Paxta va gʻalla yetishtirishda “yangi agronom” tayyorlash va “ustoz-shogird” tizimlarini joriy etish toʻgʻrisida (513-son)
24.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik va gʻallachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qoʻllashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 9-dekabrdagi PQ-370-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, talabalarning paxtachilik va gʻallachilik boʻyicha bilimlarini mustahkamlash, ularni kasbiy faoliyatga tayyorlash darajasi va sifatini oshirish hamda amaliyot oʻtash davrida qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, yuqori hosildorlikka erishishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik va gʻallachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qoʻllashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 9-dekabrdagi PQ-370-son qaroriga muvofiq 2026-yildan boshlab yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va gʻalla yetishtirish koʻnikmasiga ega boʻlgan “yangi agronom” tayyorlash va “ustoz-shogird” tizimlarini joriy etish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
ustoz va shogird boʻlgan agroklasterlar hamda fermer xoʻjaliklari roʻyxatini har yili 10-yanvarga qadar shakllantirib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etib borsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “ustoz-shogird” tizimi “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi orqali tashkil etilishini va monitoring qilib borilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlari 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-sentabr,
513-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-sentabrdagi 513-son qaroriga 1-ILOVA
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ilgʻor agrotexnologiyalar asosida paxta va gʻalla yetishtirish koʻnikmasiga ega boʻlgan “yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi va qishloq xoʻjaligi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan boshqa oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi.
“Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida amaliyot oʻtayotgan talabalar Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotida ham ishtirok etishi mumkin.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talaba — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi va qishloq xoʻjaligi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat sohalari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar;
“ustoz” — oʻtgan hosil yillarida gektariga paxtadan 60 sentner va gʻalladan 100 sentnerdan yuqori hosil olib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga ustozlik qilish tashabbusini bildirgan tajribali va ilgʻor agroklasterlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari;
“yangi agronom” — qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida ilgʻor agrotexnologiyalar asosida paxta va gʻalla yetishtirish boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarni “ustoz-shogird” tamoyiliga asoslangan amaliyot bilan bogʻlangan holda egallagan mutaxassis.
2-bob. Paxta va gʻalla yetishtirish uchun “yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etishning maqsadi va vazifalari
4. “Yangi agronom” tayyorlash tizimining maqsadi qishloq xoʻjaligi sohasini barqaror rivojlantirish uchun agronom mutaxassislarga ilgʻor agrotexnologiyalardan, jumladan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalangan holda paxta va gʻalla yetishtirishni oʻrgatishdan iborat.
5. “Yangi agronom” tayyorlash tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ilgʻor agrotexnologiyalar asosida paxta va gʻalla yetishtirish boʻyicha amaliy koʻnikmalar bilan birgalikda nazariy bilim berish;
oʻsimlik va tuproq biologiyasini, tuproq unumdorligini baholashni, oʻsimliklar fiziologiyasi va ekinlar agrotexnikasini hamda agrokimyo va oʻgʻitlash tizimlarini toʻgʻri qoʻllashni chuqur oʻrgatish;
agroklasterlar va fermer xoʻjaliklarining ekin maydonlarida agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish, jumladan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari va zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini boshqarish hamda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish usullarini oʻrgatish;
ekologik barqarorlik va agro-ekologiya tamoyillarini singdirish, yer va suv resurslarini muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish strategiyalarini ishlab chiqish va barqaror qishloq xoʻjaligi tizimlarini yaratish boʻyicha bilimlar berish.
6. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemada amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus komissiya faoliyatini tashkil etish
7. “Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish, talabalar oʻrtasida tanlov oʻtkazish va ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — maxsus komissiya) tanlov oʻtkazilishidan bir oy oldin tuziladi va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Maxsus komissiyaning tarkibi kamida 7 nafar (toq sonli) aʼzolardan iborat boʻlib, uning tarkibiga eng yuqori hosildorlikka erishgan “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari va tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlarining rahbar-xodimlari kiritiladi.
Maxsus komissiya aʼzoligiga tanlashda quyidagi nomzodlarga ustuvorlik beriladi:
oʻz yoʻnalishida kamida 2 yillik mehnat stajiga ega;
oliy maʼlumotga ega;
xorijiy tajribasi mavjud;
ilmiy darajasi mavjud;
soʻnggi 5 yilda sohada yutuqlarga erishgani.
