlat fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni oʻz hududiga readmissiya qilishga kelishib oladilar:
a. Bunday shaxs bevosita bir Tomon davlatining hududidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa Tomon davlati hududiga noqonuniy ravishda kirgan boʻlsa; yoki
b. Kirish vaqtida Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan haqiqiy yashash uchun ruxsatnoma yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun sayohat hujjatiga ega boʻlgan va bevosita Soʻralayotgan Tomon davlatining hududidan Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirgan boʻlsa; yoxud
c. Kirish vaqtida Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan haqiqiy vizaga ega boʻlgan va bevosita Soʻralayotgan Tomon Davlatining hududidan Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirgan boʻlsa.
2. Mazkur moddaning 1-bandidagi readmissiya majburiyati qoʻllanilmaydi, basharti:
a. Uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs faqat Soʻralayotgan Tomonning xalqaro aeroporti tranzit zonasida boʻlgan boʻlsa; yoki
b. Soʻrayotgan Tomon uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga oʻz hududiga kirganidan oldin yoki keyin viza yoxud yashash uchun ruxsatnoma bergan boʻlsa, bunda quyidagi holatlar mustasno:
i. Bunday shaxs Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan viza yoki yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlib, uning amal qilish muddati uzoqroq boʻlsa; yoki
ii. Soʻrayotgan Tomon tarafidan berilgan viza yoki yashash uchun ruxsatnoma qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlar yordamida olingan boʻlsa; yoxud
iii. Uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza talab etilmasa.
3. Soʻralayotgan Tomon readmissiya arizasiga ijobiy javob berganidan soʻng, Soʻrayotgan Tomon readmissiya qilinishi kelishilgan shaxsga sayohat hujjatini beradi.
12-modda Shaxslar readmissiyasiga oid arizalarni yuborish va koʻrib chiqish muddatlari
1. Shaxslar readmissiyasiga oid arizalar Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga noqonuniy ravishda kirgan, unda boʻlib turgan yoki yashayotganligi hamda mazkur shaxsning fuqaroligi aniqlangan sanadan boshlab 6 (olti) oy ichida yuboriladi. Ariza oʻz vaqtida topshirilish uchun huquqiy yoki amaliy toʻsiqlar mavjud boʻlgan taqdirda, bunday toʻsiqlar bartaraf etilguniga qadar, Soʻrayotgan Tomon soʻroviga muvofiq, muddat uzaytirilishi mumkin.
2. Readmissiya arizasining mazmuni 4-ilovada belgilangan.
3. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari shaxslar readmissiyasiga oid arizani olganidan boshlab 21 (yigirma bir) kun ichida arizani tasdiqlaydi yoki rad etish hollarda yozma ravishda asoslangan rad etish sabablarini koʻrsatadi. Readmissiya arizasini oʻz vaqtida koʻrib chiqishga huquqiy yoki amaliy toʻsiqlar mavjud boʻlgan taqdirda, Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlarining asoslangan arizasiga koʻra, muddatni jami 30 (oʻttiz) kalendar kunga uzaytirish mumkin.
4. Basharti Soʻralayotgan Tomon mazkur moddaning 3-bandida nazarda tutilgan muddatda readmissiya soʻroviga javob bermagan boʻlsa, ariza qabul qilingan hisoblanadi va Soʻrayotgan Tomon sayohat hujjatini berishi mumkin. Basharti Soʻrayotgan Tomon Davlati Shvetsiya boʻlsa, mazkur sayohat hujjati Shvetsiya Migratsiya agentligi yoki Politsiya boshqarmasi tarafidan beriladigan Yevropa Ittifoqi Laissez-passeri hisoblanadi (6-ilova).
5. Soʻralayotgan Tomon readmissiya arizasiga ijobiy javob berganidan soʻng, Soʻralayotgan Tomonning diplomatik yoki konsullik vakolatxonasi, readmissiya qilinishi kerak boʻlgan shaxsning ixtiyoridan qatʼiy nazar, 7 (yetti) ish kuni ichida readmissiya qilinishi kerak boʻlgan shaxsning qaytishi uchun zarur boʻlgan, amal qilish muddati 90 (toʻqson) kun boʻlgan sayohat hujjatini rasmiylashtiradi. Basharti huquqiy yoki amaliy sabablarga koʻra readmissiya qilinishi kerak boʻlgan shaxsni oʻz vaqtida oʻtkazish imkoni boʻlmasa, Soʻralayotgan Tomonning diplomatik yoki konsullik vakolatxonasi kechiktirmay bunday shaxsning qaytishi uchun zarur boʻlgan, amal qilish muddati 90 (toʻqson) kun boʻlgan yangi sayohat hujjatini rasmiylashtiradi.
