“Elektr xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (523-son)
29.09.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Elektr energiyasidan foydalanishda inson hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, aholi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida elektr tokidan shikastlanish, yongʻin, avariya va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish, har bir xonadon, taʼlim va ijtimoiy soha obyekti, tadbirkorlik subyektiga elektr xavfsizligi boʻyicha aniq va sodda tavsiyalarni yetkazish, elektr energiyasidan xavfsiz, oqilona hamda samarali foydalanish madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, hududlarda profilaktika tadbirlari va targʻibot-tushuntirish ishlarini tizimli asosda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 31-maydagi 319-son qarori bilan isteʼmolchilar va energetika tashkilotlarining huquq va majburiyatlari hamda elektr xavfsizligiga doir talablar belgilangani;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 23-avgustdagi PF-118-son Farmoniga muvofiq yoqilgʻi — energetika sohasida davlat nazorati tizimi takomillashtirilib, profilaktika tadbirlarini tizimli asosda tashkil etish choralari koʻrilayotgani;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son Farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar cheklanib, profilaktika tadbirlari ogohlantirish va tushuntirish ishlarining ustuvorligiga asoslangan holda amalga oshirilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, har yili oktabr oyida respublika hududida aholi, ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari, tashkilotlar va boshqa isteʼmolchilar ishtirokida “Elektr xavfsizligi oyligi” (keyingi oʻrinlarda — Oylik) oʻtkaziladi.
3. Quyidagilar Oylikning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar oʻrtasida elektr xavfsizligi boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish, kundalik faoliyat davomida ehtiyotkorlik va masʼuliyat madaniyatini shakllantirish;
aholi, ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa isteʼmolchilarda elektr energiyasidan xavfsiz va oqilona foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini hamda huquqiy va texnik bilimini oshirish;
inson hayoti va sogʻligʻini elektr toki bilan bogʻliq xavf-xatarlardan muhofaza qilish, aholi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida elektr tokidan shikastlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan targʻibot-tushuntirish ishlarini kengaytirish;
aholida xavfli holatni oʻz vaqtida aniqlash, ushbu aniqlangan obyektlarga tegmaslik va tegishli xizmatlarga darhol xabar berish koʻnikmasini shakllantirish;
elektr tarmoqlari, transformator punktlari, elektr qurilmalari, elektr shchitlari, taqsimlash qurilmalari va boshqa elektr uskunalarining xavfsiz va texnik jihatdan sozligini hamda yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini taʼminlash;
begona shaxslar, ayniqsa, yosh bolalarning transformator punktlari, elektr qurilmalari, elektr tarmoqlari va boshqa xavfli obyektlarga kirish imkoniyatini bartaraf etish;
aniqlangan xavfli holat va kamchiliklarni xavf darajasiga qarab zudlik bilan, qisqa muddatda yoki rejali tartibda bartaraf etish.
4. Quyidagilar:
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish boʻyicha hududiy ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazish tartibi 3-ilovaga muvofiq;
Elektr obyektlarini profilaktika koʻrigidan oʻtkazish boʻyicha asosiy mezonlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
hududiy ishchi guruhlarni shakllantirsin;
har yili 25-sentabrga qadar tuman va shaharlar kesimida targʻibot-tushuntirish va profilaktika tadbirlarining manzilli chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin;
Oylik davomida barcha mahallalar, koʻp kvartirali uylar, aholi gavjum joylar, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarining tushuntirish ishlari bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlasin;
mahalla faollari va xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektorlari, “mahalla yettiligi”, boshqaruv servis kompaniyalari hamda boshqa tegishli masʼullarni jalb etgan holda aholi xonadonlari, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida aholi, ota-onalar, yoshlar va bolalar oʻrtasida elektr qurilmalaridan xavfsiz foydalanish, nosoz va qoʻlbola jihozlardan foydalanmaslik, tarmoqqa ortiqcha yuklama bermaslik, uzilgan simlarga yaqinlashmaslik va elektr qurilmalariga kirishni cheklash boʻyicha manzilli profilaktika-tushuntirish ishlarini tashkil etsin;
aholi, ota-onalar, yoshlar va bolalarga moʻljallangan koʻrgazmali materiallar tarqatilishini taʼminlasin;
inson hayotiga bevosita xavf tugʻdiruvchi holatlar aniqlanganda, ularni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrsin;
aniqlangan har bir xavfli holat boʻyicha masʼul tashkilot, mansabdor shaxs va bartaraf etish muddatini belgilab, ijrosini Oylik yakuniga qadar monitoring qilib borsin.
6. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ:
hududlarda Jamiyat tasarrufidagi va ekspluatatsiya qilayotgan elektr obyektlarining texnik holatini oʻrganish va ularni xavf darajasi boʻyicha guruhlash;
mazkur obyektlarda profilaktika koʻriklari oʻtkazilishini, aniqlangan xavfli holatlarning bartaraf etilishini va zarur hollarda elektr qurilmalarini xavfsiz holatga keltirishni, shuningdek, ulardagi toʻsiqlar, eshiklar, qulflar, ogohlantiruvchi va taqiqlovchi belgilarni belgilangan talab darajasiga keltirishni taʼminlash;
elektr obyektlarining aholi yashash joylari, maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, bozorlar, xiyobonlar, dam olish maskanlari va boshqa jamoat joylariga yaqin qismlarini, ayniqsa, bolalar kirishi mumkin boʻlgan elektr obyektlarini alohida qoʻshimcha profilaktika koʻrigidan oʻtkazish hamda nazoratga olish;
ortiqcha yuklama, shikastlangan sim va kabellar, kirishni cheklash vositalarining yoʻqligi yoki nosozligi kabi xavflarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aniqlangan xavfli holatlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini taʼminlash;
isteʼmolchilarga elektr energiyasidan xavfsiz, oqilona va samarali foydalanish talablarini tushuntirish choralarini koʻrsin.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) oʻz vakolatlari doirasida:
elektr xavfsizligi talablarining mazmunini aholi va boshqa isteʼmolchilarga sodda va tushunarli shaklda yetkazishga qaratilgan targʻibot tadbirlari, oʻquv seminarlari va maslahatlarni tashkil etish;
elektr energiyasidan foydalanish sohasida belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishi boʻyicha profilaktika tadbirlarida ishtirok etish;
elektr energiyasidan foydalanish sohasida belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishini oʻrganish va birinchi navbatda, bolalar hamda aholi kirishi oson boʻlgan hududlardagi elektr qurilmalarini profilaktika koʻrigidan oʻtkazish;
elektr qurilmalari va elektr uskunalarining belgilangan xavfsizlik talablariga muvofiqligini oʻrganish;
profilaktika koʻriklarida aniqlangan holatlar boʻyicha masʼul tashkilotlarga ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berish choralarini koʻrsin.
8. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
elektr energiyasi bilan bogʻliq yongʻinlarning oldini olish boʻyicha profilaktika-ogohlantiruv tadbirlarini;
aholi, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarida yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishini tushuntirish ishlarini;
elektr isitish qurilmalari, elektr jihozlari va elektr tarmoqlaridan xavfsiz foydalanish boʻyicha targʻibot tadbirlarini;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, harakat qilish tartibini tushuntirishni;
maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida amaliy oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etsin.
9. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
taʼlim tashkilotlarida “Energiya xavfsizligi — hayot xavfsizligi” mavzusida ochiq darslarni;
“Elektr xavfsizligi sabogʻi”ni;
elektr xavfsizligi mavzusida rasmlar va videoroliklar tanlovlarini;
viktorinalar va interaktiv mashgʻulotlarni;
elektr qurilmalari bilan bogʻliq xavflarni amalda tushuntirishga qaratilgan mashgʻulotlarni tashkil etsin.
Bunda bolalarga transformator punktlariga kirmaslik, elektr simlari va qurilmalariga yaqinlashmaslik, elektr ustunlariga chiqmaslik, uzilgan elektr simlariga tegmaslik va xavfli holat aniqlanganda, katta yoshdagi insonlarlarga yoki tegishli xizmatlarga xabar berish zarurligi alohida tushuntirilsin.
10. Energetika vazirligi:
Respublika ishchi guruhining ishini tashkil etsin va Oylik oʻtkazilishini muvofiqlashtirib borsin;
axborot-targʻibot dasturini ishlab chiqish, aholining turli toifalariga moʻljallangan varaqalar, tushuntiruvchi rasmli materiallar, animatsion va ijtimoiy videolavhalarni tayyorlash, ularni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borish hamda hududlarga yetkazilishida ishtirok etsin;
aholiga xavfli holat aniqlanganda murojaat qilish tartibi va ishonch telefoni raqamlarini muntazam yetkazib borsin.