Bunda “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari rahbar-xodimlarining soni maxsus komissiya aʼzolarining umumiy sonida koʻpchilikni tashkil qilishi kerak.
Maxsus komissiya raisi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi yoki uning tizimidagi oliy taʼlim tashkilotining rahbar-xodimi boʻladi.
4-bob. Talabalar oʻrtasida tanlovlar tashkil etish va oʻtkazish
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili yanvar oyida ustozlik qilish tashabbusini bildirgan tajribali va ilgʻor agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari roʻyxatini shakllantiradi.
9. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida oʻqish amaliyotiga Toshkent davlat agrar universiteti va qishloq xoʻjaligi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan boshqa oliy taʼlim tashkilotlarining mos taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan 2 va 3-bosqich talabalari oʻrtasida tanlovlar oliy taʼlim tashkilotlarida har yili kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan “yangi agronom” tayyorlash tizimida oʻqish boʻyicha tanlovlarni tashkil etish uchun har yili yanvar-fevral oylarida hududlar, sohalar va oliy taʼlim tashkilotlari kesimida oʻrinlar ajratiladi hamda tanlov toʻgʻrisida oʻzining veb-saytida eʼlon beradi.
11. Tanlovlarda ishtirok etish uchun talabalar 2 va 3-bosqichda tahsil olayotgan boʻlishi hamda talabalarning taʼlim yoʻnalishlari (yoki mutaxassisligi) “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaligi faoliyat yoʻnalishiga mos boʻlishi talab etiladi.
Talabalar tanlovda ishtirok etish uchun tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy ichida oʻzi tahsil olayotgan oliy taʼlim tashkilotiga arizani tegishli hujjatlar bilan birga pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda taqdim etadi.
Oliy taʼlim tashkiloti tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ariza taqdim etilgan kundan soʻng 5 ish kuni ichida yoʻllanma xat bilan maxsus komissiyaga taqdim etadi.
Maxsus komissiya yoʻllanma xat bilan taqdim etilgan arizalarni 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi, suhbat jarayonini tashkil etadi.
12. Talabalar “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari tomonidan maxsus komissiya oʻtkazgan suhbat asosida qabul qilinadi.
Suhbat savollari umumagronomik fanlar, shu jumladan, paxta va gʻalla yetishtirishdagi yangi innovatsion texnologiyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish va xorijiy tillarni bilish darajasi, shuningdek, talabalarning agronom kasbiga, respublikamiz qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotini rivojlantirishga qiziqishi boʻyicha tuziladi.
Suhbat oflayn va onlayn shaklda oʻtkaziladi hamda jarayon videomaterial shaklida yozib olinadi.
Suhbat natijalari 5 baholik tizimda, yaʼni “5” (aʼlo), “4” (yaxshi), “3” (qoniqarli) va “2” (qoniqarsiz) baholari bilan baholanadi. Bunda maxsus komissiya aʼzolari tomonidan qoʻyilgan baholar jamlanib, oʻrtacha koʻrsatkich aniqlanadi.
Suhbatda qatnashmagan talabaga suhbat qaydnomasida “qatnashmadi” deb yoziladi.
Suhbat natijalari (yaxshi va aʼlo baholar) va oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari (akademik transkript) yuqori (GPA 3,5) boʻlgan talabalarga ustuvorlik beriladi.
13. Maxsus komissiya tanlov asosida qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni tanlab oladi va tanlov natijalaridan soʻng 20 ish kuni ichida ularni “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklariga biriktirish boʻyicha yakuniy qarorni qabul qiladi.
14. Maxsus komissiya yigʻilishida qabul qilingan yakuniy qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma maxsus komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi va tasdiqlanadi.
15. Suhbat natijalaridan norozi boʻlgan talabalar natijalar eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 24 soat mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tuziladigan apellyatsiya komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — appelyatsiya komissiyasi) shikoyat qilishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyat kelib tushgan vaqtdan eʼtiboran ushbu nizomning 14-bandiga koʻra 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va xulosa taqdim etiladi.