13-modda Readmissiyada xatolik
Soʻrayotgan Tomon, basharti tegishli shaxs topshirilgandan keyin 6 (olti) oy mobaynida ushbu Bitimda belgilangan talablar bajarilmaganligi aniqlansa, Soʻralayotgan Tomon tarafidan readmissiya qilingan har qanday shaxsni qaytarib oladi. Bunday hollarda ushbu Bitimning protsessual qoidalari mutatis mutandis qoʻllaniladi hamda Soʻralayotgan Tomon qaytarib olinishi lozim boʻlgan shaxsning shaxsiyati va fuqaroligiga doir mavjud barcha maʼlumotlarni taqdim qiladi.
14-modda Tranzit
1. Soʻralayotgan Tomon uchinchi davlat fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, bunday shaxslarning boshqa tranzit davlatlar hududi orqali keyingi sayohati va manzil davlat tarafidan qabul qilinishi kafolatlanganida, tranzitiga ruxsat beradi.
2. Tranzit rad etilishi mumkin, basharti:
a. Uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs manzil Davlatda yoki boshqa tranzit davlatda irqi, dini, millati, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy eʼtiqodi tufayli qiynoqqa solish yoki gʻayriinsoniy yoki qadriyatga toʻgʻri kelmaydigan muomala yoxud jazoga yoki oʻlim jazosiga yoki taʼqibga duchor boʻlish xavfi tugʻilsa; yoki
b. Uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Soʻralayotgan Tomon davlatida yoki boshqa tranzit davlatda jinoiy javobgarlik yoki sanksiyalarga tortilishi mumkin boʻlsa; yoki
c. Soʻralayotgan Tomon davlatining jamoat salomatligi, ichki xavfsizlik, jamoat tartibini yoki boshqa milliy manfaatlarni himoya qilish asosida.
3. Zarur hollarda, Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari tranzit vizalarni bepul beradi va Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlarining arizasiga binoan mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslarning tranziti bilan bogʻliq zarur yordam koʻrsatadi.
4. Tomonlarning vakolatli organlari basharti tranzit operatsiyasiga toʻsqinlik qiluvchi mazkur moddaning 3-bandida koʻrsatilgan holatlar keyinchalik yuzaga kelsa yoki maʼlum boʻlsa yoki manzil davlatga ehtimoliy tranzit davlatlar orqali keyingi sayohat yoxud readmissiya bundan buyon kafolatlanmasa, berilgan ruxsatnomalarni bekor qilishi mumkin. Bunday hollarda Soʻrayotgan Tomon, zarur hollarda va kechiktirmay, uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni qaytarib oladi.
5. Tomonlar uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning barcha tranzitini havo yoʻli yoki boshqa mumkin boʻlgan transport vositalari orqali amalga oshirishga harakat qiladilar. Tomonlar qaytuvchi va uni kuzatishi mumkin boʻlgan shaxslar uchun tranzitni, masalan tranzit viza olish talabidan ozod etish orqali soddalashtiradilar.
6. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari tranzitga yordam beradi, xususan tranzit holatidagilarni kuzatadi va ularga zarur sharoitlarni taʼminlaydi.
7. Ikkala Tomon uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning tranzitini osonlashtirishga oid operatsion masalalar boʻyicha muhokamalarni davom ettirish istagini bildiradilar. Mazkur moddaga muvofiq Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlari xodimlari hamrohligida amalga oshiriladigan uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning tranzitini amalga oshirish boʻyicha operatsion kelishuvlar, zarur hollarda, Tomonlar tarafidan alohida bayonnomada belgilanadi.
15-modda Tranzit tartibi
1. 5-ilovada belgilangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan tranzit arizasi rejalashtirilgan tranzit boshlanishidan kamida 15 (oʻn besh) kalendar kun oldin Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organiga yozma ravishda taqdim etilishi lozim.
2. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari arizani yozma shaklda olganidan soʻng 10 (oʻn) kalendar kun ichida tranzit arizasiga javob beradilar va Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlarini tranzit operatsiyasiga roziligi, kirish joyini va shaxsni oʻtkazishning rejalashtirilgan vaqtini tasdiqlaganini yoki tranzitni rad etishi va uning sabablarini koʻrsatganini maʼlum qiladilar.
