Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (524-son)
29.09.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 20-apreldagi PQ-148-son qarori ijrosini taʼminlash va kasbiy taʼlim tizimida innovatsiyalarni joriy qilish orqali bitiruvchilar bandligini taʼminlash hamda texnikum oʻquvchilarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 20-apreldagi PQ-148-son qaroriga muvofiq:
tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan startap loyihalari asosida yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish uchun davlat texnikumlari huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berilishi;
“spin-off” korxonalariga texnikum oʻquvchilarining startap loyihalarini amalga oshirish uchun Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 milliard soʻmgacha grant ajratilishi;
2026-yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida bittadan texnikumda namunali “spin-off” korxonasi ishga tushirilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan startap loyihalari asosida yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish uchun texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi;
texnikumlarning boʻsh turgan bino va inshootlaridagi maydonlarni “spin-off” korxonalarini tashkil etish uchun 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga ijaraga berish tartibi;
“spin-off” korxonalariga startap loyihalarini amalga oshirish uchun Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasidan 1 milliard soʻmgacha grant ajratish tartibi.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik):
a) bir oy muddatda huzurida “spin-off” korxonalari tashkil etiladigan texnikumlar roʻyxatini belgilasin;
b) 2026-yil yakuniga qadar har bir hududda kamida bittadan texnikum huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish choralarini koʻrsin;
v) texnikumlar huzurida tashkil etilgan “spin-off” korxonalarining reyestrini “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimi orqali yuritsin.
Bunda “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimini takomillashtirish xarajatlari Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
a) “spin-off” korxonalari uchun doimiy xorijiy investorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
b) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda:
“spin-off” korxonalarida tashkil etilgan ish oʻrinlarini monitoring qilib borsin;
texnikum bitiruvchilarining “spin-off” korxonalari orqali bandligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Belgilansinki, huzurida “spin-off” korxonalari tashkil etiladigan texnikumlarda korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini 5 yil muddat davomida xususiylashtirish man etiladi hamda undan korxonalarning asosiy faoliyat yoʻnalishidan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanishi taqiqlanadi.
6. Agentlik Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-sentabr,
524-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 524-son qaroriga ILOVA
Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan startap loyihalari asosida yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat texnikumlari (keyingi oʻrinlarda — texnikumlar) huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qoidalari nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“spin-off” korxonasi — yangi ishlanmalarga asoslangan startap loyihalari asosida mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish hamda bu jarayonga texnikum oʻquvchilarini jalb qilish maqsadida texnikum huzurida tashkil etiladigan xoʻjalik yurituvchi subyekt shaklidagi yuridik shaxs;
investitsiya davri — “spin-off” korxonasi ustav kapitalidagi davlat ulushi saqlanib turiladigan va 5 yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladigan muddat;
maxsus komissiya — texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish hamda ularga Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) grant ajratishni koʻrib chiqadigan komissiya;
muassis — “spin-off” korxonasi tashkil etishda ustav kapitaliga ulush kiritgan texnikum hamda jismoniy va yuridik shaxslar;
tashabbuskor — “spin-off” korxonasiga ulush kiritmoqchi boʻlgan texnikum hamda jismoniy va yuridik shaxslar.
3. “spin-off” korxonalari faoliyati qonuniylik, ochiqlik, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishning maqsadliligi, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, resurslardan samarali foydalanish va raqamli tamoyillar asosida amalga oshiriladi.
4. “spin-off” korxonalari texnikumda mavjud kasb va yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
5. Hududning ixtisosligidan kelib chiqib, qaysi texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarining tashkil etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan belgilanadi.
6. “spin-off” korxonalari faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2-bob. “Spin-off” korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi
7. Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalari ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
8. Tashabbuskorlarning yangi ishlanmalari, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalari mavjud boʻlganda, “spin-off” korxonasi tashkil etmoqchi boʻlgan texnikum bilan kelishuv asosida taʼsis shartnomasini imzolaydi.
9. Tashabbuskor texnikumning oʻzi boʻlgan taqdirda, taʼsis shartnomasi tuzilmaydi.
10. Tashabbuskor texnikum huzurida “spin-off” korxonasi tashkil etish maqsadida Agentlikning “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) orqali ariza topshiradi.
Bunda arizaga taʼsis hujjatlari, loyihaning biznes-rejasi hamda texnik asos va moliyaviy hisob-kitoblar ilova qilinadi.