Bunda shikoyatda keltirilgan eʼtirozlar suhbat yozib olingan videomaterial va maxsus komissiya bayonnomasi asosida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish natijalariga koʻra taqdim etiladigan xulosada eʼtiroz tasdiqlangani yoki eʼtiroz tasdigʻini topmagani toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
16. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatlar quyidagi tartibda koʻrib chiqiladi:
tanlovni oʻtkazish tartibi va ushbu Nizom talablariga rioya etilgani;
baholash mezonlari barcha tanlov ishtirokchilariga bir xil qoʻllanilgani;
tanlov ishtirokchilariga ekspertlar (baholovchilar) tomonidan tanlov ishtirokchilarga qoʻyilgan ballarning baholash mezonlariga muvofiqligi;
tanlov ishtirokchilari boʻyicha hisob-kitoblarda texnik yoki arifmetik xatolar mavjud yoki mavjud emasligi;
tanlov materiallari, baholash varaqalari, bayonnomalar hamda boshqa tegishli hujjatlar mavjudligi;
shikoyat etuvchi tomonidan taqdim etilgan dalillar va asoslarning mavjudligi.
17. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatlar yuzasidan quyidagi tartibda qaror qabul qilinadi:
shikoyatni qanoatlantirish va tanlov natijalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish;
shikoyatni qisman qanoatlantirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yoki tanlov natijalarini qayta hisob-kitob qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
shikoyatni rad etish va tanlov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tanlov ishtirokchilarini baholash jarayonida ushbu Nizom talablari buzilgani aniqlangan taqdirda, tegishli bosqichni yoki tanlov natijalarini toʻliq yoki qisman qayta koʻrib chiqish.
Yuqoridagilarga muvofiq apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatlarni qanoatlantirish yoki rad etish boʻyicha qarorlar qabul qilinadi.
5-bob. “Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va rahbarlik qilish
18. “Yangi agronom” tayyorlash tizimida oʻqish muddati va joyi, masʼul shaxslar, amaliyot oʻtaydigan talabalar roʻyxati oliy taʼlim tashkilotlarining rektorlari (filial direktorlari) buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Bunda oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoni jadvalida talabalar oʻquv yilining may — iyul oylarida ishlab chiqarish amaliyotiga va sentabr-oktabr oylarida malaka amaliyotiga yuborilishi hisobga olinadi.
19. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi boʻyicha oʻqish davomida talabalarga yetarli bilim va koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida ish joyini oʻzgartirishga ruxsat etiladi.
20. Oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (filial direktorlari) “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan birgalikda oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlar dasturi boʻyicha “yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida amaliyotga chiqarilgan talabalarning xavfsizligini taʼminlaydi.
21. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida amaliyotga chiqarilgan talabalarga “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlarining tegishli tartibda mehnatni muhofaza qilish va ichki mehnat tartibi qoidalari, shuningdek, amalda boʻlgan boshqa hujjatlar tatbiq qilinadi.
22. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida tanlab olingan iqtidorli talabalarga “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan mavsum davomida ilgʻor agrotexnologiyalar asosida paxta va gʻalla yetishtirish hamda ekin maydonlarida agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish, shu jumladan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini va zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini boshqarish, uchuvchisiz uchadigan apparatlaridan foydalanish usullari oʻrgatib boriladi.
23. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida amaliyotini aʼlo baholar bilan tamomlagan talabalar maxsus komissiya tomonidan saralanib, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida xorijiy davlatlarga tajriba oshirish uchun yuboriladi.
Saralash jarayoni talabaning amaliyot natijalari, oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, kasbiy bilim va koʻnikmalari, chet tilini bilish darajasi, intizomi, innovatsion va ilmiy faollik koʻrsatkichlari hamda xorijda orttirilgan bilim va tajribani respublikada joriy etish boʻyicha taqdim etilgan reja asosida amalga oshiriladi.
Maxsus komissiya tanlov natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan talabalarni ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida xorijiy davlatlarga tajriba oshirish uchun yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
24. “Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tanlab olingan talabalarning ishlab chiqarishdagi faoliyati boʻyicha maslahatlar beradi hamda ish natijalarini muntazam ravishda baholab boradi.
25. Talabalarga “yangi agronom” tizimi asosida oʻqish va amaliyot oʻtash dasturiga taalluqli zarur materiallardan foydalanishga sharoit yaratiladi hamda zarur maslahatlar va koʻrsatmalar beriladi.
26. “Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari oliy taʼlim tashkilotlari (tegishliligi boʻyicha kafedra, fakultet, boʻlim) bilan hamkorlikda mashgʻulotlar yakuni boʻyicha talabalarning olgan bilimini suhbat shaklida 100 balli mezon boʻyicha quyidagicha baholaydi: 0 — 54 ball — oʻtmadi (maʼlumotnoma beriladi); 55 — 100 ball — oʻtdi (sertifikat beriladi).