3. Basharti tranzit operatsiyasi havo orqali amalga oshirilsa, tranzit holatidagi shaxs va kuzatuvchilarning mumkin boʻlgan aʼzolari tranzit viza olish talabidan ozod etiladi.
4. Basharti shaxslarning tranziti havo orqali amalga oshirishning iloji boʻlmasa, Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlari tranzit holatidagi shaxsni chegara oʻtish punktida Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlariga topshiradi. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari shaxsning manzil davlat yoki boshqa tranzit davlatga topshirilishini taʼminlaydi.
5. Soʻrayotgan Tomon Soʻralayotgan Tomonni imkon qadar tezroq, rejalashtirilgan tranzitdan kamida 1 ish kuni oldin oʻtkazish vaqtiga va/yoki kirish uchun moʻljallangan joyga nisbatan har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi. Soʻralayotgan Tomon oʻzgartirilgan oʻtkazish vaqtini va (yoki) oʻzgartirilgan kirish joyini imkon qadar tezroq qayta tasdiqlaydi.
6. Vakolatli organ kuzatuvchi xodimlar toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi: ismi, familiyasi; kuzatuvchi xodimlarning unvoni, mavjud boʻlsa; pasportlarining turi, raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati; parvoz raqami; kelish va ketish sanasi va vaqti.
7. Kuzatuvchi xodimlar kuzatib borish bilan readmissiya yoki tranzit mobaynida har doim oʻzlarini tanitib turish hamda ruxsatnomani va readmissiya yoki tranzitga oid vazifalarining mohiyatiga doir maʼlumotni taqdim etishi shart.
8. Soʻrayotgan Tomonning kuzatuv guruhi aʼzolari Soʻralayotgan Tomon davlatining tranzitga roziligi toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasini olib yurishlari lozim.
9. Soʻrayotgan Tomonning kuzatuv guruhi aʼzolari Soʻralayotgan Tomon davlati hududida hech qanday suveren vakolat huquqini amalga oshirishi mumkin emas va qurollangan boʻlmaydi. Kuzatuvchi xodimlar tranzit tartibini fuqarolik kiyimida amalga oshiradi va faqat oʻz mudofaasi va favqulodda yordam koʻrsatish maqsadida xavfsizlik uskunalari olib yurishlari mumkin.
10. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari oʻzaro kelishuv asosida Soʻralayotgan Tomon hududida tegishli manfaatdor shaxsni qoʻriqlash va bu maqsad uchun tegishli sharoitlarni taʼminlash orqali tranzit operatsiyasini soddalashtiradilar.
11. Soʻralayotgan Tomon Soʻrayotgan Tomonni tranzit ruxsatnomasi bekor qilinishi yoki rad etilishi toʻgʻrisida qaytishdan kamida 5 (besh) kalendar kun oldin darhol xabardor qiladi va sabablarini koʻrsatadi.
16-modda Qaytish shartlari va transport usullari
1. Bitimning 9, 11 va 14-moddalariga muvofiq rozilik berilganidan va readmissiya yoki tranzitni amalga oshirishdan oldin, Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlari Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlarini oʻtkazish sanasi, chegara oʻtish punkti, mumkin boʻlgan kuzatuvchilar va oʻtkazishga oid boshqa tegishli maʼlumotlar toʻgʻrisida kamida 3 (uch) ish kuni oldin yozma ravishda xabardor qiladi.
2. Tomonlar davlatlarining oʻz fuqarolari, uchinchi davlat fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni qaytarish qoidaga koʻra havo orqali amalga oshiriladi. Havo orqali oʻtkazish Soʻrayotgan Tomon yoki Soʻralayotgan Tomonning milliy tashuvchilaridan foydalanish bilan cheklanmaydi va muntazam parvozlar hamda charter parvozlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
3. Charter parvozlari 1 hafta oldin xabardor qilinadi. Qoʻnishga ruxsatnomalar Soʻralayotgan Tomon tarafidan tegishli parvozdan 5 (besh) kundan kech boʻlmagan muddatda yozma ravishda beriladi.
17-modda Shaxslarni readmissiya qilish va tranzit qilish xarajatlari
Mazkur Bitimga muvofiq readmissiya va tranzit operatsiyalari bilan bogʻliq barcha xarajatlar manzil davlatning chegarasiga qadar Soʻrayotgan Tomon tarafidan koʻriladi. Mazkur qoida Tomonlarning vakolatli organlarining bunday xarajatlarni muayyan shaxsdan yoki uchinchi shaxsdan undirib olish huquqiga daxl qilmaydi.
