Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari sifati indeksini joriy etish toʻgʻrisida (525-son)
29.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 10-apreldagi PF-58-son Farmoni ijrosini taʼminlash, oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligi koʻrsatkichlari asosida ragʻbatlantirish mexanizmlarini tatbiq etish orqali sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-son Farmoniga muvofiq, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni ishlab chiqish hamda har yili eng yuqori indeksga ega 20 ta oliy taʼlim tashkilotining Karyera markazlarini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 500 mln soʻmdan moliyaviy ragʻbatlantirishni yoʻlga qoʻyish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlashning sifat darajasini baholashga qaratilgan “Bitiruvchi sifati indeksi” joriy etilsin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijadorligini kompleks baholashga qaratilgan “Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish tartibi;
“Bitiruvchi sifati indeksi”ni davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan raqamli platforma orqali shakllantirish, uning natijalarini eʼlon qilish va ragʻbatlantirish tartibi.
4. Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi 2026-yil 10-noyabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan “Bitiruvchi sifati indeksi”ning raqamli platformasini budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ishlab chiqib, ishga tushirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. “Bitiruvchi sifati indeksi” avtomatlashtirilgan raqamli platformasiga idoralararo elektron tizim orqali integratsiya qilinadigan axborot tizimlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. “Kiberxavfsizlik markazi” DM 2026-yil 1-noyabrga qadar “Bitiruvchi sifati indeksi” raqamli platformasining belgilangan tartibda kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan tegishli ekspertizalardan oʻtkazilishi hamda “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM ekspertiza jarayonlari yakunidan soʻng platformaning vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishida koʻmaklashsin.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar “Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarning oʻzaro tezkor almashinuvini taʼminlash boʻyicha axborot tizimlarini “Raqamli hukumat”ning idoralararo integratsiya platformasi orqali integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, “Bitiruvchilar sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish uchun mablagʻlar 2027-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda ajratiladi, 2028-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 22-noyabrdagi 612-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori B.G. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-sentabr,
525-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 525-son qaroriga 1-ILOVA
“Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bitiruvchi — hisobot yilida oliy taʼlim tashkilotini tamomlab, bakalavr yoki magistr diplomini olgan shaxs;
“Bitiruvchi sifati indeksi” (keyingi oʻrinlarda — indeks) — oliy taʼlim tashkiloti bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijadorligini band boʻlish tezligi, barqaror bandlik darajasi, oʻrtacha oylik daromadi va bandlik toifasi indikatorlari asosida kompleks baholash koʻrsatkichi;
“Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirishning avtomatlashtirilgan raqamli platformasi (keyingi oʻrinlarda — raqamli platforma) — tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan holda, zarur axborotlarni avtomatik ravishda toʻplash, verifikatsiya qilish, qayta ishlash va tahlil qilish orqali indeksni shakllantirishni taʼminlovchi axborot tizimi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchi — yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar;
indikator — oliy taʼlim tashkiloti bitiruvchilarining taʼlimni tugatgandan keyingi faoliyati va natijalarini baholash uchun qoʻllanadigan, aniq hisoblash tartibi va formulasiga ega boʻlgan koʻrsatkich;
oliy taʼlim tashkiloti toifasi — oliy taʼlim tashkilotida talabalar soni ustuvor boʻlgan taʼlim yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, Oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi doirasida Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan belgilanadigan toifa;
hisobot yili — 1-iyul sanasidan boshlanib, keyingi yilning 30-iyun sanasiga qadar boʻlgan 12 oylik davr.
3. Quyidagilar indeksni shakllantirish va uning natijalariga asosan ragʻbatlantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:
oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining taʼlimni tugatgandan keyingi faoliyati va natijalarini tizimli baholash hamda baholash asosida oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish;
bitiruvchilarning bandligi koʻrsatkichlari asosida oliy taʼlim tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish;
oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida bitiruvchilarning bandligini taʼminlashda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish.
4. Indeksni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Indeksni shakllantirish
5. Indeks Agentlik tomonidan har yili idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha oliy taʼlim tashkilotlari (oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari bundan mustasno) bitiruvchilari boʻyicha shakllantiriladi.
6. Indeks oliy taʼlim tashkilotlarini “amaliy fanlar”, “tibbiyot fanlari”, “ijtimoiy-gumanitar fanlar” va “ijod (sport)” toifalariga ajratgan holda shakllantiriladi.