11. Agentlik tomonidan texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish va ularga Jamgʻarma mablagʻlaridan grant ajratish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
12. Komissiya tarkibi har yili yanvar oyining 10-sanasiga qadar Agentlik direktori tomonidan bir yil muddatga tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari hamda xorijiy mutaxassislar jalb qilinishi mumkin. Bunda tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma hisobidan qoplanadi.
Komissiyaning tarkibi kamida 7 nafardan iborat boʻlib, Komissiya yigʻilishi uning aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashganda, vakolatli hisoblanadi.
13. Komissiya tashabbuskorlar tomonidan texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish boʻyicha arizalarni ular kelib tushgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida koʻrib chiqadi.
Bunda tashabbuskor ochiq muhokama tarzida oʻtkaziladigan Komissiya yigʻilishlarida oʻz taqdimoti bilan ishtirok etadi.
Zaruratga koʻra loyihani koʻrib chiqish muddati besh kun muddatga choʻzilishi mumkin. Bu haqida tashabbuskorga xabar yuboriladi.
14. Komissiya texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish boʻyicha quyidagi mezonlardan kelib chiqib, arizalarni koʻrib chiqadi:
moliyaviy va iqtisodiy samaradorlik hamda innovatsionlik darajasi;
dual taʼlimning joriy etilishi va ushbu jarayonga oʻquvchilarning jalb qilinishi;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish orqali qoʻshimcha mablagʻ topish imkoniyati;
mehnat bozori va ish beruvchilar talabi hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlash imkoniyati.
15. Komissiya tomonidan arizalar quyidagi tartibda koʻrib chiqiladi:
arizaga ilova qilingan hujjatlarning toʻliqligi va toʻgʻriligi, zarur imzo, muhr va shtamplarning mavjudligi;
investitsiya davrida amalga oshirilishi belgilangan biznes-reja va moliyaviy hisob-kitoblarning mavjudligi;
yangi ishlanmaning muassis tomonidan yaratilgani;
“spin-off” korxonasining mehnat jamoasi tarkibida muassisning pedagoglari, oʻquvchilari boʻlishini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi.
16. Ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan hujjatlar yetarli boʻlmagan taqdirda, tashabbuskorlarga kamchiliklar koʻrsatilib, hujjatlar qaytariladi. Tashabbuskorlar kamchiliklarni bartaraf etib, bir oydan soʻng axborot tizimi orqali qayta murojaat qilishi mumkin.
17. Komissiya aʼzolari taqdimot natijalariga koʻra texnikum huzurida “spin-off” korxonasini tashkil etish yoki rad etish boʻyicha ovoz beradi hamda tegishli qaror qabul qiladi.
18. Komissiya qaror qabul qilgandan soʻng uch ish kunida texnikum huzurida “spin-off” korxonasini tashkil etish yoki rad etish boʻyicha tegishli xulosani ariza beruvchiga Agentlikning axborot tizim orqali yuboradi.
19. Tashabbuskor texnikum huzurida “spin-off” korxonasini tashkil etish boʻyicha ijobiy xulosa olgan taqdirda, qonunchilik hujjatlariga muvofiq “spin-off” korxonasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
Bunda texnikumning “spin-off” korxonasining ustav fondidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi lozim.
20. Texnikumlar huzurida tashkil etilgan “spin-off” korxonalari reyestri Agentlikning axborot tizimi orqali yuritiladi.
21. Texnikumlar huzurida tashkil etilgan “spin-off” korxonalari reyestridan foydalanish imkoniyati “Startup Base” startaplar ekotizimining yagona elektron platformasi orqali taʼminlanadi.
22. “spin-off” korxonasi oʻz faoliyati yuzasidan Agentlikka har chorakda hisobot taqdim etib boradi.
23. “spin-off” korxonalariga texnikum oʻquvchilarining startap loyihalarini amalga oshirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 1 milliard soʻmgacha grant ajratiladi.
3-bob. “Spin-off” korxonalariga startap loyihalarini amalga oshirish uchun grant ajratish tartibi
24. “spin-off” korxonalariga startap loyihalarini amalga oshirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxema asosida grant ajratiladi.