18-modda Qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlar
Tomonlar qalbaki yoki soxtalashtirilgan hujjatlardan foydalanishning oldini olish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishni niyat qiladilar. Shu maqsadda, Tomonlar noqonuniy migratsiyaga qarshi samarali chora koʻrishni davom ettirishga qaratilgan amaliy maʼlumotlar almashish va qoʻshma treninglar orqali hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqishlarini maʼlum qiladilar. Tomonlar bir-biriga qalbaki hujjatlar va kirish vizalarini aniqlashda yordam koʻrsatishga tayyorligini bildiradilar.
19-modda Migratsiya boʻyicha Qoʻshma ishchi guruh
1. Ikkala Tomonning vakillaridan iborat Qoʻshma ishchi guruh tashkil etiladi. Qoʻshma ishchi guruh mazkur Bitimda belgilangan qoidalarning amalga oshirilishini monitoring qiladi, mazkur Bitimning bir xil qoʻllanilishi uchun zarur boʻlgan amalga oshirish kelishuvlarini tavsiya etadi va zarurat boʻlganda uni takomillashtirish boʻyicha barcha tegishli takliflarni muhokama qiladi.
2. Qoʻshma ishchi guruh Bitimning keng qamrovli va muvozanatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Tomonlar oʻrtasidagi noqonuniy va qonuniy migratsiyaga oid maʼlumotlar, raqamlar va statistika almashinuvini amalga oshiradi.
3. Qoʻshma ishchi guruhi, zarur hollarda, kamida yiliga bir marta, navbatma-navbat Tomonlardan birining hududida yoki masofaviy tarzda, shuningdek har qaysi Tomonning soʻroviga koʻra muntazam ravishda yigʻiladi. Qoʻshma ishchi guruhning har bir yigʻilishi uchun kun tartibi va tarkibi oʻzaro maslahatlar asosida belgilanadi.
V qism Umumiy qoidalar
20-modda Hamkorlikni amalga oshirish uchun til
Tomonlarning vakolatli organlari arizalar va maʼlumotlarni faqat ingliz tilida yuboradi.
21-modda Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish
Shaxsga doir maʼlumotlarni uzatishga faqat bunday uzatish Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan mazkur Bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlganda ruxsat etiladi. Shaxsga doir maʼlumotlarni uzatish, qayta ishlash yoki foydalanish paytida Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlarining qonunchiligiga rioya etadilar.
Bundan tashqari, quyidagi tamoyillar qoʻllaniladi:
a. Shaxsga doir maʼlumotlar adolatli va qonuniy ravishda qayta ishlanishi lozim;
b. Shaxsga doir maʼlumotlar mazkur Bitimni amalga oshirishning belgilangan, aniq va qonuniy maqsadida toʻplanishi va uzatuvchi organ yoki qabul qiluvchi organ tarafidan mazkur maqsadga zid boʻlgan tarzda keyinchalik qayta ishlanmasligi lozim;
c. Shaxsga doir maʼlumotlar toʻplanayotgan va (yoki) keyinchalik qayta ishlanayotgan maqsad jihatidan toʻla, tegishli va oshiqcha boʻlmasligi lozim; xususan, uzatilayotgan shaxsga doir maʼlumotlar faqat quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
oʻtkazilishi lozim boʻlgan shaxsning maʼlumotlari (ismlari, familiyalari, foydalaniladigan boshqa nomlar yoki taxalluslar, jinsi, fuqarolik holati, tugʻilgan sanasi va joyi, mavjud va oldingi fuqaroligi);
pasport, shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlashtiruvchi yoki sayohat hujjatlari (raqami, amal qilish muddati, berilgan sanasi, beruvchi organ, berilgan joyi);
tranzit toʻxtash joylari va marshrut;
oʻtkazilishi lozim boʻlgan shaxsni aniqlash yoki mazkur Bitimga muvofiq readmissiya shartlarini tekshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
d. Shaxsga doir maʼlumotlar aniq boʻlishi va zarur boʻlganda yangilangan holda saqlanishi lozim;
e. Shaxsga doir maʼlumotlar toʻplangan yoki keyinchalik qayta ishlangan maqsad uchun zarur boʻlgandan koʻproq muddatga maʼlumot subyektlarini aniqlashtiruvchi shaklda saqlanmasligi lozim;
f. Uzatuvchi organ ham, qabul qiluvchi organ ham qayta ishlash mazkur moddaning qoidalariga muvofiq boʻlmaganda shaxsga doir maʼlumotlarni toʻgʻirlash, oʻchirish yoki bloklash uchun barcha oqilona choralarni koʻradi; bu boshqa Tomonga har qanday toʻgʻirlash, oʻchirish yoki bloklash toʻgʻrisida xabardor qilishni ham oʻz ichiga oladi;
g. Soʻrovga koʻra qabul qiluvchi organ uzatuvchi vakolatli organni uzatilgan maʼlumotlardan foydalanish va olingan natijalar toʻgʻrisida xabardor qiladi;
h. Mazkur Bitimga muvofiq uzatilgan shaxsga doir maʼlumotlar faqat u yuborilgan muayyan maqsadlar uchun va milliy qonunchiligi boʻyicha bunday maqsadlar uchun bevosita masʼul boʻlgan organlar tarafidan qayta ishlanishi va ishlatilishi mumkin. Boshqa organlarga har qanday keyingi uzatish qabul qiluvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq, maqsadni cheklash tamoyilini hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
i. Uzatuvchi va qabul qiluvchi vakolatli organlar shaxsga doir maʼlumotlarni uzatish va qabul qilishni yozma ravishda qayd etish majburiyatiga egadirlar.