Bunda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida hisobot yilida 200 nafardan kam bitiruvchiga ega oliy taʼlim tashkilotlarining indeks natijalari alohida qayd etiladi va ularga nisbatan ragʻbatlantirish qoʻllanmaydi, “ijod (sport)” toifasidagi oliy taʼlim tashkilotlari bundan mustasno.
7. Hisobot yili davomida faoliyati tugatilgan oliy taʼlim tashkilotlari indeksning yakuniy natijalariga kiritilmaydi.
8. Indeks bitiruvchilarning band boʻlish tezligi, barqaror bandlik darajasi, oʻrtacha oylik daromadi va bandlik toifasi indikatorlari asosida shakllantiriladi.
9. Indeksni hisoblash tartibi va metodikasi Agentlik tomonidan belgilanadi.
10. Indeksni hisoblashda quyidagi toifadagi bitiruvchilarning koʻrsatkichlari inobatga olinmaydi:
xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan;
harbiy xizmatni oʻtayotgan;
ozodlikdan mahrum etilgan;
vafot etgan.
11. Indeks boʻyicha indikatorlari uchun zarur boʻladigan axborotlar raqamli platformadan olinadi.
Zarur hollarda indikatorlar uchun maʼlumotlar Agentlikning soʻroviga koʻra tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladi.
12. Oliy taʼlim tashkilotlariga indeks natijalarini raqamli platformadagi shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
13. Indeksning indikatorlarini belgilab olishda foydalaniladigan axborotlarning toʻgʻriligi va ishonchliligi uchun tegishli vazirlik va idoralar masʼul hisoblanadi.
Bunda notoʻgʻri yoki soxtalashtirilgan maʼlumotlar, shuningdek, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan indikator koʻrsatkich(lar)ini sunʼiy oshirishga urinishlar aniqlangan taqdirda, Agentlik direktorining buyrugʻi bilan oliy taʼlim tashkiloti mazkur yildagi indeks natijalaridan chiqariladi.
3-bob. Indeks natijalari asosida ragʻbatlantirish
14. Ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari soni tegishli toifalarga kiruvchi oliy taʼlim tashkilotlari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Bunda Indeksda ishtirok etadigan oliy taʼlim tashkilotlarining toifalar boʻyicha roʻyxati Agentlik tomonidan har yili 15-iyulga qadar belgilanadi.
15. Agentlik har yili 15-avgustga qadar indeksning dastlabki natijalarini shakllantiradi.
16. Agentlik indeksning dastlabki natijalari shakllantirilganidan soʻng, oʻn kun ichida ushbu natijalarni oliy taʼlim tashkilotlariga raqamli platforma orqali yuboradi.
17. Oliy taʼlim tashkilotlari indeksning dastlabki natijalari kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida ushbu natijalarni koʻrib chiqadi va xatoliklar mavjud boʻlganda, bu haqida raqamli platforma orqali Agentlikka bir ish kunida xabar beradi.
Bunda aniqlangan xatolik toʻgʻrisida batafsil maʼlumot koʻrsatilishi lozim.
18. Agentlik aniqlangan xatoliklarni oʻn besh kun ichida koʻrib chiqadi hamda indeksning dastlabki natijalarini oʻzgarishsiz qoldiradi yoki tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Oʻzgartirish kiritilgan taqdirda, bu haqida besh ish kuni ichida Agentlik tomonidan oliy taʼlim tashkilot(lar)iga xabar beriladi.
19. Aniqlangan xatoliklar maʼlumotlar manbalari bilan bogʻliq boʻlgan taqdirda, indeksning dastlabki natijalari oʻzgarishsiz qoldirilishi mumkin.
Bunda Agentlik indikatorlarni hisoblashda foydalanilgan axborot manbasi boʻlgan vazirlik va (yoki) idoraga maʼlumotlarni shakllantirish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi hamda xatolik yuzasidan xabar qilgan oliy taʼlim tashkilotiga asoslantirilgan javob xatini yuboradi.
20. Indeks natijalari har yili 1-oktabrga qadar jamoatchilik uchun ochiq tarzda Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
21. Indeks natijalarini jamoatchilik uchun tushunarli va taqqoslama tarzda taqdim etish maqsadida har bir toifadagi oliy taʼlim tashkilotlari quyidagi guruhlarga ajratiladi:
“yashil” guruh — eng yuqori natija qayd etgan 30 foiz;
“sariq” guruh — keyingi 30 foiz;
“qizil” guruh — qolgan 40 foiz oliy taʼlim tashkilotlari.