27. Talabalarning olgan amaliy bilimlarini xolisona baholash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (filial direktorlari) buyrugʻi bilan attestatsiya komissiyasi tuziladi va uning aʼzolari tarkibiga “ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari vakillari ham kiritiladi (tarkib toq sonda va kamida besh nafar aʼzodan iborat boʻladi).
6-bob. “Yangi agronom” tayyorlash tizimini moliyalashtirish
28. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi boʻyicha tadbirlar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar, 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida markazlashtirilgan tartibda rejalashtirish orqali moliyalashtiriladi.
Bunda ushbu maqsad uchun ajratilgan mablagʻlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining tegishli soʻrovnomasiga muvofiq ularning hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
29. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi boʻyicha toʻlovlar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Bu uchun oliy taʼlim tashkiloti, “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari hamda talaba oʻrtasida nomuayyan muddatga uch tomonlama shartnoma tuziladi.
“Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklariga “yangi agronom” tayyorlash tizimi doirasida har bir talabaga ustozlik qilish uchun yiliga 5 mln soʻm miqdorida toʻlovlar toʻlanadi.
“Yangi agronom” tayyorlash tizimi doirasida har bir talabaga joriy (kunlik) xarajatlar uchun oyiga 1,5 mln soʻm miqdoridagi mablagʻ talabaning plastik kartasiga har oyning 5-sanasiga qadar oʻtkazib beriladi.
“Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan “yangi agronom” tayyorlash tizimi boʻyicha uch tomonlama shartnomaga muvofiq amaliyot oʻtayotgan talabaga ishlab chiqarishdagi faoliyati uchun ish haqi toʻlab beriladi.
“Yangi agronom” tayyorlash tizimi asosida oʻqishni tamomlagan bitiruvchilar tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari tavsiyasiga asosan qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga ishga qabul qilinadi va ularga 3 yil davomida qoʻshimcha ragʻbatlantirish turini joriy etish orqali 2 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdorida kafolatli oylik ish haqi toʻlab beriladi hamda ularning zimmasiga tegishli hududda paxtachilik va gʻallachilikda yuqori hosildorlikka erishish boʻyicha amaliy choralarni koʻrish vazifasi yuklanadi.
“Yangi agronom” tayyorlash tizimi doirasida har bir talabaning joriy xarajatlari qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni tanlab olish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov natijalari yuzasidan maxsus komissiyaning yakuniy qarori qabul qilingandan soʻng 15 ish kuni ichida budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
“Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari oʻziga biriktirilgan talabaning faoliyati samaradorligiga qarab, oʻz mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirib borishi mumkin.
30. “Ustoz” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari hamda oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan attestatsiya komissiyasining xulosasi asosida “yangi agronom” tayyorlash tizimi boʻyicha mashgʻulot talablarini bajargan va imtihon (onlayn yoki oflayn suhbat, testdan oʻtgan) natijasidan oʻtgan talabalarga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi sertifikat va imtihondan oʻtolmagan talabalarga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi maʼlumotnoma beriladi.
31. Tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga ishga jalb qilinmagan yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan bitiruvchilarning xohishiga koʻra ularga paxta va gʻalla yetishtirish uchun 100 gektargacha yer uchastkasi elektron onlayn-auksion savdolari orqali ajratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. “Yangi agronom” tayyorlash tizimi doirasida budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuklanadi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish
SXEMASI
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Yangi agronom” tayyorlash tizimini tashkil etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-sentabrdagi 513-son qaroriga 2-ILOVA
“Ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom paxta yetishtirishda “ustoz-shogird” tizimini ommalashtirish hamda paxtachilikda yuqori natijalarga erishgan agroklaster va fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Agroportal — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi;
nazoratchilar — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda boshqa idoralarning hududiy va tuman boʻlimlarida faoliyat yurituvchi masʼul xodimlari;
“ustoz” — oʻtgan hosil yillarida paxtadan gektariga 50 — 60 sentnerdan yuqori hosil olib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga gektaridan 30 sentnerdan past hosil olgan fermer xoʻjaliklariga ustozlik qilish tashabbusini bildirgan tajribali agroklasterlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari;
“shogird” — oʻtgan hosil yillarida paxtadan gektariga 30 sentnerdan past hosil olgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari;
gʻoʻza (paxta)ning vegetatsiya davri — urugʻning unishi (nihol chiqishi), nihol fazasi (koʻchat davri), shona chiqarish fazasi, gullash, koʻsak tugish va rivojlanish fazasi, koʻsakning ochilishi (pishish fazasi) va toʻliq pishish va hosil yigʻish fazalari.