22-modda Vakolatli organlar
1. Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Tomonlar quyidagi vakolatli organlarni belgilaydilar:
a. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan:
Ichki ishlar vazirligi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
b. Shvetsiya Qirolligi Hukumati nomidan:
Adliya vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Adliya vazirligi huzuridagi Migratsiya agentligi;
Adliya vazirligi huzuridagi Politsiya idorasi;
Adliya vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish va probatsiya xizmati.
c. Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq holda mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab 30 kun ichida vakolatli organlar, ularning aloqa maʼlumotlari va chegara oʻtish punktlari toʻgʻrisida bir-birini diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladilar.
d. Tomonlar vakolatli organlardagi, ularning aloqa maʼlumotlaridagi va chegara oʻtish punktlaridagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birini diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladilar.
e. Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun vakolatli organlar bir-biri bilan bevosita hamkorlik qiladilar.
23-modda Toʻxtatib turish
1. Har qaysi Tomon boshqa Tomon bilan maslahatlashgandan soʻng, milliy xavfsizlikni, jamoat tartibini yoki jamoat sogʻligʻini himoya qilish bilan bogʻliq sabablar asosida mazkur Bitimni qisman yoki toʻliq toʻxtatib qoʻyishi mumkin.
2. Har qaysi Tomon mazkur qarorni amalga oshirishdan 72 (yetmish ikki) soatdan kechiktirmay Bitimni toʻxtatib turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
24-modda Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabat
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari uchun majburiy kuchga ega boshqa xalqaro shartnomalarda belgilangan huquqlari va majburiyatlariga, shuningdek, Shvetsiya Qirolligi tomonidan Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
25-modda Oʻzgartirishlar
Mazkur Bitim Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin; oʻzgartirishlar va toʻldirishlar mazkur Bitimning ajralmas qismi boʻlib, ular mazkur Bitimga bayonnoma shaklida tuziladi va mazkur Bitimning 27-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
26-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin etish yoki amalga oshirish boʻyicha yuzaga keladigan har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlar orqali hal etiladi.
27-modda Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan milliy huquqiy tartib-taomillar bajarilganligi toʻgʻrisidagi oxirgi bildirishnoma olingan sanadan keyingi ikkinchi oyning birinchi kunidan eʼtiboran kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim muddatsiz tuziladi va bir Tomon mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomani boshqa Tomondan diplomatik kanallar orqali olgandan keyin 3 (uch) oy oʻtgandan soʻng kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida, 2026-yilning 10-iyun kuni, ikki asl nusxada, oʻzbek, shved va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin etishda har qanday tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
1-ILOVA
Fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadigan hujjatlarning umumiy roʻyxati (9-modda va 10.1-moddaga oid)
1. Bitimning 9-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Shvetsiya Qirolligidagi fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilar hisoblanadi:
a. Oʻzbekiston fuqarolari uchun: diplomatik pasport, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti, tugʻilish haqidagi guvohnoma (16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun), 16 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining guvohnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining ID-karta; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma.
b. Shvetsiya fuqarolari uchun: oddiy pasportlar, diplomatik pasportlar, xizmat pasportlari, maxsus pasportlar, favqulodda pasportlar, shuningdek, bolalar pasportlari va milliy ID-kartalar.
2. Har qaysi Tomon mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan mazkur Tomonning Davlatidagi fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxatidagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladi.