22. Har bir toifa boʻyicha ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari soni quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
bunda:
S — tegishli toifa boʻyicha ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari soni;
Stoifa — ushbu toifaga mansub oliy taʼlim tashkilotlari soni;
SOTT — indeksda ishtirok etadigan oliy taʼlim tashkilotlarining umumiy soni;
20 — ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari umumiy soni.
Hisoblangan qiymatlar butun sonlarga yaxlitlanadi hamda yaxlitlash natijasida ajratilgan oʻrinlar yigʻindisi 20 tani tashkil etmagan taqdirda, farq eng katta kasr qismiga ega boʻlgan toifalarga qoʻshib beriladi yoki kamaytiriladi.
23. Indeks natijalariga koʻra eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 20 ta oliy taʼlim tashkiloti ragʻbatlantiriladi hamda mazkur oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati indeksning yakuniy natijalari bilan bir vaqtda eʼlon qilinadi.
24. Oliy taʼlim tashkilotlarining indeks natijalari teng boʻlgan taqdirda, ustunlik oʻrtacha oylik daromad koeffitsiyenti indikatori boʻyicha yuqori natija qayd etgan oliy taʼlim tashkilotiga beriladi.
25. Oʻrtacha oylik daromad koeffitsiyenti indikatori boʻyicha natijalar ham teng boʻlgan taqdirda, ustunlik barqaror bandlik darajasi, bandlik toifasi va band boʻlish tezligi indikatorlari boʻyicha natijalar ketma-ketligi asosida beriladi.
26. Ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlarining har biriga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 500 mln soʻmdan ajratiladi.
27. Ragʻbatlantirish toʻlovlarini moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻlar har yili markazlashtirilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchisi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida ajratiladi.
28. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan indeks natijalariga koʻra ragʻbatlantirish uchun ajratilgan mablagʻlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochiladigan alohida shaxsiy hisobvaragʻida koʻzda tutiladi.
29. Ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati eʼlon qilinganidan soʻng Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻn ish kuni muddatda tegishli mablagʻlarni oliy taʼlim tashkilotlarining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi va bank hisobvaragʻiga oʻtkazish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga soʻrovnoma taqdim etadi.
30. Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ragʻbatlantiriladigan oliy taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida soʻrovnoma kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida belgilangan tartibda mablagʻlarni tegishli davlat oliy taʼlim tashkilotlarining budjet mablagʻlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
31. Ragʻbatlantirish toʻlovlari uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari hajmi budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy tasnifi boʻyicha 48 21 190 — “Boshqa xarajatlar” xarajatlar moddasida bir satrda, yilning choraklari va oylari boʻyicha rejalashtirilgan holda aks ettiriladi.
32. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan berilgan ruxsat asosida oʻn ish kuni muddatda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ragʻbatlantiriladigan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining bank hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazadi.
33. Ragʻbatlantirish mablagʻlari Karyera markazlari xodimlarini ragʻbatlantirishga va (yoki) ularni bitiruvchilar bandligi monitoringi, ish beruvchilar bilan hamkorlik, stajirovka va amaliyot dasturlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Axborot tizimidan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlarni nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor etish, shu jumladan, shaxsga doir maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida barchaga maʼlum qilish, Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirishga yoki shaxsga doir maʼlumotlardan biror-bir boshqa usul bilan foydalanish imkonini berishga qaratilgan harakatlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
35. Indeks natijalaridan norozi boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishlari mumkin.
36. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
“Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga binoan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish va uning natijalariga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 525-son qaroriga 2-ILOVA
“Bitiruvchi sifati indeksi” avtomatlashtirilgan raqamli platformasiga idoralararo elektron tizim orqali integratsiya qilinadigan axborot tizimlari
ROʻYXATI
Izoh: Ushbu jadvalda keltirilgan barcha koʻrsatkichlar hamda indeksni hisoblashda hisobga olinmaydigan bitiruvchilar toifalari boʻyicha maʼlumotlar faqat tegishli davlat axborot tizimlari va rasmiy manbalar orqali tasdiqlangan hollarda inobatga olinadi.
Oliy taʼlim bitiruvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumot olishda bir kalendar yilni qamrab oluvchi maʼlumot taqdim etiladi.
* Vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar faqat zaruratga koʻra va belgilangan maqsadlarda foydalaniladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 525-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 22-noyabrdagi 612-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisida “59” raqami “60” raqami bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi 60-ilova bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga 60-ILOVA
Taʼlim tashkilotlariga akkreditatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish
PASPORTI