3. “Ustoz-shogird” tizimi doirasida amalga oshiriladigan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi (keyingi oʻrinlarda — Agroportal) orqali nazorat qilinadi.
2-bob. “Ustoz” va “shogird” sifatida agroklaster va fermer xoʻjaliklari roʻyxatini shakllantirish
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tumanlar hokimliklari) har yili 31-dekabrga qadar paxtadan gektaridan 50 — 60 sentnerdan yuqori hosil olgan ilgʻor agroklasterlar va fermer xoʻjaliklariga “ustoz-shogird” tizimida “ustoz” sifatida tanlovda qatnashishi uchun xat bilan taklif yuboradi.
5. Ilgʻor agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari 5 kun ichida “ustoz-shogird” tizimida “ustoz” sifatida tanlovda qatnashish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga (yoki tumanlar hokimliklariga) murojaat qiladi.
6. “Ustoz” sifatida quyidagilar tanlov asosida tanlab olinadi:
a) oʻtgan hosil yillarida paxtadan gektariga 50 — 60 sentnerdan yuqori hosil olgan agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari;
b) ustozlik qilish boʻyicha yozma tashabbus bildirgan agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari;
v) paxta yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini yaxshi oʻzlashtirgan tajribali va ilgʻor agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari.
7. Paxta yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini yaxshi oʻzlashtirganlik quyidagi mezonlar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tuman hokimliklari) tomonidan aniqlanadi:
agrotexnika tadbirlarining belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda bajarilgani;
urugʻ ekish, sugʻorish, oziqlantirish, kultivatsiya, himoya tadbirlari hamda terim ishlarining agrotexnologik talablarga muvofiq tashkil etilgani;
dala kuzatuvlari va monitoring natijalarining tegishli elektron axborot tizimlari maʼlumotlari bilan tasdiqlangani;
oxirgi uch hosil yilida agrotexnika qoidalarini qoʻpol ravishda buzish holatlari aniqlanmagani hamda paxta hosildorligi va sifati boʻyicha barqaror yuqori natijalarga erishilgani.
8. Ushbu Nizomning 7-bandida keltirilgan mezonlarga agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari muvofiqligi hududiy tanlov komissiyasi tomonidan dala koʻriklari, vakolatli tashkilotlar xulosalari hamda taqdim etilgan hujjatlar asosida baholanadi va tanlov komissiyasi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
9. “Ustoz” sifatida ishtirok etish istagini bildirgan agroklaster va fermer xoʻjaliklari soni belgilangan ehtiyojdan ortiq boʻlgan taqdirda, ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tumanlar hokimliklari) tomonidan reyting asosida saralab olinadi.
Bunda quyidagi mezonlarga ustuvorlik beriladi:
soʻnggi uch hosil yilida paxta hosildorligi va mahsulot sifati boʻyicha barqaror yuqori koʻrsatkichlarga erishilgani;
paxta yetishtirish agrotexnologiyalariga toʻliq rioya etgani hamda agrotexnika tadbirlari belgilangan muddatlarda sifatli bajarilgani;
zamonaviy agrotexnologiyalar, resurs tejaydigan va raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etilgani;
malakali mutaxassislarga va moddiy-texnik bazaga egaligi;
yosh mutaxassislar va talabalarga amaliy koʻnikmalar berish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratilgani.
10. Belgilangan muddatda “ustoz” sifatida ishtirok etish boʻyicha tashabbus kelib tushmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tumanlar hokimliklari) ushbu Nizomning 6 — 9-bandlarida nazarda tutilgan mezonlarga javob beradigan agroklaster va fermer xoʻjaliklari orasidan ularning roziligi asosida “ustoz” sifatida ishtirok etish uchun nomzodlarni tavsiya etadi.
11. Saralash natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tumanlar hokimliklari) bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda tasdiqlangan roʻyxat asosida “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari belgilanadi.