11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar teleradiokompaniyalari, davlat ommaviy axborot vositalari Oylikni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni, aholi oʻrtasida elektr energiyasidan xavfsiz foydalanish qoidalarini targʻib qilishga qaratilgan maxsus telekoʻrsatuvlar, radioeshittirishlar, ijtimoiy roliklar, maqolalar, infografikalar va boshqa axborot materiallarini tayyorlash hamda muntazam efirga uzatishni taʼminlasinlar.
12. Hududiy ishchi guruhlar Oylik yakunlari boʻyicha ushbu qarorning 5-ilovasi ““Elektr xavfsizligi oyligi” yakunlari boʻyicha hisobot shakli”ga muvofiq Oylik yakunlanganidan keyin besh ish kuni ichida Respublika ishchi guruhiga taqdim etsin.
Respublika ishchi guruhi taqdim etilgan hisobotlarni umumlashtirib, tahlil qilsin hamda hududlar va tashkilotlar doirasida hal etilmagan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin.
13. Tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari va boshqa obyektlar rahbarlari oʻz tasarrufidagi elektr qurilmalarining texnik sozligi, ulardan xavfsiz foydalanish, elektr xoʻjaligi uchun masʼul shaxslarni belgilash hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, Oylik doirasida oʻtkaziladigan koʻrik va tushuntirish ishlari tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi. Bunda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha birinchi navbatda ogohlantirish berilib, ularni bartaraf etish uchun oqilona muddat belgilanadi.
Aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlarining ichki elektr qurilmalarini koʻzdan kechirish faqat mulkdor, isteʼmolchi yoki obyekt rahbarining roziligi bilan amalga oshiriladi. Davlat nazorati tadbirlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan asos va tartibda oʻtkaziladi.
Inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiruvchi, shu jumladan bolalarning elektr qurilmalariga kirish imkonini beruvchi holatlar bundan mustasno boʻlib, ular boʻyicha choralar kechiktirmasdan koʻriladi.
14. Ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari, budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda energetika vaziri Sh.X. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-sentabr,
523-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 523-son qaroriga 1-ILOVA
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi
TARKIBI
Izoh. Zarur hollarda Respublika ishchi guruhi tarkibiga manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy-taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa tashkilotlarning mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Ishchi guruh aʼzolari boshqa lavozimga oʻtkazilganda yoki ularning vakolati tugaganda, ishchi guruh tarkibiga mazkur lavozimga tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalar yuklanilgan shaxs kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 523-son qaroriga 2-ILOVA
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish boʻyicha hududiy ishchi guruhlarining
NAMUNAVIY TARKIBI
Izoh. Zarur hollarda ishchi guruh tarkibiga manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy-taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa tashkilotlarning mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Ishchi guruh aʼzolari boshqa lavozimga oʻtkazilganda yoki ularning vakolati tugaganda, ishchi guruh tarkibiga mazkur lavozimga tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalar yuklanilgan shaxs kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 523-son qaroriga 3-ILOVA
“Elektr xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib “Elektr xavfsizligi oyligi”ni (keyingi oʻrinlarda — Oylik) tashkil etish, targʻibot-tushuntirish ishlari va xavf darajasiga asoslangan profilaktika koʻriklarini oʻtkazish, aniqlangan xavfli holatlarni bartaraf etish hamda Oylik natijalarini baholash tartibini belgilaydi.
2. Oylik har yili aholi, ayniqsa, yosh bolalarning elektr tokidan shikastlanishi, elektr bilan bogʻliq yongʻinlar, avariyalar va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan, elektr xavfsizligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
3. Oylik tadbirlari aholi yashash joylari, koʻp kvartirali uylar, mahallalar, maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlari, bozorlar, xiyobonlar, dam olish maskanlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa ommaviy joylarni qamrab oladi.
4. Oylik doirasida oʻtkaziladigan targʻibot-tushuntirish, maslahat berish profilaktik koʻrigi aholi va tadbirkorlik subyektlarining kundalik faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi hamda ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilmagan holda amalga oshiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlari va aholi xonadonlarining ichki elektr qurilmalarini koʻzdan kechirish mulkdor, isteʼmolchi yoki obyekt rahbarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Oylik doirasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish, hujjatlar talab qilish va majburiy koʻrsatmalar berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu Tartib davlat nazorati tadbirlarini oʻtkazish uchun mustaqil asos hisoblanmaydi.