2-ILOVA
Fuqarolikni ishonchli tasdiqlashning prima facie dalili hisoblanadigan hujjatlarning umumiy roʻyxati (9-modda va 10.2-moddaga oid)
Oʻzbek yoki shved fuqaroligini koʻrsatuvchi qoʻshimcha hujjatlar:
a. 1-ilova 1-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning nusxalari yoki dublikatlari;
b. Oʻzbekiston Respublikasi yoki Shvetsiya Qirolligining organlari tarafidan berilgan boshqa hujjatlar;
c. Readmissiya predmeti boʻlgan shaxsning yozma tushuntirishi/izohi;
d. Tegishli vakolatli organlar tarafidan qonuniy asosda olingan guvohlarning yozma koʻrsatmalari;
e. Vakolatli mansabdor shaxslarning yozma tushuntirishlari;
f. Interpol maʼlumotlari, Shengen axborot tizimi maʼlumotlari yoki viza arizalariga oid hujjatlar kabi boshqa tegishli manbalar.
3-ILOVA
Uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlarining isboti hisoblanadigan hujjatlarning umumiy roʻyxati (11.1-moddaga oid)
1. Bitimning 11-moddasining 1-bandiga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlari quyidagilar bilan isbotlanadi:
a. Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan haqiqiy viza va (yoki) yashash ruxsatnomasi; yoxud
b. Muayyan shaxsning sayohat hujjatidagi kirish (chiqish) shtamplari yoki shunga oʻxshash belgilar yoxud kirish (chiqish)ning boshqa dalillari.
Bunday hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon bunday shaxslarning oʻz hududida boʻlganligini qoʻshimcha tekshiruvlarsiz tan oladi.
2. Bitimning 11-moddasining 1-bandiga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlari quyidagilar bilan aniqlanishi mumkin:
ushbu Ilovaning 1-bandida sanab oʻtilgan hujjatlardan birortasining fotosurati.
Bunday hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon tekshiruv oʻtkazadi va eng koʻpi bilan 20 (yigirma) kalendar kun ichida javob beradi. Ijobiy javob berilganda yoki belgilangan muddat tugaganda javob berilmagan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon bunday shaxslarning oʻz hududida boʻlganligini tan oladi.
3. Tomonlardan birining davlati hududiga Bitimning 11-moddasining 1-bandiga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlari quyidagilar bilan isbotlanishi mumkin:
a. Soʻralayotgan Tomon davlatidan bevosita Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga oʻtishda muayyan shaxsning chegarani kesib oʻtganligiga guvohlik bera oladigan Tomonlarning chegara organlari vakillari tarafidan berilgan rasmiy yozma bayonotlar; yoki
b. Soʻralayotgan Tomon davlatidan bevosita Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga yoʻnalishda muayyan shaxsning borligini va marshruti toʻgʻrisida guvohlik beruvchi havo, temir yoʻl, avtobus yoki suv transporti ismli biletlari; yoxud
c. Soʻralayotgan Tomon davlatidan bevosita Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga yoʻnalishda muayyan shaxsning borligini va marshruti toʻgʻrisida guvohlik beruvchi havo, temir yoʻl, avtobus yoki suv transporti yoʻlovchilar roʻyxatlari.
Bunday hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon Soʻrayotgan Tomon Davlati hududiga oʻz davlati hududidan noqonuniy kirganligini tan oladi.
4. Tomonlardan birining davlati hududiga Bitimning 11-moddasining 1-bandiga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlari quyidagilar bilan aniqlanishi mumkin:
a. Soʻralayotgan Tomon davlatidan bevosita Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga yoʻnalishda muayyan shaxsning chegarani kesib oʻtganligiga guvohlik bera oladigan boshqa guvohlarning koʻrsatmalari;
b. Muayyan shaxsning Soʻralayotgan Tomon davlati hududida boʻlganligini aniq koʻrsatuvchi har turdagi hujjatlar, guvohnomalar va hisoblar (masalan: mehmonxona hisobvaraqlari, shifokor/stomatolog qabuliga yozilish kartochkalari, davlat/xususiy muassasalarga kirish kartochkalari, avtomobil ijarasi shartnomalari, kredit karta cheklari va hokazo);
c. Muayyan shaxsning kuryer yoki sayohat agentligi xizmatlaridan foydalanganligini koʻrsatuvchi maʼlumotlar; yoki
d. Muayyan shaxsning sud yoki maʼmuriy ishlar doirasida bergan rasmiy koʻrsatmalari.