12. “Ustoz” sifatida tanlab olingan har bir agroklaster yoki fermer xoʻjaligiga paxta hosildorligi 30 sentnerdan past boʻlgan 20 tagacha fermer xoʻjaliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (yoki tumanlar hokimliklari) tomonidan “shogird” sifatida biriktiriladi.
13. “Ustoz” hamda “shogird” agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi reyestrga kiritiladi hamda har yili 10-yanvarga qadar tasdiqlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etiladi.
14. Hududlarda paxtadan gektariga 50 — 60 sentnerdan yuqori hosil olgan agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari mavjud boʻlmaganda, boshqa hududdan yuqori hosildorlik koʻrsatkichlariga erishgan agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari “ustoz” sifatida jalb etilishi mumkin.
15. “Ustoz-shogird” tizimida qishloq xoʻjaligi subyektlari ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi mumkin.
3-bob. “Ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklariga “shogird” fermer xoʻjaliklarini biriktirish hamda ularni xabardor qilish
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining hududiy boshqarmalari har bir “ustoz” hamda “shogird” agroklaster va fermer xoʻjaliklarini rasmiy xat bilan xabardor qiladi.
Xatda quyidagilar koʻrsatiladi:
“ustoz” agroklaster yoki fermer xoʻjaligi rahbarining F.I.O., xoʻjalik nomi va joylashgan joyi;
“shogird” fermer xoʻjaligi rahbarining F.I.O., xoʻjalik nomi va joylashgan joyi;
biriktirilgan muddat (mavsum);
masʼul organning imzosi va shtampi.
17. “Ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklariga biriktiriladigan “shogird” fermer xoʻjaliklarining paxta yetishtiradigan yer uchastkasining hududiy masofasi yaqinligi, tuproq va iqlim sharoitining oʻxshashligi hisobga olinadi.
4-bob. “Ustoz” hamda “shogird” agroklaster va fermer xoʻjaliklarining oʻzaro hamkorligi
18. “Ustoz” sifatida tanlab olingan agroklaster va fermer xoʻjaliklari quyidagi vazifalarni bajaradi:
a) har bir vegetatsiya davrida kamida bir marotaba “shogird” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurish va amaliy koʻrsatmalar berish;
b) “shogird” fermer xoʻjaligiga hududga mos gʻoʻza navini toʻgʻri tanlash va urugʻlik chigitni ekish muddatlari yuzasidan amaliy koʻrsatmalar va maslahatlar berish;
v) dalada amaliy mashgʻulot oʻtkazib, “shogird” fermer xoʻjaligining bilim va koʻnikmasini oshirish;
g) agrotexnika tadbirlari hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini toʻgʻri tashkil etilishini nazorat qilish va tavsiyalar berib borish;
d) paxta hosildorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish.
19. “Shogird” fermer xoʻjaligi tomonidan paxta maydonlarida quyidagi agrotexnika tadbirlari oʻtkaziladi:
a) yerni ekishga tayyorlash;
b) gʻoʻza navini tanlash, urugʻlik chigitni ekish va nihollarni yaganalash;
v) gʻoʻza qator oralariga ishlov berish;
g) kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish;
d) gʻoʻzani mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish;
e) gʻoʻza maydonlarini sugʻorish;
j) gʻoʻzani chilpish;
z) defoliatsiya va desikatsiya qilish;
i) paxta hosilini sifatli yigʻib olish;
k) boshqa agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish.
20. “Ustoz” hamda “shogird” agroklaster va fermer xoʻjaliklarining hamkorligi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor qilinadi:
a) tomonlardan birining asoslantirilgan murojaatiga koʻra (vegetatsiya davri boshlanishidan kamida 15 kun oldin);
b) subyektlar tugatilganda yoki ularning yer uchastkasiga boʻlgan huquqi bekor qilinganda;
v) ushbu Nizomning 18 va 19-bandlarida yuklangan majburiyatlar uzrli sabablarsiz bajarilmagani Agroportalda aniqlanganda.
21. “Ustoz” hamda “shogird” agroklaster va fermer xoʻjaliklarining hamkorligini bekor qilish boʻyicha murojaatlar tegishli mahalliy hokimliklar tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqilib, “shogird” fermer xoʻjaligiga 3 kun muddatda yangi “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaligi biriktiriladi.
5-bob. Agroportal orqali monitoring qilish
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan “ustoz-shogird” tizimi nazoratchilari (keyingi oʻrinlarda — nazoratchilar) roʻyxati ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq tartibda shakllantiriladi.