5. Oylik qonuniylik, inson hayoti va sogʻligʻining ustuvorligi, ogohlantirish va tushuntirishning jazodan ustunligi, xavf darajasiga asoslangan yondashuv, profilaktika, ochiqlik va idoralararo hamkorlik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
2-bob. Ishchi guruhlarni tashkil etish
6. Oylikni respublika miqyosida “Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Elektr xavfsizligi oyligi”ni tashkil etish boʻyicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — hududiy ishchi guruhlar) tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tashkil etiladi.
8. Hududiy ishchi guruhlar tarkibiga energetika, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, mahalliy hokimliklar, Oʻzenergoinspeksiya, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy boʻlinmalari, boshqaruv — servis kompaniyalari va zaruratga koʻra, boshqa manfaatdor tashkilotlarning masʼul xodimlari kiritiladi.
9. Zarur hollarda ishchi guruhlar tarkibiga mahalla faollari, taʼlim tashkilotlari rahbarlari, xotin-qizlar faollari va boshqa masʼullar jalb etiladi.
10. Tegishli hududiy ishchi guruhlar:
tuman va shaharlar kesimida manzilli chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini muvofiqlashtiradi;
aholi, ayniqsa, yosh bolalar, ota-onalar, yoshlar va obyekt rahbarlari oʻrtasida targʻibot-tushuntirish ishlarini tashkil etadi, ularning qamrovini taʼminlaydi;
xavf darajasi yuqori boʻlgan obyekt va hududlarni aniqlab, profilaktika koʻriklarining ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼul tashkilot, masʼul shaxs va muddatlarni belgilaydi;
haftalik maʼlumotlarni va yakuniy hisobotni shakllantiradi.
3-bob. Targʻibot-tushuntirish va profilaktika koʻriklarini oʻtkazish
11. Mahallalarda, koʻp kvartirali uylarda, taʼlim va ijtimoiy soha obyektlarida, bozorlar hamda aholi gavjum joylarda elektr xavfsizligi boʻyicha manzilli tushuntirish ishlari tashkil etiladi. Tushuntirish ishlari xonadonlarga kirib borish, mahalla yigʻinlari, ota-onalar majlislari va mehnat jamoalarida suhbatlar shaklida oʻtkaziladi.
12. Tushuntirish ishlarida quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi:
qoʻlbola elektr qurilmalaridan foydalanmaslik;
nosoz holdagi elektr jihozlarini ishlatmaslik va nam qoʻl bilan ularni ushlamaslik;
elektr tarmogʻiga meʼyoridan ortiq yuklama bermaslik, meʼyordan ortiq quvvatdagi jihozlarni ulamaslik;
elektr jihozlarini oʻzboshimchalik bilan ochmaslik va taʼmirlamaslik;
uzilgan elektr simlariga yaqinlashmaslik va ularga tegmaslik;
elektr qurilmalarida nosozlik aniqlanganda, mutaxassisga yoki tegishli xizmatga darhol murojaat qilish;
elektr tokidan shikastlangan shaxsga yordam koʻrsatishning dastlabki qoidalarini bilish va oʻz vaqtida qoʻllash.
13. Tushuntirish ishlarida tarqatma materiallar, koʻrgazmali qurollar, tushuntiruvchi rasmli materiallar va videolavhalardan foydalaniladi.
Ushbu materiallar, shuningdek, xavfli holat aniqlanganda murojaat qilish tartibi va ishonch telefoni raqamlari mahallalar, koʻp kvartirali uylarning umumiy foydalanish joylari va jamoat joylarda joylashtiriladi.
14. Elektr taʼminoti korxonalari isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish boʻlinmalari va qisqa xabar berish xizmati hamda “HET Billing” dasturi orqali xavfsiz foydalanish boʻyicha eslatmalarni muntazam yetkazib boradi.
15. Tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari va koʻp kvartirali uylarni boshqaruv organlarining elektr xoʻjaligi uchun masʼul xodimlari uchun xavfsizlik talablari yuzasidan oʻquv seminarlari va maslahatlar tashkil etiladi.
16. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tuman va shahar elektr taʼminoti korxonalari Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda hududdagi elektr obyektlarining roʻyxatini shakllantiradi.
Roʻyxatda obyektning manzili, masʼul tashkilot, xavf darajasi va profilaktika koʻrigi holati koʻrsatiladi.
17. Obyektlar elektr qurilmalarining texnik holati, xavfsizlik talablariga muvofiqligi hamda ularga aholi va yosh bolalarning kirish imkoniyati boʻyicha baholanib, xavf darajasi boʻyicha guruhlanadi.