Bunday hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon tekshiruv oʻtkazadi va eng koʻpi bilan 20 (yigirma) kalendar kun ichida javob beradi. Ijobiy javob berilganda yoki belgilangan muddat tugaganda javob berilmagan taqdirda, Soʻralayotgan Tomon Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga oʻz davlati hududidan noqonuniy kirganligini tan oladi.
4-ILOVA
Readmissiya arizasining mazmuni
1. Imkon qadar readmissiya arizasi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
a. Readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsning maʼlumotlari (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi hamda soʻnggi yashash manzili) va tegishli boʻlganda voyaga yetmagan, turmush qurmagan farzandlar va (yoki) turmush oʻrtoq toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b. Oʻz fuqarolari holatida 1-ilova va 2-ilovaga muvofiq fuqarolikni tasdiqlovchi yoki koʻrsatuvchi hujjatlar;
c. Uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar holatida 3-ilovaga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish shartlarini tasdiqlovchi yoki koʻrsatuvchi hujjatlar;
d. Readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsning fotosurati;
e. Readmissiyani taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
2. Imkon qadar readmissiya arizasida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi mumkin:
a. Readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxs yordam yoki gʻamxoʻrlikka muhtoj boʻlishi mumkinligini koʻrsatuvchi bayonot, bunda muayyan shaxs ushbu bayonotga aniq roziligini bildirgan boʻlishi shart;
b. Muayyan oʻtkazish holatida zarur boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday himoya yoki xavfsizlik choralari;
c. Tarjimon zarurligiga oid maʼlumotlar.
3. Readmissiya arizalari uchun yagona namunaviy shakl qoʻllaniladi (ushbu Bitimga ilova qilingan).
4. Mazkur moddaning 1 — 3-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar almashinuvi Bitimning 21-moddasiga muvofiq tartibga solinadi.
5-ILOVA
Tranzit arizasining mazmuni
1. Imkon qadar tranzit arizasi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
a. Uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning maʼlumotlari (familiyasi, ismi, otasining ismi, turmushgacha boʻlgan familiyasi, boshqa ismlari yoki taxalluslari, tugʻilgan sanasi va joyi, jinsi, fuqaroligi (amaldagi va sobiq), tili, sayohat hujjatining turi va raqami);
b. Tranzit turi (havo, quruqlik yoki dengiz orqali), mumkin boʻlgan boshqa tranzit davlatlar va moʻljallangan oxirgi manzil;
c. Moʻljallangan chegara oʻtkazish punktlari, tranzit vaqti va kuzatuvchilardan mumkin boʻlgan foydalanish;
d. Soʻrayotgan Tomonning nuqtai nazaridan Bitimning 14-moddasining 1-bandiga muvofiq shartlar bajarilganligini va Bitimning 14-moddasining 3-bandiga muvofiq rad etish uchun birorta asosning mavjud emasligini koʻrsatuvchi bayonot;
e. Tranzitni taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
2. Tranzit arizalari uchun yagona namunaviy shakl qoʻllaniladi (ushbu Bitimga ilova qilingan).
3. Bitimni amalga oshirish uchun quyidagi chegara oʻtkazish punktlaridan foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti;
Shvetsiya Qirolligi uchun:
Stokgolmdagi Arlanda aeroporti.
4. Mazkur ilovaning 3-bandida koʻrsatilgan chegara oʻtkazish punktlari roʻyxatida oʻzgarishlar yuz berganda, bir Tomon darhol boshqa Tomonni xabardor qiladi.
5. Basharti readmissiya yoki tranzit predmeti boʻlgan shaxsni havo orqali oʻtkazishning iloji boʻlmasa, Tomonlarning vakolatli organlari har muayyan holat boʻyicha ushbu shaxsni Soʻrayotgan Tomon Davlatining chegara oʻtish punktida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib oladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi Bitimning 4-ilovasiga muvofiq
READMISSIYA ARIZASI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi Bitimning 14 va 15-moddalari hamda 5-ilovasiga muvofiq
TRANZIT ARIZASI
6-ILOVA
Yevropa Parlamenti va Kengashining 2016/1953-sonli Reglamentiga muvofiq, noqonuniy boʻlib kirgan uchinchi davlat fuqarolarini qaytarish uchun ishlatiladigan Yevropa standart sayohat hujjati namunasi (12-moddaning 4-bandiga oid)
Quyidagi namuna, u qaysi tilda berilishidan qatʼiy nazar, amal qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi Bitimning 6-moddasining 3-bandiga muvofiq 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi Hukumati oʻrtasida biometrik diplomatik pasport egalari uchun viza talablarini bekor qilish toʻgʻrisida
BITIM
1-modda Vakolatli organlar
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organlar quyidagilardir:
a. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Tashqi ishlar vazirligi;
b. Shvetsiya Qirolligi Hukumati nomidan Adliya vazirligi.
