Oʻzbekistonda speleoturizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (530-son)
30.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 21-noyabrdagi PQ-348-son qarori ijrosini taʼminlash, mamlakatning speleoturizm imkoniyatidan samarali foydalanish, turistik infratuzilmani bosqichma-bosqich rivojlantirish, tabiiy va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish hamda ushbu sohada davlat organlari faoliyatining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Turizm qoʻmitasi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Madaniy meros agentligi, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlari hokimliklarining respublikaning speleoturizm imkoniyati yuqori boʻlgan hududlarida, tajriba-sinov tariqasida, speleoturizmni tashkil etish va rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida speleoturizmni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida speleoturizmni rivojlantirish imkoniyati yuqori boʻlgan obyektlar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
obyektlarda zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish hamda turistlar oqimini oshirish chora-tadbirlari 2026 — 2028-yillar mobaynida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
mazkur obyektlarda turistik infratuzilmani barpo etish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini ajratish, ularni ijara yoki doimiy foydalanish huquqi asosida berish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
madaniy meros obyektlari hisoblangan obyektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari Madaniy meros agentligi bilan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda joylashgan obyektlarda esa Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan majburiy tartibda kelishilgan, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlar va taqiqlarga qatʼiy rioya qilgan holda, tegishli ruxsatlar olingandan soʻng bajariladi.
4. Turizm qoʻmitasi:
a) 2026-yil yakuniga qadar respublikaning speleoturizm imkoniyatidan foydalanish va ularni tizimli ravishda targʻib qilish maqsadida obyektlarning turistik imkoniyatlarini aks ettiruvchi mediamahsulotlar ishlab chiqib, ularning Milliy turizm yagona platformasiga joylashtirilishini taʼminlasin;
b) 2027-yildan boshlab:
har yili, zaruratga koʻra, manfaatdor vazirlik, idoralar va turizm sohasi subyektlari bilan birgalikda respublikadagi mavjud speleologiya yoʻnalishida xalqaro ilmiy ekspeditsiyalarni tashkil etsin;
turistlar uchun eng jozibador boʻlgan obyektlar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirsin hamda ularni Milliy turizm yagona platformasi orqali olish imkoniyatini yaratsin.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turizm qoʻmitasi, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda:
2026-2027-yillarda obyektlarda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va ularga investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
2027-yildan boshlab har yili xorijiy va mahalliy investorlar ishtirokida investitsiya forumlari, taqdimotlar, biznes uchrashuvlar hamda muzokaralarni tashkil etsin.
6. Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari 2027-2028-yillar mobaynida ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq belgilangan obyektlar hududlarida:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan ekologik va sanitariya talablariga qatʼiy rioya qilgan holda, zarur muhandislik-kommunikatsiya hamda turistik infratuzilma obyektlarini, shu jumladan, dam olish maskanlari va sanitar-gigiyenik shoxobchalarni tashkil etsin;
Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda aholi tomonidan oilaviy mehmon uylarini tashkil etishga koʻmaklashsin hamda ularning faoliyatini qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻlga qoʻysin.
7. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
uch oy muddatda Turizm qoʻmitasi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda obyektlarga sayohatlarni tashkil qilishda turistlar xavfsizligini taʼminlash qoidalari hamda tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2027-yildan boshlab har yili ikki marotaba manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda 2027-2028-yillarda obyektlarda oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
8. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga speleoturizm yoʻlga qoʻyiladigan hududlarda ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda obyektlarga sayohatlarni tashkil qilishda atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekistonning speleoturizm imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targʻib qilish maqsadida:
a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Turizm qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2027-yil may-iyun oylarida Xalqaro speleologlar ittifoqi, mintaqaviy ittifoq va assotsiatsiyalar ekspertlari, yetakchi olimlari va speleolog tadqiqotchilari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Gruziya, Rossiya, Xitoy va Vyetnamdagi ekskursiya oʻtkaziladigan obyektlarga egalik qiluvchi tashkilotlar vakillari ishtirokini taʼminlagan holda, speleoturizmni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etsin;
2027-yildan boshlab har yili speleologiya, geologiya, gidrologiya va biospeleologiya boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda ustuvor ilmiy loyihalar uchun xalqaro grantlar jalb qilsin.
Bunda ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari har uch yilda qayta koʻrib chiqiladi hamda ularning natijalari Milliy turizm yagona platformasida jamlanadi;
b) Turizm qoʻmitasi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, homiylik xayriyalari hamda tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari hisobidan nufuzli xorijiy telekanallar uchun Oʻzbekistonning speleoturizm imkoniyatini namoyish etuvchi hujjatli filmlar yaratsin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga mamlakatimizning speleoturizm imkoniyatini namoyish etish maqsadida tayyorlangan mediamateriallarni xalqaro va mahalliy telekanallar orqali muntazam ravishda namoyish etib borish tavsiya etilsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Turizm qoʻmitasi, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda speleoturizmni rivojlantirish uchun tanlab olingan obyektlarda amalga oshiriladigan loyihalarning 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritib borilishini taʼminlasin. Bunda ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar xalqaro grantlar, xususiy investitsiyalar, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-sentabr,
530-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-sentabrdagi 530-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida speleoturizmni rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-sentabrdagi 530-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida speleoturizmni rivojlantirish imkoniyati yuqori boʻlgan obyektlar
ROʻYXATI
Izoh. Ushbu roʻyxatga Turizm qoʻmitasi tomonidan speleoturizmni rivojlantirish maqsadida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