18. Profilaktika koʻriklari shu guruhlar asosida, birinchi navbatda, quyidagi obyektlarda oʻtkaziladi:
transformator punktlari, taqsimlash qurilmalari va elektr shchitlari;
aholi yashash joylariga yaqin elektr qurilmalari;
maktab va maktabgacha hamda boshqa taʼlim tashkilotlarining elektr qurilmalari va ularga yaqin elektr obyektlari;
bolalar maydonchalari va dam olish maskanlariga yaqin elektr qurilmalari;
bozorlar va aholi gavjum joylardagi elektr qurilmalari;
koʻp kvartirali uylarning umumiy foydalanish joylaridagi elektr qurilmalari va shchitlari;
avval xavfli deb topilgan, avariya yoki yongʻin holati qayd etilgan, shuningdek, ortiqcha yuklama mavjud boʻlgan obyektlar.
19. Profilaktika koʻrigini elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli malaka va ruxsatnomaga ega xodimlar oʻtkazadi. Ishchi guruhining elektr xavfsizligi boʻyicha malakaga ega boʻlmagan aʼzolari elektr qurilmalarining kuchlanish ostidagi qismlariga yaqinlashmaydi, ularni ochmaydi, taʼmirlamaydi va tarmoqqa qayta ulamaydi.
Kuchlanishni uzish, qayta ulash, elektr qurilmasini taʼmirlash, sinash yoki ishga tushirish faqat vakolatli va tegishli malakaga ega xodimlar tomonidan belgilangan ekspluatatsiya hujjatlari, xavfsizlik choralari va shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Qurilma kuchlanishdan uzilgan deb faqat vakolatli xodim tomonidan belgilangan tartibda tekshirilganidan keyin hisoblanadi.
20. Koʻrik davomida quyidagilar oʻrganiladi:
elektr qurilmalari va tarmoqlarining texnik holati hamda elektr xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi;
elektr qurilmalariga begona shaxslar, ayniqsa, yosh bolalar kirishining oldini oluvchi toʻsiq, eshik, qulf va boshqa vositalarning mavjudligi hamda sozligi;
ogohlantiruvchi va taqiqlovchi belgilar, xavfsizlik plakatlari hamda obyekt identifikatsiya belgilarining mavjudligi va holati;
ochiq tok oʻtkazuvchi qismlar, uzilgan yoki shikastlangan simlar kabi tashqi koʻrinishdan aniqlanadigan xavfli holatlar;
elektr shchitlari, taqsimlash qurilmalari, kabel kanallari tarmoqlari va ular atrofida yongʻin xavfi mavjudligi;
transformator punktlari va elektr tarmoqlarida tashqi alomatlar boʻyicha ortiqcha yuklama, qizib ketish yoki shikastlanish holatlari;
xavf tugʻdiruvchi holatlarda qurilmalarni tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulashlar va elektr qurilmalaridan foydalanishdagi boshqa xavfli holatlar;
tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlarida elektr xoʻjaligi uchun masʼul shaxs belgilangani hamda elektr qurilmalaridan foydalanishning tashkil etilgani.
4-bob. Bolalar xavfsizligi
21. Taʼlim tashkilotlarida oʻquvchi va talabalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda, “Elektr xavfsizligi sabogʻi”, ochiq darslar, rasmlar va videoroliklar tanlovlari, viktorinalar hamda interaktiv mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
22. Bolalar ishtirokidagi tadbirlarda transformator punktlari va boshqa elektr qurilmalariga kirish, elektr simlariga yaqinlashish hamda elektr ustunlariga chiqishning oqibatlari tushuntiriladi, xavfli holat koʻringanda unga tegmasdan katta yoshdagi insonlarga yoki tegishli xizmatlarga xabar berish oʻrgatiladi.
Mashgʻulotlar xavfsiz sharoitda, koʻrgazmali materiallar va maketlar yordamida, kuchlanish ostidagi elektr qurilmalaridan foydalanmasdan oʻtkaziladi.
23. Ota-onalarga bolalarni elektr qurilmalari bilan bogʻliq xavflardan asrash boʻyicha tavsiyalar beriladi.
24. Bolalar kirishi yoki yaqinlashishi mumkin boʻlgan ochiq elektr qurilmalari aniqlanganda, ularga kirishni darhol cheklash, ogohlantiruvchi belgilar va vaqtinchalik toʻsiqlar oʻrnatish, shuningdek, xavfni bartaraf etish boʻyicha masʼul tashkilotga xabar berish choralari koʻriladi.