2-modda Vizadan ozod etish
Har qaysi Tomon davlatining haqiqiy biometrik diplomatik pasport egalari boʻlgan fuqarolari kirish sanasidan boshlab 30 kundan oshmaydigan muddatga boshqa Tomon davlati hududiga kirish, undan oʻtish va unda qolish uchun viza olish talab etilmaydi.
3-modda Pasportning amal qilish muddati
Har qaysi Tomon davlati fuqarolarining biometrik diplomatik pasporti boshqa Tomon davlatining hududiga kirish sanasidan boshlab kamida 6 (olti) oy davomida haqiqiy boʻlishi lozim.
4-modda Kirish va chiqish shartlari
Biometrik diplomatik pasportlarga ega boʻlgan Tomonlardan birining davlati fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududiga vakolatli migratsiya organlari tarafidan ruxsat etilgan xalqaro nazorat punktlari orqali kiradilar va chiqadilar, bunda faqat xavfsizlik, migratsiya, bojxona, sanitariya va bunday amaldagi pasportlar egalariga qonuniy ravishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boshqa qoidalar bilan belgilangan cheklovlar bundan mustasno hisoblanadi.
5-modda Diplomatik yoki konsullik vakolatxonalari xodimlari uchun viza
Biometrik diplomatik pasport egalari boʻlgan va boshqa Tomon davlatining hududidagi diplomatik yoki konsullik missiyasi aʼzosi sifatida tayinlangan har qaysi Tomon davlati fuqarolari, shu jumladan, ularning oila aʼzolari, kirishdan oldin boshqa Tomonning diplomatik yoki konsullik missiyasidan tegishli kirish vizasini olishlari lozim.
6-modda Organlar huquqlari
1. Mazkur Bitim har qaysi Tomon davlati fuqarolarini boshqa Tomon davlati hududiga kirishda uning qonunlari va qoidalariga, jumladan chet elliklar kirishini, boʻlib turishini va chiqishini tartibga soluvchi qonunlar va qoidalarga rioya etish majburiyatidan ozod etmaydi.
2. Mazkur Bitim ikkala mamlakatning ichki xavfsizlik va chet elliklarning kirishi, boʻlib turishi yoxud harakatlanishi toʻgʻrisidagi qoʻllaniladigan qonunlari va (yoki) qoidalariga daxl qilmaydi.
3. Har qaysi Tomon mazkur Bitim boʻyicha vizadan ozod etish va imtiyozlardan foydalanishga haqli boʻlgan har qanday shaxsni nomaqbul deb hisoblasa, uning kirishini rad etish yoki boʻlib turish muddatini qisqartirish huquqini saqlab qoladi.
7-modda Toʻxtatib turish
1. Har qaysi Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibini yoki jamoat sogʻligʻi sabablariga asosan mazkur Bitimni toʻliq yoki qisman vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni joriy etish hamda ularni tugatish diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga tegishli tartibda xabardor qilinadi.
3. Toʻxtatib turish boshqa Tomonga bildirishnoma berilganidan soʻng darhol kuchga kiradi.
8-modda Pasport yoki sayohat hujjatlarining namunalari va rasmiylashtirilishi
1. Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitim kuchga kirguniga qadar kamida 30 kun oldin oʻzlarining tegishli pasportlarining namunalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
2. Yangi biometrik diplomatik pasport joriy etilganda, shuningdek, mavjudlariga oʻzgartirish kiritilganda, Tomonlarning vakolatli organlari har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birini yozma ravishda, diplomatik kanallar orqali, ularning rasmiy joriy etilishidan kamida 30 kun oldin xabardor qiladilar va yangi namunalarni yuboradilar.
3. Basharti har qaysi Tomon davlatining fuqarosi boshqa Tomon davlati hududida oʻzining haqiqiy biometrik diplomatik pasportini yoʻqotsa yoki shikastlasa, u tegishli choralarni koʻrish maqsadida kelib chiqish mamlakatini vakillik qiluvchi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi orqali qabul qiluvchi Tomonning vakolatli organlarini xabardor qilishi lozim. Muayyan diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi mazkur fuqaroga yangi pasport yoki sayohat hujjati rasmiylashtiradi va qabul qiluvchi Tomonning vakolatli organlarini bunday taqdim etish toʻgʻrisida xabardor qiladi.