25. “spin-off” korxonalari startap loyihalarini amalga oshirish yuzasidan grant olish uchun Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
grant olish uchun ariza;
“spin-off” korxonalari startap loyihalari boʻyicha batafsil taqdimot;
“spin-off” korxonasining mehnat jamoasi tarkibida kamida bir nafar pedagog yoki ishlab chiqarish taʼlim ustasi faoliyat koʻrsatayotganini tasdiqlovchi mehnat shartnomasi;
texnikumning kamida 5 nafar oʻquvchisi bilan dual taʼlim boʻyicha tuzilgan shartnoma nusxalari;
startap loyihalari doirasidagi loyihani amalga oshirishning batafsil tasnifi (loyihani amalga oshirish boʻyicha tashkil etiladigan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish yoʻnalishi va unga jalb qilinadigan texnikum oʻquvchilari soni) yoki xalqaro loyihalar va dasturlardagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
26. “spin-off” korxonalariga startap loyihalarini amalga oshirish uchun Jamgʻarma mablagʻlaridan grant ajratish masalasi ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
27. Komissiya tashabbuskor hujjatlarini 100 balli tizim asosida baholaydi.
Bunda:
innovatsionlik darajasi — 30 ball;
iqtisodiy samaradorlik — 25 ball;
bandlikka taʼsiri — 20 ball;
eksport salohiyati — 15 ball;
ekologik taʼsiri — 10 ballni tashkil etadi.
Minimal oʻtish bali 71 ball etib belgilanadi. 70 ball va undan past ball toʻplagan loyiha tanlovdan oʻtmagan hisoblanadi.
Tegishli hujjatlar Komissiya tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida koʻrib chiqiladi va grant ajratish yoki ajratmaslik boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Zaruratga koʻra, hujjatlarni koʻrib chiqish muddati besh kun muddatga choʻzilishi mumkin. Bu haqida tashabbuskorga xabar yuboriladi.
28. Komissiya qaror qabul qilingandan soʻng uch ish kunida ariza beruvchiga grant ajratish yoki ajratmaslik boʻyicha komissiya qarorini Agentlikning axborot tizimi orqali yuboradi.
29. Komissiya tomonidan grant ajratish boʻyicha ijobiy xulosa berilganda, bir oylik muddatda Agentlik bilan texnikum oʻrtasida grant ajratish shartnomasi tuziladi.
Shartnomada quyidagilar nazarda tutiladi:
texnikum oʻquvchilarining startap loyihalarini amalga oshirishning maqsadi;
startap loyihalarini amalga oshirish muddatlari;
startap loyihalarini amalga oshirish orqali erishiladigan natija;
startap loyihalarini amalga oshirish uchun ajratilgan grant miqdori;
mablagʻ bilan taʼminlash muddatlari;
ajratilgan grantlardan maqsadli foydalanganlik yuzasidan nazorat shakllari;
amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobotlarni berish muddatlari va shakllari.
30. Agentlik Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tasdiqlangan grantni “spin-off” korxonaning muassisi boʻlgan texnikumning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga grant ajratish shartnomasi asosida oʻtkazib beradi.
31. Grant ajratish shartnomasiga asosan ajratilgan mablagʻlar texnikum hisobraqamiga kelib tushganidan soʻng qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda texnikum tomonidan mol-mulk, asbob-uskunalar, texnologiyalar, intellektual mulk obyektlari hamda boshqa moddiy va nomoddiy aktivlar xarid qilinadi hamda ularni “spin-off” korxonasining ustav kapitaliga ulush sifatida kiritadi.
32. Komissiya tomonidan grant ajratish maʼqul deb topilgan “spin-off” korxonasi shartnomani imzolashdan bosh tortsa yoki grant ajratish jarayonida oʻz faoliyatini tugatgan boʻlsa, tugatish, qayta tashkil etish jarayonida boʻlsa yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bankrot deb eʼtirof etilgan boʻlsa, ushbu “spin-off” korxonasiga grant ajratish jarayonlari toʻxtatiladi.
33. “spin-off” korxonalarining muassisi boʻlgan texnikumlarning boʻsh turgan bino, inshootlari va maydonlari ushbu korxonaga 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga tekin foydalanish huquqi asosida ijaraga beriladi.
Bunda yengil konstruksiyali, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yerosti inshootlariga ega boʻlmagan, buzib olib koʻchirish imkoniyati mavjud boʻlgan obyektlarni qurishga ruxsat beriladi.
34. Texnikumlar huzurida boʻsh turgan bino va inshootlarida tashkil etilgan “spin-off” korxonalari tomonidan ishlab chiqarish jarayonida sarflanadigan tabiiy gaz, suv va elektr energiyasi uchun toʻlovlar alohida oʻrnatiladigan hisoblagichlarning koʻrsatkichlari asosida “spin-off” korxonasi hisobidan qoplanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
36. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonasini tashkil etish
SXEMASI
Texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“spin-off” korxonalariga startap loyihalarini amalga oshirish uchun Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grant ajratish
SXEMASI