5-bob. Aniqlangan kamchiliklarni xavf darajasi boʻyicha tasniflash va bartaraf etish
25. Koʻrik natijasida aniqlangan kamchiliklar xavf darajasiga qarab quyidagi toifalarga ajratiladi:
birinchi daraja — inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiruvchi va zudlik bilan bartaraf etilishi zarur boʻlgan kamchiliklar. Bunday holatlarda xavf darhol bartaraf etiladi, zarur boʻlganda qurilma vakolatli xodim tomonidan kuchlanishdan uziladi va unga kirish cheklanadi;
ikkinchi daraja — elektr tokidan shikastlanish, yongʻin yoki avariya xavfini oshiruvchi, biroq zudlik bilan avariyaviy uzishni talab qilmaydigan, qisqa muddatda bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklar. Bunday kamchiliklar, qoida tariqasida, oʻn ish kuni ichida bartaraf etiladi;
uchinchi daraja — xavfsizlikka bevosita taʼsir qilmaydigan, rejali taʼmirlash yoki takomillashtirishni talab etuvchi kamchiliklar. Bunday kamchiliklar tasdiqlangan reja asosida bartaraf etiladi.
Inson hayotiga bevosita xavf tugʻdiruvchi, shu jumladan, bolalarning elektr qurilmalariga kirish imkonini beruvchi holatlar boʻyicha choralar kechiktirmasdan koʻrilishi shart.
26. Koʻrik natijasida aniqlangan har bir kamchilik boʻyicha quyidagilarni oʻz ichiga olgan dalolatnoma rasmiylashtiriladi:
aniqlangan obyektning manzili;
aniqlangan kamchilikning mazmuni;
xavf darajasi;
uni bartaraf etish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
masʼul tashkilot va mansabdor shaxs;
bartaraf etish muddati;
bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot.
27. Bartaraf etilgan har bir kamchilik boʻyicha qayta koʻrik oʻtkazilib, uning natijasi dalolatnoma yoki tegishli hujjatlarda qayd etiladi.
Qayta koʻrik oʻtkazilmagan kamchilik bartaraf etilgan hisoblanmaydi.
6-bob. Monitoring va natijalarni umumlashtirish
28. Hududiy ishchi guruhlar Oylik davomida har hafta yakuni boʻyicha amalga oshirilgan targʻibot-tushuntirish ishlari, oʻtkazilgan koʻriklar, aniqlangan kamchiliklar va ularning bartaraf etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirib boradi.
29. Hududiy ishchi guruhlar Oylik yakunlanganidan keyin besh ish kuni ichida hisobotlarni Respublika ishchi guruhiga taqdim etadi. Bunda:
tushuntirish ishlari bilan qamrab olingan xonadonlar, mahallalar, taʼlim va ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari hamda isteʼmolchilar soni;
oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari va tarqatilgan materiallar;
taʼlim tashkilotlarida oʻtkazilgan dars va mashgʻulotlar hamda ular bilan qamrab olingan bolalar soni;
koʻrikdan oʻtkazilgan elektr obyektlari soni (sohalar va xavf darajalari kesimida);
aniqlangan xavfli holatlar soni, shu jumladan, bolalar kirishi mumkin boʻlgan nuqtalar va ularning bartaraf etilgani;
birinchi darajali kamchiliklarning bartaraf etilishi;
aniqlangan kamchiliklarning umumiy bartaraf etilish darajasi va boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
30. Oylik natijalari Respublika ishchi guruhi tomonidan tahlil qilinib, elektr xavfsizligi sohasida tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanadi.
31. Oylik natijalari tahlil qilinganda koʻrik qamrovi, aniqlangan xavfli holatlar, birinchi darajali kamchiliklarni bartaraf etish, bolalar kirishi mumkin boʻlgan xavfli nuqtalar, profilaktika tadbirlari qamrovi va tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralarga alohida eʼtibor qaratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Oylikning belgilangan talablar asosida oʻtkazilishi va tegishli hisobotlarning belgilangan muddatlarda taqdim etilishiga Respublika ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar javobgar hisoblanadi.
33. Ushbu Tartib talablarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 523-son qaroriga 4-ILOVA
Elektr obyektlarini profilaktika koʻrigidan oʻtkazish boʻyicha
ASOSIY MEZONLAR
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 523-son qaroriga 5-ILOVA
“Elektr xavfsizligi oyligi” yakunlari boʻyicha
HISOBOT SHAKLI