23. “Ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari nazoratchilar bilan birgalikda biriktirilgan “shogird” fermer xoʻjaliklarining paxta maydonlarida gʻoʻzaning har bir vegetatsiya davri holatini atroflicha tahlil qiladi, tahlil natijalariga asosan “shogird” fermer xoʻjaliklariga oʻtkazilishi zarur boʻlgan tadbirlarni belgilab beradi hamda nazoratchilar oʻzining shaxsiy kabineti orqali gʻoʻza parvarishida amalga oshirilgan ishlar, agrotexnika tadbirlari oʻtkazilishi va koʻrsatmalarning bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni (foto, video) Agroportalga joylashtirib boradi.
24. Agroportalda quyidagi maʼlumotlar doimiy ravishda yangilab boriladi:
a) oʻtkazilgan agrotexnika tadbirlari;
b) “shogird” fermer xoʻjaligi tomonidan tavsiyalarning bajarilishi;
v) gʻoʻzaning rivojlanish holati;
g) kutilayotgan hosildorlik koʻrsatkichlari.
25. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Agroportalga maʼlumotlarning toʻgʻri va haqqoniy kiritilishini taʼminlaydi hamda “ustoz-shogird” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga axborot taqdim etadi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyati Agroportalga kiritilayotgan maʼlumotlarni doimiy monitoring qiladi, tizimdan samarali foydalanish boʻyicha tezkor texnik amaliy yordam koʻrsatib, tizimdan foydalanuvchilarning samarali faoliyat yuritishini taʼminlaydi.
6-bob. “Ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish
27. Har hosil yili yakunida “shogird” fermer xoʻjaligi paxtadan gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil olgan “ustoz” agroklaster yoki fermer xoʻjaliklari har bir “shogird” fermer xoʻjaligi uchun 5 mln soʻmdan mukofot puli bilan taqdirlanadi.
28. “Ustoz” agroklaster yoki fermer xoʻjaliklariga mukofot pullari 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar, 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida markazlashtirilgan tartibda rejalashtirish orqali toʻlab boriladi.
Ushbu maqsad uchun ajratiladigan mablagʻlar “ustoz” agroklaster yoki fermer xoʻjaliklarining hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
29. Paxtadan gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil olgan “shogird” fermer xoʻjaliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan birjada sotilgan paxta xomashyosi, elektron tarozi orqali topshirilgan va rasmiylashtirilgan hamda Soliq qoʻmitasidan roʻyxatdan oʻtgan elektron hisobvaraq-faktura (EHF) asosida aniqlanadi.
Bunda “shogird” fermer xoʻjaligining Agroportaldagi shaxsiy kabinetiga EHF maʼlumotlari Soliq qoʻmitasining axborot tizimidan integratsiya orqali olinadi.
30. “Ustoz-shogird” tizimi asosida mukofotlanadigan “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan joriy hosil yili yakuni bilan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda har yili 1-dekabrga qadar tasdiqlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etiladi.
31. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi taqdim etilgan roʻyxatni “Hosil qabuli” axborot tizimi orqali tahlil qilib, mukofotlanadigan “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklarining yakuniy roʻyxatini har yili 10-dekabrga qadar shakllantiradi hamda unga asosan mukofot pullarini “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklarining bankdagi hisobvaragʻiga har yili 31-dekabrga qadar oʻtkazib beradi.
7-bob. “Ustoz-shogird” reyestrini yuritish
32. “Ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari hamda ularga biriktirilgan “shogird” fermer xoʻjaliklari reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan yuritiladi hamda vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
33. Reyestrda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
a) “ustoz” hamda “shogird” agroklaster va fermer xoʻjaliklari nomi;
b) yer uchastkasi va paxta hosildorligi koʻrsatkichlari;
v) oʻtkazilgan agrotexnika tadbirlari.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalar amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hal etiladi.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
“Ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Ustoz-shogird” tizimi asosida tajribali va ilgʻor agroklaster yoki fermer xoʻjaliklariga biriktirilgan fermer xoʻjaliklari
REYESTRI
“Ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Ustoz-shogird” tizimi nazoratchilari
ROʻYXATI
“Ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
“Ustoz-shogird” tizimi asosida mukofotlanadigan “ustoz” agroklaster va fermer xoʻjaliklari
ROʻYXATI
